Karvonsaroy
Ta’lim

Oʻzbekistondagi noqonuniy diniy maktablarda kuzatilgan holatlar xavotirga sabab boʻldi

Rustam Temirov

Sanasiz surat: Sirdaryo viloyati markazi Gulistondagi noqonuniy maktabda stol atrofida oʻtirgan oʻquvchilar, may oyi. [Guliston viloyati IIB]

Sanasiz surat: Sirdaryo viloyati markazi Gulistondagi noqonuniy maktabda stol atrofida oʻtirgan oʻquvchilar, may oyi. [Guliston viloyati IIB]

TOSHKENT – Oʻzbekistondagi din peshvolari va noqonuniy diniy maktablardagi suiisteʼmol holatlarini koʻrgan ota-onalarga koʻra, diniy taʼlim faqat qonunchilik asosida va davlat tomonidan tasdiqlangan shaxslar tarafidan berilishi lozim.

Oʻtgan bir yilda Oʻzbekiston hukumati hujra deb ataluvchi bir qancha yashirin maktablar aniqlanganini iddao qilgan.

Kuch ishlatar idoralar xabarida aytilishicha, Sirdaryo viloyatidagi xonadonda rasmiy diniy maʼlumotga ega boʻlmagan er-xotin tomonidan tashkil etilgan noqonuniy maktabga 15 nafar oʻquvchi jalb qilingani aniqlangan. Ularning toʻqqiz nafari oʻgʻil, qolganlari ayollar va qizlardan iborat boʻlgan, deyiladi xabarda.

Tergovchilar maktabda dars bergan ayolning uyali telefonidan diniy mavzudagi bir qancha maʼruzalarni topishgan.

“Yoshlar” davlat telekanalining dekabr oyida namoyish etilgan lavhasida hujra oʻquvchisining orqasidagi jarohatlar koʻrsatilgan boʻlib, ular oʻqituvchi tarafidan ikki buklangan changyutgich kabeli bilan yetkazilgani aytilgan.

“Yoshlar” davlat telekanalining dekabr oyida namoyish etilgan lavhasida hujra oʻquvchisining orqasidagi jarohatlar koʻrsatilgan boʻlib, ular oʻqituvchi tarafidan ikki buklangan changyutgich kabeli bilan yetkazilgani aytilgan.

2020-yil dekabr oyida Toshkent shahar huquq-tartibot idoralari tomonidan yana uchta shunday noqonuniy maktab faoliyatiga chek qoʻyilgani aytiladi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilning birinchi yarmida 116 ta yashirin diniy maktab tugatilgan. 2017-yilda huquqni muhofaza qilish idoralari 33 ta shunday maktabni aniqlab, tarqatib yuborgan.

Noqonuniy maktablarda tahsil olayotgan oʻquvchilar koʻpincha turli qonunbuzarliklar xavfiga duch kelishgan.

Xabarda aytilishicha, 2017-yilda Surxondaryo viloyatidagi yashirin diniy maktab oʻqituvchisi olti yoshli Muhammadsodiq Abdurahmonovning oʻlimiga sababchi boʻlgan. Oʻqituvchi Sherali Ibodov yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Toshkentdagi yana bir yashirin maktabda oʻqituvchilar bolalarni changyutgich simi bilan urganlar, deyiladi 2020-yil dekabrda “Yoshlar” davlat telekanalida namoyish etgan lavhada.

“Zarbalardan ukamning tili osilib qoldi. Meni (tanamning) bitta joyiga 10 martalab urishdi, oʻzimni oʻlayotgandek his qildim”, deydi bolalardan biri olgan jarohatlari koʻrsatilgan videolavhada.

Lavhada maʼlum qilinishicha, huquq-tartibot idoralari tarafidan yopilgan boshqa yashirin maktablarda oʻquvchilar och qoldirilgan yoki ularga ekstremistik mazmundagi audio va videomateriallar bilan taʼsir oʻtkazishga harakat qilingan.

Majburiy diniy taʼlim

Oʻzbekistonda xususiy diniy taʼlim taqiqlangan. Mamlakatda amalda boʻlgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunga binoan voyaga yetmaganlarga dinni majburan oʻrgatish yoki ularni diniy tashkilotlar safiga yollash noqonuniy hisoblanadi.

Islomiy taʼlim davlat tarafidan nazorat qilinadi, davlat maktablarida din darslari oʻtilmaydi.

Islomiy ilm olishni istaganlar oʻrta maktabni tugatganlaridan keyingina madrasada yoki Toshkent islom institutida tahsil olishlari mumkin.

Ayrim ota-onalar oʻz farzandlarini hujralarga yuborib, u yerda ular “haqiqiy islom”ni oʻrganadilari deb ishonishadi, deydi Shvetsiyada yashovchi oʻzbekistonlik muxolifatchi siyosatchi Poʻlat Oxunov.

Uning aytishicha, “ular bu maktablardagi qatʼiy intizomga farzandlarini toʻgʻri yoʻlga yoʻllashda yordam beradi, degan umidda rozi boʻlishadi”.

“Ayrim ota-onalar oʻz farzandlarini shunday maktablarda oʻqishga majburlashi ham mumkin”, deydi Qoraqalpogʻistondagi kollejda tarix fanidan dars beradigan muallim, ikki farzandning 58 yoshli otasi Maksim Matnazarov.

Ular “ota-onasining koʻnglini qoldirmaslik uchun ogʻriq va xoʻrlikka” chidaydilar, dedi u ota-onalarning “ularga tanlash huquqini bermay, aksincha ular uchun tanlov qilishini” aytib.

“Bolalarni bunday nolegal maktablarga joylash yaxshi emas”, dedi u.

Fargʻona vodiysida yashovchi ikki farzandning otasi, 48 yashar Sanʼat Muhammadjonov hujralardagi zoʻravonliklar haqidagi xabarlardan gʻazablanganini aytadi.

“Ikki oʻgʻilning otasi sifatida farzandalarim qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, ularga zoʻravonlik qilinishiga yoʻl qoʻymayman”, dedi u farzandlarini bunday maktablarga bergan ota-onalarning javobgarlikka tortilishi kerakligini aytib.

“Men bu bechora bolalarning ota-onalarini sogʻlom fikrlashga chaqiraman”, dedi u.

Hech kim bolalarga diniy qarashlarni “majburlab oʻtkazish yoki singdirish” huquqiga ega emas, deydi Surxondaryo viloyati Termiz shahridan boʻlgan yurist Shahriddin Xolmurodov.

“Bunday xatti-harakatlar uchun noqonuniy maktablar asoschilari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin”, dedi u Oʻzbekiston konstitutsiyasining 31-moddasi vijdon erkinligiga bagʻishlanganiga ishora qilib.

“Insonnning istalgan diniga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslik huquqini koʻpchilik unutib qoʻyadi”, dedi u “diniy qarashlarni majburan qabul qildirish mumkin emasligini” taʼkidlab.

Ekstremizm xavfi

Ota-onalar va olimlar hujralarda oʻqishga majburlangan bolalar keyinchalik ekstremizm yoʻliga kirishi mumkinligidan xavotir bildirganlar.

Farzandlarini majburan shunday maktablarga beradigan ota-onalar “ularning bolaligini oʻgʻirlagan boʻladi”, deydi Matnazarov kelajakda bu bolalar hamma narsaga oʻz taʼlimoti prizmasi orqali qarashini taʼkidlab.

“Ularning aksariyati radikal dindorga aylanishi ehtimoldan xoli emas”, dedi u.

“Menimcha, hujradagi taʼlim oʻqituvchilarga nisbatan biroz xavf tugʻdiradi”, deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tarixchisi Sanobar Shodmonova.

“Ular kimlar va qanday diniy gʻoyalarga ega? Buni tushunish va nazorat qilish qiyin”, deya qoʻshimcha qildi u.

Hammasi qonun doirasida boʻlishi kerak, deydi Murchbobo masjidi imom-xatibi va Surxondaryo viloyati musulmonlari diniy idorasi vakili Abdurahmon Ramazonov.

“Oʻqituvchilar taʼlim berish litsenziyasiga ega boʻlishi lozim. Sinfda bolalarni urish mumkin emas. Bu hadislarda ham zikr qilingan. Oʻqituvchi qattiqqoʻllik qilishi mumkin, lekin u jismoniy zoʻravonlik ishlatmasligi kerak”, dedi u.

“Albatta, ikki baho qoʻyish va tanbeh berish mumkin. Agar bola yaxshi natijalarga erishsa, uni yaxshi baholar va maqtov bilan ragʻbatlantirish kerak. Ammo, shariatga koʻra, urib boʻlmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500