Karvonsaroy
Biznes

Oʻzaro ishonchning yangi davrida Tojikiston-Oʻzbekiston hamkorligi jadallashmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Oʻzbekistonga tojik gilamlarini eksport qilish taklifi doirasida tojik gilam ishlab chiqaruvchi korxonasiga tashrif buyurdi. [Sugʻd viloyati matbuot xizmati]

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Oʻzbekistonga tojik gilamlarini eksport qilish taklifi doirasida tojik gilam ishlab chiqaruvchi korxonasiga tashrif buyurdi. [Sugʻd viloyati matbuot xizmati]

DUSHANBE – Tojikiston va Oʻzbekiston COVID-19 pandemiyasi vaqtida yopilgan umumiy chegaralarni ochishga tayyorlanar ekan, qoʻshma iqtisodiy korxonalar va hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyi boshida Tojikistonga rasmiy tashrifi chogʻida bir qancha shartnomalarni imzoladi.

Ushbu hujjatlar toʻplami koʻplab biznes sohalari, shuningdek, tibbiyot va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni oʻz ichiga oluvchi 36 ta protokol va bitimdan iborat.

“Men Oʻzbekistonning Tojikistonga chegaradosh barcha viloyatlari va shaharlari hokimlariga samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish topshirigʻini berdim... biz prezidentlar, hukumatlar, viloyatlar, shaharlar va tumanlar darajasida hamkorlikni taʼminlaymiz” dedi Mirziyoyev 10-iyun kuni Dushanbeda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

14-aprel kuni olingan surat: Tojikistondagi “Xoʻjand Atlas” toʻqimachilik fabrikasi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

14-aprel kuni olingan surat: Tojikistondagi “Xoʻjand Atlas” toʻqimachilik fabrikasi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Tojikistonning Qayroqqum shahrida olingan ushbu fotosuratda toʻqimachilik mahsulotlari aks etgan. 11-iyun kuni imzolangan shartnomalar doirasida Oʻzbekiston Tojikistonning faol modernizatsiya qilingan toʻqimachilik korxonalaridan biri – Qayroqqum gilamlari korxonasini rivojlantirishga koʻmaklashmoqchi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Tojikistonning Qayroqqum shahrida olingan ushbu fotosuratda toʻqimachilik mahsulotlari aks etgan. 11-iyun kuni imzolangan shartnomalar doirasida Oʻzbekiston Tojikistonning faol modernizatsiya qilingan toʻqimachilik korxonalaridan biri – Qayroqqum gilamlari korxonasini rivojlantirishga koʻmaklashmoqchi. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Oʻz navbatida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon shunday dedi: “Biz oʻzbekistonlik doʻstlarimizga Tojikistonda yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, togʻ-kon sanoati va rangli metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar bazasida, shuningdek, erkin iqtisodiy hududlarda qoʻshma korxonalar tashkil etish taklifini bildirdik.”

“Bu – ikkala mamlakat aholisi allaqachon his qilgan oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichi”, deydi Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi vakili Nargis Shamsiyeva.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari koʻplab boshqa iqtisodiy tashabbuslarga ham boshlamoqchi, dedi Shamsiyeva.

Masalan, oʻzbekistonlik sarmoyadorlar zich ipakdan tabiiy boʻyoqlar bilan tayyorlanadigan mato – atlas bilan mashhur boʻlgan Tojikistondagi Xoʻjand Atlas (hozirgi Atlasi Xoʻjand) fabrikasida shoyi toʻqishni qayta tiklashga yordam berishni oʻz zimmalariga oldilar.

“Oʻzbekistonlik investorlar “Atlasi Xoʻjand” kompaniyasiga keyinchalik uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun ipak ishlab chiqarishni tiklashga yirik mablagʻ yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda”, dedi 11-iyun kuni Oʻzbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov.

Yaqinda “Atlasi Xoʻjand” egasi Azimjon Gʻofurov Samarqand pillachilik kombinati rahbariyati bilan mato uchun zarur boʻlgan ipak ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.

“Biz qariyb 20 yildan beri xomashyo bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqdamiz. Soʻgʻd viloyatida faoliyat yuritayotgan yagona ipak ishlab chiqarish zavodi – VT “Silk” (Vьetnam-Tojikiston qoʻshma korxonasi) ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan ehtiyojlarni qondira olmaydi” dedi u.

“Natijada ishimiz toʻxtab qolmoqda. Koʻpincha ishchilarimiz va mutaxassislarimizni majburiy taʼtilga chiqarib yuboryapmiz”, dedi u.

Oʻzbekistondagi yangi sheriklarimiz “bizni qoʻllab-quvvatlashga tayyor”, deb qoʻshimcha qildi Gʻofurov.

Gʻofurovning soʻzlariga koʻra, xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish atlas ishlab chiqarishni tiklashga va mahsulot hajmini bosqichma-bosqich oshirib borishga imkon beradi.

“Ikki mamlakat prezidentlarining uchrashuvidan soʻng, oʻzbekistonlik sheriklarimiz bilan qoʻshma loyihamizni amalga oshirish istiqboli paydo boʻldi”, dedi u.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar 2016-yilda Mirziyoyev hukumatga kelganidan beri shu qadar yaxshilandiki, oʻzaro tovar aylanmasi ikki yil ichida 1 milliard dollardan oshishiga umid qilinmoqda. Oʻzbekiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda Tojikiston-Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo hajmi 500 million dollardan oshgan.

Agar savdo hajmi chindan ham shu darajaga yetadigan boʻlsa, bu raqam Tojikistonning 2020-yilda oʻz qoʻshnisi Rossiya bilan qayd etgan koʻrsatkichidan ham oshadi – bu mintaqaviy aloqalarning yaxshilangani va sobiq mustamlakachiga qaramlikning kamayganidan dalolat beradi.

Energetika sohasidagi hamkorlik

Diqqatga sazovor kelishuvlardan biri Tojikistonning uchinchi eng uzun daryosi – Zarafshonda ikkita gidroelektrostantsiya barpo etishdir.

Oʻzbekiston energetika vazirligining xabar berishicha, ushbu loyihalarning umumiy qiymati 552 million dollarni tashkil etadi (282 mln va 270 mln dollar). Moliyalashtirishning bir qismi xalqaro moliyaviy institutlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Mos ravishda 140 MVt va 135 MVt quvvatga ega boʻladigan ikkita elektrostantsiya yiliga jami 1,4 milliard KVt/s elektr toki ishlab chiqarishi mumkin va Oʻzbekistonning sanoat hududlaridan biri boʻlgan Samarqand viloyatining energiya taʼminotini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda gaz va koʻmirga qaram boʻlgan Oʻzbekiston uchun yangi elektrostantsiyalar katta iqtisodiy manfaat keltirishi va ekologik muammolarni hal qilishi mumkin.

Zarafshon daryosida orasini 100 km uzoqlikda qilib gidroelektrostantsiyalar qurish juda qulay. Bu bilan Zarafshondan pastda joylashgan Oʻzbekiston duch kelishi mumkin boʻlgan qurgʻoqchilik kabi qishloq xoʻjaligiga oid muammolarini bartaraf qila oladigan suv omborlari ham quriladi.

Oʻz navbatida Zarafshon togʻlarida katta miqdorda foydali qazilma boyliklar va yirik togʻ-kon kompaniyalariga ega Tojikiston ham shu hududda elektrostantsiya qurishdan manfaatdor.

“10 yil oldin Oʻzbekiston Tojikiston bilan GES qurilishida hamkorlik qilishiga ishonish qiyin edi”, deydi Tojikistonning “Barki Tojik” energetika xoldingida yigirma yildan ortiq ishlagan Nozir Yodgoriy.

“Mamlakatimiz juda katta gidroenergetika quvvatiga ega. Ayni vaqtda 527 milliard kilovatt/soatga teng deb baholanayotgan quvvatning faqat 5 foizidan foydalanyapmiz, xolos”, deydi Yodgoriy.

“Oʻzbekiston va Tojikiston bu resurslarni birgalikda, bir-birlarining imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻzlashtirishlari mumkin.”

Tranzit

Soʻnggi kelishuvlar Oʻzbekiston va Tojikiston chegaradagi oʻtish punktlarini ochishga hozirlik koʻrayotgan bir vaqtda imzolandi. Chegaralar koronavirus pandemiyasi sababli yopilgan edi.

Soʻnggi kelishuvlar toʻplamida rasmiylar ikki mamlakat oʻrtasidagi sayohat va Oʻzbekiston boʻylab mahsulotlar tranzitiga oid qoidalarni oʻzgartirishga kelishib olishgan.

“Tojikiston tarafidan xalqaro donorlar yordamida uzoqni koʻzlab Oʻzbekiston chegarasigacha qurilgan transport yoʻlaklari mamlakatga yakkalanib qolmaslikka yordam beradi”, deydi xoʻjandlik Maʼruf Mahkamov.

“Bu ayniqsa, yuklarning harakatlanishiga taalluqli, bunga taqiq qoʻyish iqtisodga jiddiy zarba beradi”, deydi Mahkamov.

Temir yoʻl aloqasini toʻliq tiklash masalasida hukumat darajasidagi muzokaralar olib borilmoqda, deydi Soʻgʻd viloyati hokimi oʻrinbosari Yaʼqubiy.

Karimov hukmronligi davrida Oʻzbekistonning Tojikiston bilan temiryoʻl aloqalari toʻxtatib qoʻyilgan edi.

“Bizda dizel lokomotivlar, Oʻzbekistonda esa elektr poyezdlar bor. Tojikiston temir yoʻlini elektr quvvatiga oʻtkazish muhim masala, Oʻzbekiston bu borada bizga yordam berishga tayyor”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500