Karvonsaroy
Salomatlik

Rossiya va Xitoyning COVID-19ga oid dezinformatsiyasi dunyoni tobora koʻproq xavotirga solmoqda

Pakistan Forward va AFP

4-aprel kuni Tripolida Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi qutilarini Liviya sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli sovutish jihozlariga joylash oldidan ularga ishlov berayotgan xodim. [Mahmud Turkiya/AFP]

4-aprel kuni Tripolida Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi qutilarini Liviya sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli sovutish jihozlariga joylash oldidan ularga ishlov berayotgan xodim. [Mahmud Turkiya/AFP]

BRUSSEL – Rossiya va Xitoy bashariyat manfaati uchun global koronavirus pandemiyasini nazoratga olish oʻrniga, dezinformatsiya va yolgʻon tarqatish orqali geosiyosiy oʻyinlarda ochko toʻplashga urinmoqda, deydi tahlilchilar.

Moskva va Pekin COVID-19ga qarshi Gʻarb vaksinalarini obroʻsizlantirish maqsadida “davlat qoʻllovidagi dezinformatsiya” saʼy-harakatlarini kuchaytirdi, deb bayonot bergan Yevropa Ittifoqi (YI) oʻtgan chorshanba (28-aprel) kuni.

Vaksina diplomatiyasi” deb ataluvchi siyosat Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaksinalar, Yevropa Ittifoqi institutlari va Gʻarb/Yevropaning vaksinatsiya rejalariga nisbatan ishonchga putur yetkazishga “qaratilgan nol summali oʻyin mantigʻiga asoslanadi”, deyiladi Yevropa Ittifoqining tashqi harakatlar xizmati (EEAS) hisobotida.

Dekabr oyida Rossiya ommaviy axborot vositalari, rasmiylar va davlat kompaniyalari “murosasiz daʼvo”dan foydalangan holda Yevropa Ittifoqini Rossiya vaksinasini “sabotaj qilayotganlikda” ayblash va “Sputnik V” vaksinasini faol targʻib qilish uchun birlashganlar.

28-aprel kuni Xitoyning Uxan shahridagi universitet talabasiga COVID-19 vaksinasi dozasini emlash uchun hozirlayotgan tibbiyot xodimi. [STR/AFP]

28-aprel kuni Xitoyning Uxan shahridagi universitet talabasiga COVID-19 vaksinasi dozasini emlash uchun hozirlayotgan tibbiyot xodimi. [STR/AFP]

Xitoy prezidenti Si Szinpin (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2019-yil 14-noyabrda Brazilia shahridagi BRIKS sammitida ishtirok etmoqdalar. [Pavel Golovkin/Pool/AFP]

Xitoy prezidenti Si Szinpin (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2019-yil 14-noyabrda Brazilia shahridagi BRIKS sammitida ishtirok etmoqdalar. [Pavel Golovkin/Pool/AFP]

“Kremlparast OAV, jumladan, “Sputnik V” rasmiy Tvitter akkaunti jamoatchilikning Yevropa dori vositalari agentligiga (EMA) boʻlgan ishonchiga putur yetkazish hamda uning muolajalari va siyosiy xolisligiga shubha uygʻotishga uringan.”

Davlat qoʻllovidagi OAV mazkur tashkilotning atayin ruxsat berishni kechiktirayotgani haqidagi gap-soʻzlarni yanada kuchaytirish uchun Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini bozorga chiqarishga ruxsatnoma olish arizasi masalasida “chalkashlik paydo qilishga” uringan.

“Shuningdek, Kremlparast OAV EMA va umuman Yevropa Ittifoqini Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinaga nisbatan siyosiy noxolislikda aybladilar”, deb qoʻshimcha qilinadi unda.

Rossiya pandemiyadan kelib chiqadigan geosiyosiy impulsga umid qilmoqda, deyiladi Estoniya tashqi razvedka xizmatining fevral oyidagi hisobotida.

Hisobotga koʻra, “Kreml pandemiya Rossiyaning oʻzi ilgari surayotgan ikki tendensiyani tezlashtiradi, deb hisoblamoqda – xalqaro munosabatlarda koʻp qutblilikka oʻtish va jahon sahnasida Gʻarb taʼsirining kamayishi”.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “global epidemiya Gʻarbni ichki siyosat va iqtisodiy muammolarga eʼtibor qaratishga majbur qilishini, populistik va ekstremistik harakatlarni yuzaga keltirishini va oxir-oqibat Gʻarb jamiyatlarining qadriyatlarga asoslangan va institutsional birdamligiga putur yetkazishini” kutmoqda.

“Rossiya bu tendensiyalarni ragʻbatlantirish uchun olovga moy quyishga tayyor”, deb qoʻshimcha qilinadi unda.

Sifat nazorati muammolari

Kremlning chalkashlik keltirib chiqarishga tayyorligi COVID-19ga qarshi samarali vaksina ishlab chiqish boʻyicha global poygada yaqqol koʻzga tashlangan.

Rossiya rejimi Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaksinalarni qoralash kampaniyalari bilan bir qatorda oʻzining “Sputnik V” vaksinasini targʻib qilish boʻyicha keng koʻlamli tashviqot kampaniyasini boshladi.

Ammo “birinchi” boʻlishga urinish ishtiyoqi sifat nazoratidan ustun kelgan, deydi sogʻliqni saqlash sohasidagi xalqaro mutaxassislar.

Oʻtgan hafta Braziliyaning dori vositalarini nazorat qiluvchi organi – Anvisa “Sputnik V” importini toʻxtatishga qaror qildi. Vaksinaning sinov partiyalarida odatiy shamollashni keltirib chiqaradigan virus namunalari aniqlangan.

26-aprel kuni bu muassasa mamlakat shimoli-sharqidagi bir nechta shtatlarning 30 million dozadan koʻproq “Sputnik V” vaksinasini xarid qilishga oid soʻrovini rad etgan.

Muammo “adenovirus vektori” – odatda yengil respiratorli kasallik keltirib chiqaradigan virus bilan bogʻliq, ammo vaksinalarda bu virus koʻpaymasligi uchun genetik jihatdan oʻzgartiriladi va inson hujayralarini koronavirusning tikansimon oqsilini ishlab chiqishga yoʻnaltiradigan DNK axborotinini tashishi uchun tahrirlanadi.

Bu jarayon, oʻz navbatida, inson organizmini haqiqiy koronavirusga duch kelganda tayyor turishga oʻrgatadi.

Internetga joylangan slayd-shouga koʻra, Anvisa olimlari kichik doza namunalarini sinab koʻrib, uning “replikatsiyaga layoqatli” ekanligini aniqladilar – yaʼni tanaga kirganidan soʻng, adenovirus koʻpayishda davom etishi mumkin.

Bu fakt “ishlab chiqarish jarayonlarining yaxlitligiga oid savollarni paydo qilmoqda” va vaksinani qabul qiladigan immuniteti zaif insonlar uchun muammo keltirib chiqarishi mumkin, deydi Kanadaning vaksina va yuqumli kasalliklar boʻyicha tashkiloti tadqiqotchisi, yetakchi virusolog shifokor Anjela Rasmussen AFP bilan suhbatda.

Nomaʼlumligicha qolayotgan yana bir muammo shundaki, adenovirus vektorining replikatsiyasiga olib kelgan ishlab chiqarish muammosi tikansimon oqsilning DNK kodini buzishi ham aniq emas – bu holatda vaksinani koronavirusga qarshi emlash samarasiz boʻlib qolishi mumkin.

Vaksinani ishlab chiqqan Rossiyaning Gamaleya instituti bu xabarlarni rad etgan.

Ammo bu kabi muammo ilk marta yuz berayotgani yoʻq.

Aprel oyida shuningdek, Slovakiya ham import qilingan “Sputnik V” vaksinalari tarkibi klinik tadqiqotlarda ishlatilgan namunalarga mos kelmayotganini aytib, xavotir bildirgan edi.

“Bu kabi holatlar butun ishlab chiqarish va sifat nazorati jarayonini shubha ostida qoldirmoqda. Men Braziliya nazoratchi organlarning xavotirini tushunib turibman”, deb yozgan amerikalik kimyogar Derek Lou Science nashridagi blogida.

“Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqaruvchilarining javobi masʼuliyatsiz boʻldi, deydi u.

Kreml shaffoflikka oid xavotirlarni aritish va ularga yechim topish oʻrniga, rad etish va aybni oʻzidan soqit qilish yoʻlini tanlagan.

Xitoy “rivojlanayotgan mamlakatlarni” nishonga oldi

Bu orada Pekin oʻz vaksinasini “rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻproq mos keladigan” deb targʻib qilar ekan, Gʻarb vaksinasining xavfsizligi va hatto koronavirusning kelib chiqishi haqida “chalgʻituvchi gap-soʻzlarni” tarqatmoqda, deyiladi YI hisobotida.

Xitoy oʻzining COVID-19 vaksinasini 27 ta mamlakatga eksport qilmoqda, yana 53 ta davlatga esa begʻaraz “vaksina yordamini” taqdim etmoqda, deb bayonot bergan edi mamlakat tashqi ishlar vaziri Vang Venbin fevral oyi oxirida.

Ammo Xitoyning shartli ravishda tasdiqlangan toʻrtta vaksinasi raqobatchi Pfizer-BioNTech, Moderna va hatto “Sputnik V” vaksinalariga nisbatan past samaradorlik koʻrsatkichiga ega.

Aprel oyida mahalliy OAV Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazi direktori Gao Fu “muassasa amaldagi vaksinalar samaradorligining past ekani bilan bogʻliq muammoni hal qilish ustida ishlayotgani” haqida xabar bergan edi.

BBC nashriga koʻra, u hozirgi vaksinalar, shu qatorda Sinovac va Sinopharm vaksinalari ham “yuqori himoya darajasiga ega emasligini” aytib oʻtgan.

COVID-19 vaksinasini ishlab chiqarish – Pekinning COVID-19 epidemiyasiga nisbatan beparvo munosabati va undan keyingi dezinformatsiya kampaniyalarini yashirish vositalaridan biri edi.

Pekinning yaroqsiz COVID-19 test toʻplamlari, sifatsiz sunʼiy nafas oldirish moslamalari, soxta niqoblar va boshqa shaxsiy himoya vositalarini eksport qilishi qoʻshimcha ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi.

Pokistondagi koʻpchilik tibbiyot sohasi xodimlari Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinaning samaradorligi va xavfsizligiga shubha bilan qaraydilar.

Mart oyida “Gallup Pakistan” va tibbiyot sohasi xodimlari huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot – Pokiston islom tibbiyot uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, mamlakatdagi tibbiyot sohasi xodimlarining qariyb yarmida Sinopharm vaksinasiga nisbatan xavotir bor, ular AstraZeneca yoki Pfizer vaksinalarini tavsiya qilishlarini aytganlar.

“Tibbiyot sohasi xodimlari orasida COVID vaksinasini olishga ikkilanish yoʻq”, deydi Karachidagi hamshiralar uyushmasi yetakchisi Javod Husayn. “Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinaga nisbatan har qanday shubha uning samaradorligi va xavfsizligi bilan bogʻliq.”

“Pokistonlik shifokorlar orasida Xitoy Pokiston hukumatiga vaksina hadya qilib, ular ustida past sifatli COVID vaksinasi sinovini oʻtkazmoqda, degan fikr keng tarqalgan”, deydi peshovarlik tibbiyot xodimi Salmon Afridiy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500