DUSHANBE – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda suv resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirishga qaratilgan yangi mintaqaviy dasturni amalga oshirishga kirishdi.
Bu mintaqada suv resurslari boshqaruvini yoʻlga qoʻyish Afgʻonistonni ekstremizmga moyillikni yoʻqotishi mumkin boʻlgan tinch iqtisodiy taraqqiyotga jalb qilish saʼy-harakatlarning bir qismidir.
AQSHning Tojikistondagi elchixonasi chorshanba (12-may) kuni suv resurslari va atrof-muhit muhofazasiga oid yangi mintaqaviy dasturni eʼlon qilgan.
Qiymati 24 mln AQSH dollariga teng 5 yillik dastur “Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Afgʻonistonda Amudaryo va Sirdaryo havzalarining umumiy suv resurslarini boshqarish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish maqsadini koʻzlaydi”, deyiladi elchixona bayonotida.
Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda suv resurslarini boshqarish masalasi suv tanqisligi, aholi sonining ortishi va iqlim oʻzgarishi sharoitida tobora murakkablashmoqda, deydi USAID-Tojikiston missiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Keyt E. Simmons.
“Soʻnggi oʻn yildan beri USAID Tojikiston hukumati bilan eng qimmatli tabiiy resurs – suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini muhofaza qilish va barqarorligini taʼminlash yoʻlida bosqichma-bosqich, amaliy choralar koʻrish uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish orqali suv muammolarini hal qilishda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda”, dedi u.
“USAIDning ushbu dasturi Markaziy Osiyo va Afgʻoniston aholisiga barqarorlik, iqtisodiy farovonlik va sogʻlom ekotizimlarni rivojlantirishda koʻproq imkoniyatlar taqdim etadi”, deb qoʻshimcha qildi u.
Onlayn tadbirda Tojikiston qishloq xoʻjaligi vazirligi, Energetika va suv resurslari vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Melioratsiya va irrigatsiya agentligi, mahalliy suv tashkilotlari mutasaddilari, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar umumiy foydalanishda boʻlgan suv resurslarini boshqarishdagi mintaqaviy va mahalliy muammolarni muhokama qilib, koʻrilajak choralar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdilar.
Suv bilan bogʻliq mojarolar
Suv tanqisligi bilan ajralib turadigan qurgʻoqchil mintaqada ushbu resurs uchun kurash millatlararo nizo va hatto urushga sabab boʻlishi mumkin.
Erondan deportatsiya qilingan afgʻon qochqinlari mart oyida Afgʻoniston tarafidan Kamolxon toʻgʻonining ochilishidan gʻazablangan Eron politsiyasining kaltaklash va boshqa taʼqiblari haqida xabar berganlar. Toʻgʻon Eronni Helmand daryosi suvidan bepul foydalanish imkoniyatidan mahrum qilgan.
Kuzatuvchilarga koʻra, Oʻzbekiston islomiy harakatining aynan shu mintaqada paydo boʻlgani ham Markaziy Osiyoda suv bilan bogʻliq mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish zarurligini koʻrsatadi.
Iqlim oʻzgarishi oqibatida qishloq xoʻjaligining zaiflashuvi mintaqada siyosiy oqibatlarga olib keladi. Qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlar va suv uchun raqobat Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston orasida joylashgan unumdor mintaqa – Fargʻona vodiysida tez-tez chegara mojarolari va zoʻravonliklarga sabab boʻlgan.