Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qozogʻistonliklar Xitoydagi musulmonlar “genotsidiga” qarshi namoyishlarni davom ettirmoqchi

Kanat Altinbayev

9-mart kuni Olmaotadagi Xitoy konsulligi oldida erining Xitoyda hibsga olinganiga norozilik bildirayotgan 48 yoshli Gulnur Kosdaulet (chapdan ikkinchi). Fevral oyidan beri bir guruh namoyishchilar oʻz qarindoshlarining xavfsiz yoʻl bilan vataniga qaytarilishini talab qilib, har kuni konsullik binosi oldida piket uyushtirmoqdalar. Ularning qarindoshlari Xitoyning Shinjon mintaqasidagi musulmonlarga qarshi tazyiqlari doirasida bedarak yoʻqolgan, qoʻlga olingan yoki qamoqqa tashlangan. [Abduaziz Madyorov/AFP]

9-mart kuni Olmaotadagi Xitoy konsulligi oldida erining Xitoyda hibsga olinganiga norozilik bildirayotgan 48 yoshli Gulnur Kosdaulet (chapdan ikkinchi). Fevral oyidan beri bir guruh namoyishchilar oʻz qarindoshlarining xavfsiz yoʻl bilan vataniga qaytarilishini talab qilib, har kuni konsullik binosi oldida piket uyushtirmoqdalar. Ularning qarindoshlari Xitoyning Shinjon mintaqasidagi musulmonlarga qarshi tazyiqlari doirasida bedarak yoʻqolgan, qoʻlga olingan yoki qamoqqa tashlangan. [Abduaziz Madyorov/AFP]

OLMAОTA – Uch oydan oshibdiki, qozogʻistonliklar Olmaotadagi Xitoy konsulligi oldida har kuni namoyish oʻtkazib, Pekindan Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqlar doirasida hibsga olingan qarindoshlari va doʻstlarining ozod etilishini talab qilmoqdalar.

Pekinning “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarida bir milliondan ortiq uygʻur va boshqa turkiy musulmonlar, jumladan etnik qozoqlar saqlanmoqda.

Uygʻur inson huquqlari loyihasiga koʻra, 2014-yildan beri “diniy taʼlim va jamoatchilik faoliyati bilan shugʻullanish” ayblovi bilan Xitoyda 1000 dan ortiq imom va boshqa diniy arboblar hibsga olingan.

Yana millionlab odamlar qattiq kuzatuv va nazorat tizimi ostida yashamoqda.

Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyati, Qashgʻardan shimolda joylashgan Artush shahridagi kasb-hunar taʼlimi markazi, 2-iyun, 2019-yil. Bu muassasa asosan musulmonlardan iborat etnik ozchiliklar saqlanadigan “qayta tarbiyalash” lageri deb ishoniladi. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyati, Qashgʻardan shimolda joylashgan Artush shahridagi kasb-hunar taʼlimi markazi, 2-iyun, 2019-yil. Bu muassasa asosan musulmonlardan iborat etnik ozchiliklar saqlanadigan “qayta tarbiyalash” lageri deb ishoniladi. [Greg Beyker/AFP]

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Biroq, mustaqil tergovlar, sobiq mahbuslar hamda qoʻriqchilar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Xitoy rejimi, shuningdek, tugʻish kvotasidan oshib ketgan koʻplab muslima ayollarni sterilizatsiya qilib, ularning homiladorligini toʻxtatishga majburlagan.

Faollarni nishonga olish

18-may kuni Olmaotada davom etayotgan namoyishlarga 100 kun boʻldi, deb xabar qilgan Ozodlik/Ozod Yevropa radiosining qozoq xizmati.

Miting ishtirokchilari qarindoshlarining fotosuratlari va “100 kun” soʻzlari yozilgan plakatlarni ushlab turishgan.

Namoyishchilardan biri Haqiqat Kalliolaning Ozodlikka aytishicha, Xitoy huquq-tartibot idoralari uning otasini oʻldirib, onasi va ikki ukasini hibsga olgan.

U xitoyliklar oilasini ozod qilmagunicha norozilik namoyishlarini toʻxtatmasligini aytgan.

Kalliola – Xitoydagi qarindoshlari taqdiridan xavotirda boʻlgan koʻplab etnik qozoqlardan biri.

“Ota-onangiz, aka-ukalaringiz, opa-singillaringiz qanday ahvolda ekanligi, ular tirikmi, salomatmi, ularga yordam berish uchun nima qilish kerakligini bilmaslik – dahshat boʻlsa kerak”, deydi Xitoy konsulligi oldidagi oziq-ovqat doʻkoni sotuvchisi Irina.

“Qozogʻistonliklarning qarindosh-urugʻlaridan xavotir olayotgani bejiz emas, chunki “qayta tarbiyalash” lagerlari aslida derazalari sementlangan va balandligi 8 metrli devorlar bilan oʻralgan, qurollangan qoʻriqchilar va har bir mahbusning qiyofasini biladigan aqlli kameralar bilan jihozlangan fashistlar konslagerlaridir”, deydi AQSHda istiqomat qiluvchi huquq faoli, Pekin tanqidchilaridan biri Serikjan Bilash.

“Bu lagerlar devorlari ortida millatdoshlarimiz qiynoqqa solinmoqda”, dedi u.

Avvalroq, 21-yanvar kuni Xitoydan qochib kelgan ikki etnik qozoq faoli Kaysha Akan va Murager Alimuli hujumga uchragan edilar. Ularning ikkovi ham omon qolgan.

Bu faollar Xitoyning Shinjonida etnik ozchiliklar huquqlarining poymol qilinayotganini yoritib tanilgan edilar.

“Xitoy hukumatining panjalari uzun”, deydi Bilash.

“Hech shubha yoʻqki, ular Qizil imperiyaning (Xitoyning) millatdoshlarimizni (etnik qozoqlarni) siquvga olayotganini oshkor qilayotganliklari uchun hujumga uchraganlar”, dedi u Akan va Alimuli haqida gapirar ekan. “Bunday zoʻravonlikdan maqsad, boshqa faollarni qoʻrqitish va ovozini oʻchirishga urinishdir”.

Pekinning tahdidlari

Xitoy konsulligi namoyishchilar sonining koʻpayib borayotganini eʼtiborsiz qoldirib, ularning oldiga diplomat yubormagan. Ayrim hollarda hatto tahdid bilan javob bergan.

Olmaotalik 40 yashar Baybolat Kunbolat oʻtgan yili Xitoy konsulligi yonida muntazam ravishda yakka piket uyushtirib, ukasi Baymurat Naurizbekulini ozod etishni talab qilgan edi. Xitoy hukumati 2018-yilda uni ijtimoiy tarmoqda “etnik nafrat qoʻzgʻatuvchi” post yozishda ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Kunbolat Xitoy elchixonasi oldida miting oʻtkazish uchun poytaxt Nur-Sultonga ham borgan.

2011-yilda Naurizbekuli Qozogʻistonga koʻchib keldi va u yerda doimiy roʻyxatdan oʻtdi. Ammo oradan ikki yil oʻtib, u betob ota-onasiga qarash uchun Xitoyga qaytib borishga majbur boʻlgan.

Kunbolatning soʻzlariga koʻra, ukasi Pekinning Shinjondagi ozchilik musulmonlarga qarshi zulmining begunoh qurbonlaridan biri boʻlgan.

“Xitoy elchixonasi xodimi menga piket qilishni toʻxtatmasam va ukamning ozodligini talab qilaversam, Xitoydagi qarindoshim va uning oilasida muammolar paydo boʻlishini aytib tahdid qildi”, dedi norozilik namoyishlarini davom ettirgan Kunbolat.

Xitoyning Shinjondagi “genotsidi”

Qoʻshma Shtatlar, Britaniya va Germaniya rasmiylari 12-may kungi videomajlis chogʻida Xitoyni uygʻur ozchiligiga nisbatan tazyiqni toʻxtatishga chaqirdi. Bu bayonot Pekinni gʻazabga solgan.

“Shinjonda odamlar qiynoqqa solinmoqda. Ayollar majburan sterilizatsiya qilinyapti”, deb aytgan BMTdagi AQSH elchisi Linda Tomas-Grinfild “Human Rights Watch” bilan hamkorlikda oʻtkazilgan va uygʻurlarning koʻrsatmalari taqdim etilgan anjuman chogʻida.

“Xitoy hukumati Shinjonda insoniyatga qarshi jinoyatlarini, uygʻurlar va boshqa ozchiliklar qatliomini toʻxtatmagunicha, biz ham toʻxtamaymiz va jim turmaymiz”, deb aytgan u.

Britaniya elchisi Barbara Vudvard Xitoyni BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissariga Shinjonga “zudlik bilan, toʻsiqsiz kirish huquqini berishga” chaqirgan.

“Ommaviy tus olgan asossiz hibslar, gʻoyib boʻlish va qiynoqlar yuz berayotgani haqida dalillar bor”, deydi u. “Shuningdek, keng koʻlamli majburiy mehnat va sterilizatsiya holatlari haqida ham xabarlar olingan.”

“Biz Xitoyni umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasini hurmat qilishga chaqirib, lagerlarni yoʻqotishini talab qilamiz”, deb aytgan Germaniya elchisi Kristof Xoysgen.

“Yashiradigan hech narsa yoʻq ekan, unda nima uchun inson huquqlari boʻyicha oliy komissarga toʻsiqsiz kirish huquqi berilmaydi?”, deb Xitoyni soʻroqqa tutgan u.

Shinjondagi joriy vaziyat tarixdagi eng yaxshisidir”, deb taʼkidlagan Xitoy delegatsiyasi oʻz bayonotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500