Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tojikiston harbiylari chegarani Tolibon hujumidan himoya qilishga tayyor

Neʼmatullo Mirsaidov va AFP

Tojikiston qurolli kuchlari va huquq-tartibot idoralari 22-iyul kuni Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan jangovar tayyorgarlikni sinovdan oʻtkazish boʻyicha umummilliy mashgʻulotlarda ishtirok etmoqda. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

Tojikiston qurolli kuchlari va huquq-tartibot idoralari 22-iyul kuni Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan jangovar tayyorgarlikni sinovdan oʻtkazish boʻyicha umummilliy mashgʻulotlarda ishtirok etmoqda. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

DUSHANBE – Afgʻonistonda Tolibonning qoʻli baland kelib borar ekan, payshanba (22-iyul) kuni Tojikiston mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy mashqlarning birida oʻz qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini sinovdan oʻtkazdi, deb xabar beradi AFP.

Markaziy Osiyo mamlakati xavfsizlik kuchlarining 230 ming aʼzosi prezident Imomali Rahmonning buyrugʻi bilan tungi soat 2 da jangovar shay holatga keltirilgan.

Shuningdek, Dushanbe Afgʻoniston bilan chegara himoyasini kuchaytirish uchun 20 ming qoʻshinni safarbar etgan.

Oxirgi haftalar davomida Tolibon Afgʻoniston shimolidagi tumanlar, jumladan, Tojikiston bilan chegaradagi Sherxon-Bandar nazorat punktini egallagan.

22-iyul kuni Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Tojikistonning jangovar tayyorgarligini sinovdan oʻtkazishga oid umummilliy mashgʻulotlarga tanklar ham jalb etildi. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

22-iyul kuni Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Tojikistonning jangovar tayyorgarligini sinovdan oʻtkazishga oid umummilliy mashgʻulotlarga tanklar ham jalb etildi. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 22-iyul kuni – harbiy parad oʻtkazilgan muhim sanada oʻz xalqiga murojaat qilmoqda. Bu tadbir Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Tojikiston kuchlarining jangovar shayligini tekshirish maqsadida oʻtkazildi. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 22-iyul kuni – harbiy parad oʻtkazilgan muhim sanada oʻz xalqiga murojaat qilmoqda. Bu tadbir Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Tojikiston kuchlarining jangovar shayligini tekshirish maqsadida oʻtkazildi. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

Jangovar tayyorgarlik sinovi mamlakatning sovetlardan keyingi 30 yillik tarixida bu turdagi ilk amaliyot boʻldi.

Mashqlarga tojik armiyasi ixtiyoridagi barcha qurollar, jumladan yer, aviatsiya va artilleriya kuchlari jalb etildi.

Tojikiston davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan tadbir Rahmon boshchiligidagi harbiy parad bilan yakunlandi. U tojiklarni mintaqadagi “tinchlik va barqarorlikni himoya qilish uchun tayyor boʻlishga” chaqirdi.

“Qoʻshni mamlakat – Afgʻoniston Islom Respublikasi – ayniqsa, uning mamlakatimiz bilan chegaradosh shimoliy mintaqalaridagi vaziyat oʻta murakkab va mavhumligicha qolmoqda”, dedi u.

“Vaziyat kundan kunga, hatto soat sayin tobora jiddiyroq tus olmoqda.”

U armiya va kuch tuzilmalarini “chegarani muhofaza qilish va ehtimoliy tahdidlarning oldini olish uchun yuqori darajadagi shaylikni taʼminlashga” chaqirdi.

Tolibonlar hujumi natijasida oʻn minglab afgʻonistonliklar oʻz uyini tashlab ketishga majbur boʻlgan, ularning ayrimlari chegara osha Tojikiston hududidan boshpana izlagan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (GKNB) maʼlumotlariga koʻra, 5-iyul holatiga 1344 kilometrlik afgʻon-tojik chegarasining 70 foizi Tolibon nazorati ostiga oʻtgan.

7-iyul kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining tojik xizmati Afgʻoniston milliy Xavfsizlik kengashiga asoslanib, Tojikistonga qochib oʻtgan 2300 nafar afgʻon askarining vataniga qaytarilgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, yaqinda 1000 dan ortiq afgʻon fuqarosi Tojikistonning Togʻli Badaxshon muxtor viloyati hududiga qochib oʻtgan. Bu haqda Ozodlik radiosi 8-iyul kuni mahalliy rasmiylarga tayanib xabar bergan. Afgʻonistonliklarning oʻsha yerda qolishi yoki vataniga qaytishi haqida maʼlumot berilmagan.

Afgʻon kuchlari qayta birlashmoqda

NATO kuchlari Afgʻonistonni tark eta boshlagan mahal qoʻqqisdan toliblarning hujumiga uchragan afgʻon milliy xavfsizlik kuchlari (ANDSF) asta-sekin oʻzini oʻnglamoqda.

“Endi davlat toʻntarishi xavfi yuzaga kelayotgan bir paytda, janglarda chiniqqan va tajribali askarlar yana harbiy boʻlinmalarda tashabbusni oʻz qoʻliga olmoqda”, deydi bir necha bor Afgʻonistonda boʻlgan tojikistonlik jurnalist Ilhom Nazriyev.

“Tolibon hujumi qarshilikka duch kelmoqda.”

“Hukumat qoʻshinlari Badaxshon viloyati poytaxti Fayzobodni muhofaza qilib, uning atrofdagi tumanlarni ozod qilishni boshladi”, dedi u.

“Ular [ANDSF] dadillashmoqda. Tez orada Toxar viloyatini, avvaliga poytaxt Taloqan atrofini, keyinchalik nasib qilsa, Tojikiston bilan chegara hududlarini tozalash boshlanadi”, dedi Nazriyev.

“Sherxon Bandar tolibonlar nazoratida boʻlsa-da, Qunduzda avvalgi xodimlar ishlamoqda va Tojikistonga yoʻl ochiq”, dedi u.

Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim 14-iyul kuni Sherxon Bandar chegara punkti avvalgidek ishlab turganini tasdiqladi.

“Afgʻoniston bilan chegaradagi barcha nazorat punktlari ochiq”, dedi u Karvonsaroyga AQSH kuchlari mamlakatdan butunlay chiqib ketishini eʼlon qilganidan keyin chegaradan yuklarning oʻtishi qisqa muddatga toʻxtab qolganini taʼkidlab.

Jangarilar qishloq hududlarining yarmidan koʻpini egallagani sababli, ANDSF Afgʻonistonning yirik markaziy shaharlarini muhofaza qilish uchun oʻz kuchlarini birlashtirmoqda, dedi AQSH shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasi raisi, general Mark Milli chorshanba kuni.

“Ular tinch aholini himoya qilishga eʼtibor qaratgan, aholining aksar qismi esa viloyat poytaxtlari va Kobul shahrida istiqomat qiladi”, dedi u.

Tolibonning vaʼdalari

Tojik rasmiylari xavfsizlikka oid hozirgi mavhum vaziyatni inobatga olgan holda, Tolibonning xalqaro chegaralarni hurmat qilishi hamda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashi haqidagi bayonotlariga shubha bilan qaramoqda.

Tolibon siyosiy liderlari ayollar huquqlarini himoya qilish, qizlarning maktabga borishiga ijozat berish, diplomatik vakolatxonalarni qoʻriqlash va fuqarolarga xizmatlar koʻrsatishga vaʼda bergan.

Ammo isyonchilar yangi hududlarni egallashda davom etar ekan, mahalliy aholi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlmoqda. Qolganlar esa Tolibon erkaklarni soqol qoʻyishga buyurayotganini va ayollarning mahramsiz koʻchaga chiqishini taqiqlayotganini aytgan.

Tojikiston hukumati Tolibon bilan biror marta muzokara olib bormagan. Aksincha, 1996-2001-yillardagi Tolibon hukmronligi davrida Tojikiston Tolibonga qarshi tuzilgan Shimoliy ittifoq tarafida boʻlgan.

“Tolibon bilan kelishuv koʻp mamlakatlar uchun qimmatga tushishi mumkin”, deydi Afgʻoniston boʻyicha tojik tahlilchisi Ahmadshoh Komilzoda.

Tahlilchilarga koʻra, rasmiy Dushanbening Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani hukumati bilan aloqalaridan xulosa qilish mumkinki, tojik rasmiylari Tolibon borasida xomxayollarga berilmaydi.

Tolibonning qoʻshni davlatlarga hujum qilmaslik vaʼdasi “oʻzini tashqi aralashuvdan himoya qilish va Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olib, mustahkam oʻrnashish” maqsadini koʻzlaydi, dedi bir necha bor Afgʻonistonda boʻlgan tojik siyosatshunosi Qosim Bekmuhamedov.

Etnik zoʻravonliklarga oid xavotirlar

Tojikistonlik jurnalist Zevarsho Muhammadga koʻra, Afgʻonistonda deyarli har kuni qoʻporuvchiliklar sodir etib, shahar va qishloqlarni vayron qilgan Tolibonni qonuniylashtirish terrorni legitimlashtirishdan boshqa narsa emas.

“Afgʻoniston koʻp millatli, turfa eʼtiqodli mamlakat”, dedi u. “U yerda millatchi shovinistik mafkura bilan tinchlikka erishib boʻlmaydi.”

Muhammad yaqinda Togʻli Badaxshon muxtor viloyati poytaxti Xorugʻdagi qarindoshlarini ziyorat qilgan.

“Bu yerda hammasi tinch”, dedi u. “Ammo odamlar toliblarning oq bayroqlari yaqqol koʻrinib turgan Panjning chap sohilidagi tojiklar taqdiridan xavotirga tusha boshlaganlar.”

“[Afgʻonistonning] Badaxshon viloyatida koʻplab ismoiliylar (shialar) yashaydi, dedi u. “[Toliblar] bizni taʼqib qilishlaridan qoʻrqamiz.”

Bu kabi xavotirlar allaqachon 77 nafar etnik qirgʻizni Badaxshon viloyati Andemin qishlogʻidan Tojikiston chegarasi osha Murgʻob tumaniga qochib oʻtishga majbur qilgan. Bu haqda 14-iyul kuni “Xovar” axborot agentligi xabar berdi.

Keyinchalik ular safiga afgʻonistonlik qirgʻizlardan iborat yana 270 odam qoʻshilgan.

Ular qirgʻiz koʻchmanchilaridan iborat taxminan 1500 kishilik kichik jamoaga mansub boʻlib, ajdodlari 1916-yilda Chor Rossiyasining Turkistondagi qoʻzgʻolonni bostirishidan qochib, togʻli Vaxan yoʻlagiga kelganidan beri shu hududda yashagan.

“Toliblar ayrim mazhablar va diniy oqimlar aʼzolarini, Islom ahkomlariga qatʼiy amal qilmaydigan etnik guruhlarni musulmon deb hisoblamaydi”, dedi Muhammad.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500