Karvonsaroy
Inson huquqlari

“Sputnik Layt” migrantlardan tajriba quyonchasi sifatida foydalanuvchi pul ishlash rejasi deb koʻrilmoqda

Kanat Altinbayev

Moskvadagi vaksinatsiya markazida Rossiyaning “Sputnik-layt” vaksinasi flakonini ushlab turgan tibbiyot xodimi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Moskvadagi vaksinatsiya markazida Rossiyaning “Sputnik-layt” vaksinasi flakonini ushlab turgan tibbiyot xodimi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

OLMAOTA – Bir dozali “Sputnik-layt” vaksinasi uchun tavsiya etilgan narxdan bir necha barobar koʻproq pul toʻlashga majbur boʻlayotgan Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlar pul undirish rejasi qurboniga aylanganliklarini aytmoqdalar.

Rossiya fuqarolari bepul olayotgan vaksinani oʻz narxidan ancha qimmatroqqa sotib olishi kerakligi yetmagandek, migrantlarga Rossiya hukumati tarafidan dunyodagi eng samarali vaksinalardan biri deb iddao qilingan “Sputnik V” vaksinasi emas, balki uning samarasiz versiyasi taklif qilinmoqda.

26-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin goʻyoki mehnat migrantlarini COVID-19dan himoyalash uchun hukumatga migrantlarni vaksinatsiya qilishni buyurgan.

Ish beruvchilar har bir migrantning emlanishi uchun 1300 rubl (17,50 AQSH dollari) toʻlashi kerak, deyiladi Moskva meriyasi bayonotida.

14-iyul kuni Moskvadagi yoʻlsozlik loyihasida mehnat qilayotgan tojik migrantlari. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

14-iyul kuni Moskvadagi yoʻlsozlik loyihasida mehnat qilayotgan tojik migrantlari. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Bu “Sputnik-layt” uchun Rossiyaning Monopoliyaga qarshi kurash boʻyicha federal xizmati tomonidan may oyida eʼlon qilingan 343 rublga teng (4,63 dollar) maksimal narxdan uch baravar yuqori.

Rossiya hukumati har bir Rossiya fuqarosining toʻliq emlanishi uchun “Sputnik V” ishlab chiqaruvchilariga 900 rubldan (12,10 dollar) kamroq pul toʻlaydi.

Buning ustiga, migrantlar bitta komponentli, kuchsizroq “Sputnik-layt” vaksinasini olishadi.

Bir dozali “Sputnik-layt” vaktsinasi Gamaleya milliy epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan allaqachon COVID-19 bilan ogʻrib, tuzalib chiqqan odamlarning immunitetini ushlab turish uchun chiqarilgani aytiladi.

Buni amaldorlar ham, tahlilchilar ham tasdiqlagan.

“Sputnik-layt” vaksinasi “Sputnik V” vaksinasining muqobili emas, chunki u boshqa maqsadlar uchun ishlab chiqilgan, degan edi Rossiya sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko may oyida jurnalistlarga.

Rossiyada 6-may kuni roʻyxatdan oʻtgan “Sputnik-layt” vaksinasi “Sputnik V”ning birinchi dozasidir.

U ilgari koronavirus bilan kasallanmagan va vaksina olmagan emlanuvchilarni toʻliq himoya qilolmaydi, deydi Novosibirskdagi fundamental va translyatsion tibbiyot federal ilmiy-tadqiqot markazining oʻta yuqumli kasalliklar laboratoriyasi direktori, virusolog Aleksandr Chepurnov.

“Vaksinatsiyadan soʻng yigirma bir kun oʻtgach, adenovirusga qarshi antitanachalar miqdori keskin pasayishni boshlaydi”, deb aytgan Chepurnov 9-iyul kuni URA.RU saytiga bergan intervyusida.

“Delta shtammi tarqalishda davom etar ekan, bu juda muhim”, deb qoʻshimcha qildi u koronavirusning yuqumliroq turini nazarda tutib.

Vaksinatsiya boshlanganidan beri 68 ming nafar xorijiy fuqaro Moskvada “Sputnik-layt” bilan emlandi, deb xabar beradi “Interfaks” 11-iyul kuni Moskvadagi koronavirusni nazorat va monitoring qilish boʻyicha shoshilinch yordam markaziga asoslanib.

Rossiyaning aralashuvi

“Biz uchun moʻljallangan vaksina zaif ekani yetmagandek, unga pul toʻlashimiz ham kerak”, deydi Moskvadagi kafelardan birida ofitsiant boʻlib ishlaydigan oʻzbekistonlik Bahrom Islomov.

Aslida vaksina xarajatlarini ish beruvchilar oʻz zimmasiga olishi kerak, lekin ular bu pulni ish haqidan ushlab qoladilar, deydi Islomov.

“Boshligʻimiz emlanish xarajatlarini ish haqimdan ushlab qolishini aytdi, maoshim esa shundoq ham kam”, deydi u.

Emlanishdan bosh torta olmayman – ishdan boʻshatib yuborishadi”, deydi u.

Bu orada vaksinatsiya kampaniyasining boshlanishi boshqa taraflardan ham ziddiyatli ekanligi koʻrinib qolgan.

Butun Rossiya boʻylab migrantlar faqat ikkita joyda emlanmoqda: Moskva viloyati Saxarovo qishlogʻidagi migratsiya markazi va Moskvadagi “Sadovod” bozorida.

Bu ikki manzilda jami beshta shifokor ishlayapti.

Saxarovo markazi vaksinalash kampaniyasi boshlanishidan avval, may va iyun oylarida ham minglab migrantlar bilan toʻlib toshgan, ular Rossiyada qolish uchun roʻyxatdan oʻtish yoki ishlash ruxsatnomalarini olish uchun COVID talablariga mos, oxiri koʻrinmaydigan navbatlarda turishga majbur edilar.

Hukumatning emlash jarayonini qanday tashkillashtirgani – uning xorijiy ishchilar salomatligi va hayotiga nisbatan qay darajada befarq ekanligini koʻrsatadi, deydi Islomov.

Migrantlar bularning bari sababli oʻzlarini tajriba quyonchasidek his qilayotganliklarini aytishgan.

“Koʻrinib turibdiki, Rossiya hukumati migrantlarni quyi tabaqaga ajratib, jarayonni keng qamrovda olib borish oldidan vaksinalarni va emlash kampaniyalari mexanizmlarini ularda sinab koʻrmoqda”, deydi bishkeklik yurist Murat Ashimov.

“Agar Rossiyadagi huquqbon tashkilotlar faoliyati erkin boʻlganida, ularda Rossiya vaksinalash kampaniyasining ijtimoiy-sinfiy jihatlariga oid savollar kelib chiqqan boʻlar edi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500