OLMAOTA – Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy xavfsizlikka oid umumiy muammolarga qarshi kurash va iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish uchun birlashishi lozim, ammo Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bu yoʻlda toʻsiq boʻlib turibdi, deydi tahlilchilar.
Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, agar Rossiya boʻlmaganida, Markaziy Osiyo respublikalari bu yoʻlga uzoq yillar oldin kirishi mumkin edi.
Mintaqa davlatlari 1990-yillardan beri Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti (MOHT) kabi mintaqaviy integratsiya platformalarini yaratishga urinib kelganlar, deydi Crossroads Central Asia nodavlat tashkilotining hammuassisi va rahbari, bishkeklik Shairbek Joʻrayev.
“Ammo bu harakatlar 2004-yilda Rossiyaning MOHTga kirishi bilan yakunlandi va... MOHT [2006-yilda] butkul tugatildi”, dedi Joʻrayev.
“Voqelikda Rossiya Federatsiyasining aʼzoligi bu tashkilotni yoʻqotib, uning oʻrniga yangisini – Moskva tarafidan boshqariladigan YOIIning yaratilishiga olib keldi.”
Uning soʻzlariga koʻra, Qirgʻiziston kabi kichik mamlakatlarda YOIIga qoʻshilishdan boshqa chora yoʻq edi, chunki uni rad etish chegaralarning savdo uchun yopilishi va tegishli iqtisodiy yoʻqotishlar kabi oqibatlarga olib kelgan boʻlardi.
Bundan tashqari, Rossiyadagi qirgʻizistonlik mehnat migrantlari avvalgidan ham ogʻirroq sharoitlarga duch kelishlari mumkin edi, deb qoʻshimcha qildi u.
Qarashlarning oʻzgarishi
Qozogʻiston rasmiylari oʻtmishda Markaziy Osiyodagi hamkorlik umidlari va YOII borasidagi tanqidlarni mustaqil tahlilchilarga qoldirgan edilar.
Ammo 2018-yil aprel oyida Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti (QSTI) hukumatning tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlari oʻzgara boshlaganini koʻrsatuvchi maqola chop etgan.
“Bugungi kunda YOII misli koʻrilmagan bosim ostida qoldi, chunki pragmatik qarashlar, bozor va erkin savdo tamoyillari sezilarli darajada zaiflashdi. Koʻp hollarda geosiyosat ustun kelmoqda”, deyiladi maqolada.
Aftidan, YOII aʼzolari orasida daʼvolar va qarshi daʼvolarning koʻpaygani Qozogʻiston rasmiylarining hafsalasini pir qilgan.
Bu blok erkin savdoga koʻmaklashishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, Rossiya nazorat organlarining ichki bozorni himoya qilishga qaratilgan qattiqqoʻl choralari YOIIga aʼzo boshqa mamlakatlarning eksportchilariga ziyon keltirmoqda.
Masalan, mart oyida YOII ijrochi organining oʻzi Rossiya hukumatining Qozogʻistondan pomidor va qalampir importini cheklash boʻyicha harakatlari noqonuniy ekanligini tan olgan edi.
“Bunday sharoitlarda eng yaxshi yoʻlni Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikda koʻrish mumkin... 2017-yildan beri pragmatizm va ochiq-oshkoralikni namoyish etayotgan Oʻzbekiston bilan munosabatlarda yangi dinamika shakllanmoqda”, deyiladi QSTI maqolasida.
Maqolada qayd etilishicha, 2018-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarda sezilarli siljish yuz bergan.
Oʻsha yilning 15-martida toʻrt Markaziy Osiyo mamlakati prezidenti va Turkmaniston parlamenti rahbari Ostonada yigʻildilar – bu 2009-yildan beri oʻtkazilgan ilk Markaziy Osiyo sammiti boʻldi.
“Mintaqa istiqbollari boshqa mamlakatlar bilan muzokaralarda milliy pozitsiyalarni yaxshiroq himoya qilish va ilgari surishga imkon beradigan turli iqtisodiy-iqtisodiy loyihalarni shakllantirishda namoyon boʻladi”, deyiladi maqolada.
Rossiyasiz
Oʻzgarishlar YOII Rossiyaning geosiyosiy hiyla-nayranglari vositasiga oʻxshab borayotgani ortidan boshlangan.
YOIIga aʼzo davlatlar asosan Moskvaga nisbatan oʻz noroziliklarini bildirishmoqda, deb aytgan edi Xavflarni baholash guruhi rahbari, olmaotalik Dosim Satpayev shu oy avvalida.
Moskvaning YOII ichida koʻp tomonlama manfaatli savdo sharoitlarini yaratish niyati boʻlmagan, chunki bu ittifoq Rossiya uchun iqtisodiy emas, balki uning taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan geosiyosiy loyihadir, deydi Satpayev.
Kuzatuvchilarga koʻra, YOII mintaqani integratsiya qila olmayotgani sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari samarali iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishlari kerak.
Markaziy Osiyo koʻp omillarga asoslangan kuchli integratsiya salohiyatiga ega, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahlil markazi rahbari Farhod Tolipov.
“Mamlakatlarimiz iqtisodiy, transport, energetika sohalarda bir-biriga bogʻliq va umumiy chegaralarga ega”, deydi u. “Shu bilan birga, xalqlarimizning tarixiy, milliy, diniy va madaniy sohada mushtarak jihatlari koʻp.”
Markaziy Osiyodagi kabi kichik mamlakatlar mintaqadagi umumiy xavfsizlik muammolarini birgalikda hal qilish uchun birlashishlari lozim, ayniqsa “Markaziy Osiyoga nisbatan geosiyosiy daʼvolari bor ikki qudratli qoʻshnimiz turganida”, deydi Tolipov.
Markaziy Osiyoning mintaqa iqtisodiy rivojiga imkon beruvchi yirik bozori bor, deydi Nur-Sultonda qurilish materiallari bilan shugʻullanuvchi tadbirkor Daulet Ahmedov.
“Ishchi kuchi va tovarlar harakati, sanoatni rivojlantirish va mintaqada erkin savdo hududini yaratish uchun ichki chegaralarni ochishimiz kerak, iqtisodiy tomondan kuchli boʻlish va qudratli davlatlar bilan tengma-teng gaplasha olish uchun yagona yoʻl shu”, deb aytgan Ahmedov.
AQSHning Markaziy Osiyo hamkorligidagi ishtiroki juda muhim, albatta! AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan begʻaraz maslahatlashadi va qoʻllab-quvvatlaydi! Qarang, adashmang!
Javob berishFikrlar 4
YOII iqtisodiy salohiyatdan koʻra koʻproq geosiyosiy xususiyatlarga ega va u faqat tarafga, Kremlga ishlaydi. Qozogʻiston
Javob berishFikrlar 4
Putin Rossiyasi bilan faqat hamkor boʻlish mumkin, lekin doʻst emas.
Javob berishFikrlar 4
Nazarboyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi gʻoyasini taklif qilgan, ammo Rossiya uni siyosiy ittifoqqa aylantirmoqda. Demak, birlamchi maqsadini yoʻqotgani sababli biz bu shartnomadan chiqishimiz mumkin.
Javob berishFikrlar 4