Karvonsaroy
Terrorizm

Terror tashkilotlari pandemiya sharoitida oʻz taktikasini oʻzgartirmoqda

Maqsad Osmonaliyev

image

Bishkekdagi internet-kafelarning birida internetdan foydalanayotgan qirgʻizistonlik erkak, 2011-yil, 18-fevral. Radikal daʼvatchilar oʻz gʻoyalarini Internet orqali targʻib qilishga oʻtgan, deydi tahlilchilardan biri. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

BISHKEK – Taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida joriy qilingan karantin cheklovlari tufayli taktikasini oʻzgartirmoqda – ular izdoshlarini oʻz mamlakatlarida “jihod” qilishga chaqirmoqdalar.

Xalqaro safarlar uchun cheklovlar joriy qilinishi ortidan, Yaqin Sharqdagi urush hududlariga borish chaqiriqlari sezilarli darajada kamaydi, dedi bishkeklik diniy mutaxassis Iqboljon Mirsaitov.

Biroq, radikal gʻoyalar ijtimoiy tarmoqlarda kuchaymoqda, deydi u.

“2019-yilga qadar Iroq va Suriyada sodir boʻlgan voqealar internetga koʻchdi”, dedi Mirsaitov xalqaro koalitsiya “Islom davlati”dan (ISHID) Suriyadagi soʻnggi hududni tortib olgan yilga ishora qilib. “Shafqatsizlik va zoʻravonlik qarashlarini targʻib qilish boshlandi.”

image

21-aprel kuni Bishkek markaziy masjidida smartfon orqali diniy mavzudagi video tomosha qilayotgan qirgʻizistonlik musulmon yoshlar. [Maqsad Osmonaliyev/Karvonsaroy]

“Faqatgina yollash faoliyati olib borilmayapti, balki hukumatga boʻysunmaslik va rasmiy diniy ulamolarga qarshi chiqish kabi boshqa qarashlar singdirilmoqda. Ular [terrorchilar] musulmon boʻlmaganlarga qarshi radikal harakatlarga chaqirmoqdalar”, dedi Mirsaitov.

Yollovchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali foydalanuvchilarni “oʻzi yashab turgan mamlakatda” qoʻporuvchilik faoliyati olib borishga daʼvat qilmoqda, dedi u.

Radikal daʼvatchilar faollashmoqda

Terrorizm tashviqoti markazsizlashib borgani sari, mahalliy radikal daʼvatchilar terrorchilikka yollash muammosining yangi koʻrinishi sifatida yuzaga chiqmoqda.

Hozirda taqiqlangan terrorchilik guruhlarida avvalgi kabi yagona axborot markazi mavjud emas, dedi Mirsaitov.

Masalan, 2019-yilda Oʻzbekiston hukumati Suriya va Iroqdagi jamloqlar yoki qamoqxonalarga tushib qolgan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish rejasini eʼlon qilganida, ziddiyatli munosabat kuzatildi.

Ayrim guruhlar, agar Oʻzbekiston bu fuqarolarini olib ketadigan boʻlsa, samolyotni portlatib yuborish bilan tahdid qildi, boshqalari esa aksincha, Markaziy Osiyo hukumatlarini ayollar va bolalarni vataniga qaytarishga chaqirdi, deydi Mirsaitov.

“Ular orasida informatsion ziddiyat paydo boʻldi”, dedi Mirsaitov.

Ushbu voqealar manzarasida Markaziy Osiyodagi WhatsApp, YouTube va Telegram kabi ommabop ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi mahalliy diniy tashkilotlar vakillari tobora ommalashib bormoqda, dedi u.

Ular til muammosidan qiynalmaydi va mahalliy oʻziga xosliklardan yaxshi xabardor, deb qoʻshimcha qildi u.

“Afsuski, mahalliy daʼvatchilar orasida yaxshi ilm olmagan va Qurʼonni doim ham toʻgʻri tushuntirib bera olmaydigan “chala mullalar” bor”, deydi Mirsaitov.

“Ularning ayrimlari nomusulmonlar bilan ziddiyatga chaqiradi, bunday ziddiyatlarga tayyor boʻlgan yoshlar ham bor.”

Masalan, “jihod” tushunchasi juda bahsli mavzu boʻlib, internetda keng munozaralar keltirib chiqardi, dedi u.

“Tabiiyki, rasmiy diniy mutasaddilar jihodni davlat siyosatini hisobga olgan holda tushuntiradi, internetdagi imomlar esa... jihod tushunchasini oʻz manfaatlariga moslab talqin qiladilar”, dedi u.

“Afsuski, bunday tortishuvlarda internetdagi daʼvatchilar gʻolib chiqmoqda. Ayniqsa, internet orqali rasmiy din peshvolariga qarshi ijtimoiy muxolifat yaratish va rivojlantirish jarayoni ketmoqda.”

Bunday munozaralar Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ochiq oʻtkazilmoqda. Shuningdek, internetda oddiy odam kirish uchun ruxsat olishi kerak boʻlgan yopiq guruhlar ham bor, dedi u.

“Bu guruhlarda esa yanada radikalroq tashviqot olib boriladi.”

“Karantin paytida bu guruhlardagi tashrifchilar va ishtirokchilar soni oshgan. Raqamlarning ortishi asosan yoshlar hisobiga boʻlgan”, deydi Mirsaitov.

Onlayn yollash

Markaziy Osiyoda urush va tinchlikni yoritish instituti va Markaziy Osiyo tahliliy hisobot byurosining 2020-yilgi tadqiqotiga koʻra, Tojikiston va Oʻzbekistondagi internet foydalanuvchilari yangiliklar manbai sifatida boshqa ijtimoiy tarmoqlardan koʻra Facebook tarmogʻini afzal koʻrishi maʼlum boʻlgan.

Qozogʻiston va Qirgʻiziston aholisi yangiliklarni Instagram tarmogʻidan oʻqib bilsa, Oʻzbekistonda 60 foiz respondentlar yangiliklardan xabardor boʻlish uchun Telegram ilovasidan foydalanishini aytgan.

WhatsApp ilovasi Qirgʻiziston va qozogʻistonliklar uchun asosiy xabar almashish vositasi boʻlsa, tojikistonliklar Telegram va Viber ilovalarini afzal koʻrishadi.

Radikal saytlarga odamlarni jalb qiluvchi texnologiya juda oddiy. Daʼvatchi-bloggerlar YouTube tarmogʻida boshqa din vakillarining umumiy qadriyatlarni masxara yoki haqorat qilayotgani aks etgan videolarni qoʻyishadi, deydi Mirsaitov.

Ular guruhlardgi mehmonlarning fikr-mulohazalarini kuzatib borishadi va keyinchalik mafkuraviy taʼsir oʻtkazishga mos keladigan nomzodlarni tanlab olishadi. Agar kimdir kanalga obuna boʻlsa, voiz-blogerlar keyinchalik unga boshqa videolarga havola yuboradi va sekin-asta u odamning fikrlashini ham oʻzgartiradi, deydi u.

Shuningdek, yopiq guruhlar nafaqat radikal chaqiriqlar, balki yangi paydo boʻlayotgan terrorchilar uchun dastlabki tekshiruv maydoni boʻlib xizmat qilayotgani bilan ham xavflidir, deya taʼkidladi Mirsaitov.

“Safga yangi qoʻshilganlar terrorchilik faoliyati bilan shugʻullanib, jamiyatning birdamligiga putur yetkazadilar”, deydi u. “Hozir mamlakat ichida bundaylar kam, ammo ular bor, ishlayapti va oʻz safini kengaytiryapti. Albatta, ular ochiq gapirmaydi, ammo oʻzlarining yopiq guruhlarida jadal faoliyat olib boradi va mamlakatni beqarorlashtirish rejalarini tuzadi.”

Jahon Bankiga koʻra, bugungi kunda 700 mingga yaqin qirgʻizistonlik qashshoqlikda kun kechirmoqda. Karantin cheklovlarining joriy qilinishi mamlakat boʻylab ogʻir iqtisodiy vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

Ishsizlik, hukumat idoralarida keng quloch yoygan korrupsiya, qashshoqlik odamlarda ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan norozilik paydo qiladi. Karantinning salbiy iqtisodiy oqibatlari esa terrorchi guruhlar foydasiga ishlamoqda, deydi Mirsaitov.

Onlayn yollash faoliyatiga qarshi kurashish uchun aholi ekstremizm va terrorizm haqida yaxshi xabardor boʻlishi kerak, bu saʼy-harakatlarda davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining ishtiroki zarur, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yaxshi maqola. Rostdanam ijtimoiy tengsizlik, qarashlar toʻqnashuvini keltirib chiqaradi.

Javob berish