Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

AQSH xorijiy tovlamachi dasturlar hujumlarini toʻxtatish uchun 10 million dollar mukofot vaʼda qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

2017-yilning 27-iyun kuni xalqaro kiberhujum doirasida tovlamachi dastur bilan zararlangan noutbuk ekranidagi bildirishnoma, Geldrop, Niderlandiya. [Rob Engelaar/AFP]

2017-yilning 27-iyun kuni xalqaro kiberhujum doirasida tovlamachi dastur bilan zararlangan noutbuk ekranidagi bildirishnoma, Geldrop, Niderlandiya. [Rob Engelaar/AFP]

Payshanba (15-iyul) kuni AQSH xorijdagi onlayn tovlamachi dasturlar toʻgʻrisidagi maʼlumot uchun 10 million dollar mukofot eʼlon qildi. AQSH rasmiylari manbai Rossiyada ekani aytilayotgan tovlamachi dasturlarning keskin faollashuviga qarshi chora koʻrishni boshlagan.

Davlat departamenti xorijiy mamlakat hukumatining koʻrsatmasi bilan yoki uning nazoratida AQSHning muhim infratuzilmasiga internet orqali hujum qilayotgan shaxsni aniqlagan yoki topganga 10 million dollar toʻlashini aytgan.

Muvofiqlashtirilgan choralar doirasida federal hukumat, shuningdek, tashkilotlar, jamoalar va alohida shaxslarga hujumlardan qanday qilib himoyalanish va ularga nisbatan qanday chora koʻrish usullari bayon etilgan StopRansomware.gov veb-saytini ishga tushirgan.

Adliya vazirligi “ushbu tahdidlarga qarshi kurash uchun barcha vositalarni ishga solishga urinmoqda”, dedi AQSH bosh prokurori Merrik Garland.

“Ammo biz bu ishni yolgʻiz amalga oshira olmaymiz. Turli sohalardagi biznes yetakchilari uchun tahdidni aniqlash, oʻz tizimlarini mustahkamlash boʻyicha ustuvor masalalarni belgilash va bunday hujumlar haqida oʻz vaqtida xabar berish orqali huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega.”

Bu yil koʻplab tovlamachi dasturlar hujumlari sodir etildi. Ulardan biri AQSHdagi yirik quvur faoliyatini izdan chiqardi, Kaseya dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchisining nishonga olinishi esa uning xizmatlaridan foydalanuvchi 1500 ga yaqin tashkilot faoliyatiga taʼsir koʻrsatdi. Bu hujumlarning koʻpchiligi eʼtibordan chetda qolgan.

AQSHning ichki xavfsizlik vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili qurbonlar kiberhujumlar uchun 2019-yildagiga qaraganda 300 foizga koʻproq – 350 million dollar pul toʻlaganlar.

AQSH rasmiylarining taʼkidlashicha, koʻp hujumlar Rossiyadan turib amalga oshiriladi.

AQSH prezidenti Jo Bayden oʻtgan oy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan oliy darajali uchrashuv chogʻida ataylab tovlamachi dasturlar muammosini koʻtargan va yaqinda 9-iyul kungi telefon orqali suhbatida agar Moskva kiberjinoyatni jilovlamasa, unga nisbatan bevosita chora koʻrish bilan tahdid qilgan.

“Prezident Bayden Rossiyada faoliyat yuritayotgan tovlamachilik guruhlariga barham berish kerakligi taʼkidladi va tovlamachilik dasturlari yuzaga keltirayotgan kengroq tahdidga qarshi kurash davom ettirilishini aytdi”, deyiladi Oq Uy bayonotida.

“Prezident Bayden Qoʻshma Shtatlar ushbu davomli muammoga qarshi oʻz xalqi va muhim infratuzilmasini himoya qilish yoʻlida har qanday zaruriy choralar koʻrilishini yana bir bor takrorlagan.”

Zararli faoliyat tarixi

15-aprel kuni Qoʻshma Shtatlar Kremlning AQSHdagi saylovlarga aralashuvi, keng qamrovli kiberhujumlar va boshqa tajovuzkor faoliyatiga qarshi javob chorasi sifatida unga sanksiyalar joriy qilishi va 10 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborishini eʼlon qildi.

Shuningdek, Vashington Moskvaning kiber-razvedka faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda ayblangan Rossiyaning oltita texnologik kompaniyasiga, xususan dekabr oyida AQSH hukumati va xususiy sektorning minglab kompyuter tarmoqlariga zarar yetkazgan SolarWinds xakerlik hujumi yuzasidan sanksiyalar eʼlon qilgan.

Sanksiyalar “Amerika Qoʻshma Shtatlari, uning ittifoqchilari va sheriklariga qarshi zararli kiberhujum” uchun javob chorasidir, deyiladi Oq uy bayonotida.

Avvalroq, oʻtgan yil oktabr oyida AQSH hukumati olti nafar GRU zobitini Ukraina energetika tizimi, Fransiyadagi saylovlar va 2018-yilda Janubiy Koreyada oʻtgan qishki Olimpiya oʻyinlariga qarshi kiberhujumlarda ayblab chiqqandi. GRU Rossiya harbiy razvedka idorasidir.

Rossiyaning olti josusi, shuningdek 2017-yilda butun dunyodagi kompyuterlarni zararlab, birgina AQSHning uch kompaniyasiga qariyb 1 milliard dollar ziyon keltirgan “NotPetya” virusi hujumlarida ayblangan.

Ular, shuningdek rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va qizining Angliyada asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishini tergov qilayotgan xalqaro idoralarga, shuningdek, (2018-yilda) Gruziya ommaviy axborot vositalari va (2019-yilda) parlamentiga qarshi kiberhujum uyushtirishda gumonlanmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500