Karvonsaroy
Terrorizm

Iroq qamoqxonalariga tushib qolgan qirgʻizistonlik bolalarni qarindoshlari kutmoqda

Munara Borombayeva

image

16-mart kuni Bishkekda vataniga qaytarilgan qirgʻiz bolalaridan birini ushlab turgan Qirgʻiziston “Qizil yarim oy” jamiyati xodimi. [Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi]

BISHKEK/OʻSH – Oʻsh viloyatining Aravon tumanida yashovchi Abdumalik Maripov ukalarining farzandlari qaytishini intiqlik bilan kutyapti. Iroqdan vataniga qaytarilgan bolalar hozirda reabilitatsiyadan oʻtmoqda.

“10 nafar oʻgʻil-qiz jiyanlarimizni kutyapmiz”, deydi Maripov. “Ular ikki ukamning farzandlari. Ularni 2014 va 2013-yillarda oilalari Iroqqa olib ketgan edi”.

Maripov va oilaning Qirgʻizistondagi boshqa aʼzolari dastlab aka-ukalar va ularning farzandlari qayerda ekanligidan mutlaqo bexabar edilar.

Keyinroq ular Qizil Xoch orqali ukalari bedarak yoʻqolganini, ularning ayollari va farzandlari esa Iroq qamoqxonalariga tushib qolganini eshitib, huquqbon tashkilotlar yordamida ularni topishga muvaffaq boʻlishdi, dedi u.

image

18-mart kuni Suriyadagi “Islom davlati” (ID) jangarilarining qarindoshlari saqlanadigan “Al-Hol” kurdlar jamlogʻidan yana bir qancha oilalar ozod qilindi. Suratda: olib ketilishini kutib oʻtirgan ayollar va bolalar. [Delil SULAYMON/AFP]

image

Vataniga qaytarilgan qirgʻizistonlik bolakaylar, 16-mart, Bishkek. [Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi]

“Jiyanlarimni anchadan beri kutamiz”, deydi Maripov.

“Bu bolalar mutlaqo begunoh, ular oʻz vatanida oʻsib-ulgʻayishi kerak”, dedi u. “Mening oilam ularning hammasini qabul qilib, katta qilishga tayyor”.

16-mart kuni Iroqdan Bishkek yaqinidagi Manas xalqaro aeroportiga olib kelingan 79 nafar qirgʻizistonlik bola orasida Maripovning jiyanlari ham bor.

Ular Qirgʻiziston hukumatining “Meyerim” (“Mehr”) insonparvarlik operatsiyasi doirasida vataniga qaytarilgan boʻlib, bu mamlakatning yuzlab fuqarolari Iroq va Suriyada jang qilayotgan ekstremistik guruhlar safiga qoʻshilganidan beri amalga oshirilgan birinchi yirik repatriatsiya hisoblanadi, deb xabar bergan Tashqi ishlar vazirligi.

Vazirlik xabariga koʻra, keng koʻlamli chora-tadbirlar va Iroq hukumati bilan oʻtkazilgan uzundan-uzoq muzokaralardan soʻng, Qirgʻiziston diplomatlari va rasmiylaridan iborat ishchi guruh bolalarni uyiga olib kelish uchun Iroqqa borgan.

Barcha qirgʻiz bolalari onalarining (ularning ayrimlari umrbod qamoq jazosini oʻtamoqda) roziligi bilan Iroq qamoqxonalaridan olib chiqilgan, dedi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Aliza Soltonbekova.

“Bolani mamlakatga qaytarish va tegishli davlat idoralariga qonuniy vasiylikni yoki bola uchun boshqa tartibni belgilashga rozilik berish toʻgʻrisida” onalarining yozma arizalari olingan.

Bolalar va onalarning mavjud hujjatlariga asoslanib, Qirgʻiziston hukumati ular uchun zarur hujjatlarni olish va bolalarning vasiyligini qonuniylashtirishni oʻz zimmasiga oladi, dedi Soltonbekova.

“Bolalarga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma kabi hujjatlarni olish yoki qayta rasmiylashtirish bilan tegishli davlat idoralari shugʻullanadi”, dedi u.

Reabilitatsiya davri

Soltonbekovaning soʻzlariga koʻra, hozirgi paytda bolalar psixologik baholash va toʻliq tibbiy koʻrikni oʻz ichiga oluvchi reabilitatsiya jarayonidan oʻtmoqda.

Bunga odam immunotanqisligi virusi (OIV), virusli gepatit, vabo va bezgakka tekshirish, shu bilan birga COVID-19 uchun polimeraza zanjirli reaktsiya (PZR) testini oʻtkazish ham kiradi, dedi u.

“Bolalar uchun madaniy tadbirlar, jumladan sirk, qoʻgʻirchoq teatri, kontsertlar, interaktiv oʻyinlar va musobaqalarga borishni tashkillashtirish rejalashtirilmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Qirgʻizistondagi “Kilim Shami” (Mangu shamchiroq) jamoatchilik birlashmasi hukumatga Iroq va Suriya qamoqxonalaridagi qirgʻiz ayollari va bolalarni vataniga olib kelish haqida birinchilardan boʻlib xat yoʻllagan tashkilot boʻlgan.

Tashkilot rahbari Aziza Abdirasulova reabilitatsiya dasturiga yuqori baho berib, “u barcha talablarga javob berishi va bolalarning tezroq moslashishiga koʻmaklashishini” taʼkidlagan.

Biz Qozogʻiston tajribasini oʻrganib chiqdik, jumladan Qozogʻiston hukumati oʻz fuqarolarini vataniga qaytarib olib kelganida atayin Nur-Sultonga bordik”, deydi u.

“Kilim Shami” vataniga qaytarilgan bolalarning qarindoshlari bilan avval-boshdan aloqada boʻlib turibdi, deydi Abdirasulova.

“Bolalarni uyiga qaytarishdan avval, qarindoshlari reabilitatsiyadan keyin ularni qabul qilishga rozilik berganlar, ularning yashash sharoitlari oldindan tekshirilgan”, dedi u.

“Bolalarning qarindoshlariga vasiylik huquqi beriladi”, deydi u. “Albatta, kelajakda bolalarni huquqbon tashkilotlar ham kuzatib boradi”.

Uning aytishicha, bolalar onalari bilan vataniga qaytarilganida nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

“Ayni vaqtda bu imkonsiz ekanligi maʼlum, chunki Iroq hukumati onalarni topshirmayapti”, deydi u. “Qirgʻiz hukumati bunga harakat qilmagan yoki ularni qaytarishni xohlamagan, deb boʻlmaydi.”

Navbat – Suriyaga

Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi, Qirgʻiziston huquqni muhofaza qilish idoralari va Quvaytdagi Qirgʻiziston elchixonasi hamkorligi tufayli bolalarni vataniga qaytarishga muvaffaq boʻlindi.

Unga koʻra, UNICEF ham sezilarli yordam bergan.

Qirgʻizistondagi AQSH elchixonasi qirgʻiz hukumatining bolalarni vataniga qaytarishga oid saʼy-harakatlarini olqishlagan.

“Qirgʻiziston hukumatining vataniga qaytarilgan bolalarga yordami va ularning barvaqt reabilitatsiyasi, jamiyatga qayta moslashuvi, xavfsiz va tinch hayotga qaytishi uchun barcha choralarni koʻrayotgani tahsinga loyiq”, deb bayonot bergan elchixona.

UNICEFning Qirgʻizistondagi idorasi bu bolalarning oʻz oilasi va jamiyatga toʻliq qayta moslashuvini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini maʼlum qilgan.

Bishkekning keyingi ustuvor maqsadi Suriyadagi qirgʻizistonlik bolalardir.

Davlat milliy xavfszlik qoʻmitasiga (DMXQ) koʻra, 850 ta qirgʻizistonlik Suriyadagi jangovar hududlarga borgan, ularning 150 nafari oʻsha yerda halok boʻlgan. “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan qirgʻizistonliklarning 140 nafari ayollar boʻlgan.

10-mart kuni Qirgʻiziston parlamenti sessiyasida adliya vaziri oʻrinbosari Marat Kanulkulov hukumat Suriyaga reys joʻnatishga buyruq berganini aytgan, ammo uning sanasini ochiqlamagan.

Suriya va Iroqdagi holatlar bir-biridan mutlaqo farqli, deydi Abdirasulova.

“Iroqdagi qirgʻizlar qamoqxonalarda, Suriyada esa qochqinlar jamloqlariga joylashtirilgan”, deydi u. Suriyada urush sababli vaziyat ogʻirlashgan, shuning uchun ham Iroqdagi kabi yagona hukumat mavjud emas, deb taʼkidlagan u.

Koʻpchilik qirgʻizlar mamlakatning kurdlar nazoratidagi jamloqlarida yashamoqda.

Shu sababli “hukumat muzokaralar uchun barcha diplomatik kanallarni ishga solish va moliyalashtirish uchun xalqaro tashkilotlarni jalb qilishi kerak”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500