Karvonsaroy
Siyosat

Javod Zarifning maxfiy audioyozuvi IIPK hukmronligini fosh etdi

Karvonsaroy

IIPKning Quds kuchlari qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan, sanasiz surat. 25-aprel kuni ommaga oshkor boʻlgan audioyozuvda Zarif Sulaymoniyni va hukumatning IIPKga oid sarf-xarajatlarini tanqid ostiga olgan. [IRNA]

IIPKning Quds kuchlari qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan, sanasiz surat. 25-aprel kuni ommaga oshkor boʻlgan audioyozuvda Zarif Sulaymoniyni va hukumatning IIPKga oid sarf-xarajatlarini tanqid ostiga olgan. [IRNA]

Yakshanba (25-aprel kuni) OAVda tarqalgan Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan suhbat audiofayli xalqaro miqyosdagi munosabat, qarama-qarshiliklar, fitna nazariyalari va fikrlarni keltirib chiqargan.

24-fevral kungi videosuhbatdan olingan 190 daqiqalik audioyozuv Eron yadro dasturi boʻyicha xalqaro shartnomani qayta tiklashga qaratilgan Venadagi muzokaralarning uchinchi bosqichi oldidan Zarifning Iroqqa tashrifi chogʻida paydo boʻlgan.

Prezident Hasan Ruhoniy hukumati haqida koʻproq maʼlumot berishga qaratilgan ogʻzaki hikoya loyihasining bir qismi boʻlgan suhbat chogʻida Eron tashqi ishlar vaziri ayrim gap-soʻzlar matbuot uchun emasligini bir necha bor taʼkidlagan.

Zarif avvalgi suhbatda tashqi siyosatga oid qarorlar unga bogʻliq emasligini aytgan edi. Oshkor boʻlgan audioyozuvda u oʻzining bu pozitsiyasini takrorlagan.

Qosim Sulaymoniy (oʻrtada) Eronning boshqa yuqori martabali qoʻmondonlari va Oliy ruhoniy rahbar Ali Homanaiy bilan, sanasiz surat. Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning aytishicha, agar IIPK pozitsiyasi Eron diplomatiyasi va tashqi siyosatiga 200 foiz zarar yetkazadigan boʻlsa ham, Sulaymoniy diplomatiya uchun murosaga bormas edi. [Eron mudofaa vazirligi]

Qosim Sulaymoniy (oʻrtada) Eronning boshqa yuqori martabali qoʻmondonlari va Oliy ruhoniy rahbar Ali Homanaiy bilan, sanasiz surat. Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning aytishicha, agar IIPK pozitsiyasi Eron diplomatiyasi va tashqi siyosatiga 200 foiz zarar yetkazadigan boʻlsa ham, Sulaymoniy diplomatiya uchun murosaga bormas edi. [Eron mudofaa vazirligi]

Javod Zarifning aytishicha, 2015-yilgi “Qoʻshma keng miqyosli harakatlar rejasi” deb nomlanuvchi yadroviy kelishuvga olib kelgan muzokaralar chogʻida unga “orqadan pichoq sanchishgan”. Koʻpchilik qattiqqoʻl siyosat tarafdorlari AQSH-Eron munosabatlarining yaxshilanishini istamaydi, dedi u.

Zarifning soʻzlariga koʻra, sobiq prezident Mahmud Ahmadiynajod uni yoqtirmagan va Eronning BMTdagi elchisi etib tayinlash istagida boʻlgan, “yuqoridagi kuchlar” (oliy rahbar Ali Homanaiy nazarda tutilgan) esa uning oʻz lavozimida qolishini istaganlar.

Zarif Ruhoniyning tashqi ishlar vaziri boʻlish taklifini istar-istamas qabul qilganida “qahramon emas, qurbon”ga aylanishidan bexabar boʻlganini aytdi.

Suhbat chogʻida u Tehron rejimi Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) mintaqadagi hozirligi va siyosatiga ustuvor ahamiyat berishini bir necha bor taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, IIPK Quds kuchlarining marhum qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan bu siyosat Sulaymoniy davrida doimo diplomatiyadan ustun qoʻyib kelingan.

Sulaymoniy diplomatiyani xavf ostida qoldirgan

Zarifning aytishicha, agar IIPK pozitsiyasi Eron diplomatiyasi va tashqi siyosatiga 200 foiz zarar yetkazsa ham, Sulaymoniy diplomatiya uchun murosaga bormagan boʻlardi.

Diplomatik kelishuvlarga erishilganidan bir necha oy oʻtgach, Eronning jahon davlatlari bilan muzokaralari fonida AQSH sobiq davlat kotibi Jon Kerri unga Eron aviakompaniyalarining Suriyaga parvozlari soni olti baravar koʻpayganini aytgan.

Zarif bu voqeadan bexabar boʻlganini aytgan.

Zarifning aytishicha, uning jamoasiga Eronning zaiflashgan tijorat flotiga yordam berish uchun yangi Boeing va Airbus samolyotlarini sotib olishga izn berilgan, ammo Iran Air samolyotlarining Suriyaga parvozlari sonining keskin koʻpaygani bu xaridni xavf ostida qoldirgan.

Chunki, Sulaymoniy Iran Air aviakompaniyasining ijrochi direktoridan boshqa hech kimga aytmay, IIPKning Suriyaga parvozlari uchun Iran Air “Mahan Air aviakompaniyasidan xavfsizroq” degan qarorga kelgan.

Soʻnggi yillarda Iran Air davlat aviakompaniyasi va sanksiya ostidagi Mahan Air aviakompaniyasi tomonidan eʼlon qilinmagan parvozlar ikkala aviakompaniyaning Eron rejimi nomidan shubhali faoliyat olib borayotganiga oid savollarni keltirib chiqargan. Bu aviakompaniyalar mintaqadagi urush hududlariga qurol-yarogʻ va jangarilar tashishda ayblanmoqda.

Zarifning soʻzlariga koʻra, Sulaymoniyning bu qadami diplomatik aloqalarni xavf ostiga qoʻygan va bundan keyin samolyotlar xarid qilish imkoniyatini yoʻqqa chiqargan.

Tashqi ishlar vazirining soʻzlariga koʻra, u Sulaymoniy bilan haftada bir marta uchrashgan, ammo bu uchrashuvlarda mamlakatga doir ishlar yoki hamjihatlikdagi xatti-harakatlar muhokama qilinmagan. Aksincha, uning soʻzlariga koʻra, Sulaymoniy oʻzining mintaqaviy siyosati va tarjihlarini ustuvorlik tartibi boʻyicha sanab oʻtgan boʻlar edi.

IIPK sarf-xarajatlari oʻzini oqlamagan

Zarif AQSH va uning ulkan armiyasini rad etishni maʼqul koʻradigan qattiqqoʻl siyosat tarafdorlarini tanqid qilib, Eronning qudrati raketalar yoki harbiy texnikada emasligini, u harbiy qudratga tayana olmasligi ochiq haqiqat ekanligini taʼkidlagan.

Uning soʻzlariga koʻra, Eron islom respublikasining qudratli jihati – xalqining koʻmagi boʻlishi kerak, chunki bu “milliy xavfsizlik” deganidir.

Uning taʼkidlashicha, Tehron tashqi siyosatda doim “ikki qutbli, sovuq urush davri” yondashuviga asoslanib qaror chiqargan, bu esa IIPKning mintaqaviy hozirligi doim diplomatiyadan ustun boʻlganini anglatadi.

U Eron IIPKning mintaqaviy hozirligi uchun “keragidan ortiq mablagʻ sarflaganini” va keyinchalik “bu xarajatlar oʻzini oqlamaganini” ham aytib oʻtgan.

Hodisa yuz berganidan keyin bir kun oʻtib, unga Twitter sahifasida samolyot IIPK tarafidan urib tushirilmaganini aytishi uchun bosim oʻtkazishgan, u esa bundan bosh tortgan.

IIPK rasmiylaridan Ruhoniy hukumati masalaga yechim topishi uchun unga haqiqatni aytishni soʻraganimda, “menga xuddi kufr keltirgan odamdek qarashgan edi”, deydi u.

Xitoy va Rossiyaning halokatli taʼsiri

Zarif Gʻarb, jumladan Qoʻshma Shtatlar bilan aloqalarni davom ettirgan holda Tehronning Rossiya va Xitoy bilan davomli munosabatlarining muhimligini taʼkidlab, Xitoy va Rossiya Eron tarafdori emasligini va Tehron bilan faqat oʻz manfaatlari yoʻlida aloqa qilayotganini aytib oʻtgan.

Zarifga koʻra, Xitoy va Rossiya Tehronning Qoʻshma Shtatlar bilan munosabatlari keskin boʻlishini istaydi, chunki Eron Qoʻshma Shtatlarning “asosiy” muammosi boʻlib turar ekan, ular Vashingtonning boshqa ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha harakat qilishadi.

Uning soʻzlariga koʻra, Moskvaning Eron va Gʻarb muzokaralaridagi roli shu darajada zararliki, hatto Sergey Lavrov 2015-yilda diplomatik kelishuvlarni ham xavf ostiga qoʻyishga uringan.

Zarif Lavrov Kerri bilan maxfiy muzokara qilganini aytgan. Zarif avvaldan eʼlon qilmay, AQSHlik hamkasbi bilan uchrashgani borgan va ularning ikkovini birga koʻrgan.

Oʻsha kuni kechasi Lavrov Moskvaga ketishidan avval Zarif va Kerriga Eron va Qoʻshma Shtatlar muayyan masala boʻyicha kelisha olmasliklarini aytib oʻtgan.

Bunga javoban, Zarif Lavrovga “bu sizning (haqorat soʻzi) ishingiz emas”, deb aytgan.

Keskinlik tarafdorlarini gʻazablantirgan suhbat

Tarqatilgan audioyozuvdagi Zarifning, ayniqsa Sulaymoniy haqidagi mulohazalari Eron ichidagi qattiqqoʻl siyosat tarafdorlarini gʻazablantirgan, baʼzilar esa uni xoinlikda ham ayblaganlar.

Asosan konservatorlardan iborat boʻlgan Eron parlamenti – Majlis qonun chiqaruvchilari audioyozuvning tarqalishini tergov qilishga chaqirib, “Sulaymoniyni haqorat qilgani” uchun Zarifni jazolashni talab qilganlar.

Bir necha kishi Zarifni rejimning chegaralarini bilmaslikda ayblab, unga hujum qilgan, koʻpchilik taniqli konservator shaxslar esa uni “gʻarblashganlikda” ayblagan.

Zarif muharririni tilga olgan oʻta keskin Kayhan nashri tashqi ishlar vazirini qattiq tanqid qilgan. (2021-yilda Qoʻshma keng miqyosli harakatlar rejasini qayta tiklash muzokarasida Kayhan tahririyati Zarifni almashtirishni taklif qilgandi.)

Kayhan nashri dushanba kuni Zarif haqida keskin tahririyat maqolasini chop etgan, unda audiofayl atayin tarqatilganiga ishora qilingan.

Konservativ islom koalitsiyasi vakili Zarifni tanqid qilib xorijiy ommaviy axborot vositalariga audiofaylning tarqatilishini katta xato, deb aytgan.

Bu orada islohotchilar va moʻtadil qarashdagilar audioni tarqatganlarni Venada boʻlib oʻtajak muzokaralarga putur yetkazishda ayblab, buni Zarifni yomonotliq qiluvchi kampaniya deb ataganlar.

Islom respublikasi tanqidchilariga koʻra, Zarif tizimning bir qismi sifatida uni tanqid qilishga haqqi yoʻq va modomiki rejimning ayrim qismlarida muammolar bor ekan, u isteʼfoga ketishi kerak.

Zarif va Tashqi ishlar vazirligining munosabati

Seshanba kuni Zarif Instagram sahifasida intervyu haqida bevosita fikr bildirmagan holda qisqa lavha qoldirgan. Tarixiy loyihani tilga ola turib: “biz Xudo haqida oʻylashimiz kerak, tarix haqida qaygʻurmasligimiz kerak”, deb yozgan.

Shuningdek, seshanba kuni Hasan Ruhoniy tarqatilgan audioyozuvga ilk marta munosabat bildirib, razvedka xizmatiga uni kim tarqatganini aniqlashni buyurgan. Hukumat bu audioyozuvning “oʻgʻirlangani” haqida xabar bergan.

Eron tashqi ishlar vazirligi dastavval tarqagan audioyozuvni “tahrir qilingan” va “kesilgan” deb taʼriflagan.

Vazirlik agar tegishli tashkilotlar rozi boʻlsa, “yetti soatlik” deb aytilgan suhbatni toʻliq chop etishini maʼlum qilgan va uning chop etilmagan boʻlaklarida Zarif Sulaymoniyni maqtaganini taʼkidlagan.

Suhbat soʻngida jurnalist Zarifdan kelajakda prezident yoki bosh vazir boʻlishini yoxud uyda pijamada oʻtirishi mumkinligini taxmin qilib, kelajak yoki tarix borasida fikr bildirishini soʻragan.

Bunga javoban Zarif boshqa yerda, yoʻl-yoʻl kiyimda (mahbuslikda) boʻlib qolishi mumkinligini aytgan.

Zarifga koʻra, 2020-yil 8-yanvar kuni Ukraina xalqaro avialiniyasiga qarashli 752-reysning urib tushirilishi haqida IIPKning yuqori lavozimli rasmiylaridan tashqari boshqa hech kim – Ruhoniy ham, uning mahkamasi aʼzolari ham bilmagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500