Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoy virus tadqiqotlariga toʻsqinlik qilayotgani sababli Tojikiston AQSH vaksinalarini oladi

Karvonsaroy va AFP

Masjidga kirayotgan erkak qoʻllarini dezinfektsiya qilmoqda, Dushanbe, 1-fevral. Koronavirus pandemiyasi vaqtida Tojikiston masjidlari 9 oy davomida yopiq boʻldi. [Nozim Qalandarov/AFP]

Masjidga kirayotgan erkak qoʻllarini dezinfektsiya qilmoqda, Dushanbe, 1-fevral. Koronavirus pandemiyasi vaqtida Tojikiston masjidlari 9 oy davomida yopiq boʻldi. [Nozim Qalandarov/AFP]

Qoʻshma Shtatlar payshanba (22-iyul) kuni Tojikiston va Gruziyaga 2 million dona COVID-19 vaksinasini hadya etayotganini eʼlon qilarkan, Xitoyni koronavirus kelib chiqish sabablarini oʻrganish boʻyicha tergovda hamkorlik qilishga chaqirdi.

Tojikiston yakshanba kuni Covax xalqaro vaksina tarqatish tizimi orqali 1,5 million doza Moderna vaksinasini, Gruziya esa shanba kuni 500 mingta Pfizer vaksinasini qabul qilishi haqida Oq uy rasmiylari xabar berishgan.

AQSH kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazi pandemiya boshlanganidan beri Tojikiston sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligiga qiymati yarim million AQSH dollariga teng COVID-19 laboratoriya jihozlari va qurilmalarini yetkazib bergan.

Oq uy rasmiylariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar COVID-19 virusiga qarshi kurashda dunyo “zaxirasiga” aylanmoqchi.

Koronavirus pandemiyasi paytida – 11-oktabr kuni boʻlib oʻtgan Tojikiston prezidenti saylovida ovoz berish uchastkasi oldida ayolning tana haroratini oʻlchayotgan xodim. [Stringer/AFP]

Koronavirus pandemiyasi paytida – 11-oktabr kuni boʻlib oʻtgan Tojikiston prezidenti saylovida ovoz berish uchastkasi oldida ayolning tana haroratini oʻlchayotgan xodim. [Stringer/AFP]

Prezident Jo Bayden dunyo boʻylab 80 million doza vaksina ulashishga vaʼda bergan.

Vashington Covax tizimiga 2 milliard AQSH dollari ajratgan boʻlib, Afrika Ittifoqi mamlakatlari va boshqa 92 ta nochor mamlakat uchun 500 millionta Pfizer vaksinasini xarid qilishni rejalashtirmoqda.

“Bizning yagona maqsadimiz – odamlar hayotini saqlab qolish”, deydi Oq uy rasmiysi.

“Masʼulyatsiz va xavfli”

Bu orada Xitoy va Rossiya tanqidchilar “vaksina diplomatiyasi” deb ataydigan siyosatni qoʻllab, nochor mamlakatlarning moyilligini qozonish uchun vaksinalarni hadya qilishga vaʼda bermoqda.

Xitoy prezidenti Si Szinpin Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni “global jamoat manfaati” deb nomlagan, ammo xalqaro sogʻliqni saqlash mutaxassislari yangi shtammlar tarqashi ortidan sifatsiz vaksinalar yanada koʻproq muammo keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, Xitoy Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) koronavirus pandemiyasining kelib chiqish sabablariga oid tergovlariga qarshilik qilib kelmoqda.

Tekshiruvlarning ikkinchi bosqichida Xitoy laboratoriyalari taftish qilinishi zarur, deb xabar bergan JSST oʻtgan haftada. Qoʻshma Shtatlar virusning Uxan virusologiya institutidan sizib chiqqani ehtimollarini tekshirishni talab qilgan edi.

Bu orada Uxan biotexnologiya laboratoriyasi Xitoy armiyasi bilan aloqador boʻlishi mumkinligi haqida yangi dalillar paydo boʻlgan.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesusning taklifi “2019-yil dekabrda odamlarda dastlabki kasallik aniqlangan hududlarda faoliyat olib borgan tegishli laboratoriyalar va tadqiqot institutlarini tekshirishni” oʻz ichiga oladi.

Ammo Xitoy sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Tszen Isin payshanba kuni bu rejadan “juda taajjubda” ekanligini aytgan, unga koʻra, bu “sogʻlom fikrga nisbatan hurmatsizlik va fanga nisbatan bepisandlikdir”.

Oq uy rasmiysi esa Xitoy pozitsiyasini “masʼuliyatsiz va ochiqdan-ochiq xavfli”, deb atagan hamda “hozir qarshilik qilishning vaqti emasligini” taʼkidlagan.

Pekin “shaffof” boʻlishi lozim

Pekin tomonidan qatʼiy rad etilayotgan COVID-19 virusining laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi mulohazalar tobora kuchayib bormoqda.

Pekin yanvar oyida JSST va Xitoyning Uxandagi qoʻshma missiyasi xulosalariga diqqat qaratgan holda kasallikning laboratoriyadan sizib chiqishi “ehtimoldan yiroq” ekanligini taʼkidlamoqda.

Oʻshanda tergov deyarli bir yillik kechikishlar va siyosiy aralashuvdan keyin oʻtkazilgan boʻlib, Pekin tomonidan qattiq nazorat qilingan edi.

Tergovning ilk bosqichida JSST Xitoyni qayta ishlanmagan zaruriy maʼlumotlarni ulashmaganlikda ayblagan. JSST raisi Tedros Gebreyyesus ikkinchi bosqichda Pekinni “shaffof, ochiq boʻlishga va hamkorlik qilishga chaqirgan”.

JSST COVID-19 virusi tarqaganidan bir yil oʻtib – yanvar oyida Uxanga Xitoylik hamkasblarning pandemiya kelib chiqishini oʻrganishida yordam berish uchun oʻzining mustaqil xalqaro mutaxassislar guruhini yuborishga muvaffaq boʻlgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500