Karvonsaroy
Biznes

Xoʻjanddagi “Chaynataun” loyihasining muvaffaqiyatsizligi Tojikistonda xitoylik investorlarga ishonchsizlikni kuchaytirdi

Neʼmatullo Mirsaidov

Suratda: Sirdaryo boʻyidagi qurilish maydonchasi, Xoʻjand, 21-aprel. 2015-yilda bu yerda Xitoy shaharchasini barpo etish maqsadida aholi uylari buzilgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Suratda: Sirdaryo boʻyidagi qurilish maydonchasi, Xoʻjand, 21-aprel. 2015-yilda bu yerda Xitoy shaharchasini barpo etish maqsadida aholi uylari buzilgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

XOʻJAND – Xitoy kompaniyasining Xoʻjanddagi muvaffaqiyatsiz qurilish loyihasi sabab oʻnlab oilalar oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlishdi.

Avvaliga bir yilda yangi uyga koʻchib oʻtishni rejalashtirgan 32 oila olti yil davomida ijara uylarda yashagan.

2015-yil boshida Xitoyning Beijing Construction kompaniyasi shoʻba korxonasi – “Husnoro-1” Xoʻjandning qoq markazidan oqib oʻtuvchi Sirdaryo boʻyidagi developerlik loyihasiga koʻz tikkan edi.

Oʻsha yili xitoylik mutaxassislar Xoʻjand shahar hokimiyatiga Sirdaryo boʻyini juda qisqa muddatda obodonlashtirishni vaʼda qilib, zamonaviy uy-joy qurilishi loyihasini taklif qilganlar.

24-aprel kuni olingan surat: Xoʻjandning 18-mikrorayonidagi uylarning buzilishi ortidan oʻz boshpanasidan ayrilgan 32 oila turar joyga egalik huquqini beruvchi orderlar olgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

24-aprel kuni olingan surat: Xoʻjandning 18-mikrorayonidagi uylarning buzilishi ortidan oʻz boshpanasidan ayrilgan 32 oila turar joyga egalik huquqini beruvchi orderlar olgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Xitoyning muvaffaqiyatsiz loyihasi tufayli uyi buzilgan odamlar 14-aprel kuni Xoʻjand shahar hokimligiga kelib, mutasaddilardan ijara haqini qoplashni talab qilmoqda. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Xitoyning muvaffaqiyatsiz loyihasi tufayli uyi buzilgan odamlar 14-aprel kuni Xoʻjand shahar hokimligiga kelib, mutasaddilardan ijara haqini qoplashni talab qilmoqda. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Shahar hokimiyati Xoʻjandni rivojlantirish bosh rejasi doirasida Xitoyning bu loyihasiga katta qiziqish bildirgan edi.

Mahalliy aholi keyinchalik “Chaynataun” deb atay boshlagan loyihada 1200 xonadonga ega 15 ta koʻp qavatli uy, savdo markazi, kafe, maktab, bolalar bogʻchasi, kichik xiyobon va avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgan edi.

2015-yilda boshlangan qurilish ishlari besh yilda – 2020-yilga qadar tugallanishi kerak edi.

Shahar hokimligi va mahalla kengashi sohil boʻyida yashovchi aholining bir qavatli paxsa uylari buzilishini aytgan.

Xoʻjand shahar hokimligi kafilligida uy egalari bilan tuzilgan shartnomaga binoan xitoylik kompaniya koʻchirilgan oilalarning vaqtinchalik uylari uchun ijara haqini toʻlashga rozi boʻlgan.

Xitoyliklar bu oilalarga loyihaning birinchi boʻlib foydalanishga topshiriladigan binolaridan yangi uylarni vaʼda qilganlar.

“Shahar hokimiyati hech qanday sarf-xarajat qilmay, shaharning turistik hududlaridan biri – Sirdaryo boʻyini obodonlashtirish imkoniga ega boʻlar edi”, deydi oʻsha vaqtda shaharning qurilish departamentida ishlagan Xoʻjandning sobiq hokimi Maʼruf Muhammadzoda.

Loydan qurilgan uylar hudud manzarasini buzib turar edi, ertami-kechmi ular baribir buzib tashlanishi kerak edi, dedi u.

“Albatta, biz fuqarolarning huquqlariga rioya qilinadi va ular jabr koʻrmaydilar, deb umid qilgandik. Investorlar bilan muzokaralarda qoʻldan kelgancha ularning manfaatlarini himoya qilishga urindik”, deb qoʻshimcha qildi u.

Xitoyning bahonalari

2015-yil avgust-sentabr oylarida 32 oilaning qirqqa yaqin uyi hamda kar-soqovlar jamiyatining mahalliy idorasi buzib tashlandi.

Uylar buzilishi bilan xitoylik mutaxassislar yer osti suvlari sathining balandligi, chuqur temir-beton qoziqlar va drenaj tizimi oʻrnatish zarurligini aytib, loyihaga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilishdi.

Ular rejadagi koʻp qavatli elita turarjoylari oʻrniga Bosh reja talablariga toʻgʻri kelmaydigan va kelishuvga zid boʻlgan oddiy koʻp qavatli uylar qurishni taklif qilishgan.

Tojikiston tomoni xitoyliklar taklif qilgan oʻzgarishlarni qabul qilmay, investordan loyihani tugallashni kutgan.

“Biz xitoyliklardan daryo boʻyida uy qurayotganliklarini chindan ham bilmasliklarini va nahotki boshidan loyiha ularga qancha pulga tushishini hisoblamaganliklarini soʻrar edik”, deydi Muhammadzoda.

“Ular doim kutilmagan vaziyatlar sababli loyiha qimmatga tushib ketayotganini aytar edilar. Ana shunda Xitoy kompaniyalari oʻzlari uchungina manfaatli ishlarga koʻz tikishini anglab yetganman”, deydi u.

“Ularga ishonch unchalik muhim emas, ular uchun asosiysi – pul ekan.”

“2016-yilda Tojikistonda uy-joy bozoridagi narxlar 40 foizga tushib ketgani hammaga ayon. Xitoyliklar loyihani shu sabab ham oʻzgartirishni istagan boʻlishi mumkin”, deydi u.

“Ana shunda biz ishonchsiz hamkor bilan ishlab boʻlmasligini tushunib yetdik”, deb qoʻshimcha qildi u.

Umidlar puchga chiqdi

2016-yilga kelib, Xitoy kompaniyasi yer osti suvlari sabab loyihani toʻxtatgani haqida mish-mishlar tarqala boshladi.

Ikki yil avval, 2018-yilda tojik rasmiylari xitoylik investorlar hududning suvga yaqinligini bahona qilib, loyihadan voz kechishganini tan oldilar. Uy-joyidan ayrilgan mahalliy aholi esa arosatda qolib ketgan.

Ulardan biri – Abdurahim va uning sakkiz kishilik oilasi Sirdaryo boʻyidagi olti xonali, kichik bogʻ va bir nechta xoʻjalik imoratiga ega 6 sotixli hovlida yashab kelgan.

Hovlidagi uzum ishkomi ham yozning issigʻidan himoya qilar, ham oila uchun barqaror daromad manbai edi.

“Tojiklar uchun aziz hisoblangan ota hovlidan voz kechishga majbur boʻldik. Rozilik berdik, shartnoma imzoladik”, deydi u.

“Ijarada yashashga xonadon topishimiz bilan uylarimizni buzib tashlashdi. Oradan koʻp oʻtmay, hafsalamiz pir boʻladi, deb oʻylamagandik”, deydi Abdurahim.

“Koʻpchilik “xitoylar bizni chuv tushirib ketishgan” dedi... Xayolimdan nimalar oʻtmadi, deysiz. Uysiz, boshpanasiz qolib ketamiz, deb qoʻrqdim.”

Anvar ham ota-onasidan meros uydan mahrum boʻlganlardan biri.

“Albatta, avvalgi uyimni koʻp qavatli binodagi xonadon bilan solishtirib boʻlmaydi. Oʻzimning uyim, tomorqam va serhosil bogʻim bor edi”, deydi u.

“Hammasini yoʻqotdim. Olti yil ijarada yashab, uzumlar va gullarni parvarishlashni ham unutayozdim”, deydi Anvar.

“Menga zavq beruvchi, men koʻnikib qolgan hayotni xitoyliklar tortib olishdi.”

“Vakillarimiz deyarli har kuni hokimiyatga qatnadilar”, deydi Panjshanba bozoridagi kichik tadbirkor Anvar. “Axiyri, hokimiyat xitoyliklar kelishuvni bir taraflama toʻxtatganini tan oldi. Bizga boshqa investor topishga va hamma oʻz vaqtida uylik boʻlishiga vaʼda berishdi.”

“Shu bilan Xitoy kompaniyasi vakillari ham yoʻqolib ketishdi. Hokimiyat xitoyliklardan yana bir yillik ijara pulini undirishga muvaffaq boʻldi, ammo koʻngildagi gʻashlik ketmadi”, deya qoʻshimcha qildi Anvar.

[Ushbu maqolaning juma (21-may) kuni chop etiladigan 2-qismida xitoylik quruvchilar Tojikistonda qila olmagan narsani tojikistonlik qurilish kompaniyalari uddalagani haqida soʻz yuritiladi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Loyihaning toʻxtatilishi sabablarini oʻrganib, keyin xulosa chiqarilsa yaxshi boʻlar edi!

Javob berish