Karvonsaroy
Diplomatiya

Rossiya Eronga ilgʻor sunʼiy yoʻldosh tizimini yetkazib bermoqchi

Karvonsaroy va AFP

image

22-aprel kuni chop etilgan suratda Eron hududidan uchirilgan harbiy sunʼiy yoʻldosh tashuvchi raketa aks etgan. [IIPK]

VASHINGTON – Rossiya Eronga uning josuslik qobiliyatini sezilarli darajada oshiradigan zamonaviy sunʼiy yoʻldosh tizimini yetkazib berishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi AQSH ommaviy axborot vositalari.

Moskva Eronga yuqori aniqlikdagi kamera bilan jihozlangan “Kanopus-V” sunʼiy yoʻldoshini taqdim etishga hozirlik koʻrmoqda, deb yozadi payshanba (10-iyun) kuni Washington Post nashri.

Bu Eron islom respublikasiga oʻz dushmanlarining Yaqin Sharqdagi obʼektlarini kuzatib borish imkoniyatini beradi, deb yozadi nashr AQSH va Yaqin Sharqning hozirgi va sobiq amaldorlariga tayanib.

Bu xabar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan AQSH rahbarining ilk xorijiy safari doirasida chorshanba kuni Shveytsariyada boʻlib oʻtadigan muzokaralaridan bir necha kun oldin paydo boʻlgan.

Bu voqea muzokaralar oldidan saylovlarga aralashuvdan tortib, Rossiya hukumati bilan bogʻliq xakerlik hujumlarini oʻz ichiga oluvchi Vashington shikoyatlarining uzun roʻyxatiga qoʻshilishi mumkin.

Rasmiylarning taʼkidlashicha, ushbu sunʼiy yoʻldosh bir necha oy ichida uchirilishi mumkin. Bu Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) rahbarlarining Rossiyaga qilgan koʻplab safarlari natijasidir.

Rasmiylar tomonidan tarqatilgan tafsilotlarga koʻra, sunʼiy yoʻldosh Rossiyadan uchiriladi, uning tarkibida Rossiyada ishlab chiqarilgan qurilmalar mavjud boʻladi.

Eron yangi sunʼiy yoʻldoshga oʻzi tanlagan joylarda josuslik qilishga “koʻrsatma” berishi mumkin.

Eron bu kabi tasvirlarni Yaman, Iroq va Livandagi ishonchli vakillari bilan boʻlishishi mumkin degan xavotir bor, deydi rasmiylardan biri Eronning ballistik raketalar va uchuvchisiz uchar qurilmalar ishlab chiqarishi bilan bogʻliq boshqa xavotirlarni ham nazarda tutib.

Rossiyalik ekspertlar Eron shimolidagi Karaj shahri yaqinida qurilgan obʼektdan yoʻldoshni boshqaradigan jamoalarni oʻqitishda yordam berishgan”, deyiladi maqolada.

Mazkur bitim Tehronga Fors koʻrfazi, Isroil bazalari va Amerikaning Iroqdagi qoʻshinlari hozirligini yanada koʻproq nazorat qilishga imkon berishi mumkin.

Bitim tafsilotlari jahonning qudratli davlatlari Eron bilan 2015-yilgi yadroviy kelishuvni qayta tiklashga urinayotgan, ammo Eron rejimining davomli qoidabuzarliklari, shu jumladan may oyi oxirida “BMTning Erondagi boyitilgan uran zaxirasi ruxsat etilganidan 16 baravar koʻp” degan xavotirlari kelishuv taqdiriga soya solib turgan bir paytda paydo boʻldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni bu xabarni rad etdi.

Eron-Rossiya hamkorligi

Eronning harbiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash Rossiyaga ikkala rejim halokatli qurbonlar evaziga Suriya prezidenti Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlagan Suriyada erishgan yutuqlarini mustahkamlashga yordam beradi.

Eron va Rossiya oʻz geosiyosiy taʼsirini kuchaytirish uchun Suriyadagi mojaroga bir necha yillar davomida jangarilar va mablagʻ jalb qilib kelgan.

Bu jangarilar orasida Rossiyaning yollanma askarlari , jumladan, “Vagner” va “Vega” guruhlari aʼzolari ham boʻlgan, ular haqiqatnamo inkor etish niqobi ostida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyruqlarini bajarish bilan shugʻullanadi.

Eron oʻtmishda ham Rossiyaning xalqaro sahnadagi qoʻllab-quvvatlovidan foydalangan.

Oʻtgan yil avgust oyida Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Eronga qarshi qurol-aslaha embargosini uzaytirmaslikka ovoz bergan davlatlar safiga kirgan edi – bu Eron islom respublikasiga xalqaro bozorda qurol-yarogʻ sotib olish hamda butun mintaqadagi ishonchli vakillarini xavfli va vaziyatni beqarorlashtiruvchi qurollar bilan taʼminlash imkonini bergan.

Rossiya ham Eronning sunʼiy yoʻldoshlar uchirish huquqini himoya qilgan.

2020-yilda AQSH harbiylari tomonidan “qulayotgan veb-kamera” deb taʼriflangan Eronning ilk harbiy sunʼiy yoʻldoshi uchirilganida , Rossiya Eronning Tehronga yadroviy quvvatga ega ballistik raketalar bilan bogʻliq har qanday harakatlarni taqiqlovchi 2015-yilgi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini buzayotgani haqidagi daʼvolarni rad etgandi.

Qoʻshma Shtatlarning ogohlantirishicha, koronavirus pandemiyasi zarbasiga uchragan paytda Eron tomonidan amalga oshirilgan parvoz Tehronning raketalar ishlab chiqarish faoliyati uchun niqob boʻlgan va uzoq masofa uchuvchi raketalar salohiyatining sezilarli rivojini anglatishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Lapti boʻlaklari va ichak-chavogʻi toʻkilgan balalaykadan yasalgan bu buyumning ucha olishiga shubham bor ))

Javob berish

Qandaydir buzuq yoki brak bir narsa boʻladi. Rossiyada ishlab chiqarilgan-ku

Javob berish