Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoyning Shinjondagi siyosati 4 milliondan ziyod musulmon goʻdaklarning tugʻilishiga toʻsiq boʻlishi mumkin

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning Anxoy provinsiyasi Fuyan shahridagi kasalxonaning pediatriya boʻlimida yangi tugʻilgan chaqaloqni ovqatlantirayotgan tibbiy xodim. [STR/AFP]

Xitoyning Anxoy provinsiyasi Fuyan shahridagi kasalxonaning pediatriya boʻlimida yangi tugʻilgan chaqaloqni ovqatlantirayotgan tibbiy xodim. [STR/AFP]

PEKIN – Xitoyning Shinjondagi uygʻurlar va boshqa turkiyzabon milliy ozchiliklar sonini kamaytirishga qaratilgan siyosati keyingi yigirma yil ichida toʻrt millionga yaqin musulmon chaqaloqlarning tugʻilishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Prognozlar shuni koʻrsatmoqdaki, Shinjon janubining uygʻurlar yashaydigan markazida ozchiliklar orasida tugʻilish koeffitsentining pasayishi xanlar (Xitoyning qolgan qismidagi koʻpchilik) ulushining hozirgi 8,4% dan 25% gacha oshishiga olib kelishi mumkin.

Pekin tarixan iqtisodiy tengsizlik va vaqti-vaqti bilan tartibsizliklar avj olgan chegaradagi ulkan hududda bir necha yillardan buyon oʻz nazoratini kuchaytirishga intilib keladi.

Shinjon demografiyasidagi hiyla-nayranglar

Soʻnggi oʻn yilliklar ichida koʻmir va gazga boy mintaqada ish topish uchun millionlab xitoylik xanlar Shinjonga koʻchib oʻtganlar. Aholining koʻchishi joylarda tanglik keltirib chiqargan.

Xitoyning Shinjon viloyati Qashgʻar shahri koʻchalarining birida bolalar bilan birga turgan uygʻur ayoli, 2019-yil, 4-iyun. [Greg Beyker/AFP]

Xitoyning Shinjon viloyati Qashgʻar shahri koʻchalarining birida bolalar bilan birga turgan uygʻur ayoli, 2019-yil, 4-iyun. [Greg Beyker/AFP]

2019-yil 13-sentabrda olingan bu suratda Xitoyning Shinjon viloyatida etnik uygʻurlar yashaydigan kichik qishloqdagi koʻchalarning birida ishlayotgan odamlar aks etgan. [Gektor Retamal/AFP]

2019-yil 13-sentabrda olingan bu suratda Xitoyning Shinjon viloyatida etnik uygʻurlar yashaydigan kichik qishloqdagi koʻchalarning birida ishlayotgan odamlar aks etgan. [Gektor Retamal/AFP]

Nemis tadqiqotchisi Adrian Zensning soʻzlariga koʻra, xavfsizlik sohasidagi xitoylik ekspertlarning omma uchun ochiq hujjatlarida ozchiliklarning zichligi notinchlikning “asosiy sababi” deb koʻrilgan va xavfni kamaytirish usuli sifatida aholini shu yoʻsinda nazorat qilish taklif etilgan.

Shu bilan birga, qurgʻoqchil mintaqada xanlarning koʻchib oʻtishini qoʻllab-quvvatlash uchun tabiiy resurslarning yetishmasligiga oid qoʻrquvlarning rasman tasdiqlangani – Xitoy hukumati tugʻilishni kamaytirish orqali hududning demografik tarkibini nazorat qilmoqchi ekanligini koʻrsatgan.

31-may kuni Pekin oiladagi farzandlar sonini tartibga solishga qaratilgan siyosatga oid yirik islohotni eʼlon qilar ekan, mamlakat aholisi keksayib borayotgani sababli ularning ruxsat etilgan sonini uchtaga oshirgan.

Ammo olimlarning taʼkidlashicha, Xitoy rejimi Shinjonda barcha goʻdaklarni birdek kerakli deb hisoblamaydi va etnik ozchiliklarning oilalarida tugʻiladigan bolalar sonini kamaytirish siyosatini yuritmoqda.

Jumladan, mintaqada tugʻilishni nazorat qilishga oid siyosatni qatʼiylashtirish rejalashtirilmoqda – majburiy sterilizatsiya va koʻp bolalilarni qamoqqa olish shular jumlasidandir.

Shinjon janubidagi toʻrtta prefekturaga eʼtibor qaratib, koʻplab xitoylik olimlar tomonidan taqdim etilgan modellardan foydalangan holda, Zens Pekinning “anʼanaviy uygʻur yerlaridagi” xanlar ulushini aholining toʻrtdan biriga yetkazish niyatida ekanligini aniqlagan.

Zensning aytishicha, Xitoy “Shinjon janubidagi xan aholisini mutanosib ravishda koʻpaytirish uchun etnik ozchiliklar orasidagi tugʻilish darajasini kamaytirmoqchi”.

“Bola ishlab chiqaradigan mashina emas”

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Shinjondagi tugʻilish darajasi 2017-yildan 2019-yilgacha qariyb ikki baravarga kamaygan – bu Xitoyning barcha mintaqalari ichidagi va 1950-yildan buyon global miqyosdagi eng keskin pasayishdir, deyiladi Avstraliya strategik siyosat institutining hisobotida.

Joriy yil boshida xitoylik diplomatlar aholi sonining kamayganini rejimning ekstremizmga qarshi choralarining ijobiy natijasi qilib koʻrsatishga uringan edilar.

Shinjondagi uygʻur ayollari hurfikrlikka erishdilar, gender tengligi va reproduktiv salomatlik targʻiboti tufayli ular “bola ishlab chiqaradigan mashina” maqomidan xalos boʻldilar”, deb yozgan edi AQSHdagi Xitoy elchixonasi oʻz tvitterida.

Tvitda davlat siyosatining jarchisi boʻlgan China Daily gazetasining 7-yanvardagi maqolasiga havola berilgan boʻlib, Unda Shinjondagi tadqiqot markazining 2018-yildan beri viloyatdagi aholi sonining oʻzgarishi haqida shu vaqtga qadar eʼlon qilinmagan hisoboti zikr qilingan.

“Shinjon aholisi diniy ekstremizm sababli farzandlar sonini cheklashga qarshi boʻlgan. Bu kabi ekstremistik mafkuraga qarshi kurash uygʻur ayollariga tugʻish yoki tugʻmaslik haqida mustaqil qaror qabul qilishga yordam berdi”, deyiladi maqolada.

Zens tanqid qilingan maqolada yozilishicha, “Gʻarb olimlari va siyosatchilari daʼvo qilayotganidek, uygʻur aholisi sonidagi oʻzgarishlar “majburiy sterilizatsiya” bilan bogʻliq emas”.

Zensning soʻnggi tadqiqotiga koʻra, bu holatning oldi olinmas ekan, 2040-yilga kelib janubiy Shinjondagi etnik ozchilik aholisi soni 13,14 millionga yetishi mumkin.

Unga koʻra, bostirish choralari bu vaqt ichida uygʻurlar va boshqa etnik ozchiliklar orasida 4,5 milliongacha tugʻilishning oldini olishi mumkin.

“Jiddiy xavotirlar”

Xitoyning Shinjondagi siyosatiga nisbatan dunyo davlatlarining eʼtirozi kuchayib bormoqda. Xalqaro hamjamiyat Pekin ushbu hududda qatliom siyosatini olib bormoqda, deb hisoblaydi.

Seshanba (22-iyun) kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) inson huquqlari kengashida qatnashgan Kanada boshchiligidagi 40 dan ortiq mamlakat Xitoyning Shinjon, Honkong va Tibetdagi harakatlari yuzasidan “oʻzining jiddiy xavotirlarini” izhor etgan.

Bu bayonotni Avstraliya, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Ispaniya, AQSH va boshqa davlatlar qoʻllab-quvvatlagan.

2019-yilda BMT inson huquqlari boʻyicha raisi Mishel Bacheletga yoʻllangan, Xitoyning uygʻurlarga munosabati qoralangan dastlabki hujjatga 22 elchi imzo chekkan boʻlsa, bugunga kelib ularning soni oshgan.

Pekin Bachelet va boshqa mustaqil kuzatuvchilarga Shinjonga “zudlik bilan, cheklovlarsiz kirishga” ruxsat berishi hamda uygʻurlar va boshqa musulmon ozchiliklarning “oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishini” toʻxtatishi lozim, deyiladi bayonotda.

“Ishonchli xabarlarga koʻra, Shinjonda bir milliondan ortiq odam oʻzboshimchalik bilan hibsga olingan va uygʻurlar hamda boshqa ozchiliklarga mansub shaxslar nomutanosib tarzda keng miqyosli kuzatuvga olingan, asosiy erkinliklar va uygʻurlar madaniyati cheklangan”, deyiladi unda.

Hibsga olinganlar orasida uygʻurlar, etnik qozoqlar va qirgʻizlar hamda boshqa musulmon ozchiliklar vakillari bor.

Bayonotda qiynoqlar yoki shafqatsiz, gʻayriinsoniy va odamni tahqirlovchi munosabat yoki jazo choralari, majburiy sterilizatsiya, jinsiy va genderga oid zoʻravonliklar, ota-onalardan bolalarni majburiy mahrum qilish haqidagi xabarlar tilga olingan.

Shuningdek, qoʻshma deklaratsiyada Honkongda asosiy erkinliklar bilan bogʻliq vaziyatning yomonlashgani va Tibetdagi inson huquqlari holatiga oid xavotirlar izhor etilgan.

Pekin uygʻurlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlayotganini rad etadi va terrorchilikni yoʻq qilishga hamda boʻsh ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan“kasb-hunar taʼlimi markazlari” faoliyat yuritayotganini daʼvo qiladi.

“Etnik ozchiliklar yashaydigan Shinjon va Tibet kabi joylar Xitoydagi inson huquqlari taraqqiyotining yorqin namunasi sifatida ajralib turadi”, deb aytgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi Vang Yi 22-fevral kuni.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Alloh taolo har bir insonga hayot beradi, agar kim uning qonuniga qarshi chiqsa, oxir oqibat barcha tirik jonning Yaratuvchisidan oʻlim topadi.

Javob berish

80 yil avval nemis fashizmi yoʻq qilingani kabi, Xitoy fashizmiga ham barham berilishi lozim.

Javob berish