Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiya hukumati Markaziy Osiyoliklar uchun yangi “sodiqlik kelishuvini” joriy etmoqchi

Kanat Altinbayev

Migratsiya markazida ishlash va yashash ruxsatnomalarini uzaytirish uchun uchun navbatda turgan mehnat migrantlari. Sankt-Peterburg, 2020-yil. [Olga Maltseva/AFP]

Migratsiya markazida ishlash va yashash ruxsatnomalarini uzaytirish uchun uchun navbatda turgan mehnat migrantlari. Sankt-Peterburg, 2020-yil. [Olga Maltseva/AFP]

OLMAOTA – Rossiya hukumati mehnat migrantlariga mamlakatga kirishda “sodiqlik kelishuvini” imzolash talabini joriy etmoqchi. Bu – mamlakatda ishlashni istaganlarga nisbatan tobora kuchayib borayotgan cheklovlarning navbatdagisi boʻldi.

Taklif etilayotgan yangi federal qonun Rossiyaning 2019-2025 yillarga moʻljallangan migratsiya siyosati konseptsiyasining bir qismi boʻlib, unga koʻra chet elliklarga mamlakatda turish va qonuniy ishlashga oid qoidalarni oʻz ichiga olgan kelishuvni imzolash talabi qoʻyiladi, deb xabar berdi TASS 26-iyun kuni.

Hujjat yangi kelganlarning Rossiyaga kirish, yashash va chiqib ketish qoidalariga boʻysunishini taʼminlaydi, deb xabar beradi IIV.

“Sodiqlik kelishuvini” imzolash bilan, migrant, boshqa narsalar qatori, belgilangan qoidalarga rioya qilmaslik oqibatlaridan boxabar ekanligini tasdiqlaydi va Rossiyaga zarar yetkazmaslikka rozilik bildiradi.

Moskvadagi “Granel” developerlik kompaniyasiga qarashli qurilish maydonida ishlayotgan ishchilar, 12-mart. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Moskvadagi “Granel” developerlik kompaniyasiga qarashli qurilish maydonida ishlayotgan ishchilar, 12-mart. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Bundan tashqari, u kelishuvni buzgani uchun vataniga deportatsiya qilinishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplashga rozilik berishi lozim.

Ushbu qonun qabul qilinadigan boʻlsa, migrantlar kirish vizasini olganidayoq kelishuvni imzolashi kerak boʻladi.

Rossiyaga vizasiz kiradiganlar, yaʼni Rossiya hukmronligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar fuqarolari bitimni imzolashdan tashqari barmoq izlarini topshirishlari zarur.

Taklif etilayotgan qonun Rossiyaga kirish istagidagi migrantlarga nisbatan qatʼiylashib borayotgan cheklovlarning navbatdagisidir.

31-may kuni Rossiya hukumati migrantlarning rus tili hamda Rossiya tarixi va qonunlarini bilishini talab qiluvchi qarorni qabul qildi.

Migrantlar hatto mamlakatda vaqtinchalik boʻlish ruxsatnomasi uchun ham imtihon topshirishlari shart qilib qoʻyildi.

Bu orada 1 iyuldan mehnat migrantlarining barmoq izlari va fotosuratlarini olish boshlandi, bu talab faqat Markaziy Osiyo fuqarolariga tegishli. Belarusliklar bunday amaliyotlardan ozod qilingan.

Bundan tashqari, endi ishchi migrantlar Rossiya migratsiya idoralariga odam immunotanqisligi virusi (OIV), giyohvandlik yoki yuqumli kasalliklardan xoli ekanliklarini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni taqdim etishi shart, deb xabar beradi Current Time telekanali.

Bunday maʼlumotnomalarni olish uchun migrantlar bir talay shifokorlar, jumladan sil, tanosil kasalliklari va giyohvandlik boʻyicha mutaxassislar koʻrigidan oʻtishi kerak.

“Ahvol tobora yomonlashmoqda”

“Utro mira” nodavlat tashkilotining rahbari, moskvalik Valentina Chupikning taxminicha, yangi qonunlar va talablar Rossiyada korrupsiyaning yangi oʻramini vujudga keltiradi.

“Joriy amaliyotlar migrantlarning Rossiyada qonuniy maqomga ega boʻlishini qiyinlashtirdi”, dedi u.

U bunday choralar tufayli aholi salomatligi yoki mehnat migrantlarining rus tiliga oid bilimlari yaxshilanishiga ishonmasligini aytadi.

“Bu yerda hamma narsani pora hal qiladi, hatto rus tilida bitta soʻz ham oʻqiy olmaydigan migrant ham, puli boʻlsa imtihondan oʻtishi mumkin”, dedi Chupik.

Rossiyaning yangi qonunlari aslida faqat migrantlarning choʻntagiga zarba beradi, chunki korruptsiya avvalgidan ham kuchayadi va ular mamlakat uchun ijobiy natijalar bermaydi, dedi u.

“Hayotingni bu qadar qiyinlashtiradigan mamlakat haqida qanday qilib yaxshi gumonda boʻlasan?” deydi Moskvada taksi haydovchisi boʻlib ishlaydigan asli dushanbelik Tohir Yusupov.

“Ular [Rossiya hukumati] doim yangi, yanada qatʼiyroq qoidalar joriy qilib, shunchaki ustimizdan kulmoqda”, dedi u.

“Ahvol yildan-yilga yomonlashmoqda – bu holatda Rossiyada qanday qilib yashash va ishlashda davom etish mumkin?”, deydi Oʻzbekistonning Samarqand shahridan Moskvaga kelib, quruvchi boʻlib ishlayotgan Oybek Umarov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Hukumat mamlakatdan chiqib ketishimizni va aslo qaytib kelmasligimizni xohlayotgan koʻrinadi”.

“Sputnik-layt”

Ayni paytda Rossiya hukumati qabul qilgan choralar Markaziy Osiyolik migrantlarning oʻzlarini Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalari uchun tajriba quyonchasi deb oʻylashiga sabab boʻlmoqda.

26-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mehnat migrantlarini COVID-19dan himoyalash bahonasida hukumatga xorijliklarni vaksinatsiya qilishni buyurdi.

Biroq, Rossiya fuqarolari uchun vaksina olish bepul boʻlsa-da, ish beruvchilar har bir migrantning emlanishi uchun 1300 rubl (17,50 AQSH dollari) toʻlashi kerak, deyiladi Moskva meriyasi bayonotida.

Bu ham yetmagandek, migrantlar kuchsizroq, bitta komponentli “Sputnik-layt” vaksinasini olishadi.

27-iyundan eʼtiboran Rossiya maʼmurlari vaksina oluvchilarni “Sputnik Light” bilan emlashni boshlaganlar. Gamaleya milliy epidemiologiya va mikrobiologiya markazi uni allaqachon COVID-19 bilan kasallanganlarning immunitetini ushlab turish uchun chiqargan.

Migrantlar Moskva tarafidan dunyodagi eng samarali vaksinalardan biri deb maqtalgan “Sputnik V” vaksinasini ololmasliklari maʼlum boʻlgan.

“Bu rasmiylarning bizni ikkinchi darajali odamlar deb koʻrishini yana bir karra isbotlaydi”, deydi taksichi Yusupov. “Bu irqchilik boʻlmay nima?”

“Sputnik-Layt”ni ham faqat rasmiy mehnat shartnomalariga ega migrantlar olishi mumkin, deb taʼkidladi Chupik.

Bunday cheklov ish beruvchilar bilan norasmiy kelishuvga ega millionlab migrantlarni bu imkoniyatdan mahrum qiladi.

Qolganlar esa sogʻligʻi va hayotini xavf ostiga qoʻyishga majbur, faqat vaksina olganlar yoki PCR-test topshirganlar uchun ochiq boʻlgan jamoat joylariga borish imkonsiz ekanligini gapirmasa ham boʻladi, dedi u.

“Rossiyadagi emlash kampaniyasi pala-partish va betartib”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Supchik deganlari kim?

Javob berish

Rossiya fashizmi.

Javob berish

Bularning hammasi migrantlardan pora olib, yanada moʻmayroq pul ishlash maqsadida qilinmoqda. Bu axir Rossiyaku. Oʻgʻrilarning axlat oʻrasi.

Javob berish