Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Kreml “Buyuk Yevroosiyo hamkorligi” vositasida oʻzining geosiyosiy strategiyasini amalga oshirmoqchi

Kanat Altinbayev

Tarazdagi dehqon bozorini koʻzdan kechirayotgan qozogʻistonliklar, 2020-yil, 29-may. 16-dekabr kuni “Rosselxoznadzor” idorasi Qozogʻistondan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlagan. [Fayl]

Tarazdagi dehqon bozorini koʻzdan kechirayotgan qozogʻistonliklar, 2020-yil, 29-may. 16-dekabr kuni “Rosselxoznadzor” idorasi Qozogʻistondan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlagan. [Fayl]

OLMAOTA – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (EOII) Ozarbayjonni blok safiga qoʻshish boʻyicha soʻnggi harakatlari Kreml dunyo boʻylab zararli faoliyati uchun qattiq nazorat va sanksiyalar ostida boʻlib turgan bir paytda, Moskva oʻz geosiyosiy taʼsirini boshqa mamlakatlar hisobiga kengaytirishga urinayotganidan darak bermoqda.

YOIIga aʼzo davlatlar Ozarbayjonning aprel oyi oxirida Qozon shahrida (Rossiya) boʻlib oʻtadigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashidagi ehtimoliy ishtirokini muhokama qilmoqdalar, deb xabar beradi RBC.ru 14-aprel kuni anonim diplomatik manbalarga asoslanib.

Ozarbayjon va YOII aʼzosi boʻlmish Armaniston oʻtgan yil sentabrda olti haftalik urushda toʻqnash kelgan edilar.

“Rossiya “buyuk Yevroosiyo sherikligini” yaratish ustida ishlamoqda”, deydi Rossiya Fanlar akademiyasining postsovet tadqiqotlari markazi xodimi Yelena Kuzmina. “Bunda Ozarbayjon asosiy boʻgʻindir.”

Suratda: Rossiya avtomobillari sotiladigan Olmaotadagi dilerlik markazi, 2020-yilning fevral oyi. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi YOII preferentsiyalaridan foydalangan holda Qozogʻiston bozorini monopollashtirishga urinib keladi. [Kanat Altinbayev]

Suratda: Rossiya avtomobillari sotiladigan Olmaotadagi dilerlik markazi, 2020-yilning fevral oyi. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi YOII preferentsiyalaridan foydalangan holda Qozogʻiston bozorini monopollashtirishga urinib keladi. [Kanat Altinbayev]

“Bu Rossiyaning strategik manfaatlari nuqtai nazaridan juda muhim masala”, dedi u.

Bu masala ittifoq qoidalari hamma uchun bir xil emasligi va Rossiya bozori koʻpincha eksport qiluvchilar, jumladan, YOIIga aʼzo davlatlar uchun ham yopiq ekanligini koʻrsatgan soʻnggi voqealar fonida muhokama qilinmoqda.

Rossiya nazorat organlarining mamlakat ichki bozorini himoya qilishga qaratilgan qatʼiy choralari erkin savdoga asoslangan YOII mamlakatlari ishlab chiqaruvchilariga jiddiy zarar keltirmoqda.

Mart oyida YOII ijrochi organining oʻzi Rossiya hukumati tomonidan pomidor va qalampir importini cheklash boʻyicha harakatlari noqonuniy ekanligini tan olgan edi.

Qozogʻiston Savdo va integratsiya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mazkur organ – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining idorasi oʻtgan yili Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi uchun joriy qilingan Rossiya taqiqini koʻrib chiqib, Rossiya nazorat organlarining chorasi “noqonuniy ekani va toʻsiq deb hisoblanishi” haqida qaror chiqargan.

16-dekabr kuni Rossiyaning “Rosselxoznadzor” nomi bilan mashhur Veterinariya va fitosanitariya nazorati boʻyicha federal xizmati Qozogʻistonning Pavlodar viloyatidan pomidor va qalampir importini taqiqladi, bunga pomidor oʻsimligini nobud qiladigan jigarrang tusdagi burishiq virus sabab boʻlgani aytilgan.

Yanvar oyida xuddi shu cheklov Aqtoʻbe va Olmaota viloyatlariga ham joriy qilindi.

Ammo, Qozogʻistonda, jumladan Nederlandiyada ham oʻtkazilgan test natijalariga koʻra, Rossiya cheklov qoʻygan pomidor va qalampirlar virusdan xoli boʻlgan.

“Bu masala bizning tashabbusimiz bilan joriy yilning yanvar va fevral oylarida YOII organlari tomonidan bir necha marotaba oʻrganib chiqildi. Rossiyadan tashqari barcha hamkorlarimiz bizni qoʻllab-quvvatlashdi”, deydi Qozogʻistonning savdo va integratsiya boʻyicha vazir oʻrinbosari Janel Kushukova.

“Shunga qaramay, Rossiyaning Qozogʻiston mahsulotlariga nisbatan qoʻyilgan cheklovlari hamon davom etmoqda.”

Kushukovaga koʻra, cheklovlar joriy qilinganidan beri Qozogʻiston korxonalari 200 million tengedan (480 ming AQSH dollari) ortiq zarar koʻrgan.

Rossiyaning toʻsiqlari

Rosselxoznadzor Qozogʻiston eksportchilariga nisbatan cheklovlar qoʻllashda davom etmoqda.

3-mart kuni Qozogʻiston va Rossiya chegarasidagi Orenburg viloyatining Rosselxoznadzor boʻlimi xodimlari Qozogʻistondan jami 60 tonna kartoshka olib kelayotgan uchta yuk mashinasini toʻxtatib, tekshirganlar.

Haydovchilar Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikatlarini taqdim etganiga qaramay, inspektorlar kartoshkalar Qozogʻistondan emas, Germaniyadan olib kelinayotganini daʼvo qilib, hamma yukni yoʻq qilishgan.

“Aniqlangan qoidabuzarliklar muntazam boʻlib, Rosselxoznadzor sanksiyaga tushgan mahsulotlarning Rossiyaga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Qozogʻistonda yetishtirilgan kartoshkalar importini vaqtincha cheklash huquqiga ega”, deyilgan Rosselxoznadzor saytida.

Rossiya oʻzining yana bir qoʻshnisi va YOII aʼzolaridan biri – Belarusga nisbatan ham xuddi shunday taktikani qoʻllagan.

9-mart kuni Rosselxoznadzor xodimlari Belorusdan olma olib kelayotgan yuk mashinasini toʻxtatishgan.

Belarus davlat inspektsiya xizmati tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikatlariga qaramay, beloruslarning 18 tonna olmasi “aslida” Polshadan deya gumon qilinib, yoʻq qilib yuborilgan.

Bu safargi vaziyat boʻyicha bayonot bergan Rosselxoznadzor belaruslik eksportchilarni “qayta-qayta sodir etilgan qoidabuzarliklarda ayblab”, taqiq qoʻyish bilan tahdid qildi.

Rossiya taʼsirining siyosiy vositasi

Kuzatuvchilarga koʻra, bunday ziddiyatlar Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan savdo toʻsiqlari va proteksionistik siyosat mahsulidir.

YOIIga aʼzo davlatlarning shikoyati asosan Moskvaga qaratilgan, deydi Xavflarni baholash guruhi rahbari, olmaotalik Dosim Satpayev.

“Belarus Rossiyani tez-tez proteksionistik faoliyatda va ittifoq qoidalarini buzishda ayblab kelgan”, deydi Satpayev. “Minsk Moskva bilan iqtisodiy ittifoqqa qoʻshilishga qaror qilganida gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozori doirasida energiya manbalarini import qilishda preferensiyalarga ega boʻlishga umid qilgan edi, ammo unday boʻlmadi.”

Moskvaning YOII ichida koʻp tomonlama manfaatli savdo sharoitlarini yaratish niyati boʻlmagan, chunki bu ittifoq Rossiya uchun iqtisodiy emas, balki uning taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan geosiyosiy loyihadir, deydi Satpayev.

YOII mintaqaviy iqtisodiy integratsiya sifatida koʻrilishi kerak emas, chunki uning qogʻozdagi tamoyillari amalda ishlamaydi, deb aytgan Qirgʻizistonning Jalolobod shahridagi Huquq, biznes va taʼlim akademiyasida iqtisodiy nazariya oʻqituvchisi Mirlan Kudaybergenov.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchayib bormoqda va u oʻzining iqtisodiy muammolarini import oʻrnini bosish orqali hal qilmoqda, deydi Kudaybergenov. Rossiya oʻz bozorini nafaqat boshqa mamlakatlar, balki YOII hamkorlaridan ham himoya qiladi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Rossiyaning kuzatuv organlari bizning, aksar hollarda oziq-ovqat mahsulotlarimizni oʻtkazmaslik uchun turli vositalardan foydalanmoqda”, deydi Kudaybergenov. “Odatda ular sertifikatlarda qandaydir kamchiliklar topib, yukni Qirgʻizistonga qaytarib yuborishadi. Eksportchilarimiz bundan katta zarar koʻradi.”

Kudaybergenovga koʻra, YOIIga qoʻshilish avval-boshdanoq Qirgʻiziston uchun manfaatsiz boʻlgan. Tashkilotga qoʻshilishdan avval Qirgʻiziston Xitoy bilan savdo qilgan, bu Qirgʻiziston iqtisodiyotini ancha mustahkamlagan.

“Rossiya tahlilchilari Qirgʻiziston YOIIga qoʻshilganidan keyin Qozogʻiston va Rossiya bilan manfaatli savdoni yoʻlga qoʻyishini prognoz qilgan edilar, ammo bunday boʻlib chiqmadi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻiston bu ittifoqni tark etmasligi va unda aʼzolikni toʻxtatmasligi kerak. Qozogʻiston Qirgʻiziston va Tojikistonni toʻplab, YOII va Bojxona ittifoqi yigʻilishini oʻtkazishi va Ukrainaga bostirib kirgani uchun Rossiyani, Ozarbayjon hududini bosib olgani uchun Armanistonni Bojxona ittifoqi va YOIIdan chiqarib yuborishi kerak. Va shu sabablarga koʻra KXSHTni tark etishi yoki dastlab unga aʼzolikni toʻxtatib turishi kerak.

Javob berish

Markaziy Osiyo respublikalari uchun, bizning rivojlanishimizni hech qachon xohlamaydigan va hatto bu haqda oʻylashni ham istamaydigan Rossiyaga yopishish oʻrniga, oʻz ittifoqini tuzish vaqti keldi.

Javob berish

Rossiyadan qancha uzoq boʻlsak, shuncha yaxshi.

Javob berish

Agar Ozarbayjon, Turkiya va Oʻzbekiston Bojxona ittifoqiga qoʻshilsa, u avtomatik ravishda Turonga aylanadi)))

Javob berish