Karvonsaroy
Tahlil

Xitoyning global pandemiya strategiyasidagi toʻsiq: uning vaksinasi befoyda boʻlishi mumkin

Karvonsaroy va AFP

Falastinlik tibbiyot xodimlari istilodagi Gʻarbiy sohilning Xevron shahri shimolida joylashgan Halxul maktablarining birida Xitoy hukumati xayriya sifatida taqdim etgan “Sinopharm” vaksinasini emlashga hozirlamoqda, 6-aprel. [Hazem Bader/AFP]

Falastinlik tibbiyot xodimlari istilodagi Gʻarbiy sohilning Xevron shahri shimolida joylashgan Halxul maktablarining birida Xitoy hukumati xayriya sifatida taqdim etgan “Sinopharm” vaksinasini emlashga hozirlamoqda, 6-aprel. [Hazem Bader/AFP]

PEKIN – Oʻtgan haftada Xitoy rasmiylaridan biri mamlakatning koronavirusga qarshi vaksinasi samaradorligini oshirish boʻyicha ehtimoliy rejalar fonida Xitoy vaksinalarining samaradorligi borasidagi xavotirini ochiqchasiga eʼlon qilgani eʼtiborli voqea boʻldi.

Ommaviy emlash kampaniyasini targʻib qilayotgan Xitoy oʻz vaksinasini dunyo boʻylab eksportga chiqarar ekan, uning samaradorligiga oid muammoning tan olinishi rejimning “vaksina diplomatiyasi” strategiyasiga xalaqit berishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Xitoyning kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi rahbari Gao Fu 10-aprel kuni Chengduda boʻlib oʻtgan anjumanda agentlik “qanday qilib amaldagi vaksinalarning yuqori samarador emasligi bilan bogʻliq muammoni hal qilish yoʻllarini izlayotganini” aytdi, deb xabar beradi mahalliy OAV.

Uning aytishicha, hozirgi vaksinalar, jumladan Sinovac va Sinopharm vaksinalarining “himoya darajasi uncha yuqori emas”, deb xabar bergan BBC.

Xitoyning Sinovac vaksinalarini samolyotdan tushirayotgan salvadorlik ishchilar, 28-mart, 2021-yil. [MARVIN RESINOS/AFP]

Xitoyning Sinovac vaksinalarini samolyotdan tushirayotgan salvadorlik ishchilar, 28-mart, 2021-yil. [MARVIN RESINOS/AFP]

Xitoyda ishlab chiqarilgan Sinopharm vaksinasini qabul qilayotgan keksa ayol, Lahor, 16-mart. [Orif Ali/AFP]

Xitoyda ishlab chiqarilgan Sinopharm vaksinasini qabul qilayotgan keksa ayol, Lahor, 16-mart. [Orif Ali/AFP]

Xitoyda shartli ravishda tasdiqlangan toʻrtta vaksina mavjud, ularning rasman eʼlon qilingan samaradorlik darajasi Pfizer-BioNTech (95 foiz) va Moderna (94) vaksinalarinikidan ortda qolmoqda.

Gao turli vaksinalarni aralashtirish, shuningdek ularning dozalari soni va hajmini yoki emlash orasidagi intervalni oʻzgartirishni taklif qilgan.

Gaoning fikr-mulohazalari shu zahoti Xitoy ichidagi ijtimoiy tarmoqlarda senzuraga uchragan, deydi xalqaro aloqalar kengashining global sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha katta xodimi Yanchjun Xuang.

“Bu vaksinatsiyani amalga oshirishda himoya darajasi xavotirli ekanligi hukumat rasmiysi tarafidan tan olingani bilan bogʻliq ilk holatdir”, deydi u Financial Times nashriga.

Narrativni oʻzgartirish

Xitoy vaksinalarini qoʻllashdagi har qanday oʻzgarishlar rasmiylar tarafidan “global jamiyat manfaati uchun” deb nomlangan saʼy-harakatlar doirasida Pekin vaksinasini olgan oʻnlab mamlakat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xitoy oʻzining COVID-19ga qarshi vaksinasini 27 mamlakatga eksport qilmoqda, 53 ta ehtiyojmand davlatga esa bepul “vaksina yordamini” yetkazmoqda, deb xabar bergan tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin.

“Vaksinaning bir qismi begʻaraz taqdim etilgan, bir qismi sotilgan va yana bir qismi esa unga bogʻliq qarzni moliyalashtirish hisobiga sotilgan”, degan edi mart oyida Xitoyning “vaksina diplomatiyasi” haqida gapirgan Dyuk universitetining Duke Global Health Innovation markazi asoschi rahbari Krishna Udayakumar Associated Press nashriga.

Xitoy rejimi biror taʼminot sxemasi orqali Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni olayotgan mamlakatlarning toʻliq roʻyxatini taqdim etmagan.

Tanqidchilar bunday “yordamni” Pekinning Uxandagi epidemiyaning ilk bosqichi hamda muvaffaqiyatga erishish va virusni toʻxtatish yoʻlidagi “mardonavor” saʼy-harakatlar oldidan inqirozni kechikib tan olishi bilan bogʻliq narrativni oʻzgartirishga qaratilgan kampaniyasi deb biladilar.

Mart oyi holatiga koʻra, Xitoy dunyo boʻylab oʻzining koronavirusga qarshi vaksinalaridan 40 million dozasini, asosan rivojlanayotgan mamlakatlarga eksport qilgan, deb yozadi Financial Times.

Qimmatroq yoki talabgirroq vaksinalarga qurbi yetmaydigan mamlakatlarga vaksina yetkazib berish – Pekinning tarixni qayta yozishga urinishida muhim rol oʻynaydi.

Ammo Xitoyning vaksina diplomatiyasiga oid saʼy-harakatlari u taklif qilayotgan mahsulot sifati kabi samarasiz boʻlib chiqmoqda.

Tibbiyot sohasidagi xalqaro mutaxassislarga koʻra, tegishli baho berish uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan emdorining samaradorligi haqida yetarli maʼlumot yoʻq.

“Bu vaksinalar qanchalik samarali ekani haqida bizda maʼlumot kam”, deydi Angliya aholi salomatligi idorasining nafaqadagi yuqumli kasalliklarga qarshi kurash boʻyicha maslahatchisi Piter Inglish Financial Times nashri bilan suhbatda.

Boshqa vaksina ishlab chiqaruvchilardan farqli oʻlaroq, Xitoy kompaniyasi 3-bosqich sinovlariga oid maʼlumotlarni eʼlon qilmagan, bu esa samaradorlik koʻrsatkichlarining shaffofligi va aniqligi borasida shubha uygʻotmoqda.

Foyda – hammasidan ustun

Xitoy koronavirus tarqalishini toʻxtatish uchun ilk bosqichda hech qanday chora koʻrmadi, sifatsiz sunʼiy nafas oldirish uskunalari, test toʻplamlari va shaxsiy himoya vositalarini sotib, pul qilish bilan band boʻldi”, degan edi Islomoboddagi Pokiston tibbiyot fanlari instituti olimi, doktor Muhammad Salim oʻtgan yil avgust oyida.

“Endi pandemiya tugayotganida, Xitoy vaksina sotib pul ishlamoqchi”, dedi u.

Xitoy oʻtgan yili 220 milliard donadan ziyod yuz niqoblari, 2,3 milliard dona shaxsiy himoya vositasi va bir milliard dona test toʻplamini eksport qildi, deb xabar bergan mamlakat savdo vazirligi yanvar oyida.

Eksport “epidemiyaga qarshi global kurashda muhim yordam boʻldi”, degan edi oʻshanda Xitoy savdo vazirining oʻrinbosari Tsyan Kemin.

Pekin oʻz iqtisodiyotini tiklash uchun pandemiyadan foydalandi, deydigan tanqidchilar bu fikrga qoʻshilmaydilar.

Birgina niqoblar eksporti hajmi 2020-yilda 52,6 milliard dollarni tashkil qildi, deb xabar bergan yanvar oyi boshida bojxona rasmiylaridan biri.

Dunyoning aksar iqtisodiyotlari bir yildan beri korxonalarning yopilishi va ish oʻrinlarining qisqarishi kabi koronavirus pandemiyasining oqibatlari bilan kurashishda davom etar ekan, Xitoy 2020-yilda iqtisodiyotdagi misli koʻrilmagan oʻsish haqida xabar bergan yagona mamlakat boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500