Karvonsaroy
Salomatlik

Chernobil halokati sanasida Qozogʻistondagi sovet yadroviy oʻtmishi dahshatlari yodga olindi

Kanat Altinbayev va AFP

Chernobil fojiasiga 35 yil toʻlar ekan, sobiq Sovet respublikalari sovetlar davriga oid yadroviy obyektlar, jumladan Qozogʻistonning Semipalatinsk (hozirgi Semey) shahridagi yadro poligonining uzoq muddatli oqibatlarini sarhisob qilmoqdalar. [AFP]

OLMAOTA – Ukrainada sodir boʻlgan Chernobil fojiasiga oʻtgan oy 35 yil toʻlar ekan, qozogʻistonliklarning eski jarohatlari yangilandi – bu mamlakat 40 yildan ortiq vaqt davomida Sovet Ittifoqining yadroviy qurollarini sinovchi asosiy poligon boʻlgan.

Qozogʻiston shimoli-sharqidagi Semipalatinsk yadro poligoni 1949-yildan Sovet Ittifoqi parchalanishiga qadar – 1991-yilgacha faoliyat yuritgan.

Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, poligondan yetgan zarar, jumladan atrof-muhit va mahalliy aholi salomatligiga yetkazilgan dahshatli oqibatlar hali ham sezilmoqda va yana uzoq yillar davom etadi.

“Tarixni ortga qaytarib boʻlmaydi”

26-aprel kuni Chernobil fojiasi sanasini xotirlash uchun “ihotalangan hududga” tashrif buyurgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqaro hamjamiyatni global yadro xavfsizligini kafolatlash uchun hamjihatlikda ishlashga chaqirdi.

Sovet televideniyesining 1986-yil 30-aprel kungi kadrlarida Chernobil AESning tashqi koʻrinishi, jumladan yarmi vayron boʻlgan bino aks etgan. Kadr ortidagi ovoz: “Koʻrib turganingizdek, Gʻarb ommaviy axborot vositalari tinimsiz taʼkidlayotgani kabi ulkan vayronagarchiliklar yuz bergani yoʻq”. [AFP]

Sovet televideniyesining 1986-yil 30-aprel kungi kadrlarida Chernobil AESning tashqi koʻrinishi, jumladan yarmi vayron boʻlgan bino aks etgan. Kadr ortidagi ovoz: “Koʻrib turganingizdek, Gʻarb ommaviy axborot vositalari tinimsiz taʼkidlayotgani kabi ulkan vayronagarchiliklar yuz bergani yoʻq”. [AFP]

Radiatsiya tufayli oyoqlaridan ayrilgan Qodirbek Nurtazinov, Semipalatinskdagi qariyalar uyi, 2011-yil 21-avgust. Qozogʻiston 1991-yil 29-avgustda Semipalatinskdagi yadro poligonini yopib, oʻz ixtiyori bilan yadro qurolidan voz kechgan ilk mamlakatga aylandi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Radiatsiya tufayli oyoqlaridan ayrilgan Qodirbek Nurtazinov, Semipalatinskdagi qariyalar uyi, 2011-yil 21-avgust. Qozogʻiston 1991-yil 29-avgustda Semipalatinskdagi yadro poligonini yopib, oʻz ixtiyori bilan yadro qurolidan voz kechgan ilk mamlakatga aylandi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Ihotalangan hudud – 1986-yil 26-aprel kuni yuz bergan avariya natijasida evakuatsiya qilingan AES atrofidagi 30 km radiuslik hudud boʻlib, Ukraina hukumati bu hududni odamlarning yashashi uchun 24 ming yilgacha xavfli deb hisoblaydi.

“Bizning vazifamiz bu kabi falokatning oldini olish va kelajakda hech qachon takrorlamaslik uchun xavfsizlikni mustahkamlash va ehtiyotkorlikni kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdir”, dedi Zelenskiy.

“Tarix ortga qaytmaydi”, dedi u televideniye orqali chiqishida. “Shu bois bugungi kunda Chernobil – sayyoramiz kelajagi va xavfsizligi uchun umumiy tahdid va birgalikdagi masʼuliyatdir.”

Shifokorlarga koʻra, AES portlashi tufayli 30 ta odam bevosita halok boʻlgan. Ammo, halokatdan keyingi yillar davomida Ukrainada, shuningdek qoʻshni Rossiya va Belarusda radiatsiyadan zaharlanish natijasida minglab odamlar hayotdan koʻz yumgani aytiladi.

Qurbonlarning aniq soni shiddatli bahs-munozalar mavzusiga aylangan, chunki Sovet hukumati tabiiy ofatga oid aksar maʼlumotlarni yashirgan.

600 mingga yaqin favqulodda xizmatlar xodimlari va davlat xizmatchilaridan iborat “likvidatorlar” deyarli hech qanday himoya vositalarisiz texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga joʻnatilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2005-yilgi hisobotida aytilishicha, Ukraina, Rossiya va Belorussiyada koʻzga koʻrinmas zahar tufayli umumiy hisobda 4000 ga yaqin odam oʻlgan boʻlishi mumkin.

2016-yil noyabr oyida kelajakdagi radiatsiyaning oldini olish va yevropaliklar avlodlari uchun xavfsizlikni taʼminlash maqsadida reaktor xarobalari ustida ulkan hajmdagi metall gumbaz bunyod etildi – 2,1 mlrd yevrolik (2,5 mlrd dollarlik) bu loyiha xalqaro hamjamiyat tomonidan moliyalashtirilgan.

26-aprel kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Sovet hukumati 1982 va 1984-yillarda Chernobil AESda yuz bergan kamida uchta avariyani yashirganini tasdiqlovchi arxiv hujjatlari topilganini eʼlon qildi.

1983-yilgi KGB hujjatlarida aytilishicha, Chernobil AES va xuddi shunday reaktorlarga ega hozirgi Rossiyadagi yana ikkita atom elektrostansiyasi SSSRdagi “eng xavfli” atom elektr stansiyalari boʻlib, ulardan foydalanishda davom etish “tahlikali oqibatlarga olib kelishi” mumkin.

“Ulkan fojia”

Sovet Ittifoqi ikkinchi Jahon urushidan keyin yadro salohiyatini faol rivojlantira boshlagan.

Qozogʻiston shimoli-sharqidagi Semipalatinsk (hozirgi Semey) shahridan 130 km uzoqlikda joylashgan Semipalatinsk poligoni Sovet Ittifoqining birinchi va eng yirik yadro poligonlaridan biri boʻlib, Moskvadan yiroq qulay yerda joylashgan edi.

1949-yildan 1989-yilgacha sovetlar hukumati u yerda atmosfera va yerosti sinovlarini birlashtirgan holda 460 ga yaqin yadro sinovlarini oʻtkazgan.

Oʻtkazilgan yadroviy sinovlarning umumiy quvvati Xirosimaga tashlangan bomba quvvatidan 2500 marta koʻp boʻlgan.

Sovet hukumati mahalliy aholini ushbu sinovlarning zararsiz ekaniga ishontirishga uringan boʻlsa-da, portlashlar natijasida paydo boʻlgan yoriqlar va kovaklar tufayli radioaktiv gazlar muttasil ravishda poligon tashqarisiga sizib chiqib, sharqiy Qozogʻistondagi katta hududlarni zaharlagan.

1956-yilning avgust oyida Semipalatinskdagi yer usti sinovlari natijasida poligondan 400 km sharqda joylashgan Ust-Kamenogorskda 600 dan ortiq odam radiatsiyadan nurlanish sababli shifoxonaga yotqizilgan, deb xabar bergan 2019-yilda Britaniyaning Nature nashri.

Shundan soʻng, Sovet harbiylari bu kabi bemorlarni parvarishlash, radiatsiya taʼsiriga duchor boʻlganlar haqida tibbiy maʼlumot toʻplash maqsadida maxfiy tibbiy markaz tashkil etganlar.

Nature nashrining yozishicha, sovetlar klinikaning maqsadini yashirish uchun uni qishloq xoʻjaligi hayvonlaridan yuqadigan kasallikni nazarda tutgan holda “Brutsellyozga qarshi 4-raqamli dispanser” deb nomlaganlar.

Maqolaga koʻra, markazga tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganlar koʻrikdan oʻtkazilgan, ammo ularga aniq tashxis qoʻyilmagan.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin koʻplab tibbiy hujjatlar yoʻq qilingan, ayrimlari Moskvaga yuborilgan.

Dispanser Radiatsiya tibbiyoti va ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti (RTEI) deya qayta nomlangan, ammo Sovet davriga oid hujjatlar matni bugungi kun tadqiqotchilariga maʼlum emas.

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash muassasalariga koʻra, 1,5 milliondan ortiq semeyliklar radioaktiv moddalar taʼsiriga duchor boʻlishgan.

“Poligondagi sinovlar ulkan fojiaga aylandi”, deydi Semeydagi (RTEI) rahbari oʻrinbosari Talgat Muldagaliyev.

“Ammo ortga yoʻl yoʻq. Endi oqibatlarni oʻrganishimiz kerak”, deb aytgan u nashrga.

Chernobildan ham yomonroq

Semipalatinsk – Sovet hukumatining qozogʻistonliklar hayoti va salomatligiga qay darajada beparvo boʻlganiga misoldir, deydi tahlilchilar.

Bu “Poligon” – hududida aholi yashash punktlari boʻlgan dunyodagi yagona poligon, deydi Qaragʻanda ekologik muzeyining rivojlantirish boʻlimi rahbari Dmitriy Kalmikov.

“Sinov poligonida yadroviy portlashlar muntazam sodir etilganiga qaramay, Sovet hukumati mahalliy aholini koʻchirishga harakat qilmagan”, deydi u.

“Imkoniyati borlar koʻchib ketgan, ammo koʻp oilalar qolishga majbur boʻlishgan.”

Poligon qamroviga kiruvchi hududda hanuzgacha bir necha ming qozogʻistonlik yashaydi, dedi u.

Semipalatinskdagi vaziyat Chernobildan ham yomonroq boʻlgan, deydi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti rahbari Zarema Shaukenova.

“Chernobildagi portlash dahshatli, ammo bir martalik halokat edi, biroq sinov poligoni yaqinidagi Qozogʻiston viloyatlari aholisi bir necha oʻn yillardan beri nurlanishda davom etmoqda”, deydi u KazInform agentligi bilan suhbatda.

Shaukenovaning aytishicha, “Sovet ittifoqi Semipalatinsk sinov poligoni va uning ilmiy bazasini gʻurur bilan “ona Vatanning yadroviy raketalardan qalqoni”, deb atagan.

Ammo bunday xavfsizlik, ayniqsa qozoqlar uchun juda qimmatga tushmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Shuning uchun Qozogʻiston Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari koʻmagida mintaqada yadrodan holi hudud yaratish tashabbusini ilgari surdi, deydi Shaukenova.

Besh Markaziy Osiyo mamlakati yetakchilari 2006-yilda Semeyda kelishuv imzoladilar. U 2009-yil mart oyida kuchga kirgan.

“Borarga joy yoʻq”

Moskva oʻtmishda yadroviy portlashlar oqibatlarining muhokama qilinishi yoki OAVda yoritilishni qatʼiy senzura qilgan, ammo hozirda qozogʻistonliklar va tahlilchilar bu muammo haqida ochiqdan-ochiq soʻzlamoqdalar.

Hududdagi aholining aksariyati turli xil jiddiy kasalliklardan aziyat chekadi, tez-tez tugʻma nuqsonli chaqaloqlar dunyoga keladi, deydi 16 yil avval Semeydan Olmaotaga koʻchib oʻtgan Nazira Oʻrmanbayeva.

Oʻrmanbayeva bolaligida bobosining oshqozon saratonidan vafot etganini aytadi. Otasining soʻzlariga koʻra, shifokorlar nurlanishni saratonning “ehtimoliy” sababi deb ataganlar.

Uning yoshi bor-yoʻgʻi 56 da edi.

Semeyning tibbiyot universitetida qoʻrqinchli anatomiya muzeyi mavjud, u yerda yadroviy sinovlar qurboni boʻlgan, dahshatli nuqsonlar bilan oʻlik tugʻilgan goʻdaklar eksponatlari bor, deydi u.

“Farzandlarim xavfsiz muhitda oʻsib-ulgʻayishlari uchun men doim u yerdan ketishni istaganman”, deydi Oʻrmanbayeva.

“Hali ham u yerda yashayotganlarga rahmim keladi, chunki boshqa boradigan joylari yoʻq.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ilma-teshik SSSR

Javob berish