MOSKVA - Markaziy Osiyoliklar qudratli qoʻshnilari – Rossiya va Xitoy hamkorlikda yangi atom elektr stantsiyalari qurayotganidan xavotirda, zero tarixdagi yadroviy ofatlardan olingan saboqlari unutilmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Tszinpin oʻtgan hafta Xitoyda Rossiyada ishlab chiqilgan ikkita atom elektr stantsiyasiga oid ishlarni videoanjuman rejimida boshladilar.
19-may kuni davlat rahbarlari “Tyanvan” va “Syudapu” atom elektr stantsiyalarining yangi bloklariga poydevor qoʻyish jarayonini ochib berdilar.
Rossiya bilan hamkorlikda qurilgan Tyanvan zavodi 2007-yildan buyon ishlab kelmoqda, “Syudapu” stantsiyasi esa qurilish jarayonida.
Putin yadroviy reaktorlarni “qudratli” va “zamonaviy” deb taʼriflar ekan, ularning “barcha xavfsizlik talablariga va eng yuqori ekologik standartlarga javob berishini” taʼkidladi.
Yangi bloklar 2026-2028-yillarda foydalanishga topshiriladi. Rossiya va Xitoy hamkorlikda atom elektr stantsiyalarini qurilishini yanada rivojlantirishga tayyor, dedi u.
Atrof-muhit va insonlar hayoti uchun xavf
Rossiya tabiiy boyliklarni toʻplash barobarida, Markaziy Osiyo, Afrika va Yevropada atom elektrostantsiyalari qurish bilan yaqin diplomatik aloqalar va taʼsirga ega boʻlish yoʻllarini izlagan.
Ammo koʻpchilik Markaziy Osiyoliklar Ukrainadagi Chernobil falokatining 35 yilligi arafasida Rossiyaning xavfsizlik va ekologiyaga oid daʼvolariga shubha bilan qaramoqdalar.
“Hech bir mamlakat yadroviy inshootlar xavfsizligini 100 foiz kafolatlay olmaydi”, deydi Qozogʻistondagi Qaragʻanda ekologiya muzeyining rivojlanish boʻyicha rahbari Dmitriy Kalmikov.
“Barcha xavfsizlik mexanizmlariga qaramay, atom elektrostansiyasi energiya ishlab chiqarishning xavfsiz yoʻli boʻla olmaydi”, deydi u.
Kalmikov – Chernobildagi halokat oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashganlardan biri.
“Atom elektrostansiyasida qanday falokat yuz berishi mumkinligiga oʻzim shaxsan guvohi boʻlganman.”
“Tarixan yadroviy falokatlar yuz berishi mumkinligini koʻrganmiz, ular nafaqat tabiatga, balki aholi salomatligi va hayotiga ham real xavf tugʻdiradi”, deydi Bishkekdagi Jusup Balasagin nomli Qirgʻiziston milliy universitetining geografiya oʻqituvchisi Nurlan Shamsiyev.
Qisqa muddatda olib qaraydigan boʻlsak, atom elektrostantsiyalari neft va koʻmir yoqadigan stantsiyalarga nisbatan tabiatga kamroq zarar yetkazadi, deydi u. “Ammo atom stantsiyasidan yadroviy chiqindi chiqadi, u uzoq yillar davomida yuqori xavfsizlik standartlariga muvofiq izolyatsiya qilinishi va saqlanishi kerak.”
“Xitoydagi atom elektrostantsiyasi qurilishi bizga aloqador emasdek tuyulishi mumkin, ammo Xitoy bizning qoʻshnimiz”, deydi Shamsiyev.
“Agar falokat yuz bersa, masalan radiatsiya sizib chiqsa, nafaqat Xitoy, balki unga chegaradosh davlatlar ham ziyon koʻradi.”
Toshkentlik rieltor Muxtor Yoʻldoshev Rossiya yoki Xitoy qurishi mumkin boʻlgan atom elektrostantsiyaga qarshi ekanligini aytadi.
2018-yilda Putin va Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda atom elektrostantsiyasi qurilishiga oid loyihani boshlagan edilar. Uni moliyalashtirish masalasi hamon muhokama qilinmoqda, qurilish ishlari 2022-yilda boshlanishi kutilmoqda.
“Doimiy xavf manbai bizga kerakmi?”, deydi u. “Rossiya hukumatining atom elektrostantsiyalari xavfsiz, degan iddaolariga ishonmayman. Hatto yuqori texnologiyalarga ega Yaponiyada 2011-yilda Fukusima yadroviy falokati yuz bergan.”
“Shu kunga qadar atom stantsiyasi xavfsizligini kafolatlash yoki dahshatli yadroviy falokat oqibatlarini samarali hal etishning uddasidan chiqa olmaganmiz”, deydi u.
“Xavf” ham, majburiyatlar ham yoʻq
Chernobil fojiasi qozogʻistonliklarning eski jarohatlarni yangiladi – bu mamlakat 40 yildan ortiq vaqt davomida Sovet Ittifoqining yadroviy qurollarini sinovchi asosiy poligon boʻlgan.
Qozogʻiston shimoli-sharqidagi Semipalatinsk yadro poligoni 1949-yildan Sovet Ittifoqi parchalanishiga qadar – 1991-yilgacha faoliyat yuritgan.
Poligondan koʻrilgan ziyon, jumladan atrof-muhit va mahalliy aholi salomatligiga yetkazilgan dahshatli oqibatlar hali ham sezilmoqda va yana uzoq yillar davom etadi.
Moskvaning davomli urinishlari Kremlning resursga boy Markazi Osiyo davlatidagi Rossiya taʼsirini kuchaytirish va uning suverenitetiga putur yetkazish niyatlarini namoyon qiladi, deydi tahlilchilar.
Stantsiya qurilishiga kamida 5 milliard AQSH dollari sarflanishi mumkin, Rossiya bu mablagʻni Qozogʻistonga “yaxshi niyatda” berishni taklif qilgan.
Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart-Toʻqayev oʻtgan yil oktyabrda stantsiya borasidagi rejalarni rad etgan. Shunga qaramay, Rossiya oʻz shashtidan qaytmayapti.
Qozogʻistonga “toza energiya kerak” va “atom elektrostantsiyasi samarali energetik yechimdir”, deb aytgan Rossiyaning Qozogʻistondagi elchisi Aleksey Borodavkin 10-fevral kuni Qozogʻistonning Kremlparast “Komsomolskaya pravda v Kazaxstane” gazetasiga bergan intervyusida.
Rossiyaning davlat nazorati ostidagi yadroviy energiya ishlab chiqaruvchisi “Rosatom” bu loyihani amalga oshirishga tayyor, shuningdek, bu stantsiya xavfsiz va atrof-muhit uchun zararsiz boʻlishiga kafolat beradi, deb qoʻshimcha qilgan u hech qanday “xavf yoʻqligini” taʼkidlab.
Serxarajat tozalash ishlari
Bunday xatarlar davomli va qimmatga tushishi tarixiy saboqlardan maʼlum.
Markaziy Osiyo sobiq Sovet Ittifoqi uchun muhim uran manbai boʻlib xizmat qilgan va buning ortidan xavfsizlik va ekologiyaga oid bir qator muammolar meros qolgan.
Misol uchun, Tojikistonning yadroviy chiqindixonalarda “qoʻlbola bombalar” ishlab chiqarish uchun kifoya qiladigan uran qoldiqlari mavjudligi yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirgan edi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) 2019-yil aprelda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi yettita obʼektda Sovet davridan qolgan uran chiqindilarini tozalash ishlari uchun 85 million yevrolik grant ajratgan edi.
2019-yil dekabrda Qirgʻiziston uran va toriy konlariga oid izlanishlar va ularni qayta ishlashni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan.
Qonunning maqsadi “aholi salomatligi, yer, suv havzalari, oʻsimlik va hayvonot olamini asrash, Qirgʻizistonda fuqarolarning qulay yashash, ishlash, dam olish huquqlarini, shuningdek radiatsiya va atrof-muhit xavfsizligini taʼminlashdir”.
2020-yil yanvar oyida AQSH Mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (MTKA) va Qozogʻiston milliy gvardiyasi sharqiy Qozogʻistonda Sovet Ittifoqi parchalanganidan qolib ketgan yadroviy inshootlarning moddiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan trening markazi qurilishini yakunlagan.
Yadroviy qurollarning tarqalishi xavfini kamaytirishga oid hamkorlikdagi choralar ilk marta 1993-yil dekabr oyida ikki mamlakat oʻrtasidagi kelishuv orqali amalga oshirilgan.
Qozogʻiston dunyo hamjamiyatini yadroviy energiyadan notoʻgʻri foydalanish oqibatlarining oldini olishga chaqirgan.
[Maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev oʻz hissasini qoʻshgan.]
Men Oʻzbekistonda AES qurilishiga qarshiman!!! Bu Kremlning geosiyosiy sirtmog‘i
Javob berishFikrlar 6
Rossiyada kuchli degradatsiya yuz berdi, odamlarning aqli zaiflashdi. Shuning uchun ular yuqori darajadagi atom elektr stansiyalarini qurishga qodir emas deb o‘ylayman.
Javob berishFikrlar 6
Rossiya atom elektrostansiyalarining keragi yoʻq bizga.
Javob berishFikrlar 6
Chernobil voqeasi 1896-yilda boʻlganmi
Javob berishFikrlar 6
Ular nihoyatda xavfli, istalgan paytda portlab ketishi mumkin.
Javob berishFikrlar 6
Bizga Rossiya AESlari kerak emas.
Javob berishFikrlar 6