Karvonsaroy
Jamiyat

Qozogʻistonliklar lotin yozuviga asoslangan yangi alifboni maʼqullamoqda

Kanat Altinbayev

2018-yil 25-sentabrda olingan bu suratda lotin alifbosi tajriba sifatida oʻrgatilayotgan maktablaridan biri – Ostonadagi (hozirgi Nur-Sulton) 76-sonli maktabdagi dars jarayoni aks etgan. Qozoq tili 80 yildan ortiqroq vaqt davomida kirill yozuvini qoʻllab kelgan. [Stanislav Filippov/AFP]

2018-yil 25-sentabrda olingan bu suratda lotin alifbosi tajriba sifatida oʻrgatilayotgan maktablaridan biri – Ostonadagi (hozirgi Nur-Sulton) 76-sonli maktabdagi dars jarayoni aks etgan. Qozoq tili 80 yildan ortiqroq vaqt davomida kirill yozuvini qoʻllab kelgan. [Stanislav Filippov/AFP]

OLMAOTA – Qozoq alifbosini ruscha kirill yozuvidan lotin yozuviga oʻtkazishga oid saʼy-harakatlar Qozogʻistonda iliq qarshilandi – imloviy islohot asosan pozitiv ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qadam sifatida baholangan.

Qozogʻistonliklarga koʻra, lotin alifbosining qabul qilinishi tilning oʻzi uchun foydali boʻlibgina qolmay, balki uning rivojlanishiga koʻmaklashish orqali Qozogʻistonni dunyo hamjamiyati bilan yanada yaqinlashtiradi.

1929-yilda sovetlar hukumati Sovet Ittifoqida muomalada boʻlgan arab yozuviga asoslangan alifbolarni lotin yozuviga oʻzgartirgan. Ateist hukmdorlarning bu harakati Markaziy Osiyo va ozarbayjonlarning kelajak avlodlarini ota-bobolari asrlar davomida bilgan barcha matnlar, jumladan islomiy matnlardan ham uzoqlashtirgan.

1940-yilda esa kirill alifbosi joriy qilinib, bu tillar rus tili bilan bogʻlandi.

Hukumat tashabbusi bilan boshlangan qozoq alifbosini lotin yozuviga oʻzgartirish taklifi 22-apreldan 6-mayga qadar jamoatchilik muhokamasidan oʻtdi.

Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin lotin alifbosi standart boʻlib qolishiga ishonch bildirdi.

“Alifboning takomillashtirilgan versiyasi qozoq tilini rivojlantirishga yangi turtki boʻlib, uni zamonaviy tendensiyalarga muvofiq ravishda qayta tiklashga yordam beradi”, dedi Mamin 28-yanvar kuni boʻlib oʻtgan hukumat majlisida.

Lotin yozuviga bosqichma-bosqich oʻtishga tayyorgarlik ishlarini, shu jumladan “jamoatchilik orasida keng tushuntirish ishlarini olib borish” kerak boʻladi, dedi u. Lotin yozuviga bosqichma-bosqich oʻtish jarayoni 2023-yildan boshlanishi rejalashtirilgan.

Yangi alifboga oʻtish jarayoni 2021-yilda tugallanishi kutilmoqda.

“Tarixiy oʻtmishga qaytish”

Lotin alifbosi qozoq tilining avvalgi yozma shakli kabi “bir tovush – bir harf” tamoyiliga amal qiladi. Yangi alifboga oʻtish taklifi hozirga qadar qozogʻistonliklar tomonidan iliq qarshi olingan.

“Bu alifbo qozoq tiliga hammasidan ham koʻproq mos keladi”, deydi “Magnum” chakana savdo tarmogʻining menejeri va maslahatchisi Alua Konisbayeva. Uning aytishicha, Qozogʻiston lotin alifbosiga allaqachon oʻtishi kerak edi.

“Qozoq tili kirill yozuviga oʻtishidan oldin bobolarimiz va buvilarimiz lotin yozuvidan foydalanganlar”, dedi u. “Biz tarixiy oʻtmishimizga qaytmoqdamiz.”

“Situativ qozoq tili” qoʻllanmasining muallifi, tilshunos Kanat Tasibekov ham lotin alifbosiga oʻtish tarafdori.

“Bu zarurat ekanligi ayon, zero kirill yozuvi yetarli darajada standartlashtirilmagani tufayli koʻp hollarda qozoq tilini oʻrganish qiyinlashadi, bu esa muammo keltirib chiqaradi”, deydi olmaotalik Tasibekov.

“Masalan, ayrim soʻzlarning qanday yozilishi maʼlum emas”, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, lotin alifbosiga oʻtish qozoq tilini rivojlantirishga turtki berib, tilni isloh qilishga yoʻl ochadi.

“Lotin yozuvidagi zamonaviy alifbo QWERTY klaviaturasi yordamida qozoq tilida matn terish uchun qulay va amaliy boʻlishi lozim”, dedi u.

Rossiya taʼsirini kamaytirish

Qozogʻistonning oʻsha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev qozoq tilini lotin alifbosiga oʻtkazish zarurligini ilk marta 2017-yilda aytib oʻtgan.

Hukumat alifboning oʻnlab variantlarini, shuningdek, qozoq tili uchun imlo qoidalari va klaviaturadagi qozoq harflarining tartibini ishlab chiqdi. Jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida ochiq muhokamalar tashkil etildi.

2017-yildan beri qozoq alifbosining turli loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtdi. Ularga digraflar – bitta tovushni ifodalovchi ikki harf birikmasi va apostroflar kiritilgan. Bu loyihalarning hammasi tilshunoslar va keng jamoatchilikning tanqidiga uchrab, yakuniy bosqichdan oʻtolmadi.

Boshlangʻich cinflar oʻquvchilari 2023-yildan boshlab lotin yozuvidagi yangi qozoq alifbosidan foydalanishni boshlaydilar, degan edi qozogʻistonlik senator, alifbo boʻyicha milliy komissiyasi aʼzosi Murat Baxtiyoruli fevral oyida Anadolu yangiliklar agentligiga.

Kirill yozuvidan lotin imlosiga oʻtish ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega boʻlib, “yoshlar orasida qozoq tilining keng tarqalishida muhim omil” boʻladi, deydi u.

Orfografik islohotlar qozoq madaniyatini yoyish va Qozogʻistonni Rossiya taʼsiridan yanada uzoqlashtirish harakati oʻlaroq baholanmoqda.

Kirill yozuvidan voz kechish qozoq qadriyatlari ustun boʻlgan jamiyatni yaratish yoʻlidagi tabiiy harakatdir, deydi parlamentning quyi palatasi (Majlis) aʼzosi Aydos Sarim.

“Rossiyaning taʼsiri oʻtmishga aylanmoqda”, deydi Nur-Sultonlik Sarim.

“Qozogʻistonliklarning yangi avlodi qozoq tilida soʻzlashayotganiga guvoh boʻlyapmiz”, deb qoʻshimcha qildi Sarim. “Uning milliy oʻzlikni anglash darajasi Sovet davrida ulgʻaygan katta avlodga nisbatan yuqori.”

Qozogʻistondagi joriy trendlar Rossiyaning gʻashiga tegadi, chunki uning Markaziy Osiyo respublikalaridagi madaniy taʼsiri kamayib bormoqda, deydi u.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishganlaridan keyin mos ravishda qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman va oʻzbek tillarini davlat tili deb eʼlon qilganlar.

Keyingi qadam asta-sekin kirill yozuvidan voz kechib, uni lotin yozuviga almashtirish boʻlgan. 1993-yilda Oʻzbekiston lotin yozuviga oʻtish boʻyicha uzoq yoʻlni boshladi, 2023-yilga kelib bu jarayon yakuniga yetishi kutilmoqda. Turkmaniston 1991-yilda lotin yozuviga oʻtgan.

Qirgʻiziston va Tojikistonda haligacha kirill yozuvi amal qiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Gap yoq

Javob berish

Qizigʻi shundaki, klaviaturada bunday lotincha belgilarning oʻzi yoʻq))

Javob berish

Xayr, kirill yozuvi )))

Javob berish

Lotin yozuvi zoʻr.

Javob berish