Karvonsaroy
Din

Qozogʻiston radikallashuvning oldini olish uchun ichki diniy taʼlimni kuchaytirmoqda

Kseniya Bondal

Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti ostonasi, 12-may. Nur-Muborak Qozogʻistonda diniy taʼlim beradigan olti universitetdan biridir. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti ostonasi, 12-may. Nur-Muborak Qozogʻistonda diniy taʼlim beradigan olti universitetdan biridir. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Qozogʻiston xorijdagi taʼlim radikallashuvni kuchaytirishi mumkinligini inobatga olib, diniy ilm oʻrganish istagidagi yoshlarni vatanida tahsil olishga chaqirmoqda.

Nur-Sultondagi Diniy tadqiqotlar markaziga koʻra, koʻpincha xorijiy davlatlarda dinni oʻrganganlar radikal gʻoyalar taʼsiriga tushadilar.

“Bunga terrorchi deb tanilgan Said Buryatskiy va Said Kouachi, salafiylik daʼvatchisi Ahmad Medinskiy, Nodir Abu Xolid va boshqalarni misol oʻlaroq keltirish mumkin”, degan edi markazning boʻlim boshligʻi Beksultan Abdullov mart oyida Zakon.kz saytiga.

Xorijdagi beozor koʻrinuvchi diniy taʼlimningxavfini shundan ham anglash mumkin”, deydi Abdullov.

Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti hududida joylashgan masjid, 12-may kuni olingan surat. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti hududida joylashgan masjid, 12-may kuni olingan surat. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

12-may kuni Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti professori talabalarga dars oʻtmoqda. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

12-may kuni Olmaotadagi Nur-Muborak universiteti professori talabalarga dars oʻtmoqda. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Soʻnggi bir necha yildan beri Qozogʻiston hukumati diniy taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib bordi.

Qozogʻistondagi mavjud diniy taʼlimni tartibga soluvchi asosiy hujjat – Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining (QMDI) 2015-2020-yillar uchun moʻljallangan diniy (maʼnaviy) taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasidir.

QMDI ushbu hujjat asosida Qozogʻistonda diniy masalalar boʻyicha standartlashtirilgan oʻquv mashgʻulotlari uchun infratuzilma yaratish orqali radikallashuvning oldini olishga urinib kelgan.

Diniy taʼlim olishni istagan qozogʻistonliklar toʻqqiz madrasa va olti universitetdan birini tanlashi mumkin: Misrning Nur-Muborak nomidagi islom madaniyati universiteti (QMDI tasarrufida), Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti, Yevroosiyo milliy universiteti, Qaragʻanda davlat universiteti, Xalqaro qozoq-turk universiteti va Qozogʻistonning Abilayxon nomidagi xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti.

Qozogʻiston imomlar malakasini oshirish Islom instituti 2002-yilda QMDI shafeligida ochilgan. Unda hozirga qadar 1257 nafar imom oʻz malakasini oshirdi.

Masalan, 2001-yilda Olmaotada ochilgan Nur-Muborak universitetining oʻzi imomlar, diniy mutaxassislar, islomshunos olimlar, arab tili va adabiyoti oʻqituvchilari, tarjimon va olimlarni tayyorlaydi.

Bugungi kunga qadar 2059 talaba ushbu muassasa diplomini oldi. 2019-2020 oʻquv yilida bu dargohni 203 talaba tamomladi, 2020-2021-yillarda bu raqam oʻzgarishsiz qolishi kutilmoqda.

Mamlakatdagi 100 ga yaqin masjid diniy savodxonlik darslarini oʻtkaza boshladi. Oʻtgan yili bu mashgʻulotlarda 50 mingga yaqin qozogʻistonlik ishtirok etdi.

2019-2020-oʻquv yilida QMDI tasarrufidagi oʻquv muassasalarini jami 746 talaba tamomlagan.

Misr va Turkiya bilan hamkorlikdagi dasturlar

Qozogʻiston xorijdagi taniqli va nufuzli muassasalar bilan ishonchli taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻygan.

QMDI va Al-Azhar universiteti oʻrtasida imzolangan bitimga koʻra, Misr hukumati ekstremizm va terrorizmning oldini olish bilan shugʻullanayotgan 50 nafar qozogʻistonlik imomga grant oʻrinlari ajratgan. Hozirga qadar ushbu dastur asosida 46 nafar imom Misrda tahsil oldi.

2021-yilda Al-Azhar universiteti ikki oylik onlayn kurslarni oʻtkazadi. Hozirda esa universitetda 23 nafar qozogʻistonlik imom oʻz bilimlarini mustahkamlamoqda.

Joriy oʻquv yilida Nur-Muborak universiteti va madrasa talabalariga Al-Azharning 25 granti nasib etdi, hozirda u yerda 100 dan ortiq qozogʻistonlik talabalar tahsil olmoqdalar.

QMDI va Turkiya Din ishlari boshqarmasi oʻrtasida tuzilgan kelishuvga binoan, 250 ga yaqin qozogʻistonlik imomlar Turkiyada ikki oy malaka oshirib qaytdilar, Qozogʻistondan 31 talaba Istanbuldagi Haseki Abdurahmon Gurses oʻquv markazida tahsil olishmoqda.

Xorijda oʻqish narxlari

Xorijda grant ololmagan qozogʻistonliklar Qozogʻistonning oʻzida arzon taʼlim olishlari mumkin.

“Masalan, Nur-Muborak universitetida 2020-2021-oʻquv yilida bakalavriat taʼlimi narxi dinshunoslik yoʻnalishida 380 ming tenge (886 AQSH dollari), islomshunoslik yoʻnalishida 498 ming tenge (1162 AQSH dollari) boʻlgan”, deydi QMDIning diniy taʼlim va kadrlar tayyorlash boʻlimi rahbari olmaotalik Smail Setbekov.

Dunyodagi eng qadimiy diniy taʼlim muassasalaridan biri Qohiradagi Al-Azhar universitetida xorijlik talabalar bakalavr yoki magistrlik darajasi olish uchun bir yilda eng kamida 1 million tenge (2500 AQSH dollari) toʻlaydilar.

Tugab borayotgan joriy oʻquv yilida hukumat qozoq yoshlarining mamlakatdagi universitetlarda dinshunoslik yoʻnalishida taʼlim olishi uchun 300 ta grant oʻrni ajratgan edi, deb qoʻshimcha qildi Setbekov.

“Bu yil nechta grant oʻrni boʻlishini bilmaymiz. Qozogʻiston taʼlim vazirligi iyun oyida bu haqda xabar beradi. Menimcha, 300-400 ta grant oʻrni boʻlsa, yoshlar uchun katta yordam boʻlardi”, deydi u.

Nur-Muborak universitetiga 2019-2020-oʻquv yili uchun 500 ta abituriyent hujjat -topshirgan. 2020-2021-yilda bu raqam 510 kishiga yetgan, navbatdagi oʻquv yili uchun esa 500-520 kishi hujjat topshirishi kutilmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Diniy taʼlim olish uchun Qozogʻiston universitetlariga oʻqishga kiradigan abituriyentlar soni bu muassasalarning chet eldagi universitetlarga nisbatan sifatli va arzonroq taʼlim bera olishiga bogʻliq, deydi Qozogʻiston milliy pedagogika universiteti professori olmaotalik Asilbek Izbairov.

“Bepul taʼlimga kelsak, joriy yil uchun 300 ta grant yetarli”, deydi Izbairov. “Ammo jamiyatda bitiruvchilarga talab boʻlishi, ular tashqi diniy harakatlarga qarshi tura olishlari va munosib mafkuraviy yoʻnalishlarni shakllantirishlari muhim.”

Qozogʻiston imomlarining diniy savodxonligi va mahorati yil sayin oshib bormoqda, deydi dinshunos Yelnar Berikbayev.

“Nur-Muborak universiteti islomshunoslik, dinshunoslik va arab tili boʻyicha yuqori malakali olimlarni tayyorlaydi”, deb aytgan u Informburo.kz veb-saytiga oʻtgan yil iyun oyida.

“Biz maxsus akademik dasturlar ishlab chiqib, mamlakat ichida keng qamrovli diniy taʼlim uchun sharoit yaratdik”, deb aytgan u yangiliklar veb-saytiga. “Imomlarga muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini taklif qilamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500