Karvonsaroy
Xavfsizlik

Markaziy Osiyo davlatlari Tolibonning chegaradagi faollashuviga javoban xavfsizlikni kuchaytirmoqda

Jumaguli Annayev

24-iyun kuni harbiy mashqlar oʻtkazayotgan oʻzbek askarlari. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

24-iyun kuni harbiy mashqlar oʻtkazayotgan oʻzbek askarlari. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

ASHXOBOD – Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari Tolibonning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqdalar – xalqaro kuchlar mamlakatdan chiqib ketayotgan bir paytda jangari guruh oʻz hujumlarini jadallashtirgan.

Tolibon hatti-harakatlari nafaqat kutilmagan, balki 2020-yil fevralda imzolangan tinchlik shartnomasidagi majburiyatlarga xilof boʻlib chiqdi. Ular afgʻon kuchlariga qarshi jang qilishda davom etib, terrorchi guruhlar, xususan “Al-Qoida” bilan aloqalarni saqlab qolishgan , deyiladi xabarda.

Soʻnggi haftalarda Tolibonlar hujumi Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi uch qoʻshnisi: Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston chegaralariga qadar yetib borgan.

22-iyun kuni toliblar Afgʻonistonning Tojikiston bilan asosiy chegara hududi boʻlgan Qunduz viloyatidagi Sherxon Bandar qishlogʻini ishgʻol qilganlar, deb xabar berdi AFP.

Tolibonga qarshi janglarda Afgʻoniston xavfsizlik kuchlarini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻliga qurol olib toʻplanayotgan oddiy fuqarolar, 23-iyun, Hirot viloyatining Guzara tumani. [Xoshang Hoshimiy/AFP]

Tolibonga qarshi janglarda Afgʻoniston xavfsizlik kuchlarini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻliga qurol olib toʻplanayotgan oddiy fuqarolar, 23-iyun, Hirot viloyatining Guzara tumani. [Xoshang Hoshimiy/AFP]

3-iyun kuni olingan surat: Gʻazni viloyatining Andor tumanidagi bozor yaqinida motosikllar bilan turgan Tolibon jangarilari. [Vakil Kohsar/AFP]

3-iyun kuni olingan surat: Gʻazni viloyatining Andor tumanidagi bozor yaqinida motosikllar bilan turgan Tolibon jangarilari. [Vakil Kohsar/AFP]

Tolibon jangarilari 25-iyun kuni Qaramkoʻl va Gʻurmach aholi punktlarini oʻz nazoratiga oldi va Turkmaniston bilan chegaradan 32 km uzoqlikda joylashgan Faryob viloyatidagi Andxoy strategik shahrini qisqa vaqt ushlab turdi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining turkman xizmati xabar qilgan.

Afgʻoniston qurolli kuchlari Tolibonni Andxoydan quvib chiqardi, dedi Faryob viloyati politsiyasi vakili Abdul Karim Yoresh Ozodlikning turkman xizmatiga.

Tolibon kuchlari yaqinda Balx viloyatining Oʻzbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh Kaldar va Shoʻrtepa tumanlariga hujum qilgan, deb qoʻshimcha qiladi Ozodlik.

Afgʻoniston boʻylab sodir etilgan shu va boshqa hujumlar ortidan 29-iyun kuni AQSH harbiylari toliblar hujumni toʻxtatmasa, havodan oʻqqa tutilishi haqidagi ogohlantirish bilan chiqqan.

Chegaralar nazorati

Turkmanistonlik jurnalist va siyosatshunos Dovlet Miradovga koʻra, Ashxobod oʻz chegaralari va Afgʻonistondagi sarmoyaviy loyihalarini himoya qilish choralarini koʻra boshlagan.

“Afgʻoniston shimolidagi ekstremistik guruhlar jangarilari oʻtmishda boshqa davlat chegaralarini ham, suverenitetini ham tan olmasliklarini bir necha bor takrorlaganlar”, dedi u.

“Turkmaniston bilan chegaradosh tumanlarda yuz bergan soʻnggi voqealar Turkmanistondagi xavotirlarni kuchaytirdi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Tolibonga nisbatan ishonchsizlik va xavotirlar har doim boʻladi”, deydi u.

23-iyun kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Afgʻoniston chegarasidan 60 km uzoqlikda joylashgan Kerki shahridagi xalqaro aeroportning ochilish marosimida ishtirok etgan.

Marosim davomida u Turkmaniston havo kuchlarining soʻnggi xaridi – Italiyada ishlab chiqarilgan Alenia C-27J NG Spartan harbiy-transport samolyotini koʻzdan kechirgan.

Samolyot “qoʻshinlarni turkman-afgʻon chegarasining bir qismidan boshqasiga tezkor koʻchirishga moʻljallangan”, dedi Miradov mamlakat harbiy havo kuchlari ixtiyorida uchta shunday samolyot borligini qoʻshimcha qilib.

Shuningdek, Oʻzbekiston ham oʻzining jangovar shayligini kuchaytirmoqda, deb xabar berdi AKIpress 25-iyun kuni.

Oʻzbekiston mudofaa vazirligi kutilmaganda Toshkent va Janubi-gʻarbiy harbiy okruglarida jangovar shaylik sinovini oʻtkazgan, deb xabar beradi AKIpress.

AKIpress xabariga koʻra, tajriba almashinuvi va harbiy qismlar faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan taktik mashgʻulotlar Afgʻoniston bilan chegaradagi Angren va Termiz poligonlarida ham boʻlib oʻtdi.

Harbiy tahlilchilar toliblarning bostirib kirish ehtimolini istisno qilgan boʻlsa-da, gumanitar inqiroz ehtimoli saqlanib qolmoqda.

“Tolibonlarning aksari savodsiz va mutaassib boʻlsa-da, Turkmanistonning yerlari va boyliklariga tajovuz qilishga jurʼat etolmaydi, chunki ular bu kabi urinishlarning mamlakatimiz qurolli kuchlari tomonidan qatʼiyan bartaraf etilishini biladi”, deydi Turkmaniston Davlat chegara xizmatining oʻz familiyasini oshkor qilishni istamagan xodimi Rozigeldi.

“Biz Afgʻonistondan (asosan etnik turkmanlardan iborat) koʻp qochqinlar kelishini kutmayapmiz, ammo toliblar qasos olishi mumkin boʻlgan afgʻon chegarachilari va politsiyachilar bizning hududimizdan xavfsiz boshpana izlashi mumkin”, dedi u.

Rozigeldi toliblarga qarshi kurashayotgan mahalliy afgʻon safarbarlik kuchlari taʼsirini alohida taʼkidladi.

“Juzjon viloyatidagi afgʻonistonlik turkmanlar yashaydigan ayrim hududlar aholisi oʻz [safarbarlik] kuchlari yordamida hozircha vaziyatni nazorat qilib turibdi”, dedi u Turkmaniston davlat chegara xizmatining razvedka maʼlumotlariga asoslanib.

“Harbiy yechim yoʻq”

Jangovar shaylikka qaramay, Markaziy Osiyo rahbarlari chegarada jangovar harakatlar olib borilishiga qarshi.

Afgʻoniston mojarosini harbiy yoʻl bilan hal qilib boʻlmaydi, deydi Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov. U toliblar afgʻon hukumati bilan muzokaralar stoliga oʻtirishi kerakligini yana bir bor taʼkidlagan.

“Bu yerda, mintaqada qarashlar turlicha... afgʻon inqirozining harbiy yechimi yoʻqligini anglab yetishimiz kerak”, dedi u “Bu Amerika va dunyo” teleloyihasidagi Dennis Uoli bilan suhbatida.

“Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni masalasida mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi umumiy yondashuv zarur”, deb aytgan Komilov 24-iyun kuni YouTube tarmogʻiga joylangan suhbatda.

Bu orada Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 23-iyun kuni telefon orqali qozogʻistonlik va oʻzbekistonlik hamkasblari bilan Afgʻonistonning shimoliy viloyatlarida yuz bergan soʻnggi voqealarni muhokama qildi, deb xabar beradi “ASIA-Plus” 24-iyun kuni Rahmonning rasmiy saytiga tayanib.

Afgʻonistondagi vaziyat tanglikni kuchaytirib, mintaqaviy xavfsizlikka putur yetkazadi, deb qayd etganlar Rahmon va Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev.

Ular oʻz mamlakatlarining tegishli idoralari oʻrtasida muvofiqlashtirish choralarini davom ettirish va Afgʻoniston ichidagi tinchlik jarayoniga har tomonlama koʻmaklashish zarurligini taʼkidladilar.

Shu kunning oʻzida Rahmon Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Afgʻonistondagi harbiy-siyosiy vaziyatni muhokama qildi.

Ular Afgʻoniston ichidagi tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatishga oid saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500