Karvonsaroy
Siyosat

Putinning “umrbod prezident” boʻlishga urinishi kulgiga qoldi

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-mart kuni Moskva tashqarisidagi Novo-Ogaryovo qarorgohida “Rossiya - imkoniyatlar mamlakati” nomli avtonom notijorat tashkilotining kuzatuv kengashi majlisiga raislik qildi. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-mart kuni Moskva tashqarisidagi Novo-Ogaryovo qarorgohida “Rossiya - imkoniyatlar mamlakati” nomli avtonom notijorat tashkilotining kuzatuv kengashi majlisiga raislik qildi. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻzi uchun yana olti yildan ikki bor prezident boʻlishga ruxsat beruvchi qonunni maʼqullab, 2036-yilgacha hukumatda qolishga imkon yaratar ekan, bu xabar dunyo boʻylab nafrat va istehzo bilan qabul qilingan.

Yana ikki marta prezident etib saylansa va oʻshanda ham tirik boʻlsa, Putin 84 yoshga toʻlgan boʻladi. Shuningdek, bu Buyuk Pyotr davridan beri Iosif Stalindan keyin eng uzoq davom etgan hukmronlik boʻlishi mumkin.

Yigirma yildan ortiq vaqt hukmronlik qilgan Putin bu qarorni dushanba (5-aprel) kuni imzoladi, deyiladi hukumatning rasmiy axborot portalida.

Bu oʻzgarishni oʻtgan yili konstitutsiyaviy islohotlar doirasida taklif qilingan, u oʻtgan yili iyul oyida ovozga qoʻyilgan va deputatlar oʻtgan oy qonun loyihasini tasdiqlagan edilar.

Putinning yangi qarorni imzolashi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan koʻplab memlardan biri. [Fayl]

Putinning yangi qarorni imzolashi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan koʻplab memlardan biri. [Fayl]

Davlat boshqaruvidagi RIA Novosti yangiliklariga munosabat qoʻllab-quvvatlash sust ekanligini koʻrsatmoqda. [Fayl]

Davlat boshqaruvidagi RIA Novosti yangiliklariga munosabat qoʻllab-quvvatlash sust ekanligini koʻrsatmoqda. [Fayl]

“Umrbod prezident”

Qonun prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtiradi” va Putinga joriy – ikkinchi muddati tugaganidan keyin – 2024 yilda ham yana prezidentlikka saylanish imkonini beradi.

Putin 2000-yildan 2008-yilgacha ikki marta toʻrt yillik muddatdan prezident boʻlgan. Uning ittifoqdoshi Dmitriy Medvedev esa 2008-yilda uning oʻrnini egallagan, tanqidchilar buni ikki marta qayta-qayta prezident boʻlib saylanish cheklovini aylanib oʻtish yoʻli deb ataganlar.

Ammo, Medvedev prezidentligi vaqtida Putin bosh vazir vazifasini oʻtagan va taxt ortida hukmron boʻlib qolgan.

Medvedev oʻzining hukmronlik davrida keyingi prezidentning vakolat muddatini olti yilga uzaytirishga oid qonunni imzolagan.

Putin 2012-yilda Kremlga qaytgan va 2018-yilgi saylovlarda gʻalaba qozongan.

Muddatni “nollash” populistik iqtisodiy choralar va bir jinsli nikohlarga nisbatan demagogik taqiqni oʻz ichiga olgan konstitutsion islohotlarning bir qismi edi.

Oʻtgan yil yoz oylarida Kreml munozarali konstitutsiyaviy referendumda saylovchilar ishtirokini oshirish maqsadida qoʻrquv va gomofobiyadan foydalangan.

Saylovlarni mustaqil ravishda monitoring qilgan “Golos” harakatiga ovoz berish vaqtida qayd etilgan yuzlab qoidabuzarliklar, jumladan, saylovchilarning bir nechta byulletenlarni topshirishi bilan bogʻliq holatlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan.

Yakunda rasmiy raqamlarga koʻra, rossiyaliklarning 78 foizi islohotlarni yoqlab ovoz berishgan.

Kreml muxolifatchilari islohotlar Putinga “umrbod prezident” boʻlishga imkon beruvchi bahona boʻlganini aytishadi.

“Ular odamlar tuzgan qonunni oʻzgartira olgan boʻlsalar, tabiat qonunini ham oʻzgartira olamiz, deb oʻylaydilar”, deb yozadi muxolifatchi siyosiy arbob Yevgeniy Royzman oʻzining Twitter sahifasida.

Markaziy Osiyodagi nafrat

Dunyo boʻylab koʻpchilik, ayniqsa qoʻshni Markaziy Osiyo mamlakatlarida Rossiyada Putin hukmronligi ostida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va ularning mintaqaga taʼsiri haqida ijobiy fikrlar kam.

Putin hokimiyatda qolish uchun bu rejani amalga oshirishni niyat qilib yurganiga shubha yoʻq, hozir esa u mamlakatdagi demokratik oʻzgarishlar niqobi ostida oʻz xalqini aldayapti”, deydi Bishkekdagi “KelKel” yoshlar harakatining sobiq faoli Ulan Boronbayev 2020-yil yanvar oyida Putinning Federal kengashiga qilgan murojaatidan keyin.

Putinning asosiy tashabbuslaridan biri hukumatdagi vakolatlarni qayta taqsimlash, yaʼni bosh vazir va vazirlar mahkamasi aʼzolarini tayinlash huquqini prezidentdan Davlat dumasi – parlamentning quyi palatasiga oʻtkazish boʻldi.

Goʻyoki “davlatning demokratik rivojlanishi uchun” hokimiyatning markazsizlantirilishini koʻzda tutgan konstitutsiyaviy islohot, prezidentlikdan ketgandan keyin ham hokimiyatni saqlab qolish maqsadida Yevroosiyo mamlakatlari liderlari tomonidan anchadan beri qoʻllab kelinadi, degan edi Nur-Sultonlik xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Ruslan Nazarov 2020-yil yanvarda.

Oʻtgan yil dekabrda har qanday javobgarlikdan oʻzini himoya qilishga harakat sifatida Putin oʻziga nisbatan ayblovlardan umrbod immunitet beruvchi hujjatni imzolagan edi.

“Bunday qonunni qabul qilish oʻzining jinoyatchi ekanligini tan olish bilan teng”, deydi Tojikistonning ASIA-Plus yangiliklar sayti va for Deutsche Welle nashrida ishlagan Yevropada yashovchi tojikistonlik jurnalist Xayrullo Mirsaidov.

Ammo, avtoritar rahbarlar “bir narsani hisobga olishmayapti, ularni javobgarlikka tortish uchun bu kabi qonunlar kelajakda osonlikcha bekor qilinishi mumkin”, deydi u.

Markaziy Osiyoliklar Rossiya tarafidan Putinning hukmronlik gʻoyalarini oʻz mamlakatlariga olib kirilishidan yanada koʻproq norozi.

Masalan, Rossiya matbuot erkinligini cheklash uchun 2012-yilda “xorijiy agentlar” haqidagi repressiv qonunni imzolagan.

Qirgʻizistonlik qonun chiqaruvchilar Kreml bosimi ostida bu qonunga taqlid qilib, 2014-yildan beri xuddi shunday tashabbusni ilgari surib kelishmoqda. Qonun loyihasi tasdiqlanmagan.

Xorijiy agentlar haqidagi bu qonun Kremlning chet elda oʻzining “yumshoq kuchini” qoʻllashiga olib keldi, deb aytgan bishkeklik siyosiy tahlilchi Anar Musabayeva mart oyida.

“Xalqimiz bir necha marta Qirgʻizistonda hukumat kimning qoʻlida ekanligini koʻrsatib qoʻydi”, degan edi bishkeklik blogger Ulan Kadirbayev mart oyida qirgʻiz deputatlarining bunday qonun loyihasini qabul qilmayotganini nazarda tutib.

Hatto rossiyaliklar ham yangi imzolangan qonundan norozi ekanliklarini bildirishgan. 5-aprel kuni davlatga qarashli RIA Novosti nashrida chop etilgan maqolada foydalanuvchilar yanglikka 2280 ta salbiy va 178 ta gʻazabnok reaktsiya bildirganlar.

Dunyodagi boshqa koʻpchilik bu voqeaga memlar va hazil bilan munosabat bildirdi.

Putin “oʻz ixtiyori bilan ketmaydi”

“Umrbod prezidentlik” haqidagi qonun Rossiya hukumatining oʻzgacha fikrni boʻgʻishi ortidan qabul qilingan.

Hibsga olingan muxolifatchi Aleksey Navalniy oʻtgan hafta juda ogʻir bel ogʻrigʻi va oyoqlari uvishayotganini aytib, qamoqxonada munosib tibbiy muolajalarni talab qilib, ochlik eʼlon qilgan.

44 yashar muxolifat arbobi oʻtgan yil yozda zaharlanish tufayli oʻlimdan omon qolganidan soʻng, Germaniyada davolanib, yanvarda Rossiyaga qaytganida hibsga olingan edi.

Navalniy Rossiyaning Tomsk shahrida “Novichok” moddasi bilan zaharlangan, oʻtgan yili Germaniya hukumati ushbu zaharli modda Rossiya hukumat laboratoriyasida ishlab chiqilganini aniqlagan edi.

Uning hibsga olinishi Rossiyada bir necha haftalik namoyishlarga sabab boʻldi.

Navalniyning oʻnlab safdoshlari uni ozod qilish talabi bilan oʻtkazilgan Moskvadagi namoyishlar chogʻida karantin qoidalarini buzishda ayblanib, uy qamogʻida qolmoqda.

Dushanba kuni Navalniy jamoasi oʻz tarafdorlarini Putin “oʻz ixtiyori bilan ketmaydi” deya, Kreml tanqidchisini ozodlikka chiqarishni talab qilish uchun namoyishlarga tayyorgarlik boʻyicha onlayn-kampaniyada roʻyxatdan oʻtishga chaqirdi.

Korruptsiya, qotilliklar, imperializm

Putinning hukmronligi uning koʻplab raqiblari va tanqidchilarining shubhali oʻlimlari, uning misli koʻrilmagan darajada boyishi va sobiq Sovet davlatlarini Rossiya taʼsirida ushlab turishga qaratilgan tinimsiz urinishlari bilan ajralib turadi.

Uning dushmani deb koʻrilgan odamlar otib ketilgan, halokatli zaharlangan yoki kvartirasi balkonidan shubhali tarzda qulab tushgan.

Shu bilan bir vaqtda, Putin va uning sheriklari misli koʻrilmagan darajada boyidi.

Putinning eng yaqin doʻstlari va safdoshlari qariyb 24 milliard dollar toʻplagan, deyiladi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish nloyihasi hamda “Novaya gazeta” nashrining 2017-yilgi qoʻshma hisobotida.

Yanvar oyida Navalniy Putinga tegishli boʻlgan va “ tarixdagi eng yirik pora” evaziga bunyod etilgan Qora dengizdagi 1,35 mlrd dollarlik qasrini fosh etuvchi videolavhani eʼlon qilgan edi.

Sobiq sovet Ittifoqi respublikalari aholisi Putin hali ham bu davlatlarini Rossiyaning mulki deb hisoblashiga guvoh boʻlishgan.

Ukraina kuchlari 2014-yilda Putin Qrimni anneksiya qilib, Sharqiy Ukrainaga bostirib kirganidan beri Rossiya qoʻllovidagi boʻlginchilarga qarshi kurashib kelmoqda. Kreml Rossiyaning qimmat atom elektr stantsiyasi loyihasini qabul qilishi uchun Oʻzbekistonga bosim oʻtkazgan, shuningdek Qozogʻistonni xuddi shunday loyihani qabul qilishga undab kelmoqda.

Ayni paytda Markaziy Osiyoda hali ham Rossiya askarlari mavjud: ular Qozogʻistonning Sari-Shagʻan shahrida raketa poligonidan foydalanmoqda, Sovet davrida boʻlgani kabi, qirgʻizistonliklar uchun sevimli Issiqkoʻlda torpedalarni sinovdan oʻtkazmoqda va hanuzgacha Tojikistonda yirik harbiy bazaga ega – bu Rossiyaning xorijdagi eng yirik bazasidir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 9

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Boʻlmagan gap, uydirma hammasi, sudga tortish kerak buning uchun62312

Javob berish

Putin Gorbachyov va Yelsin qulatgan mamlakatni oyoqqa turgʻazdi – siz esa bu yerda sariq matbuotni topʻlabsiz. Navalniy jinoyatchi va surbet; Ikkinchi Jahon urushi faxriysi bilan sudda toʻqnashganida oʻzini qanday tutganini eslang.

Javob berish

Ushbu yarim yovvoyi, qoloq mamlakat bizga qanday yashashni oʻrgatmoqda. Avval 20 yildan beri taxtda oʻtirgan uzurpatoringizni olib tashlasangiz boʻlardi.

Javob berish

Keyingi bosqich Rossiyada krepostnoylik huquqining tiklanishi boʻladi.

Javob berish

Maqolani mamnuniyat bilan oʻqib chiqdim. Mamlakatimizda bir nechta prezident almashdi. Rossiyada esa faqat bitta abadiy xoʻjayin, xoja, podshoh va dohiy bor. Bizda hokimiyat xalqqa tegishli; prezident yomon ishlasa, osongina ishdan boʻshatishlari mumkin. Rossiyada esa bu imkonsiz, bu quldorlik tuzumi uchun odatiy hol.

Javob berish

Putin cholga aylanib boʻlgan. Oy sayin qarib boradi. Oʻz murabbiyi va ustozi Adolf Aloizovich kabi bunkerda oʻladi.

Javob berish

Rossiya kabi qoloq va yovvoyi mamlakatda bu normal holat. Umrbod oʻgʻirlash uchun cheklanmagan hukmronlikka ega butun umrlik qirol va pastda krepostnoy qullar, qarollar va qora xalq. Rossiya doim shunday boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.

Javob berish

Rossiya Zanzibardan oʻrnak olyapti :)))

Javob berish

Zimbabvedan. Zanzibar allaqachon Rossiyadan ilgarilab ketgan )))

Javob berish