Karvonsaroy
Inson huquqlari

Tolibonning shimoliy Afgʻonistonda erishgan natijalari Shinjonni bosim ostida ushlab turgan Xitoyni xavotirga solmoqda

Karvonsaroy va AFP

17-iyul kuni Afgʻoniston-Pokiston chegarasining Afgʻoniston tarafida Tolibon bayrogʻini ushlab turgan odam. [Banoras Xon/AFP]

17-iyul kuni Afgʻoniston-Pokiston chegarasining Afgʻoniston tarafida Tolibon bayrogʻini ushlab turgan odam. [Banoras Xon/AFP]

PEKIN – Tolibonning Afgʻonistondagi yutuqlari butun mintaqa, xususan Xitoyning Shinjon viloyati barqarorligiga tahdid solar ekan, Pekin gʻarbdagi qoʻshnilarini diqqat bilan kuzatmoqda.

Tolibonning soʻnggi haftalardagi hujumlari, xususan talon-taroj va uylarga oʻt qoʻyishi ortidan Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi uch qoʻshnisi – Oʻzbekiston, Tojikiston, va Turkmaniston oʻz qurolli kuchlarini mustahkamlay boshlagan.

Xitoy, shuningdek Afgʻoniston bilan 76 km uzunlikdagi, balandlikda joylashgan va oʻtish yoʻlaklaridan xoli boʻlgan umumiy chegaraga ega.

Ammo Shinjonning yonida joylashgani uchun chegaraning bu qismi xavotirga sabab boʻlmoqda – Pekin ushbu zaif mintaqadagi uygʻur ayirmachilari Afgʻonistonni platsdarm sifatida qoʻllashi mumkinligidan tashvishda.

4-yanvar kuni olingan bu suratda Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻardagi Pomir togʻlarida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazayotgan Xalq ozodlik armiyasi harbiy xizmatchilari aks etgan. [AFP]

4-yanvar kuni olingan bu suratda Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻardagi Pomir togʻlarida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazayotgan Xalq ozodlik armiyasi harbiy xizmatchilari aks etgan. [AFP]

2019-yil 4-iyun kuni olingan bu fotosuratda Xitoyning Shinjon viloyati Yangisar shahridagi turar-joy majmuasida oʻrnatilgan tikonli simlar ortidagi Xitoy bayrogʻi aks etgan. [Greg Baker/AFP]

2019-yil 4-iyun kuni olingan bu fotosuratda Xitoyning Shinjon viloyati Yangisar shahridagi turar-joy majmuasida oʻrnatilgan tikonli simlar ortidagi Xitoy bayrogʻi aks etgan. [Greg Baker/AFP]

Pekin soʻnggi yillarda Shinjonning aksariyat musulmon aholisini nazorat qilish va boʻysundirishga qaratilgan qattiqqoʻl siyosat yuritib kelmoqda. Jumladan, bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar “mafkuraviy tarbiya” lagerlari, hibsxona va qamoqxonalarni oʻz ichiga oluvchi 400 dan ortiq muassasalarga joylashtirilgan.

Yana millionlab odamlar qattiq kuzatuv va nazorat tizimi ostida yashamoqda.

Uygʻur huquqbon tashkilotlari hamda AQSH, Birlashgan Qirollik va boshqa mamlakatlar paramentlariga koʻra, Xitoy olib borayotgan siyosat – jumladan, majburiy sterilizatsiyani qatliomga tenglashtirish mumkin.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Xitoy rasmiylari tomonidan Shinjonda sodir etilgan ayrim jinoyatlar butun dunyo musulmonlari va albatta, tolibon kabi ashaddiy guruhlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlgan – mintaqada 1000 dan ortiq imom va diniy arboblarning oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, qariyb 16000 masjidning buzilgani va muslima ayollarning muntazam zoʻrlanishi shular jumlasidandir.

“Tabiatan noqulay”

NATOning barcha ittifoqchi kuchlari olib chiqilgach, Afgʻonistonda beqarorlik avj oladigan boʻlsa, Xitoy “milliy xavfsizlik” bahonasi bilan Shinjondagi bosimini yanada kuchaytirishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Xitoy, ayniqsa oʻz chegarasida “hokimiyat vakuumini” qabul qila olmaydi, shu bois oʻnlab yillar davom etgan urushdan soʻng, Afgʻonistondagi barqarorlikni tiklash Pekinning birlamchi vazifasiga aylanadi.

“Xitoy uchun xavf Afgʻonistonda kim hukmron ekanligida emas, balki doimiy beqarorlikda”, deydi Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetining Yaqin Sharq boʻyicha mutaxassisi Fan Xonda AFP bilan suhbatda.

Bunday xavotirlar Xitoyning butun dunyo boʻylab yanada militaristik pozitsiyani egallashiga sabab boʻldi, bu esa unga qoʻshni mamlakatlarni tashvishga solmoqda.

Xitoy kompartiyasining ateist peshvolari va Tolibon rahnamolari oʻrtasida hech qanday mafkuraviy mushtaraklik boʻlmasa-da, umumiy pragmatizm oqibatida oʻzaro manfaatlar hissiy tafovutlardan ustun kelishi mumkin, deydi tahlilchilar.

“Xitoy-Pokiston oʻqi” kitobining muallifi Endryu Smollga koʻra, “Xitoy Tolibon bilan kelishuvga borishi mumkin, lekin u toliblarning diniy mazmundagi rejalari va motivlarini oʻzi uchun noqulay deb hisoblaydi”.

“Ular toliblarning masalan, uygʻur jangarilari uchun boshpana masalasidagi kelishuvlarga amal qilishga qodir va tayyor ekaniga hech qachon ishona olmagan.”

Tolibonning uygʻur jangarilari bilan aloqalari 20 yildan ortiqroq tarixga ega ekani aytiladi.

Xitoyni toliblarning Sharqiy Turkiston islom harakati (SHTIH) va uning merosxoʻri – Turkiston islom partiyasi (TIP) bilan aloqalari ayniqsa xavotirga solmoqda.

Pekin SHTIH va TIP mavjudligini roʻkach qilib, oʻzining Shinjondagi repressiyalarini oqlashga uringan, ammo mintaqada 2017-yildan beri hech qanday terrorchilik hodisalari qayd etilmagan.

Shu tariqa Pekinning Shinjondagi “universal” xavfsizlik choralari xavfsizlikka tahdid sifatida barcha uygʻurlar va turkiyzabon musulmonlarga qarshi qaratilgan koʻrinadi.

Bu orada Pekinning musulmonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatiga befarq boʻlib kelgan toliblar Xitoyning Shinjondagi jinoyatlariga oid ochiq dalillardan bexabar yoki ularni atayin eʼtiborsiz qoldirmoqda.

“Tolibon Shinjondagi uygʻurlarning ogʻir ahvoli haqida qaygʻuradi va Pekin bilan siyosiy muloqot orqali musulmon birodarlariga yordam berishga harakat qiladi”, deb aytgan toliblar vakili Suhayl Shaxin 8-iyul kuni The Wall Street Journal nashri bilan suhbatda.

“Biz tafsilotlardan xabardor emasmiz. Agar tafsilotlar yetib kelsa, oʻz xavotirimizni izhor etamiz”, dedi u. “Xitoydagi musulmonlar bilan bogʻliq qandaydir muammo yuzaga kelsa, biz albatta Xitoy hukumati bilan gaplashamiz.”

Tolibonning bu kabi mujmal bayonoti Pekinning siyosiy va moliyaviy koʻmagidan umid qilayotgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

“Biror-bir mamlakat konlarimizni tadqiq qilishni istasa, bundan mamnun boʻlamiz”, dedi Shahin AFP nashri bilan boshqa bir suhbatida. “Biz investitsiyalar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratamiz.”

Xitoyga qarshi choralar

Tolibonning bu kabi iliq ohangdagi bayonotlari AQSH Pekinning insoniyatga qarshi jinoyatlariga qatʼiyan qarshi chiqayotgan bir paytda yangramoqda.

Oʻtgan chorshanbada (14-iyul) AQSH Senati uygʻurlarning majburiy mehnatiga barham berishga oid hujjatni qabul qildi. U kuchga kiradigan boʻlsa, Shinjondan mahsulotlar import qilishni taqiqlaydi.

“Pekin va Shinjondagi majburiy mehnatdan foyda olayotgan har qanday xalqaro kompaniyaga mujda aniq: toʻxtating”, dedi senator Marko Rubio oʻz bayonotida.

“Biz XKPning insoniyatga qarshi jinoyatlariga koʻz yummaymiz va korporatsiyalarning ushbu dahshatli qonunbuzarliklardan foyda olishiga yoʻl qoʻymaymiz.”

Qoʻshma Shtatlar Shinjon masalasida Xitoyga qarshi allaqachon choralar koʻrgan. AQSH davlat kotibi Antoni Blinken 6-iyul kuni Vashingtonda qayta tarbiyalash lagerlaridan omon chiqqanlar bilan uchrashuv oʻtkazgan.

9-iyul kuni AQSH hukumati Xitoyda joylashgan va hukumatning Shinjon mintaqasidagi uygʻurlar va boshqa etnik ozchiliklarga nisbatan siyosatiga aloqador 14 kompaniyaga qarshi sanksiyalar eʼlon qildi.

Shuningdek, Vashington yaqinda Xitoy kompaniyalarining biridan quyosh panellari ashyolari importini taqiqlab, mintaqada majburiy mehnatdan foydalanishda gumon qilingan toʻrt kompaniyaga nisbatan savdo cheklovlari joriy etgan.

8-iyul kuni Yevropa Ittifoqi parlamentariylari agar Xitoy Hongkong, Shinjon-Uygʻur mintaqasi, Tibet, ichki Mongoliya va boshqa hududlarda inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilamasa, ittifoqqa aʼzo davlatlar va tashkilotlarni 2022-yil Pekinda oʻtadigan qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etmaslikka chaqirgan.

22-iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashida 40 dan ortiq davlatlar Xitoyning Shinjondagi xatti-harakatlari yuzasidan “jiddiy tashvish” izhor etganlar.

Bayonotda qiynoqlar yoki shafqatsiz, noinsoniy va tahqirlovchi munosabat yoxud jazo choralari, majburiy bichish, jinsiy yoki gender asosidagi zoʻravonlik, bolalarni ota-onasidan mahrum qilish kabi holatlar tilga olingan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ulardan bir tiyin ham olmaslik kerak.

Javob berish

Xitoyliklarni yoʻqotish kerak yoki Xitoydan chiqarmaslik kerak.

Javob berish

Kallasiga... oʻsha Xitoyni

Javob berish