Karvonsaroy
Xavfsizlik

Afgʻoniston hukumat kuchlari Tolibonga qarshi hujumga tayyorlanar ekan, Markaziy Osiyo mamlakatlari jangovar shaylikni kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

image

Tojikiston tezkor harbiy kuchlari, Tojikistonning Choruxdaron poligoni. [Neʼmatullo Mirsaidov]

KOBUL – Tolibon butun Afgʻoniston boʻylab hujumni davom ettirar ekan, qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari oʻz chegaralarini himoyalash va Afgʻoniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlarini (ANDSF) qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrmoqdalar.

Seshanba (6-iyul) kuni Afgʻoniston hukumati mamlakat shimolida toliblarning hujumiga qarshi turish uchun yuzlab maxsus qoʻshinlar va hukumatni qoʻllab-quvvatlovchi safarbarlik kuchlarini jalb etar ekan, yuzlab afgʻon askarlari qoʻshni Tojikistonga qochib oʻtgan.

Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) dushanba kuni Afgʻoniston qoʻshinlari tunda Tolibon bilan toʻqnashuvlardan soʻng mamlakatga oʻtganini tasdiqladi.

“Yaxshi qoʻshnichilik tamoyillarini inobatga olgan va Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashmaslik pozitsiyasiga rioya qilgan holda, Afgʻoniston hukumat kuchlari harbiy xizmatchilariga Tojikiston hududiga kirishga ruxsat berildi”, deyiladi Tojikiston davlat axborot agentligi tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.

image

Kobuldan 70 km shimolda joylashgan Bagʻromdagi AQSHning sobiq aviabazasi hududidagi kasalxona darvozasi oldida qoʻriqchilik qilayotgan Afgʻoniston milliy armiyasi (AMA) askari, 5-iyul. [Vakil Koxsar/AFP]

Bunga javoban Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon “Tojikiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi chegarani yanada mustahkamlash uchun 20 ming nafar zaxira qoʻshinini safarbar etish toʻgʻrisida” buyruq berdi, deyiladi prezident idorasi bayonotida.

AKIpress xabariga koʻra, Rahmon xavfsizlik kengashi aʼzolari hamda kuch va mudofaa tuzilmalari rahbarlariga Tojikiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi chegara xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrishni buyurgan.

Shuningdek, dushanba kuni Rahmon Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatlashdi, deyiladi Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Ikki davlat rahbarlari Tojikiston-Afgʻoniston munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, shu bilan birga Afgʻonistondagi ziddiyatlarning kuchayishi mintaqaga qanday taʼsir qilishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

“Zoʻravonlik va terror bilan tinchlikka erishib boʻlmaydi”

Afgʻonistonning bir necha viloyatlarida janglar avj olgan boʻlsa-da, isyonchilar asosan shimoldagi qishloq hududlari boʻylab harakatlarga zoʻr berganlar.

“Boy berilgan hududlarni dushmandan qaytarib olish uchun yirik hujum uyushtirishni rejalashtiryapmiz”, dedi Afgʻoniston mudofaa vazirligi vakili Favod Omon AFPga.

“Joylarda kuchlarimiz mazkur operatsiyaga hozirlik koʻrmoqdalar.”

Tahor va Badaxshon viloyatlariga yuzlab qoʻshinlar va hukumatni qoʻllab-quvvatlovchi safarbarlik kuchlari joylashtirildi.

Afgʻoniston mudofaa vazirligi mutasaddilari Tolibon hujumi tahdidi sharoitida yirik shaharlar, yoʻllar va chegara hududlari xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratishini maʼlum qilgan. Bu orada AQSH va NATO qoʻshinlarining 11-sentabrga belgilangan yakuniy chiqish jarayoni may oyida boshlangan boʻlib, rejaga muvofiq davom etmoqda.

ANDSF kuchlari mamlakat shaharlari ustidan nazoratni saqlab qolgan boʻlsa-da, aholisi kam qishloq hududlarining aksariyati boy berilgan.

“Aksariyat taslim boʻlgan tumanlar oson oʻljaga aylandi – ular olis, qoʻshin yuborish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan va katta strategik ahamiyatga ega emas”, deydi Xalqaro inqiroz guruhining Afgʻoniston boʻyicha katta tahlilchisi Endryu Uotkins.

Toliblar tinchlik va siyosiy kelishuvga erishishga oid muzokaralarda ishtirok etish oʻrniga, harbiy istilo uchun qoʻshin hozirlashga eʼtibor qaratgan koʻrinadi.

AQSH prezidenti Jo Bayden oʻtgan juma kuni Oq uydagi xavotirlarni aritishga uringan.

Uning soʻzlariga koʻra, AQSH harbiylari “uzoq istiqbolda” hukumat va uning kuchlariga yordam berish uchun harbiy qudratni ishga solish salohiyatini saqlab qoladi.

OAV xabariga koʻra, Pentagon AQSHning Kobuldagi ulkan diplomatik qarorgohini qoʻriqlash uchun Afgʻonistonda 600ga yaqin askarini qoldirishi mumkin.

AQSHning Kobuldagi yuqori lavozimli elchisi Ross Uilson isyonchilarni qattiq tanqid ostiga olgan.

“Zoʻravonlik va terror bilan tinchlikka erishib boʻlmaydi”, deb yozgan u shanba kuni oʻz Tvitterida.

“Taslim boʻlmaymiz”

Afgʻon qoʻmondoni, hozirda Bagʻrom aviabazasini (bu yerdan Amerika harbiy samolyotlari 20 yil davomida Tolibon yashiringan joylarini bombardimon qilgan) boshqarayotgan general Mir Asadulloh Koʻhistoniy afgʻon kuchlari jangarilardan himoyalanishga tayyorligini aytdi.

Koʻhistoniyning soʻzlariga koʻra, tolibonlar baza atrofidagi “qishloq hududlari boʻylab harakatlanayotgani” haqida xabarlar olingan.

“Dushmanning qarori qatʼiy, ular albatta shu yerga hujum uyushtiradi”, deydi Bagʻromdagi askarlardan biri Rafiulloh.

Ortida afgʻon harbiylarining ikki vertolyoti osmonga koʻtarilar ekan, “ularga imkon bermaymiz”, deb aytgan u.

“Bu yerga uxlagani kelmaganmiz. Bu yerdagi hamma Bagʻromni himoya qilish uchun kelgan. Jangovar ruhiyatimiz yuqori”, deb taʼkidlagan Rafiulloh.

Askarlardan yana biri namoyishkorona tarzda toliblarga qarshi kurashishga tayyorligini bildirdi.

“Biz chekinmaymiz, ammo qurol va yetakchilarimizning quvvatloviga muhtojmiz”, deb aytgan u.

Soʻnggi 24 soat ichida hukumat kuchlari bilan toʻqnashuvda 300 dan ortiq tolibon jangarilari yoʻq qilingan, deb xabar bergan shanba kuni mudofaa vazirligi.

Olib borilgan bir qator havo zarbalari, jumladan isyonchilar va hukumat askarlari muntazam toʻqnashib kelgan Helmand viloyatida shanba kuni erta tongda amalga oshirilgan hujumda koʻpchilik odam halok boʻlgan.

“Oxirgi kunlarda afgʻon havo kuchlari tolibonlar yashirinib olgan joylarga qarata havodan zarba berishi natijasida isyonchilar talofat koʻrdi”, deydi Helmand viloyati kengashi aʼzosi Otaulloh Afgʻon AFP nashriga.

Seshanba kuni bergan bayonotida mamlakat mudofaa vazirligi soʻnggi sutka davomida Lagʻmon, Nangarhor, Paktiko, Qandahor, Zabul, Bodgʻis, Balx, Juzjon, Helmand, Badaxshon, Qunduz va Kapiso viloyatlarida 261 ta tolibon aʼzosi oʻldirilgani va yana 206 tasi jarohatlanganini aytgan.

Shuningdek, vazirlikning dushanba kungi xabariga koʻra, Afgʻoniston harbiy havo kuchlari dushanba kuni mamlakatning janubi-gʻarbiy viloyatlaridagi xudkushlik hujumlari uchun masʼul boʻlgan tolibon aʼzosi Meʼrojni va u bilan birga besh nafar xudkushni nishonga olgan va yoʻq qilgan.

“Meʼroj Tolibonlarning janubiy viloyatlar boʻyicha harbiy qoʻmondoni Sodir Ibrohimning jiyani boʻlgan”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500