Karvonsaroy
Xavfsizlik

AQSH va Qozogʻiston Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonga yordam berish yoʻlida birlashmoqda

Kanat Altinbayev

KazAID boshqaruvi raisi Dastan Yeleukenov va USAID mintaqaviy missiyasi rahbari Kristofer Edvards 24-iyun kuni Nur-Sultonda oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

KazAID boshqaruvi raisi Dastan Yeleukenov va USAID mintaqaviy missiyasi rahbari Kristofer Edvards 24-iyun kuni Nur-Sultonda oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

OLMAOTA – Qoʻshma Shtatlar va Qozogʻiston yordamga muhtoj qoʻshni mamlakatlarga koʻmaklashish hamda inson huquqlarini himoyalash yoʻlida yanada jipslashmoqda.

Yaqinda AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Qozogʻiston xalqaro taraqqiyot agentligi (KazAID) taraqqiyotga koʻmaklashish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

24-iyun kuni imzolangan hujjatda KazAID boshqaruvi raisi Dastan Yeleukenov va USAID mintaqaviy missiyasi rahbari Kristofer Edvards vakilligidagi tomonlar qator sohalarda oʻzaro sheriklik aloqalarini kengaytirishga kelishib oldilar, deyiladi AQSH elchixonasi bayonotida.

Hujjat Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda demokratik tamoyillarni ilgari surish va inson huquqlarini himoyalash, iqtisodiy taraqqiyotni kengaytirish, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, aholi salomatligi va farovonligini yaxshilash, qashshoqlikka barham berish maqsadlarini koʻzlaydi.

Yangi imzolangan bitimni sharhlar ekan, mintaqadagi kuzatuvchilar qoʻshni davlatlardagi taraqqiyotga koʻmaklashish bu mamlakatlar xavfsizligi va barqarorligini saqlashga yordam berishini taʼkidladilar.

USAID va KazAIDning qoʻshma tajribasi, dasturlari va resurslari sherik mamlakatlarda taraqqiyot maqsadlariga erishishda hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlaydi, deb bayonot berdi AQSHning Nur-Sultondagi elchixonasi.

Maqsad – Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda yuqori sifatli va barqaror rivojlanish natijalariga erishish uchun ularning salohiyatini oshirish, deyiladi bayonotda.

Bu ikki tashkilot Qozogʻiston hukumati KazAIDni taʼsis etganidan bir oy oʻtib, 12-yanvar kuni ilk marta hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Shu munosabat bilan USAID vakili Xaver Pedra Nur-Sultonda KazAID koordinatori Rapil Joʻshiboyev bilan xalqaro rivojlanish va gumanitar yordam sohasidagi hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida maslahatlashdi, deyiladi oʻsha kungi AQSH elchixonasi xabarida.

Ular istiqboldagi hamkorlikka oid strategik imkoniyatlarni ham koʻrib chiqdilar.

Piyedraning taʼkidlashicha, Qozogʻiston 1992-yildagi USAID koʻmagini oluvchi mamlakatdan xalqaro donor darajasiga koʻtarildi. U Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlikda endi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari taraqqiyotiga koʻmaklashmoqda.

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash

Qozogʻiston mamlakat tashqi ishlar vazirligi orqali xalqaro grantlar va imtiyozli kreditlar ajratadi, ustuvor tarmoqlarda yangi obyektlar quradi, qoʻshma jamgʻarmalar tashkil etadi, xalqaro tashkilotlarga texnik koʻmak beradi va ixtiyoriy badallarni toʻlaydi.

Kuzatuvchilarga koʻra, KazAIDni taʼsis etishda USAID namuna qilib olingan.

Taraqqiyotga koʻmaklashish qoʻshni mamlakatlarga xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga yordam beradi, deydi Olmaotadagi Yevroosiyo tadqiqot instituti ilmiy xodimi Albina Muratbekova.

Bu donor mamlakatning ijobiy imidjini ham yuksaltiradi, dedi u.

Qozogʻiston Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga muntazam ravishda gumanitar yordam koʻrsatib kelmoqda, dedi u KazAID bu amaliyotni tizimlashtirishini taʼkidlab.

“Umid qilamizki, KazAID jamoatchilik uchun shaffoflikni oshiradi va biz Qozogʻistonning gumanitar faoliyatiga oid rasmiy statistik maʼlumotlarni koʻra olamiz”, dedi u va KazAIDning tashkil etilgani mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy va taʼlim sohalaridagi taraqqiyotga koʻmak boʻlishini taʼkidladi.

Sovet Ittifoqidan keyingi iqtisodiy tiklanish

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin, 90-yillarda Qozogʻiston boshqa postsovet davlatlari singari ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qoldi, koʻplab korxonalar inqirozga uchradi.

1992-yilda USAID koʻchmas mulk va kapital bozorlarini rivojlantirish, qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish hamda qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga yordam bera boshladi.

2006-yilda Qozogʻiston hukumati asosan kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy savdoga yoʻnaltirilgan USAID dasturlarini birgalikda moliyalashtirishga kirishdi.

Bu loyihalar, shuningdek, OAV faoliyatining cheklangani va mamlakat boshqaruvida jamoatchilikning faol emasligi, shuningdek sovet davri merosi boʻlgan qimmat va samarasiz sogʻliqni saqlash tizimi kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan.

USAID, shuningdek Qozogʻiston hukumati bilan demokratik va siyosiy islohotlarini ilgari surish va mamlakat sogʻliqni saqlash sohasida sil, OITS va yaqindan beri COVID-19 kabi kasalliklarni davolashni yaxshilash yoʻlida hamkorlik qilib kelmoqda.

Mintaqada shakllanayotgan yetakchi

Mustaqil Qozogʻiston asosan AQSH va Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikda oʻz energetika sanoatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotini tanazzuldan olib chiqqan.

U 2000-yillarda iqtisodiy qudrati oshgani sayin, mintaqadagi yetakchi mamlakatga aylana boshladi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida Qozogʻiston rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash uchun xorijiy davlatlarga 542 million dollardan koʻproq mablagʻ ajratdi.

Shu tariqa u “yordam oluvchi mamlakatdan boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonga yordam berish yoʻlida donor davlatlar bilan hamkorlik qiluvchi xalqaro donorga aylandi”.

U mintaqaviy va global xavfsizlik, sherik mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligi va atrof-muhitni muhofaza qilishni qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ ajratgan.

Qozogʻistonning ustuvor vazifalaridan biri nafaqat milliy, balki mintaqaviy xavfsizlikni ham qoʻllab-quvvatlashdir, deydi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar institutining harbiy tahlilchisi Georgiy Dubovtsev.

“Eng avvalo, bu Markaziy Osiyo uchun dolzarb boʻlgan terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashish demakdir, ayniqsa Afgʻonistondagi ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda”, dedi Dubovtsev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻiston xalqiga yordam berishsa yaxshiroq boʻlardi, mamlakatni yarmi qashshoqlikda kun kechirmoqda

Javob berish