Karvonsaroy
Salomatlik

Qozogʻiston COVID-19ga qarshi oʻz vaksinasini chiqargan mamlakatlar qatoridan joy oldi

Karvonsaroy va AFP

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy 26-aprel kuni Nur-Sultonda Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan COVID-19ga qarshi vaksinaning ilk dozasini qabul qildi. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy 26-aprel kuni Nur-Sultonda Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan COVID-19ga qarshi vaksinaning ilk dozasini qabul qildi. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

NUR-SULTON – Dushanba (26-aprel) kuni Qozogʻiston oʻzi ishlab chiqargan vaksinani taqdim etdi, sogʻliqni saqlash vaziri esa jonli efirda ilk vaksinani qabul qildi.

Bu voqea Qozogʻiston farmatsevtika sohasining gʻalabasi boʻlib, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasiga qaramlikdan ozod boʻlishni anglatadi.

Shu tariqa Qozogʻiston COVID-19 vaksinasini ishlab chiqarayotgan aholisi ancha zich davlatlar – AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya va Xitoy safidan joy oldi. Boshqa mamlakatlar ham oʻz vaksinalari ustida ishlamoqda.

Ayni damgacha Qozogʻiston mamlakat bosh sanitar shifokori Yerlan Kiyasovning Bryusseldagi New Europe saytiga fevral oyida topshirgan jadvaliga amal qilib kelmoqda.

Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinasi flakonlari, 26-aprel kungi surat. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinasi flakonlari, 26-aprel kungi surat. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

“Mahalliy QazCovid-in vaksinasi bilan emlash joriy yilning aprel oyiga rejalashtirilgan”, degan edi Kiyasov fevral oyida.

Sinovlar davom etmoqda

QazCovid-in, shuningdek QazVac nomi bilan tanilgan ikki dozalik vaksina uchinchi sinov bosqichidan oʻtmoqda.

“Kabar” agentligiga koʻra, davlatga qarashli Biologik xavfsizlik muammolari tadqiqot institutida ishlab chiqarilgan vaksinaning 50 ming dozasi mamlakat boʻylab tarqatib chiqilgan.

Sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Soy “Kabar” nashriga bergan intervyusida vaksina olganidan keyin oʻzini yaxshi his qilganini va hukumat vakillari Turkiyadagi hamkorlar bilan vaksinaning kelajakdagi partiyasini ishlab chiqarishni muhokama qilayotganlarini aytib oʻtgan.

Oʻtgan juma kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev oʻzining Twitter sahifasida sobiq Sovet mamlakatining oʻz milliy vaksinasini tadqiq qilgan va ishlab chiqqan “sanoqli mamlakatlardan biriga” aylanganini olqishlagan edi.

Shubhali Rossiya vaksinasi

Koʻpchilik qozogʻistonlik shifokorlar va sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari uchun “Sputnik V” vaksinasiga qaramlikni kamaytirish yengillik boʻladi.

Rossiyaning koronavirus vaksinasini “COVID-19 bilan kasallanish xavfi bor guruhdagi shaxslarga qoʻllab boʻlmaydi”, degan edi Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Marat Shoranov oʻtgan yil sentabr oyidagi onlayn brifingda.

Vaksina homilador va emizikli ayollarga, surunkali kasallik bilan ogʻrigan bemorlar va 18 yoshdan kichik hamda 60 yoshdan kattalarga xavf tugʻdirishi mumkin, deb aytgan u.

Rossiyaning aniq va tekshirilgan maʼlumotlar taqdim etmay, “Sputnik V” vaksinasini xalqaro muqobillar bilan bir xil darajada yoki undan ham faolroq reklama qilishga urinishi jamoatchilikning vaksinaga boʻlgan ishonchiga putur yetkazgan.

“Pfizer” va “BioNTech” oʻz vaksinalari samaradorligini 90 foizdan yuqori deb eʼlon qilganlaridan ikki kun oʻtib, 11-noyabr kuni Kreml “Sputnik V” 92 foiz samarali ekanligini taʼkidlashiga dunyo olimlari va kuzatuvchilari eʼtiroz bildirganlar.

Oradan bir hafta oʻtmay, AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga qarshi vaksinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologiya kompaniyasining xabar berishicha, dastlabki natijalar nomzod-vaksinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatgan.

Kimoʻzarga harakat qilayotgan rossiyaliklar 24-noyabr kuni “Sputnik V” vaksinasi samadorligini 95 foizga oʻzgartirishgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Epileptik sifatida endi oʻzimga mos va kerakli vaksinani olishim osonroq boʻladi, degan umiddaman.

Javob berish

Qoʻllab-quvvatlayman

Javob berish

Ha, qoʻllab-quvvatlayman

Javob berish

Rossiya bizga majburlab oʻtkazayotgan Sputnikdan qanday qutulsa boʻladi?

Javob berish