Xususiy qoʻriqlash kompaniyalarining internetdagi eʼlonlari orqali ish topgan koʻplab suriyalik yoshlar qoʻriqchi boʻlib ishlash oʻrniga, Suriya rejimini qoʻllab-quvvatlovchi xorijiy kuchlarga xizmat qilayotganliklarini anglab yetmoqdalar.
Soʻnggi yillarda Suriyada faoliyati prezident Bashar Asadning 2013-yilgi 55 raqamli farmoni bilan tasdiqlangan xususiy qoʻriqlash kompaniyalari soni oshmoqda.
Xususiy qoʻriqlash kompaniyalari faoliyatiga ruxsat beruvchi bu farmon qudratli xorij davlatlari – birinchi navbatda Rossiya va Eronning Suriyada qonuniy asosda oʻz harbiy hozirligini oʻrnatishiga imkon bergan.
Goʻyoki turli obyektlarni “qoʻriqlaydigan” koʻplab xususiy qoʻriqlash shirkatlari aslida Suriya rejimi ittifoqchilarining buyruqlari asosida jangarilik faoliyati bilan shugʻullanmoqda.
Mahalliy kuzatuvchilarning fikricha, bu kompaniyalarning soni va taʼsiri muttasil oʻsib bormoqda, ular yoshlarni “qoʻriqlash sohasida” ishlashga jalb qilish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda oʻzlarini faol reklama qilmoqdalar.
Shubhali va chalgʻituvchi ish eʼlonlari
Rossiya va Eron suriyalik yoshlarni xususiy qoʻriqlash kompaniyalariga ishga taklif qiluvchi reklama eʼlonlari orqali jangarilar yollamoqda, deydi suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdulla.
Ushbu kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va veb-saytlarida joylashtirilgan “yordam kerak” mazmunidagi eʼlonlari turli xil ijtimoiy tarmoq platformalarida qayta-qayta chop etiladi va tarqatiladi, dedi u.
Uning aytishicha, bu kabi eʼlonlarda, odatda, kerakli hujjatlar roʻyxati bilan birga xizmat vazifalari ham sanab oʻtilgan boʻladi, ammo koʻpincha bu shirkatlarning jangovar harakatlar bilan bogʻliqligi zikr qilinmaydi.
Ayrim ish eʼlonlari mujmal va chalgʻituvchi boʻlsa, boshqalarida maqsad ochiqroq bayon qilinadi.
Ayrim eʼlonlarni Rossiyaga aloqador jangarilarning oʻzi joylashtirgan, Rossiya qoʻllovidagi 5-korpus safarbarlik kuchlari bilan shartnoma asosida ishlash haqidagi keng tarqalgan 17-mart kungi eʼlon ham shular jumlasidan.
22-mart kuni chop etilgan yana bir eʼlonda Xoms choʻlidagi al-Suxna tumaniga ishchilar kerakligi, yangi xodimlarga majburiy harbiy xizmatga bormaganlik sababli Suriya rejimi kuchlarining taʼqibidan himoya qiluvchi xavfsizlik kartalari berilishi aytib oʻtilgan.
“Eron oʻziga aloqador barcha ishlarni qoʻriqlash kompaniyalari orqali reklama qiladi, jangarilikka yollash jarayoni esa joylarda toʻgʻridan-toʻgʻri olib boriladi”, dedi al-Abdulla.
Bu uslub qoʻriqlash kompaniyalari va safarbarlik kuchlari orqali ochiq reklama joylaydigan ruslarnikidan farq qiladi, dedi u.
“Rossiyalik doʻstlar” bilan ishlash
Suvaydalik faollardan biri Nizor Bu Alining aytishicha, suriyalik yoshlar uchun moʻljallangan ish eʼlonlari ijtimoiy tarmoqlarda “Doʻstlarimiz bilan shartnoma asosida ishlash” yoki “Rossiyalik doʻstlar bilan ishlash imkoniyati” kabi sarlavhalar bilan joylashtiriladi.
Uning soʻzlariga koʻra, lavozim nomi va ish shartlari eʼlon qilinmaydi, faqat ayrim talablar – masalan, yosh, salomatlik holati va kerakli hujjatlarga ishora qilinadi, xolos.
Ular orasida hatto Liviyada katta maosh beriladigan “qoʻriqlash” ishlariga oid ayrim eʼlonlar ham bor, dedi u.
Bu Alining aytishicha, bir qator suriyalik yoshlar, jumladan uning qarindoshlaridan biri ham ishsizlik va moliyaviy tanglik sabab katta maosh vaʼda qilingan eʼlon orqali Liviyada ishga yollangan.
“Ular reklama beruvchi taraf bilan bogʻlandilar va ularga kerakli hujjatlar bilan [Rossiya nazoratidagi] Xmeymim bazasiga borish kerakligi aytildi, u yerda tezkor tibbiy koʻrikdan oʻtdilar”, dedi u.
“Ular uch oylik yangilanuvchi mehnat shartnomalarini imzolashgan, ularda neft obyektlarini qoʻriqlash, sirlarni oshkor qilmaslik va suratga olmaslik kerakligi taʼkidlangan”, deydi u.
Ammo ular Liviyaga yetib borishlari bilan “vaziyat vaʼda qilinganidan umuman boshqacha ekanligini koʻrishgan va jangovar operatsiyalarda ishtirok etishga majbur boʻlishgan.”
Yollanma jangarilarga aylangan suriyalik yoshlar Liviyaga bir yildan ortiq muddatga yuborilganlar, u yerda ular Moskva qoʻllovidagi liviyalik feldmarshal Xalifa Haftar kuchlarini dastaklaganlar.
Jangarilar uchun shartnoma
Ish oʻrinlariga oid eʼlonlar tekshirilganda “Islom inqilobi posbonlari korpusi bilan uyushgan yoki unga aloqador kompaniyalarni reklama qilishda mazhabparastlik atamalari qoʻllanilishi maʼlum boʻldi”, deydi suriyalik huquqshunos Bashir al-Bassam.
Ayrim kompaniyalar “Rossiyaning Suriya urushiga aralashuvini ochiqdan-ochiq yoqlaydi va targʻib qiladi, boshqalari esa ekstremistik mazhabparastlik bilan rejimni qoʻllab-quvvatlaydi”, deydi u.
Huquqiy jihatdan bunday amaliyot ushbu kompaniyalarning faoliyat olib borishiga izn beruvchi shartlarga ziddir.
Koʻpchilik eʼlonlarda ishga joylashganlar majburiy harbiy xizmatdan qochganlik yoki boʻyin tovlaganlik uchun jazodan ozod qilinishi aytiladi, deydi u.
“Qaysi rejim mazhablararo fitna qoʻzgʻaydigan va jangovar operatsiyalarda ishtirok etadigan kompaniyalarga litsenziya beradi?”, deydi al-Bassam.
Uning soʻzlariga koʻra, Suriya qonunlari va umuman xalqaro qonunlarga zid ravishda Rossiya kompaniyalariga Suriyadan tashqarida urushayotgan jangarilarga mehnat shartnomalari taklif qilish imkonini berish – eng jiddiy muammo boʻlib qolmoqda.