Karvonsaroy
Diplomatiya

“Katta yettilik” muzokaralari Xitoy, Rossiya va Eronga nisbatan tanqidiy bayonot bilan yakunlandi

Karvonsaroy va AFP

“Katta yettilik” tashqi ishlar vazirlari ikki yildan koʻproqqa choʻzilgan tanaffusdan soʻng 5-may kuni Londonda ilk bor yuzma-yuz muzokaralarda uchrashdilar. [Ben Stensoll/AFP]

“Katta yettilik” tashqi ishlar vazirlari ikki yildan koʻproqqa choʻzilgan tanaffusdan soʻng 5-may kuni Londonda ilk bor yuzma-yuz muzokaralarda uchrashdilar. [Ben Stensoll/AFP]

LONDON – Chorshanba (5-may) kuni “Katta yettilik” (G7) guruhi Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidan xavotir bildirib, Xitoyni inson huquqlarini buzishda va demokratparast arboblarga nisbatan tazyiq oʻtkazishda aybladi.

Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Londonda qatʼiy karantin choralari sharoitida uchrashdilar. Bu G7 guruhining ikki yildan koʻproqqa choʻzilgan tanaffusdan soʻng ilk yuzma-yuz uchrashuvi boʻldi.

Uch kunlik majlisdan soʻng qabul qilingan keng miqyosli bayonotda ular Tehronni oʻzboshimchalik bilan Eron qamoqxonalarida ushlab turilgani aytilayotgan qoʻsh fuqarollikka ega xorijliklarni ozod qilishga chaqirganlar.

“Biz sayyoraning yanada sof, erkin, adolatli va xavfsizroq kelajagini yaratish uchun sherik mamlakatlar bilan birgalikda va koʻp tomonlama tizim doirasida ishlashni oʻz zimmamizga olamiz”, deyiladi sammitning yakuniy hujjatida.

AQSH davlat kotibi Antoni Blinken G7 tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashish uchun 5-may kuni Londonga keldi. [Ben Stensoll/AFP]

AQSH davlat kotibi Antoni Blinken G7 tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashish uchun 5-may kuni Londonga keldi. [Ben Stensoll/AFP]

“Biz koʻrinib turgan muammolar va natijalar ustida birgalikda va boshqalar bilan hamkorlikda ishlashga qaror qildik”.

Shinjonga oid xavotirlar

“Katta yettilik”ka aʼzo mamlakatlarning yuqori darajali diplomatlari Xitoy rejimiga nisbatan keskin tanqidiy pozitsiyalarini oʻzgartirmay, uni xalqaro va ichki qonunlarga rioya qilishga undadilar.

Ular Tibet va Shinjon mintaqasidagi diniy ozchiliklar, xususan uygʻur musulmonlarining inson huquqlari poymol qilinayotganidan “chuqur xavotir” bildirib, Honkongdagi huquq himoyachilarining taʼqib qilinishini toʻxtatishga chaqirishdi.

Ammo ular Pekin bilan kelajakdagi hamkorlik uchun eshikni ochiq qoldirib: “Biz mintaqa va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikka erishishda Xitoy bilan hamkorlik imkoniyatlarini izlaymiz”, deb bayonot berganlar.

Gʻarb davlatlari bilan munosabatlar keskinlashib, xalqaro hamjamiyatning Shinjondagi vaziyat boʻyicha tanqidlari kuchaymoqda. Huquqbon tashkilotlarga koʻra, bu hududdagi lagerlarda kamida bir million uygʻur va boshqa musulmon ozchiliklar vakillari saqlanadi.

Repressiyalar Shinjondagi etnik qozoqlar va qirgʻiz ozchiliklarini ham chetlab oʻtmay, Qozogʻiston va qirgʻizistonliklarning eʼtiroziga sabab boʻlgan. Hatto Shinjondagi qarindoshlarini ziyorat qilgan qozogʻistonliklar hibsxonalarga tushib qolganlar.

Hududdagi rasmiylar ayollarni majburan sterilizatsiya qilgani va majburan ishlatgani aytiladi.

Bu voqedan keyin Qoʻshma Shtatlar Xitoyni qatliomda ayblagan, Britaniya deputatlari esa oʻtgan oyda parlamentning Xitoydagi uygʻur musulmonlari “insoniyatga qarshi jinoyat va qatliomdan aziyat chekayotganini” eʼtirof etuvchi ramziy taklifni maʼqullagan edilar.

Ammo Xitoy Shinjon bilan bogʻliq tanqidlarni qoralagan.

Oʻshandan beri mamlakat tashviqot ishlarini kuchaytirib, Shinjonda ochiq kulgiga sabab boʻlgan muziklni suratga olgan va shu masalaga oid oʻnlab matbuot brifinglarini oʻtkazgan. Davlat nazorati ostidagi CGTN telekanali hukumatning hududdagi siyosatiga oid toʻrt qismdan iborat hujjatli filmni ishlagan.

Rossiyaning “beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari”

G7 yetakchilari, shuningdek, Rossiyani Ukraina chegarasida qoʻshin toʻplash, “zararli kiberfaoliyat”, dezinformatsiya va halokatli razvedka faoliyati kabi “masʼuliyatsiz va beqarorlashtiruvchi harakatlarni” toʻxtatishga chaqirgan.

Rossiyaning Ukraina suverenitetini hurmat qilishni istamasligi Markaziy Osiyoliklarga juda yaxshi tanish.

Qozogʻiston bir necha marotaba rossiyalik siyosatchilarning Qozogʻiston davlatchiligini shubha ostiga qoʻyuvchi irredentistik fikr-mulohazalariga qarshilik qilib kelgan.

Bu orada Sovet Ittifoqi parchalanganidan deyarli 30 yil oʻtib ham, Rossiya qurolli kuchlari Tojikistonda eng katta harbiy bazasini saqlab qolgan boʻlib, qirgʻizistonliklar uchun sevimli Issiqkoʻlda torpedo sinovlarini oʻtkazishda davom etib kelmoqda.

“Qonunlarga asoslangan xalqaro tartibga nisbatan Rossiyaning tahdidiga qarshi kurash va uni toʻxtatish uchun oʻzimizning jamoaviy va hamkorlarimizning imkoniyatlarini mustahkamlashda davom etamiz”, deb aytgan G7 rasmiylari.

Payshanba kuni Ukrainaga tashrifi chogʻida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Moskva chegara yaqinida “katta sondagi qoʻshinlarni” ushlab turganini aytib, Rossiyani Ukrainaga nisbatan “bemaʼni va tajovuzkor harakatlarni” bas qilishga chaqirdi.

Moskva 2014-yilda Qrimni qoʻlga kiritganidan va sharqiy Ukrainada urush boshlanganidan beri, oʻtgan oy Rossiyaning Ukraina bilan chegarada eng koʻp – 100 mingdan ortiq askarni joylashi ortidan Blinken Ukrainaga bir kunlik tashrif bilan kelgan.

“Rossiya Ukraina bilan chegaradan oʻz qurolli kuchlarining bir qismini olib chiqqanidan xabarimiz bor, ammo u yerda salmoqli qoʻshinlar qolganini koʻrib turibmiz”, deb aytgan Blinken.

“Ukraina oʻzini tajovuzdan himoya qila olishi uchun sizlar bilan xavfsizlik yoʻlidagi sherikligimiz va hamkorligimizni davom ettiramiz”, deb aytgan Blinken Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga.

Qoʻshma Shtatlar 2014-yildan beri Ukrainaga muhim yordam koʻrsatib kelmoqda. Sharqiy Ukrainadagi Ukraina qurolli kuchlari va kremlparast ayirmachilar oʻrtasidagi nizoda 13 mingdan ortiq odam halok boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Nihoyat ular Rossiya nima ekanligini tushuna boshladilar

Javob berish

Faqat Xitoyga nisbatan

Javob berish

Zo‘r

Javob berish