Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tolibon saflarida “Al-Qoida” bilan aloqador jangarilar borligi aytildi

Muhammad Qosim

15-iyul kuni olingan bu suratda Balx viloyatining Charkint tumanida Tolibon isyonchilariga qarshi postni qoʻriqlayotgan afgʻon safarbarlik kuchlari aks etgan. [Farshad Usyan/AFP]

15-iyul kuni olingan bu suratda Balx viloyatining Charkint tumanida Tolibon isyonchilariga qarshi postni qoʻriqlayotgan afgʻon safarbarlik kuchlari aks etgan. [Farshad Usyan/AFP]

QUNDUZ – Afgʻon harbiy mutasaddilarining iddaosiga koʻra, Afgʻonistonning shimoli-sharqiy viloyatlarida toliblar safida jang qilayotgan chet ellik jangarilarning katta qismi Al-Qoida bilan aloqador.

Qunduz viloyatidagi 217-Pomir jangovar korpusi vakili, mayor Abdulhodiy Nazariyning soʻzlariga koʻra, Tolibon tarkibida Al-Qoida bilan aloqador jangarilar ulushi hali ham salmoqli.

Uning aytishiga qaraganda, Badaxshon, Bagʻlon, Tohar va Qunduz viloyatlarida Afgʻoniston hukumat kuchlari va tolibonlar oʻrtasida kechgan soʻnggi janglarda Al-Qoida unsurlari kuzatilgan boʻlib, ularning bir nechtasi oʻldirilgan yoki jarohatlangan.

Tobora shiddatli tus olib borayotgan toʻqnashuvlarda ishtirok etayotgan xorijlik jangarilar orasida chechen, oʻzbek, arab, tojik va pokistonliklar bor, deydi u.

29-iyun kuni Qunduz viloyati Imom Sohib tumani markazida boʻlib oʻtgan jangda tojikistonlik jangari halok boʻldi, uning jasadi Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasiga topshirildi, dedi Nazari.

“19-iyun kuni Bagʻlon viloyatining Xenjan va Doshi tumanlaridagi tozalash ishlari davomida xavfsizlik kuchlari ikki nafar Pokiston fuqarosini hibsga olib, bir xorijiy jangarini oʻldirgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Oxirgi besh yilda, deydi Nazari, xorijdan kelgan jangarilar bir qator tumanlarda tolibon guruhlarini boshqarib kelgan edilar.

Badaxshonning Yavon, Rogʻiston, Koʻhiston, Yurm va Naʼsiye tumanlari, Qunduzdagi Imom Sohib, Chahor Dara va Qalʼai-Zol tumanlari hamda Bagʻlondagi Dandi-Gʻori, Shahobiddin tumanlari shular jumlasidandir, dedi u.

“Xitoylik uygʻur Furqon Qozoq Yurm tumanining Xostak vodiysidagi eng taniqli jangarilar qoʻmondonlaridan biri”, dedi Nazari va uning afgʻonistonlik boʻlmagan 300 jangaridan iborat boʻlinmaga rahbarlik qilganini taʼkidladi.

Tolibonning Al Qoida bilan aloqalari

Afgʻoniston mudofaa vazirligi vakili Ruhulloh Ahmadzay “Salaam Times” nashriga bergan intervyusida Tolibon bir necha yil davomida al-Qoida bilan yaqin aloqada boʻlgani va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaganini aytgan.

Afgʻoniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) shimoliy va janubi-gʻarbiy viloyatlaridagi jang maydonlaridan Al-Qoida unsurlari afgʻonistonlik Tolibon jangarilariga bosh-qosh boʻlayotgani va ularni oʻqitayotganiga oid dalillarni olishgan, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, 6-iyun kuni Paktiya viloyatida afgʻon xavfsizlik kuchlari tomonidan uyushtirilgan havo hujumida oʻnlab chet ellik jangchilar oʻldirilishi ortidan bu jangarilarning Tolibon safida jang qilayotgani oydinlashgan.

Tolibonning Al-Qoida bilan aloqalari Afgʻonistondagi boshqa ekstremistik harakatlarning avj olishiga turtki boʻldi, deydi qunduzlik harbiy tahlilchi Abdul Ahad Meʼrojzoda.

Afsuski, Kobul va boshqa viloyatlarda yuz bergan soʻnggi hujumlar va portlashlar uchun javobgarlikni hech bir guruh oʻz zimmasiga olmadi. Ammo hujumlarning murakkabligi “Tolibon va Al-Qoida hali ham juda yaqin aloqada ekanligidan dalolat bermoqda”, deydi u.

Badaxshon viloyatida yashovchi Nasrin Xoliqyorning aytishiga qaraganda, Tolibon yolgʻon vaʼdalar berish bilan jamoatchilik ishonchini har qachongidan ham koʻproq yoʻqotgan.

“Toliblarning “Al-Qoida” bilan aloqani uzgani haqidagi bayonotlarini bir necha bor eshitganmiz”, dedi u va voqelikda bunday boʻlmaganini, aksincha ikki guruh aloqalarini yanada kengaytirgani va mustahkamlaganini aytdi.

Tolibonda “tinchlikka oid rejalar” yoʻq

Chet ellik jangarilar Tolibonlar bilan bir safda jang qilib, ularni harbiy tayyorgarlik, bombalar va xudkushlik nimchalari bilan taʼminlamoqda, deydi afgʻon rasmiylari.

Xorijlik jangarilar soni nomaʼlum boʻlsa-da, razvedka maʼlumotlariga koʻra, Qunduz viloyatida 120 ga yaqin kishi harakat qilmoqda, deydi Milliy xavfsizlik boshqarmasining Qunduzdagi idorasi vakili Nurul-Huda Mulki.

Bu jangarilarning aksari Checheniston, Tojikiston va Oʻzbekistondan kelganlar, dedi u.

Bu jangarilar odatda Tojikiston bilan chegaradosh Imom Sohib va Dashti-Archi tumanlarida harakat qiladilar, shuningdek, tolibonlarga amaliy yordam beradilar, deydi u.

Toliblar ayrim tumanlarni egallab olish orqali OAV sarlavhalaridan joy olish bilan bir qatorda muzokaralar stolida ustunlikni qoʻlga kiritishga intilmoqda, deydi qunduzlik faol Mirvays Amiri.

Tolibonda keng qamrovli tinchlik kelishuvi rejasi ham, ular oʻrnatmoqchi boʻlayotgan islomiy tuzumining nizomi ham yoʻq, dedi Amiriy Salaam Times nashriga.

“Ularning maqsadi qoʻrqitish va fuqarolarni qiynash koʻrinadi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Ularning maqsadi qoʻrqitish va fuqarolarni qiynash koʻrinadi”, dedi u.

Javob berish