Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pekin musulmon ozchiliklarning oʻzligini yoʻqotishga qaratilgan xitoylashtirish siyosatini olib bormoqda

Karvonsaroy va AFP

22-aprel kuni Londondagi namoyish chogʻida Buyuk Britaniya parlamentini Xitoyning musulmonlarga nisbatan tazyiqlarini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar deb tan olishga chaqiruvchi plakat ushlab turgan uygʻur diasporasi vakili. [Jastin Tallis/AFP]

22-aprel kuni Londondagi namoyish chogʻida Buyuk Britaniya parlamentini Xitoyning musulmonlarga nisbatan tazyiqlarini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar deb tan olishga chaqiruvchi plakat ushlab turgan uygʻur diasporasi vakili. [Jastin Tallis/AFP]

NYU-YORK – Pekin oʻz nazoratidagi aholi orasida “xitoylashtirish” siyosati qamrovini kengaytirib, etnik ozchiliklarning barcha madaniy va diniy oʻziga xosliklari hamda demokratik erkinliklarni yoʻq qilishga urinmoqda.

Xitoy rejimi Shinjon mintaqasidagi musulmonlarga nisbatan repressiv munosabati bilan “insoniyatga qarshi jinoyatlar” sodir etmoqda, deyiladi Human Rights Watch (HRW) tashkilotining shu hafta boshida eʼlon qilingan batafsil hisobotida.

Hisobotda aytilishicha, Pekinning uygʻurlar va boshqa musulmon ozchiliklarga nisbatan qattiqqoʻl siyosati taxminan 20 yil oldinroq boshlangan, ammo 2013-yildan beri, prezident Si Szinpin davrida yanada kuchaygan.

Millatchilik va islamofobiya Si hukumatining etnik ozchiliklarni “xitoylashtirish” siyosatini kuchaytirishiga olib kelmoqda, deyiladi HRW va Stenford huquq maktabining Inson huquqlari va mojarolarni hal qilish klinikasi tomonidan dushanba (19-aprel) kuni eʼlon qilingan hisobotda.

Xitoyning shimoli-gʻarbiy Shinjon viloyatidagi Qashgʻardan shimolda, asosan musulmonlardan iborat etnik ozchiliklar saqlanadigan “qayta tarbiyalash” lageri deb hisoblanuvchi Artux City kasb-hunar taʼlimi markazi. [Greg Beyker/AFP]

Xitoyning shimoli-gʻarbiy Shinjon viloyatidagi Qashgʻardan shimolda, asosan musulmonlardan iborat etnik ozchiliklar saqlanadigan “qayta tarbiyalash” lageri deb hisoblanuvchi Artux City kasb-hunar taʼlimi markazi. [Greg Beyker/AFP]

“Xitoy hukumati turkiy musulmon aholiga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan va etmoqda”, deyiladi hisobotda.

Pekin “siyosiy taʼlim” lagerlari, tergov izolyatorlari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasada bir milliondan ortiq uygʻur va boshqa turkiy musulmonlarni hibsda saqlamoqda.

Yana millionlab odamlar qattiq kuzatuv va nazorat tizimi ostida yashamoqdalar.

Hisobotga koʻra, “Xitoy hukumatining lagerlarni yaratishdan asl maqsadi – uygʻurlar, qozoqlar, qirgʻizlar va Shinjondagi boshqa guruhlar doxil turkiy musulmonlar madaniyati va dinini yoʻq qilish”.

Shinjon – aholisining aksari musulmonlardan iborat Xitoydagi yagona hudud boʻlib, Xitoy hukumati bu mintaqadagi masjidlar va boshqa diniy obyektlarning uchdan ikki qismini turli bahonalar bilan vayron qilish yoki yoʻqotishga uringan, deyiladi hisobotda.

Pekinning siyosati 1998-yilgi Xalqaro jinoiy sudning Rim nizomiga xilof, unda tinch aholiga nisbatan keng miqyosdagi yoki muntazam hujumlar jinoyat hisoblanadi, deyiladi HRW hisobotida.

Hujjatda Xitoy hukumati musulmonlarni noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar va qotilliklar, ularga nisbatan majburiy mehnat va jinsiy zoʻravonlik siyosatini yuritishda ayblangan.

Pekincha talqin

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Ammo, mustaqil tergovlar va sobiq mahbuslar, qoʻriqchilardan olingan intervyularda muntazam zoʻrlashlar, qiynoqlar, jinsiy tegajoqlik va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Xitoy rejimi tugʻilish kvotasidan oshib ketmaslik uchun koʻplab uygʻur ayollarini majburan sterilizatsiya qilgan va abort qildirish uchun bosim oʻtkazgan, deyiladi mustaqil tadqiqotlarning birida.

Ammo, Pekin soʻnggi bir necha yil davomida Shinjonda keskin pasayib ketgan tugʻilish darajasini terrorchilikka qarshi kurash muvaffaqiyati oʻlaroq baholagan.

“Shinjondagi uygʻur ayollari hurfikrlikka erishdilar, gender tengligi va reproduktiv salomatlik targʻiboti tufayli ular “bola ishlab chiqaradigan mashina” maqomidan xalos boʻldilar”, deb yozgan 7-yanvar kuni Xitoyning AQSHdagi elchixonasi oʻz tvitterida Shinjondagi tadqiqot markazining chop etilmagan hisobotidan iqtibos keltirib.

Mamlakatning Shinjondagi etnik ozchilikka nisbatan munosabati u yerdagi inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotning “yorqin namunasidir”, degan edi Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi fevral oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotida (BMT) boʻlib oʻtgan yigʻinda.

Xitoy hukumati Shinjon viloyatidagi uygʻur musulmonlariga nisbatan munosabat tanqidiga qarshi kurash maqsadida tashviqotning yangi toʻlqinini boshlab yuborgan.

Soʻnggi saʼy-harakatlar qatorida “Qoʻshiqlar qanotlari” nomli hukumat buyurtmasi bilan ishlangan yangi muzikl Xitoy kinoteatrlarida namoyish etilmoqda, unda Shinjondagi etnik birdamlikning rang-barang osoyishtaligi aks ettirilgan boʻlib, bu hudud “qayta taʼlim” lagerlari, ommaviy kuzatuv tizimlari va hatto islomdan xoli qilib koʻrsatilgan.

“Pekin “kasb-hunar oʻrgatish” va “deradikalizatsiya” ishlari olib borayotganini daʼvo qilsa-da, bu ritorika insoniyatga qarshi jinoyatlar voqeligini yashira olmaydi”, deydi HRW tashkilotining Xitoy boʻyicha rahbari Sofi Richardson.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada ham bundan battarroq ruslashtirish siyosati olib borilyapti.. Biz esa rus emasmiz.

Javob berish