Karvonsaroy
Inson huquqlari

Tekshiruvlar Xitoyning Shinjondagi muslima ayollarni bichish kampaniyasi tafsilotlarini fosh qildi

Karvonsaroy va AFP

image

Xitoyning gʻarbiy Shinjon mintaqasidagi Xotan shahridagi bozorda bolasini koʻtarib turgan muslima ayol. [Greg Baker/AFP]

PEKIN – Shinjon mintaqasidagi tugʻilish darajasini pasaytirishga oid choralar doirasida Xitoyning muslima ayollarni kontratsepsiya va sterilizatsiyaga majburlashi bilan bogʻliq mudhish tafsilotlar yaqinda oʻtkazilgan tekshiruv davomida maʼlum boʻlgan.

Shinjonlik uygʻurlar, qozoqlar va boshqa musulmon erkak va ayollar bilan oʻtkazilgan suhbatlar, shuningdek, davlat statistikasi va mahalliy OAVni oʻrganish natijasida Xitoy rejimi tarafidan aholining reproduktiv huquqlarini nazoratga olish boʻyicha “majburiy choralar” koʻrilgani aniqlandi, deb yozadi The New York Times gazetasi 10-may kuni .

2017-yilda Xitoy hukumati Shinjon ayollariga bachadon ichki kontratseptivi (spiral) qoʻyishga buyruq berar ekan, etnik oʻzbek ayollaridan biri uni qoʻyib yuborishlarini soʻrab yolvorgani haqida soʻzlab bergan.

Oʻshanda yoshi qariyb ellikka borib qolgan Qalbinur Sodiq hukumatning tugʻilishni cheklash boʻyicha koʻrsatmalarini bajargani va bittagina bola tuqqanini aytgan.

image

22-fevral kuni Istanbuldagi Xitoy konsulligi yonida “qayta tarbiyalash lagerlariga” qamalgan qarindoshlarini daraklashni talab qilib, plakatlar koʻtarib turgan uygʻur diasporasi vakillari. [Ozan Kose/AFP]

Ammo qarshilik qilish befoyda edi. Xodimlar buyruqni bajarishdan bosh tortgan taqdirda uni politsiyaga olib borish bilan qoʻrqitganlar.

“Men oʻzimni endi normal ayol deb his qilolmay qoldim”, dedi Sodiq davlat shifokori unga metall koʻzgu yordamida spiral qoʻyganida qanday yigʻlaganini tasvirlab.

Spiral ogʻriqlar va kuchli qon ketishiga sabab boʻlganidan keyin, u 2019-yilda sterilizatsiyadan oʻtishga qaror qiladi.

“Hukumat shu darajada qattiqqoʻl boʻlib ketdiki, men endi spiral ham qoʻydira olmas edim”, deydi 2019-yilda Xitoydan qochib Gollandiyada qoʻnim topgan ayol. “Men oʻzimdan butunlay umidimni uzdim.”

Boshqa ayollar homiladorlikni sunʼiy toʻxtatishga, koʻp bolali boʻlsa yoki kontratseptiv vositalardan voz kechsa, katta jarimalar toʻlashga va hayzni toʻxtatuvchi dorilar qabul qilishga majburlanganliklari haqida soʻzlab berganlar.

Oʻtgan yili viloyat poytaxti Urumchidagi patronaj xodimi 18 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan barcha ayollarga homiladorlik va tugʻilishni nazorat qilishga oid tekshiruvdan oʻtishni buyurgan.

“Agar eshik oldida bizga qarshilik koʻrsatsangiz va biz bilan hamkorlik qilishdan bosh tortsangiz, sizni politsiya boʻlimiga olib boramiz”, deb yozgan xodim Sodiqning New York Times bilan boʻlishgan WeChat xabarlari skrinshotlariga koʻra.

“Oʻz hayotingizni xavfga qoʻymang”, deyiladi xabarlarning birida. “Bunga urinmang ham”.

Pekinning“siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarida bir milliondan ortiq uygʻur va boshqa turkiy musulmonlar saqlanmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat tizimi ostida yashaydi.

Qiynoqlar, guruh boʻlib zoʻrlash, doʻpposlash

Nemis tadqiqotchisi Adrian Zentsning soʻzlariga koʻra, Shinjonda ayollarni majburiy bichish muolajalari 2015-yildan 2018-yilgacha deyarli olti baravar oshib, 60 mingni tashkil qilgan, Xitoyning qolgan qismida esa bu koʻrsatkich juda past boʻlgan.

“Shinjon ayollari xavf ostida,” deydi Gulnor Umrzoq The New York Times gazetasi bilan suhbatida. Rasmiylar uni va ikki qizini hibsga olish bilan tahdid qilganidan soʻng, u Qozogʻistonga qochib oʻtgan.

2015-yilda, uchinchi farzandi tugʻilganida, uning shimoliy qishlogʻi rasmiylari tugʻilishni qayd etishgan. Uch yildan soʻng ular tugʻish cheklovini buzgani uchun ayolga 2700 dollar jarima solishgan.

U qarindoshlaridan qarz olib, mamlakatdan qochib ketgan.

“Hukumat odamlarimizni almashtirishni istaydi”, dedi u.

Qamoqqa tushish real tahdidga aylangan.

Zentsning tadqiqotlaridan maʼlum boʻlishicha, Shinjonning Ili prefekturasi okrugidan kelgan hukumat xabarnomasida homiladorlikni toʻxtatishdan yoki jarima toʻlashdan bosh tortgan ayollar lagerlarga yuborilishi aytilgan.

Voqea shohidlari va guvohlarning koʻrsatmalaridan maʼlum boʻlishicha, “dahshatli va muntazam qonunbuzarliklar” sodir etiladigan lagerlardagi hayot ayrimlar uchun chidab boʻlmas holatga keladi.

Shu yil boshida sobiq mahbuslar va qoʻriqchilardan birining BBC nashri bilan suhbatida lagerlardagi muslima ayollarning muntazam zoʻrlashlar, qiynoqlar va jinsiy tahqirlashlardan aziyat chekkani aytilgan.

Ularelektroshokerlar, jumladan elektrik tayoqlar bilan zoʻrlash, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya holatlari haqida soʻzlab berganlar.

“Ularning oʻyinchogʻi boʻlib qolasan”, deydi Qozogʻistonga safar qilgani uchun 10 oy Ili prefekturasidagi qamoqqa joylashtirilgan Tursunoy Ziyovuddin.

Uni uch marta qorongʻu xonaga olib kirishgan, ikki yoki uchta niqob taqib olgan odam elektrik tayoqlardan foydalanib, uni zoʻrlagan. Bu haqda hozirgi kunda Nyu-York shahridan qoʻnim topgan Tursunoy New York Times nashriga telefon orqali soʻzlab bergan.

“Oʻsha payt oʻlging keladi, lekin, afsuski oʻlolmaysan”, deydi u.

Xitoy hukumati bu muassasalardagi qiynoqlarga oid barcha daʼvolarni rad etib, ularni terrorchilikni yoʻq qilish va bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “qayta tarbiyalash markazlari” deb ataydi.

“Jinsiy zoʻrlash va qiynoqlar boʻlishi mumkin emas”, degan edi fevral oyida Shinjonning rasmiy vakili Syuy Guysyan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I fevral oyida BMTdagi chiqishida Xitoyning Shinjondagi etnik ozchiliklarga nisbatan munosabatini mamlakatdagi inson huquqlari taraqqiyotining “yorqin namunasi”, deb atagan.

“Qatliomni” toʻxtatish chaqiriqlari

Qoʻshma Shtatlar, Britaniya va Germaniya rasmiylari chorshanba (12-may) kungi videomajlis chogʻida Xitoyni uygʻur ozchiligiga nisbatan tazyiqni toʻxtatishga chaqirdi.

“Shinjonda odamlar qiynoqqa solinmoqda. Ayollar majburan sterilizatsiya qilinyapti”, deb aytgan BMTdagi AQSH elchisi Linda Tomas-Grinfild “Human Rights Watch” bilan hamkorlikda oʻtkazilgan va uygʻurlarning koʻrsatmalari taqdim etilgan anjuman chogʻida.

“Xitoy hukumati Shinjonda insoniyatga qarshi jinoyatlarini, uygʻurlar va boshqa ozchiliklar qatliomini toʻxtatmagunicha, biz ham toʻxtamaymiz va jim boʻlmaymiz”, deb aytgan u.

Britaniya elchisi Barbara Vudvard Xitoyni BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissarining Shinjonga “zudlik bilan, toʻsiqsiz kirish huquqini berishga” chaqirgan.

“Ommaviy tus olgan asossiz hibslar, gʻoyib boʻlish va qiynoqlar yuz berayotgani haqida dalillar bor”, deydi u. “Shuningdek, keng koʻlamli majburiy mehnat va sterilizatsiya holatlari haqida ham xabarlar olingan.”

“2017-yildan beri bir milliondan ortiq musulmon sud qilinmasdan qayta tarbiyalash lagerlarida hibsda saqlanmoqda”, deydi u Twitterga joylagan videomurojaatida.

“Biz Xitoyni umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasini hurmat qilishga chaqirib, lagerlarni yoʻqotishni talab qilamiz”, deb aytgan Germaniya elchisi Kristof Xoysgen.

“Yashiradigan hech narsa yoʻq ekan, unda nima uchun inson huquqlari boʻyicha oliy komissarga toʻsiqsiz kirish huquqi berilmaydi?”, deb Xitoyni soʻroqqa tutgan u.

"Shinjondagi joriy vaziyat tarixdagi eng yaxshisidir ”, deb taʼkidlagan Xitoy delegatsiyasi oʻz bayonotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qiyomat kuni har bir inson qilgan jinoyatlari uchun javob beradi, va tavba qiladi, ammo uning nolalarini Alloh endi eshitmaydi...

Javob berish

Iqtisodiy va harbiy qudrati sababli, Xitoy fashizmi Germaniya fashizmidan xavfliroq. Bu yaʼjuj-maʼjujlarni butun dunyo birlashibgina toʻxtata olishi mumkin.

Javob berish

Xavfli

Javob berish

Hitoy fashizmini dunyio hamjamiyati 80 yil avval Germaniya fashizmini birlashib toʻhtatgandek, yana birlashib toʻhtatishi kerak.

Javob berish

XXR – 1966-yilgi inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktni ratifikatsiya qilmagan BMT Xavfsizlik Kengashining yagona doimiy aʼzosi.

Javob berish