Karvonsaroy
Salomatlik

Turkmanlar Xitoy vaksinasining kuchli nojoʻya taʼsiri haqida xabar bermoqdalar

Jumaguli Annayev

27-aprel kuni Pekinda COVID-19ga qarshi Sinopharm vaksinasi dozasini tayyorlayotgan tibbiyot xodimi. [Nikolas Asfuri/AFP]

27-aprel kuni Pekinda COVID-19ga qarshi Sinopharm vaksinasi dozasini tayyorlayotgan tibbiyot xodimi. [Nikolas Asfuri/AFP]

ASHXOBOD – Turkmanistonda COVID-19ga qarshi vaksinatsiya jarayoni jiddiy toʻsiqlarga duch keldi: Xitoy bergan vaksinaning “kuchli nojoʻya taʼsirlari” aniqlangan.

Turkmanlar xavotirli vaziyatda qolishdi – ular pandemiyaga duch keldilar, ammo unga qarshi kurash uchun samarali vositalarga ega emaslar. Hozircha ularda faqat Rossiya va Xitoy vaksinalari bor.

Xitoy taqdim etgan koronavirusga qarshi vaksinani qabul qilganlardan ayrimlari birinchi dozadan soʻng “dahshatli nojoʻya taʼsirlarni” boshdan oʻtkazdilar, deydi Ashxobod yaqinidagi Choganli qishlogʻidagi yuqumli kasalliklar shifokori Oygul M.

U Sogʻliqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi memorandumida tibbiyot xodimlarining koronavirus pandemiyasi va aholini emlash borasida gapirishi taqiqlaganiga qaramay, oʻz fikrini bildirgan.

27-aprel kuni Pekinda COVID-19ga qarshi emlanish uchun navbatga turayotgan xitoyliklar. [Nikolas Asfuri/AFP]

27-aprel kuni Pekinda COVID-19ga qarshi emlanish uchun navbatga turayotgan xitoyliklar. [Nikolas Asfuri/AFP]

“Oʻzimni jiddiy xavfga qoʻyayotganimni bilaman, ammo Xitoy vaksinasini olgan odamlar dahshatli nojoʻya taʼsirlarga duchor boʻlayotganida jim turolmayman”, dedi Oygul.

Shifokorning taʼkidlashicha, u vaksinani qabul qilganlar kasal boʻlib qolgani bogʻliq oʻzi bilgan barcha holatlarni mustaqil ravishda oʻrganib chiqib, nojoʻya taʼsirlar roʻyxatini tuzgan.

Uning soʻzlariga koʻra, emlanganlar koʻpincha kuchli koʻngil aynishi, qusish va ich ketish holatlariga duch kelishgan. Ayrimlar shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boʻlib, hatto reanimatsiyaga tushganlar.

“Emlanganlarning deyarli barchasi kuchli bosh ogʻrigʻi va mushak ogʻriqlarini his qilganlar, baʼzilarida isitma va titroq, terida va shilliq qavatida allergik reaksiya yoki boshqa alomatlar kuzatilgan”, dedi Oygul.

Tumov, yoʻtal va shishlar shular jumlasidandir.

“Emlanganlardan faqat bir nechtasigina nojoʻya taʼsirlarga duch kelmaganligini aytdi”, deydi u.

Xitoy vaksinasi partiyasi 6-mart kuni Pekindan samolyot orqali Turkmanobodga yetib kelgan, deb xabar beradi Turkmen.news sayti.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Xitoy hukumati vaksinani joriy “vaksina diplomatiyasi” strategiyasi doirasida sotmay, bepul taqdim etgan.

Xitoyning Turkmanistondagi elchisi samolyotni kutib olishda qatnashgan, deb xabar beradi Chronicles of Turkmenistan yangiliklar sayti. Elchilar, odatda, tijoriy yuklarni qabul qilib olishda ishtirok etmaydilar. Bundan tashqari, aeroportda boʻlgan Turkmaniston rasmiy vakili mamlakatning pandemiyaga qarshi kurashida yordam bergani uchun Xitoyga minnatdorchilik bildirdi, bu vaksina sovgʻa sifatida taqdim etilganining yana bir belgisi boʻlishi mumkin.

Turkmanistondagi rasmiy ommaviy axborot vositalari vaksinaning yetib kelgani, uning hajmi yoki nomi toʻgʻrisida hech qanday xabar bermagan.

Tanqidchilar bunday “yordamni” Pekinning Uxandagi epidemiyaning ilk bosqichi hamda muvaffaqiyatga erishish va virusni toʻxtatish yoʻlidagi “mardonavor” saʼy-harakatlar oldidan inqirozni kechikib tan olishi bilan bogʻliq narrativni oʻzgartirishga qaratilgan kampaniyasi deb biladilar.

Mart oyi holatiga koʻra, Xitoy dunyo boʻylab oʻzining koronavirusga qarshi vaksinalaridan 40 million dozasini, asosan rivojlanayotgan mamlakatlarga eksport qilgan, deb yozadi Financial Times.

Qimmatroq yoki talabgirroq vaksinalarga qurbi yetmaydigan mamlakatlarga vaksina yetkazib berish – Pekinning tarixni qayta yozishga urinishida muhim rol oʻynaydi.

Ammo Xitoyning vaksina diplomatiyasiga oid saʼy-harakatlari u taklif qilayotgan mahsulot sifati kabi samarasiz boʻlib chiqmoqda.

“Sifatsiz” va yetarli emas

Ashxobod va boshqa katta shaharlar uchun ishlab chiqilgan vaksinatsiya rejasiga koʻra, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan vaksinalarning kichik partiyasi eng avvalo shifokorlarga, jamoatchilik bilan ishlovchi soha xodimlariga, politsiyachilarga va jamoat transporti haydovchilariga berilishi kerak.

70 yoshdan katta fuqarolar ham emlanish huquqiga ega.

Koʻpchilik turkmanlar majburiy niqob taqishdan charchagani va koronavirusdan saqlanishni istagani sababli ham vaksina qabul qilmoqchi, deydi Aygul.

Rasman xabar berilmagan boʻlsa-da, oʻlimlar sonining yuqori ekanligi aholi orasida sarosimaga sabab boʻlgan.

“Koʻpchilik qarindoshlari va yaqinlarini yoʻqotdi. Ular qanday azoblanib vafot etganlarini koʻrdilar, shuning uchun hamma xaloskor vaksinani kutayotgan edi”, deydi u. “Ammo u sifatsiz boʻlib chiqdi.”

Ashxobodlik 72 yashar Vera K. yoshi tufayli Xitoy vaksinasini bepul qabul qilganlardan biri.

“Uch kun ichida oʻlar holatga kelayozganim uchun tez yordam chaqirishga majbur boʻldim”, deydi u.

U avvaliga bu alomatlarni oʻzida mavjud boʻlgan onkologik kasallik bilan izohlagan, ammo shifoxonadan uyiga qaytgach, yaqinlarida ham Xitoy vaksinasi qabul qilinganidan keyin koʻngil aynishi va qayt qilish kuzatilganini eshitgan.

“Agar tanlash imkoniyatimiz boʻlganida, hech qachon bu vaksinani olishga rozi boʻlmas edik, ammo bizda tanlov yoʻq edi”, deydi u. “Yo koronavirusdan oʻlish yoki mana shu azobdan oʻtish kerak edi.”

Shifokorlarning soʻzlariga koʻra, turkmanistonliklar Sinopharm ishlab chiqargan “Vero Cell” vaksinasi bilan emlanmoqdalar. Ishlab chiqaruvchiga koʻra, uning samaradorligi 79,34 foizga teng.

Xitoyning COVID-19 vaksinalari past samaradorlik koʻrsatkichiga ega, degan edi shu oyda Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari Gao Fu.

Pfizer va Moderna vaksinalarining 90 foizlik samaradorligi bilan taqqoslaganda Xitoy vaksinasi samaradorligi 49-79 foiz orasida boʻlib, bu ancha past koʻrsatkichdir.

Turkmanistonlik shifokorlarga koʻra, xitoylik yetkazib beruvchilar oʻz mahsulotlarining afzalliklarini “maqtab”, kamchiliklarini atayin yashirishadi.

Agar qoʻlidagi vaksina yuqori sifatli boʻlganida, “pragmatik xitoylar uni boshqa davlatlarga sotgan boʻlar edi”, deydi Oygul Xitoyning oʻz vaksinasini 69 ta rivojlanayotgan mamlakatga bepul topshirayotganini nazarda tutib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500