Karvonsaroy
Salomatlik

Qoʻshma Shtatlar jahonga 500 mln doza COVID-19 vaksinasini xayriya qiladi

Karvonsaroy va AFP

AQSH prezidenti Jo Bayden 10-iyun kuni Britaniyada COVID-19 pandemiyasi haqida nutq soʻzlamoqda. Qoʻshma Shtatlar dunyoning nochor mamlakatlari uchun yarim milliard doza COVID-19 vaksinasini hadya qilishi eʼlon qilindi. [Brendan Smyalovski/AFP]

AQSH prezidenti Jo Bayden 10-iyun kuni Britaniyada COVID-19 pandemiyasi haqida nutq soʻzlamoqda. Qoʻshma Shtatlar dunyoning nochor mamlakatlari uchun yarim milliard doza COVID-19 vaksinasini hadya qilishi eʼlon qilindi. [Brendan Smyalovski/AFP]

Payshanba (10-iyun) kuni prezident Jo Bayden AQSH dunyodagi nochor mamlakatlar uchun yarim milliard doza COVID-19 vaksinasini hadya qilishi haqida bayonot berdi.

“Qoʻshma Shtatlar ushbu pandemiyaga qarshi kurashda yordamga juda muhtoj boʻlgan 100 ga yaqin davlatga xayriya qilish uchun yarim milliard doza Pfizer COVID-19 vaksinasini sotib oladi”, dedi G7 sammitida ishtirok etish uchun Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan Bayden. “Bu tarixiy qadam. Bu bir davlatning COVID-19 vaksinalari bilan bogʻliq eng yirik xaridi va xayriya yordami hisoblanadi.”

Dastlabki 200 million dozani dunyo boʻylab joriy yil oxiri qadar yetkazish rejalashtirilgan. Vaksinalar avgust oyidan yuborila boshlaydi, qolgan qismi esa 2022-yil iyungacha tarqatiladi.

Bu “pandemiyaga qarshi global kurashni kuchaytirishga yordam beradi”, deb bayonot bergan Oq uy.

Qoʻshma Shtatlar halokatli COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash doirasida dunyo mamlakatlariga yuborish uchun 500 million dona Pfizer vaksinalarini xarid qiladi. [Jastin Tallis/AFP]

Qoʻshma Shtatlar halokatli COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash doirasida dunyo mamlakatlariga yuborish uchun 500 million dona Pfizer vaksinalarini xarid qiladi. [Jastin Tallis/AFP]

“Amerika bu pandemiya bilan bogʻliq fojialardan yaxshi xabardor”, dedi Bayden. “Qoʻshma Shtatlarda dunyoning istalgan mamlakatidan koʻra koʻproq odam hayotdan koʻz yumdi. Bular 600 mingga yaqin amerikalik hamyurtlarimiz – onalar, dadalar, oʻgʻillar, qizlar, aka-ukalar, opa-singillar, bobo va buvilar.”

“Lekin biz kasallikdan sogʻayish yoʻlini ham bilamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu yangi, ulkan xayriya yordami “odamlar hayotini saqlab qolish va pandemiyaga barham berishga” qaratilgan, deyiladi Oq uy bayonotida.

“Qoʻshma Shtatlar vaksinatsiya yordamida jahonda pandemiyaga barham berish uchun demokratiyamizning kuchi, amerikalik olimlarning mahorati va Amerika sanoatining salohiyatini qoʻllamoqda”.

Xayriya yordami COVID-19 vaktsinalaridan butun dunyo boʻylab foydalanish (COVAX) dasturi doirasida “past va oʻrta daromadli davlatlar” va Afrika Ittifoqiga tarqatiladi.

Vaksinalar boʻyicha Gavi ittifoqi roʻyxatida ushbu dozalarni oluvchi Afgʻoniston, Suriya, Tojikiston, Misr, Qirgʻiziston, Pokiston, Oʻzbekiston va Yaman kabi 92 davlat bor.

Ushbu bayonot iyun oyi oxiriga qadar 80 million doza vaksina xayriya qilish va COVAX dasturini moliyalashtirish uchun 2 milliard dollar miqdorida mablagʻ ajratishga oid avvalgi vaʼdalar ortidan yangragan.

“Prezident Bayden davlatlar chegaralari bu pandemiyani tutib qola olmasligini aytar ekan, uning mamlakati vaksina zaxirasi boʻlishiga vaʼda berdi”, deyiladi bayonotda.

Juma kuni qariyb ikki yil ichida ilk bor yuzma-yuz uchrashuvga yigʻilgan G7 rahbarlari nochor mamlakatlarga yana yarim milliard vaksina xayriya qilishga vaʼda bermoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500