Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiya ishchi kuchi tanqisligiga qaramay, noqonuniy migrantlarni haydamoqda

Kanat Altinbayev

12-mart kuni Moskva janubi-gʻarbidagi qurilish maydonida mehnat qilayotgan ishchilar. Rossiya yillar davomida eng ogʻir va eng kam haq toʻlanadigan ishlarni bajarishda, ayniqsa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda mehnat migrantlariga tayanib kelgan. [Yuriy Kadobnov/AFP]

12-mart kuni Moskva janubi-gʻarbidagi qurilish maydonida mehnat qilayotgan ishchilar. Rossiya yillar davomida eng ogʻir va eng kam haq toʻlanadigan ishlarni bajarishda, ayniqsa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda mehnat migrantlariga tayanib kelgan. [Yuriy Kadobnov/AFP]

OLMAOTA – Rossiya hukumati MDHga aʼzo mamlakatlardan kelgan noqonuniy migrantlarga deportatsiya bilan tahdid qilib, ularga nisbatan adovatini yana bir karra namoyish etdi – Moskva ularni 15-iyunga qadar “yaxshilikcha” ketishga chaqirgan.

Bu chora yillar davomida eng ogʻir va eng kam haq toʻlanadigan ishlar, ayniqsa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda mehnat migrantlariga tayanib kelgan va hozirda ishchi kuchi tanqisligiga duch kelgan Rossiya uchun birmuncha ziddiyatlidir.

Migrantlarning aksariyati Markaziy Osiyodan kelganlar boʻlib, Rossiyada 332000 dan ortiq oʻzbekistonlik noqonuniy migrantlar yashamoqda, deb xabar beradi “RIA Novosti” Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Aleksandr Gorovoy taqdim etgan statistik maʼlumotlarga asoslanib.

Rossiyada Tojikistondan 247 ming, Ukrainadan 152 ming, Ozarbayjondan 120 ming, Qirgʻizistondan 115 ming, Armanistondan 61 ming, Moldovadan 56 ming va Qozogʻistondan 49 ming noqonuniy migrant bor, deb yozadi agentlik.

COVID-19 pandemiyasi vaqtida Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida Rossiyada yashash va ishlash ruxsatnomalarini yangilash uchun navbatda turgan niqobdagi migrantlar, 2020-yil 3-aprel. [Olga Maltseva/AFP]

COVID-19 pandemiyasi vaqtida Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida Rossiyada yashash va ishlash ruxsatnomalarini yangilash uchun navbatda turgan niqobdagi migrantlar, 2020-yil 3-aprel. [Olga Maltseva/AFP]

“Bu odamlar 15-iyunga qadar chiqib ketishmasa... ular deportatsiya va qaytib kirishga taqiq bilan jazolanadi”, dedi Gorovoy MDHga aʼzo davlatlar parlamentlararo assambleyasining 16-aprel kungi yigʻilishida.

Dekabr oyi oʻrtalarida koronavirus pandemiyasi sharoitida prezident Vladimir Putin Rossiyadagi mehnat migrantlarning vaqtinchalik yashash ruxsatnomalari muddatini 15-iyungacha uzaytirgan edi.

Shunga qaramay, migrantlar uchun qonuniy hujjatlarni olish tobora qiyinlashmoqda, sababi Rossiya hukumati yangi toʻsiqlarni joriy qilishda davom etyapti .

Dekabr oyida Federatsiya Kengashi patent, vaqtincha yoki doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishni xohlovchilardan rus tili, tarixi va bazaviy yuridik bilimlar boʻyicha imtihon topshirishni talab qiluvchi qonunni tasdiqladi.

Aprel oyida Rossiya hukumati imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga berilgan hujjatlarning amal qilish muddatini besh yildan uch yilgacha qisqartirdi.

Mehnat migrantlari tanqisligi

Moskva deportatsiya bilan tahdid qilib turgan bir paytda, kuzatuvchilar Rossiya rasmiylarining mehnat migrantlari tanqisligidan shikoyat qilayotganiga eʼtibor qaratmoqdalar.

“Oʻtgan yili Rossiyada migrantlar sezilarli kamaydi, ularning soni eng asosiy rejalarimizni amalga oshirish uchun ham yetarli emas”, deb aytgan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 8-aprel kuni.

“Oxirgi yil davomida migrantlarning kamaygani haqidagi faktni taʼkidlay olaman, xolos”, deb aytgan Peskov. “Ularning soni katta rejalarimizni amalga oshirish uchun kamlik qiladi.”

Ishchi kuchi tanqisligidan qurilish sohasi ayniqsa koʻp zarar koʻrgan.

“Hozir qurayotganimizdan ancha koʻproq qurilishlar qilishimiz kerak”, deb aytgan Peskov. “Ammo buning uchun ishchilar zarur. Pandemiya tufayli ular kamayib ketdi.”

Rossiyaga migrantlar kerak, chunki ular rossiyaliklar ishlashni istamaydigan qurilish kabi sohalarda mehnat qilishadi, deydi oʻzbek diasporasining “Vatandosh” jamiyat raisi, moskvalik Usman Baratov.

Rossiya iqtisodiyoti ishchi kuchi oqimidan faqat manfaat koʻradi, ammo hukumatning migrantlar huquqlari buzilishiga nisbatan befarqligi ularning oxir-oqibat Rossiyadan ketishiga sabab boʻladi, deydi u.

Qashshoqlik va zoʻravonlikdan qochish

Oʻtgan yili yuz minglab migrantlar oʻz ishi va tirikchilik manbaidan mahrum boʻlgani yetmagandek, Rossiya hukumati ularning ahvolini yanada ogʻirlashtirib, vataniga qaytib ketishini murakkablashtirdi.

Politsiyachilar “karantin qoidalarini buzish”, “roʻyxatga olish muddatining oʻtib ketishi” va “ishlash ruxsatnomasining yoʻqligi” uchun migrantlarni taʼqib qilgan. Huquqbonlarga koʻra, politsiyachilar migrantlarni noqonuniy ravishda qoʻlga olishgan, ularni “ogʻir sharoitlarda” saqlanadigan muassasalarga yuborishgan .

Avgust oyida oʻz vatani elchixonasi yordamida charter reys bilan Rossiyadan Qirgʻizistonga qaytgan Jumgalbek Mamishev Rossiyada yashagan oxirgi oylarini “daxshatli tush” kabi eslaydi.

“Ishimni yoʻqotganim, ijarada yashashga pulim yoʻqligidan xavotirda edim, ammo hammasidan ham politsiya bilan muammo chiqishidan qoʻrqar edim”, deydi u.

Mamishev qaytib ketish oldidan Moskvadagi qirgʻiz diasporasi yordamida ishlayotgan joyiga yaqin yerda oʻz vatandoshlari bilan birga yashaydigan xonadon topgan.

U yaqin orada Rossiyaga qaytib bormoqchi emas, chunki u yerdagi vaziyat toʻliq izga tushganiga ishonch yoʻq.

Faollar muntazam ravishda migrantlarning huquqlari buzilayotgani haqida xabar berishiga qaramay, Rossiya hukumati bu masalani yechishga harakat qilmaydi, deydi Baratov.

“Ogʻir mehnat qiladiganlarga juda kam yoki umuman haq toʻlashmaydi, koʻpchilik norasmiy ishlagani uchun bunga chidab kelgan”, deydi u.

Vatandagi yangi imkoniyatlar

Dekabrdagi maʼlumotga koʻra, Rossiyada olti millionga yaqin migrant bor, deb xabar bergan Rossiya tashqi ishlar vazirligi.

Bu raqamlar odatiy raqamlardan sezilarli darajada past, ular odatda toʻqqiz va oʻn bir million orasida boʻladi.

Rossiyadan qaytib kelgan koʻpchilik qirgʻizistonlik migrantlar kichik biznes ochib, oʻzlari uchun ishlamoqdalar, deydi “Insan-Leylek” nodavlat tashkiloti rahbari Gulnara Derbisheva.

Derbishevaning oʻzi asli Qirgʻizistonning Botken viloyatidagi Isfana shahridan.

“Masalan, bizning tumanimizda sobiq mehnat migrantlari quruvchilik jamoalari tuzib, chegara hududlarida yashayotgan oʻzbekistonlik va tojikistonlik fuqarolarni ishga yollamoqdalar”, deydi u. “Boshqalar esa mashina taʼmirlaydigan ustaxonalar ochishdi.”

Koʻpchilik migrantlar Rossiyadagi noxush tajriba tufayli u yerga qaytib borishni istamaydi, deydi u.

“Rossiyada ishlab topib kelgan pullarini toʻgʻri sarflashi uchun ularga seminar oʻtdik, ular tadbirkorlikni oʻrganib oyoqqa turib oldilar va Rossiyaga borib ishlash muammosidan xalos boʻldilar”, deydi Derbisheva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tipratikonni yalangʻoch ketingiz bilan qoʻrqitmoqchimisiz? Uyga qaytib, oʻz mamlakatingiz iqtisodiyotini yaxshilang.

Javob berish

Kim ishlaydi unda, uylar, shaharlarni kim quradi?

Javob berish

Unda Rossiyada iqtisod butkul rasvo boʻladi

Javob berish