Tekshiruv hisobotiga koʻra, Pekinning Shinjon mintaqasidagi musulmonlarga nisbatan davom etayotgan tazyiqlari doirasida Xitoy 1000 dan ortiq imomlar va diniy arboblarni hibsga olgan.
Uygʻur inson huquqlari loyihasi (UHRP) 13-may kuni sud hujjatlari, oilalarning guvohlik koʻrsatmalari, OAV hamda ochiq va maxfiy maʼlumotlar bazalaridan foydalangan holda tayyorlagan hisobotini chop etdi. Unda “2014-yildan beri diniy taʼlim va jamoatga bosh boʻlish ayblovi bilan hibsga olingan” 1046 nafar imom va boshqa diniy arboblarning taqdiriga oydinlik kiritilgan.
“Axborotning jiddiy cheklangani hisobga olinsa, qayd etilgan barcha holatlar aysbergning choʻqqisi ekani anglashiladi”, deyiladi hisobotda.
“Dinni yoygani uchun” hibsga olingan
Hisobotda aytilishicha, Xitoy rejimi asosan 1960-1980-yillarda tugʻilgan uygʻur diniy arboblarini, shuningdek, xuddi shu yosh guruhidagi etnik qozoqlardan boʻlgan din peshvolarini, shuningdek, bir necha etnik qirgʻiz, oʻzbek va tatar arboblarini taʼqib qilgan.
Tasdiqlovchi dalillari mavjud 630 ta holatda kamida 304 ta imom bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiy ozchiliklar vakillari saqlanadigan “qayta tarbiyalash” lagerlariga emas, balki qamoqqa olingan.
Qamoqqa olishga “noqonuniy diniy taʼlim berish” (koʻp hollarda bolalarga), davlat masjidlaridan boshqa joylarda namoz oʻqish”, “qonunga xilof” diniy materiallarni saqlash, xorij bilan aloqa yoki safarlar, ayirmachilik yoki ekstremizm, toʻy va dafn marosimlarida mavʼizalar, shuningdek, boshqa diniy mansublikka qarshi qaratilgan boshqa ayblovlar sabab boʻlgan”, deb xabar berdi UHRP.
Ayrimlar “boshqalarni namoz oʻqishga oʻrgatish”, “Misrda olti taʼlim olish” va “Qurʼonni yoqishga topshirishdan bosh tortish” uchun 15 yil va undan koʻproq muddatga, shuningdek “odamlarni toʻplab, daʼvat qilganlik uchun” umrbod qamoqqa hukm qilingan, deyiladi hisobotda.
Mahkumlarning yaqinlariga koʻra, mavʼiza qilish, azon aytish yoki jamoat namoziga imomlik qilish kabilar koʻp hollarda shunday “jinoyatlarlarga” tenglashtirilgan.
Bu hukmlar Shinjonga xos sudlovning shafqatsiz xarakterini aks ettirgan: 96 foiz odam kamida besh yilga, 26 foizi 20 yil va undan ortiqroqqa hukm qilingan, shu jumladan 14 ta odamga umrbod qamoq jazosi berilgan.
Uygʻur inson huquqlari loyihasiga koʻra, kamida 18 imom hibsdalik chogʻida yoki keyinroq hayotdan koʻz yumgan.
Dinni ekstremizm bilan tenglashtirish
Xitoyliklarning hibsga olinishi yoki ayblov hujjatlari kamdan-kam hollarda ommaga oshkor qilinadi, ammo mavjud hujjatlar Xitoy rejimi dinga amal qilishni ekstremizm yoki siyosiy boʻlgʻinchilik bilan bogʻlashga urinib kelganini koʻrsatmoqda, deb yozadi hisobotni oʻrganib chiqqan BBC.
Masalan, Shinjon jabrdiydalarining maʼlumotlar bazasini oʻrgangan Jin Buninning soʻzlariga koʻra, 2018-yilda viloyatda 74348 ta jinoiy ish ochilgan boʻlsa-da, oʻsha yili Shinjon uchun faqat 7714 ta sud hukmi mavjud boʻlgan.
Sud hujjatlari “hech qayerdan topilmagan”, dedi u Xitoy bu qaydlarni atayin yoʻqotishini taxmin qilib.
Hujjatlashtirilgan jinoiy ishlarning birida, Shinjonda yashovchi 51 yoshli etnik qozoq imomi Oken Mahmet 2017-yili “ekstremizmni targʻib qilish”da ayblangan.
Mahmet “nikoh oʻqish, taʼlim, hukumat boshqaruviga oid qonunlarni buzganlikda, shuningdek, ekstremizmga oid materiallarni tayyorlash va tarqatishda” ayblanib qoʻlga olingan, deyiladi hibsga olish bildirishnomasida.
Shinjon jabrdiydalari maʼlumotlar bazasiga koʻra, oila aʼzolari uning juma namoziga imomlik qilgani va masjidda nikoh oʻqigani uchun qoʻlga olingani haqida xabar berganlar.
Unga 8-10 yillik qamoq jazosi tayinlagani aytiladi.
Hatto Xami perfekturasining hukumat tasdiqlagan 58 yashar imomi Baqitxan Mirjan ham 2018-yil avgust oyida “ekstremizmni targʻib qilgani” uchun hibsga olingan. 2019-yil may oyida sud uni Bintuan-Urumchi qamoqxonasida 14 yillik qamoq jazosini oʻtashga hukm qilgan.
Mirjonning yagona “gunohi” imom sifatida oʻz vazifalarini bajargani boʻlgan, deydi uning oilasi.
Atush shahridan boʻlgan taniqli olim va imom Obidin Ayub sud hujjatlarida “qayta tarbiyalanishi va isloh qilinishi kerak boʻlgan, milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi shaxslar bilan aloqada boʻlgan diniy ektremist” deb zikr qilingan.
2017-yili hibsga olingan vaqtda uning yoshi 88 da edi.
Ayubning Qoʻshma Shtatlarda qoʻnim topgan jiyani Maryam Muhammadning BBCga aytishicha, amakisi qoʻlga olinganidan beri 60 ga yaqin oila aʼzolari, jumladan, uning turmush oʻrtogʻi va imomning sakkiz farzandi ham qamoqqa olingan.
Xitoy aslida “jamiyatda odamlarni birlashtira olish qobiliyati” borligi sabab imomlarni taʼqib qilmoqda, deydi UHRP dasturining katta xodimi Piter Irvin.
“Hukumat imomlarning taʼsirini bilgani uchun uzoq muddat ularga ehtiyotkorona munosabatda boʻlib kelgan”, dedi BBC bilan suhbatda. “Soʻnggi yillardagi hibslar va qamoqqa olishlar uygʻur madaniyati va dinini cheklashga qaratilgan oʻttiz yillik repressiyaning kulminatsiyasidir.”
Islom madaniyatini yoʻq qilishga urinish
UHRP bayonoti Pekin islomiy madaniyat va dinni yoʻq qilish, etnik ozchiliklarni koʻpchilikni tashkil qiluvchi Xitoy xanlariga assimilyatsiya qilishga urinayotganini yana bir karra tasdiqlagan.
Sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va statistik modellashtirishga asoslangan hujjatlarga koʻra, Xitoy hukumati 16000 ga yaqin masjidni vayron qilgan yoki ularga zarar yetkazgan, deyiladi Avstraliya strategik siyosat institutining (ASPI) oʻtgan yil sentyabr oyidagi hisobotida.
Hisobotga koʻra, vayronagarchiliklarning aksariyati soʻnggi uch yilda sodir etilgan va taxminan 8500 masjid vayron qilingan.
Buzilishdan omon qolgan koʻplab masjidlarning gumbaz va minoralari olib tashlangan. Tadqiqot natijalariga koʻra, Shinjon atrofida 15 yarim mingdan kamroq butun va zarar koʻrgan masjidlar qolgan.
ASPI maʼlumotlariga koʻra, Shinjondagi masjidlar, qabristonlar va ziyoratgohlar kabi islomga oid yirik obʼektlarning deyarli uchdan bir qismi yer bilan yakson qilingan.
2019-yilda AFP tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv davomida mintaqada oʻnlab qabristonlar vayron qilingani aniqlangan, ulardan faqat inson suyaklari va buzilgan qabrlarning gʻishtlari qolgan.
Xitoy rejimi mintaqada inson huquqlarini poymol qilish, jumladan, sudsiz hibsga olish, majburiy mehnat, sterilizatsiya, zoʻrlash va qatliomda ayblangan.
Shinjonda qoʻlga olinganlarning aksari Pekinning ekstremizmni yoʻq qilish va bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “qayta taʼlim” markazlari deb ataluvchi muassasalarda hibsda saqlanmoqda.
Mustaqil tadqiqotlarga koʻra, ushbu hududda “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalar bor.
Voqea shohidlari va guvohlarning koʻrsatmalaridan maʼlum boʻlishicha, “dahshatli va muntazam qonunbuzarliklar” sodir etiladigan lagerlardagi hayot ayrimlar uchun chidab boʻlmas darajaga kelgan.
Ular ongni zaharlash usullari, elektroshoker, jumladan, soqchilarning elektrik tayoqlar orqali, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya holatlari haqida soʻzlab berganlar.
Shinjon hududida tugʻilish darajasini kamaytirish maqsadida lagerlardan tashqaridagi ayollar ham majburiy kontratsepsiya va sterilizatsiya qilinmoqda.