Karvonsaroy
Salomatlik

400 mingdan ziyod “ortiqcha oʻlim holatlari” Rossiyada COVID-19 bilan bogʻliq raqamlarning yashirilganiga ishora qilmoqda

Karvonsaroy

Shaxsiy himoya vositasini kiygan tibbiyot xodimi COVID-19 pandemiyasi avj olgan mahal Moskva yaqinida joylashgan Kommunarkadagi kasalxonaning shoshilinch tibbiy yordam boʻlimini tark etmoqda, , 2020-yil 16-noyabr. [NATALYA KOLESNIKOVA/AFP]

Shaxsiy himoya vositasini kiygan tibbiyot xodimi COVID-19 pandemiyasi avj olgan mahal Moskva yaqinida joylashgan Kommunarkadagi kasalxonaning shoshilinch tibbiy yordam boʻlimini tark etmoqda, , 2020-yil 16-noyabr. [NATALYA KOLESNIKOVA/AFP]

SAMARA, Rossiya – New York Times tekshiruvidan maʼlum boʻlganidek, oʻtgan yili Rossiyadagi oʻlim darajasi odatdagidan 28 foizga yuqori boʻlgani prezident Vladimir Putinning mamlakat koronavirus bilan boshqalarga qaraganda yaxshiroq kurashgani haqidagi daʼvolariga zid kelmoqda.

Hukumatning rasmiy statistikasiga koʻra, 2020-yil aprel va dekabr oylari oraligʻida Rossiyada COVID-19 bilan bogʻliq 57002 ta oʻlim holati qayd etilgan.

Biroq, tarixdagi oʻlim statistikasining tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan yili pandemiya vaqtida oʻlim holatlari odatdagidan 362302 taga koʻproq boʻlgan, deb yozadi New York Times 10-aprel kuni.

Rossiyaning rasmiy statistika agentligi – “Rosstat”ning xabar qilishicha, yanvar va fevral oylaridagi raqamlarga koʻra, pandemiya boshlanganidan beri “ortiqcha oʻlimlar” soni bugunga kelib 400 mingdan oshib ketgan.

Yuziga COVID-19dan himoyalovchi niqob taqqan erkak Moskva koʻchalaridan yurib bormoqda, 8 mart. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Yuziga COVID-19dan himoyalovchi niqob taqqan erkak Moskva koʻchalaridan yurib bormoqda, 8 mart. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Rossiyaning COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinasi reklamasida sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan qoplangan yer shari atrofida aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan. [Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi]

Rossiyaning COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinasi reklamasida sunʼiy yoʻldosh koʻrinishidagi “Sputnik V” koronavirus bilan qoplangan yer shari atrofida aylanib, kasallikni yoʻq qilayotgani tasvirlangan. [Rossiyaning bevosita investitsiyalar jamgʻarmasi]

Ushbu “ortiqcha oʻlimlar” COVID-19 va boshqa sabablar tufayli qayd etilgan oʻlim holatlarini oʻz ichiga oladi, ammo bu Kremlning pandemiyaga oid koʻp bayonotlariga ishonib boʻlmasligini koʻrsatmoqda.

Koronavirus bilan bogʻliq oʻlim darajasi boʻyicha yetakchilik qilayotgan “boshqa rivojlangan mamlakatni topish qiyin”, deydi Moskvadagi mustaqil demograf Aleksey Raksha. “Hukumat ushbu faktlarning oshkor boʻlmasligi uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilmoqda”.

Tashviqot – insonlar hayotidan muhimroq boʻlib chiqqan

Kreml oʻtgan yilning koʻp qismini virusga qarshi kurashishdan koʻra, Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasini keng miqyosda targʻib qilish orqali pandemiya borasida jamoatchilik fikrini nazorat qilishga urinish bilan oʻtkazdi.

Koronavirus qurbonlari sonining kamaytirib koʻrsatilishi jamoatchilikni virus xavfi va vaksinatsiyaning ahamiyatidan bexabar holatda ushlab turdi, deydi tanqidchilar.

Bu holat, shuningdek jamoatchilikning Kremlning har qanday maʼlumoti, jumladan “Sputnik V” vaksinasining samaradorligi borasidagi ishonchiga putur yetkazgan.

“Odamlar obyektiv vaziyatni bilmas edilar. Agar siz obyektiv vaziyatni bilmasangiz, qoʻrqmaysiz”, deydi Olga Kagarlitskaya. Uning feldsher otasi Rossiya janubi-gʻarbidagi nisbatan boy shahar boʻlgan Samaradagi kasalxonaning koronavirus boʻlimiga yotqizilganidan keyin vafot etgan.

Bemor oʻlimining rasmiy sababi – “nomaʼlum virusli pnevmoniya” boʻlgan.

Oʻlim sababining yashirilishidan gʻazabga tushgan Kagarlitskayaning ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan noroziligi va Samara gubernatorining aralashuvidan soʻng, oʻlim sababi COVID-19ga oʻzgartirilgan.

Oʻtgan yili Samarada koronavirus bilan bogʻliq atigi 606 ta oʻlim holati qayd etilgan, ammo 2020-yilda 10596 ta ortiqcha oʻlim qayd etilgan – bu oʻtgan yilgi oʻlim koʻrsatkichidan 25% ga yuqoriroq.

Rasmiylar hali ham raqamlarning aniq ekanligini taʼkidlamoqda.

“Eʼlon qilingan raqamlar ishonchli”, deydi sogʻliqni saqlash vazirligining Samara boʻlimi rahbari Armen Benyan.

Biroq, u hududdagi ortiqcha oʻlim holatlarining koʻp qismi har qanday holatda pandemiya bilan bogʻliqligini tan olgan. Masalan, COVID-19 bilan ogʻrigan bemorning yurak xuruji rasmiy hisobga kiritilmaydi.

“Hech kimga ishonib boʻlmaydi”

Oʻtgan yil oktabrda “Levada” mustaqil markazi oʻtkazgan soʻrovnomada aksar rossiyaliklar koronavirus bilan kasallanish boʻyicha hukumat bergan raqamlarga ishonmasliklarini aytganlar.

Soʻrovnomada ishtirok etgan 61 foiz respondent Kremlning maʼlumotlariga ishonmasligini, 28 foiz odam raqamlar juda yuqori ekanligini, 33 foiz qatnashchi esa ularning juda past ekanligini aytgan.

Kremlning “Sputnik V” vaksinasini sotish boʻyicha keng qamrovli tashviqot kampaniyasi, vaksinaning Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi, Afrika va hatto ayrim Yevropa mamlakatlariga yetib borganini nishonlayotgan bir paytda, yaqinda oʻtkazilgan soʻrovnoma vaksinaga nisbatan ishonchsizlik kuchayib borayotganini koʻrsatmoqda.

Pandemiya dunyo boʻylab koʻp mamlakatlar, ayniqsa, halokatli koronavirusdan tashqari sezilarli nochorlik bilan kurashayotgan qoʻshni Markaziy Osiyoni Rossiya tashviqoti oldida zaiflashtirib qoʻygan.

Avgust oyida klinik sinovlar yakuniga yetmay turib, Putin katta shov-shuv bilan Rossiya “birinchi” boʻlib COVID-19 vaksinasini yaratganini eʼlon qilar ekan, soʻrovnomada ishtirok etgan rossiyaliklarning 38 foizi vaksinani olishini aytgan boʻlsa, 54 foiz “yoʻq” deb javob bergan.

Bu voqeadan uch oy oʻtib, “Levada” markazi oʻtkazgan soʻrovnomadan “Sputnik V” vaksinasiga ishonch oshmagani maʼlum boʻldi – 36 foiz odam u bilan emlanishini, 59 foizi emlanmasligini bildirgan.

Fevral oyida 62 foiz respondent emlanishni rejalashtirmayotganini aytgan.

Yaqinda oʻtkazilgan soʻrovomalarga koʻra, rossiyaliklarning yarmidan koʻpi – 58 foizi – COVID-19 yuqtirib olishdan qoʻrqmaydi, bu oʻtgan yilgi eng yuqori koʻrsatkichdir.

Rossiyalik shifokorlar ham “Sputnik V” vaksinasiga ishonishmaydi, ularning 50 foizidan ortigʻi koronavirusga qarshi emlanish niyatida emasligini aytgan, deb xabar bergan 5 dekabr kuni VTimes nashri Rossiya federatsiyasi shifokorlar tarmogʻi soʻrovnomasiga asoslanib.

21 foizdan ortiq respondent Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinadan koʻra, xorijnikini afzal koʻrishi maʼlum boʻldi.

“Sputnik V” vaksinasiga nisbatan ishonchsizlik faqat Rossiyada kuzatilayotgani yoʻq. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va dunyoda boʻlgani kabi, Qozogʻistonda ham vaksina qoʻllanilishiga nisbatan tanqidlar avj olgan.

Samaralik Inna Pogojeva pandemiya borasida nimaga ishonishni ham bilmay qolganini aytadi.

Akusher-ginekolog boʻlgan onasi noyabr oyida kompyuter tomografiyasi asosida kasalxonaga yotqizilganidan keyin COVID-19dan favot etgan. Boshqa koʻpchilikda boʻlgani kabi, uning oʻlimi haqidagi dalolatnomada koronavirus sabab oʻlaroq keltirilmagan.

Pogojeva onasining oʻlimi sababini oʻzgartirishni soʻramoqda.

Ammo virus bilan bogʻliq yoʻqotishlariga qaramay, Pogojevaning oʻzi emlanishni istamaydi.

“Ular nima aralashtirib tashlaganini kim biladi?”, deb aytgan u New York Times nashriga. “Hech kimga ishonib boʻlmaydi, ayniqsa bunday vaziyatda.”

Kremlning reytingi pasaymoqda

Joydagi faktlarga bepisand boʻlayotgan Rossiya koronavirus pandemiyasi tufayli geosiyosiy jihatdan kuchayishga umid qilmoqda, deyiladi 17-fevral kuni Estoniya tashqi razvedka xizmati (EFIS) chiqargan hisobotda.

“Kreml pandemiya Rossiyaning oʻzi targʻib qilishga urinayotgan ikkita trendni kuchaytirishiga: xalqaro munosabatlarda koʻp qutblilikka oʻtish va global sahnada Gʻarb taʼsirini kamaytirishiga ishonadi”, deyiladi unda.

Putin “global epidemiya Gʻarbni ichki siyosat va iqtisodiy muammolariga diqqat qaratishga majbur qilishini, populistik va ekstremistik harakatlarni yuzaga keltirishini va oxir-oqibat qadriyatlarga asoslangan, Gʻarb jamiyatining institutsional birligiga putur yetkazishini” kutmoqda.

“Rossiya bu tendensiyani kuchaytirish uchun olovga yoqilgʻi quyishga tayyor”, deya qoʻshimcha qilingan.

Bu alangani yanada avj oldirish uchun Kreml Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaksinalarni qoralash bilan bir qatorda, oʻzining “Sputnik V” vaksinasini reklama qilish uchun keng miqyosli tashviqot kampaniyasini boshlab yubordi.

Kremlning dezinformatsiya kampaniyalari asosan Rossiyadan tashqarida boʻlgan auditoriyaga qaratilgan, mamlakat ichkarisida esa kuchayib borayotgan qashshoqlik, ayovsiz korrupsiya, haddan tashqari tengsizlik va siyosiy tazyiqlar Putinning hukmronligiga nisbatan norozilikni kuchaytirmoqda.

Rossiya rejimi oʻz ixtiyoridagi siyosiy, iqtisodiy va harbiy vositalarni aksari postsovet davlatlardan iborat kichik qoʻshnilarini beqarorlashtirishda va ularning Yevroatlantika tashkilotlari bilan integratsiyasiga toʻsqinlik qilishda foydalanishga uringan, deb xabar beradi EFIS.

Bu geosiyosiy oʻyinlarni Belarus, Rossiya oʻz qoʻshinlari sonini oshirayotgan UkrainaningQrim va Donbass hududlari, Gruziyaning Abxaziya va Janubiy Osetiyasi, Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi Togʻli Qorabogʻ nizosi va oʻtgan yil Qirgʻizistondagi siyosiy tartibsizliklarda koʻrish mumkin.

Raqamlarning bunday soxtalashtirilishi va hukumatning virus xavfi toʻgʻrisida qasddan dezinformatsiya tarqatishi ortidan Kremlning pandemiyaga oid xabarlariga rossiyaliklarning ishonchi qolmagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Pandemiya Rossiyada avj olgan. Balki vaqtinchalik Rossiyadan chetlanishimiz kerakdir?

Javob berish