XOʻJAND – Tojikiston hukumati Xoʻjandda oʻnlab oilalarni boshpanasidan ayirgan Xitoy kompaniyasi keltirib chiqargan vaziyatni oʻnglash ustida ish olib bormoqda.
(Bu maqolaning 1-qismi payshanba (20-may) kuni chop etilgan, unda uyidan ayrilgan oilalarning mashaqqatlari haqida soʻz yuritilgan edi.)
Xitoyning “Husnoro-1” kompaniyasi Sirdaryo boʻyidagi “Chinatown” loyihasidan voz kechishi ortidan, ularga oʻz yerlarini topshirib, bir yil ichida yangi xonadonlarga koʻchib oʻtish vaʼdasini olgan 32 oila olti yil davomida ijara uylarda yashashga majbur boʻlgan.
Ularning uylari, jumladan mahalliy kar-soqovlar jamiyati binosi 2015-yilda buzib tashlangan edi.
2019-yil fevral oyida oʻsha vaqtdagi hokim Maʼruf Muhammadzoda jurnalistlarga oʻz uylaridan ayrilgan 32 ta oila uchun Xoʻjandning 18-mitti tumanida koʻp qavatli bino barpo etilishini aytgan edi.
Hukumat shuningdek, kar-soqovlar jamiyati uchun yangi joy ajratishni ham rejalagandi.
Oʻtgan yil avgust oyida shahar hokimiyati Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻida shahar markazidan 3 km masofada koʻp qavatli turar joy binosi qurilishi yakunlangani haqida xabar berdi.
Koʻp qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirildi va oilalarning yashashi uchun tayyor, degan edi shahar hokimi Firdavs Sharifzoda mart oyida.
“Cheklangan imkoniyatlarga qaramay, shahar hokimiyati ikki yildan kamroq muddat ichida maqbul hududda, yoʻl yoqasida joylashgan, yashash uchun juda qulay binoni qurib bitkazdi”, dedi hokimning matbuot kotibi Maʼmur Yusufzoda.
Ayrimlar uchun yengillik
Uylarini yoʻqotgan tojikistonliklarning koʻpchiligi hamon adolat qaror topishini kutayotgan boʻlsa, ayrimlari yangi qurilgan uyga koʻchib oʻtgan.
“Yangi uyga ilk oilalar koʻchib oʻtdi”, dedi Yusufzoda aniq raqamlarni keltirmay. “Qavatlarni taqsimlashda ayrim muammolar yuzaga keldi, ammo ular qurʼa tashlash yoʻli bilan hal qilindi. Odamlarning koʻpchiligi xursand.”
Shahar hokimiyati xabariga koʻra, boshpanasiz qolganlar uchun qurib bitkazilgan koʻp qavatli bino uchun budjetdan 23 million somoniy (2 million AQSH dollari) ajratilgan.
“Bunday vaziyatda nima kutish kerakligini tushunamiz, hammaning koʻnglini olish mushkul”, deydi Rahmon Nabiyev koʻchasidagi mahalla kengashi raisi Saʼdullo Tohirov.
“Ammo, hukumat boshpanasiz qolganlarning nafaqat xarajatlarini, balki ishonchsiz investor sabab boshdan oʻtkazgan mashaqqatlarini qoplash uchun ham qoʻlidan kelgan barcha ishni qildi”, deydi Tohirov.
“Uzoq davom etgan bu qiyinchiliklar axiyri yaxshilik bilan tugaganiga yengil tin oldik. Ammo bu voqea bizga shubhali kompaniyalarga ishonmaslik kerakligini oʻrgatdi”, deydi Tohirov.
“Shubhasiz, ayb fuqarolarimizga umid berib, keyin uni barbod qilgan Xitoy kompaniyasida. Bu yerda gap nafaqat hamkorning ishonchsizligi, ehtimol firibgarlik haqida ketmoqda. Xavfsirash uchun sabab bor”, deydi u.
“Shunchaki firibgarlar”
Daryo boʻyidagi uy-joyidan ayrilgan aholining yana koʻpchiligi uchun doimiy turar joy ajratilishi mumkin.
2020-yilda Tojikistonning “Elita Soxtmon” kompaniyasi buzib tashlangan uylar yaqinida 12 qavatli bino qurishni boshlagan.
Bu loyihani tark etgan Xitoy kompaniyasi yerosti suvlarining yuzaga yaqin joylashgani, temir-beton qoziqlari va drenaj tizimini chuqurroq oʻrnatish zarurligini bahona qilgan edi.
“Yerosti suvlari sabab bino qurib boʻlmasligi haqida odamlar aytayotgan gaplar bekor”, deydi “Elita Soxtmon” kompaniyasi menejeri Alsu Xotamova.
“Yangi texnologiyalar yordamida qurilishlar hatto daryo va okeanlarda ham olib borilyapti. Faqat standart drenaj tizimi, barqaror qoziqlar, mustahkam qurilish komponentlari va materiallarni qoʻllash kerak xolos”, deydi u.
“Elita Soxtmon” – bir nechta koʻp qavatli binolardan iborat va muvaffaqiyatsiz “Chinatown” loyihasi bilan deyarli bir xil sharoitlarda amalga oshirilgan turar joy kompleksi, deydi Xotamova.
“Bu yerda shaharcha qurishni vaʼda qilganlarning qurilishda tajribasi yoʻqligi aniq yoki ular shunchaki firibgar”, deydi u.
“Elita Soxtmon” qurayotgan uylar nafaqat qulay, balki oʻrta sinf sotib olishi uchun hamyonbop ham, deydi u.
Masalan, derazalari daryoga qaragan xonadonning bir kvadrat metri 800 AQSH dollari (9126 somoniy) boʻlsa, binoning boshqa tomonidagi xonadonlarning bir kvadrat metri 600 AQSH dollariga (6844 somoniy) teng, deydi u.
“Kompaniyamizda mablagʻ bor”, dedi u. “Ammo, biz bir vaqtning oʻzida besh yoki oltita bino qura olmaymiz. Shahar hokimligi biz bilan qurilish shartnomasini imzolasa, bir vaqtning oʻzida ikki yoki uchta bino barpo eta olamiz”.
Ishonchsizlik
“Chaynataun” bilan bogʻliq muvaffaqiyatsizlik Xitoy kompaniyalariga nisbatan ishonchsizlik keltirib chiqargan yagona voqea emas.
“Tojikiston hukumati mamlakatda faoliyat olib borayotgan kompaniyalardan buxgalterlik hisobining xalqaro standartlariga oʻtishni va toʻliq shaffoflikni taʼminlashni soʻradi”, degan edi Tojikiston sanoat vaziri Sherali Kabir fevral oyida Xitoy kompaniyalariga murojaatida.
Xitoy korxonalari Xoʻjanddan 35 km uzoqlikda joylashgan Istiqlol sanoat hududida asosan togʻ-kon sohasisha oid beshta obyektning qurilishida oʻzining ishonchsiz ekanini koʻrsatgan.
Ilk obyekt – 2017-yilda ishga tushirilgan, yillik quvvati 50 ming tonnani tashkil etadigan qoʻrgʻoshin zavodi oʻtgan yili oʻz faoliyatini batamom toʻxtatdi, sababi – korxona COVID-19 pandemiyasi vaqtida Xitoyda qolib ketgan mutaxassislarga qaram edi.
Shuningdek, akkumulyatorlar, mis va rux ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir nechta metallurgiya zavodlarini qurish boʻyicha muzokaralar butunlay toʻxtagan. Ulardan ayrimlari 2020-2021-yillarda ishga tushishi kerak edi.
Bundan tashqari, Xitoy ishbilarmon doiralari uzoq vaqt davomida Xoʻjand yaqinida joylashgan va yiliga 600 ming tonna rudani qayta ishlay oladigan Adrasman togʻ-kon boyitish kombinatini yangilashga vaʼda berib kelishgan.
Biroq, bu borada hech qanday ish qilinmagan.
Ular hamma narsani oʻz yurtlariga tashiydilar.
Javob berishFikrlar 1