Karvonsaroy
Terrorizm

Iroq va Suriyadan qaytgan qozoq ayollari oʻz yurtida hayotini yangidan boshlamoqda

Kseniya Bondal

Xorijdan vataniga qaytarilgan qozogʻistonlik ayollar va bolalar, mart oyida Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) tomonidan Internetda eʼlon qilingan videolavhadan olingan kadr.

Xorijdan vataniga qaytarilgan qozogʻistonlik ayollar va bolalar, mart oyida Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) tomonidan Internetda eʼlon qilingan videolavhadan olingan kadr.

OLMAOTA – Suriya va Iroqqa borib qolgan fuqarolarini vataniga qaytargan Markaziy Osiyodagi ilk mamlakat oʻlaroq, Qozogʻiston ikki yarim yil davomida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilmoqda.

2019-yildan 2021-yilga qadar oʻtkazilgan bir nechta “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyalari davomida ilgari “Islom davlati” (ID) nazoratida boʻlgan hududlardan 700 dan ortiq qozoq fuqarosi, jumladan 188 nafar ayol vataniga qaytarilgan.

Ayollar jamiyatga qayta moslashishga yordam beradigan ijtimoiy reabilitatsiya seanslari va ishga joylashish kurslariga qatnagan boʻlsa, bolalar maktabga yoki yozgi lagerlarga joylashtirilgan.

“Jusan” operatsiyasi yakunlandi, deb aytgan Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) raisi oʻrinbosari Nurgali Bilisbekov 6-fevral kuni parlamentdagi chiqishida.

Fevral oyida Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) tomonidan Internetda eʼlon qilingan videolavha kadrlari: “Jusan-5” operatsiyasi chogʻida soʻroq qilinayotgan qozoq ayoli (qizi bilan).

Fevral oyida Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) tomonidan Internetda eʼlon qilingan videolavha kadrlari: “Jusan-5” operatsiyasi chogʻida soʻroq qilinayotgan qozoq ayoli (qizi bilan).

Yakuniy reys – “Jusan-5” operatsiyasi bilan 12 fuqaro, jumladan toʻrt erkak, bir ayol va yetti bola (ikki nafari yetim) olib kelingan.

KNBning ushbu operatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Amerika Qoʻshma Shtatlari va boshqa xalqaro sheriklar qoʻllab-quvvatlovida amalga oshirilgan.

Qozogʻiston milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlarga muvofiq, terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan har qanday shaxsni javobgarlikka tortadi, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlikka koʻra, ayollar va bolalar reabilitatsiya va sotsial moslashuv dasturlariga jalb qilingan, yetim qolgan bolalar eng yaqin qarindoshlariga qaramogʻiga topshirilib, hukumat ularni barcha zaruriy yordam bilan taʼminlagan.

Reabilitatsiya va ogohlikni oshirish

Qaytarilgan ayollarning 95 foizga yaqini avvalgi qarashlaridan voz kechgan boʻlsa, 20 nafar ayol radikalizm sababli jinoiy javobgarlikka tortildi, deydi Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (SARMO) direktori Gulnaz Razdikova.

SARMO sobiq radikal qarashdagi ayollarni reabilitatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi nodavlat tashkilotlardan biridir.

“2019-yilda [vataniga qaytarilgan] ayollar bilan ish boshlar ekanmiz, ularning ayrim radikal qarashlar bilan qaytganini inobatga olib, ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuvini vazifa qilib belgiladik”, deydi Razdikova.

Bu tashkilot uch yoʻnalishda ish olib boradi.

Birinchisi, bu – ayollarning oʻzini roʻyobga chiqarishi, yaʼni ular qanday qilib yollovchilar toʻriga ilingani, radikal falsafadan nimalarni izlagani, nega umidlari puchga chiqqani, bundan buyogʻiga qanday harakat stsenariysini tanlashi, yangi xulq-atvor modelini ishlab chiqishga koʻmaklashish va oʻz xatti-harakatlari uchun javobgarlik hissini paydo qilish.

Yakuniy maqsad – yangi xulq-atvor modelini ishlab chiqish va oʻz harakatlari uchun javobgarlikni shakllantirish, dedi Razdikova.

Ikkinchi yoʻnalish – ularga Qozogʻistonda keng tarqalgan hanafiy mazhabi asosida anʼanaviy Islom taʼlimini berish.

Uchinchisi – ijtimoiy moslashuv, kasb-hunar va hayotiy koʻnikmalarni oʻrgatish.

“Bu ayollar davlat ularni toʻliq taʼminlashi shart degan ishonch bilan birovning qoʻliga qarab qolmasliklari zarur”, dedi Razdikova. “Ular oʻzlari va farzandlarini boqishlari kerak. Bu ishni qanday qiladilar? Kasb-hunar oʻrganib, ish topish orqali.”

Ish oʻrinlari yaratish

Vataniga qaytarilgan ayollarning yangi hunar oʻrganishiga koʻmaklashish uchun hukumat qisqa muddatli bepul oʻquv kurslari tashkil qilgan boʻlib, u yerda ayollar 17000 tenge (40 AQSH dollari) stipendiya oladilar.

Koʻp hollarda bu ayollarga sartaroshlik, manikyur ustasi, massajist, hamshiralik kabi hunarlar oʻrgatiladi, dedi Razdikova.

“Oʻtgan yil Qozogʻistonda yoshlar yili deb eʼlon qilindi, shu munosabat bilan 29 yoshgacha boʻlgan fuqarolar yaxshi biznes-rejali startaplari uchun 500 ming tenge (1170 AQSH dollari) miqdorida grant yutib olish imkoniga ega boʻldilar”, dedi u.

“Ushbu tashabbus doirasida Suriyadan qaytgan qizlardan biri tamaddixona ochdi, hozirda uning uchta joyda shoxobchasi bor, yana biri qandolatchilik doʻkonini, boshqasi sartaroshxona ochdi”, deydi Razdikova.

Hukumat bolalarni bogʻchalar va maktablarga joylashtirmoqda, ular uchun yozgi lagerlar tashkillashtirib, maktabga kiyim-kechak va oʻquv anjomlari sotib olish uchun ishbilarmonlar orasidan “homiylar” topmoqda.

Shuningdek “Xariket” mahalliy xayriya jamgʻarmasi “Jusan” operatsiyasi bilan vataniga qaytgan besh nafar koʻp bolali ayolni uy-joy bilan taʼminladi, dedi Razdikova.

Har bir viloyatdagi din ishlari boʻyicha boshqarma va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) ham ayollarning reabilitatsiya jarayoniga oʻz hissasini qoʻshmoqda, dedi u.

Kelajakka ishonch mustahkamlanmoqda

Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-psixologik va huquqiy qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanuvchi “Shans” markazi “Jusan” operatsiyalari davomida vataniga qaytarilgan ayollar va bolalar bilan ishlagan ilk tashkilotlardan biri edi.

Ushbu nodavlat tashkilot rahbari Olga Rilning aytishicha, repatriatsiya qilingan ayollar va bolalar Oqtov shahridagi ommaviy qabul punktidan viloyatlardagi “Shans” reabilitatsiya markazlariga olib kelinar, ular dastlab davlat tarafidan moliyalashtirilmas edi.

“Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining (QMDI) oʻshanda ayollar va bolalarga kiyim-kechak olib bergani tahsinga loyiq ish boʻldi. Nursultondagi oliy taʼlim muassasalari bu ayollarga yordam tariqasida 5 mln tenge (11700 AQSH dollari) xayriya puli yigʻib berdi.”

“Shans” markazi ham ayollar zaruriy yordamni olishi uchun soʻnggi choralarni koʻrdi, deydi Ril.

“Biz ofisimizni sotib, pulini markazlarni rivojlantirishga sarfladik – bu mablagʻlar psixolog va oʻqituvchilarning maoshiga, viloyatlarda boʻsh turgan joylarni ijaraga olish, kommunal xizmatlar toʻlovi va tibbiy yordam uchun yoʻnaltirildi”, dedi u.

“2018 va 2019-yilning ikkinchi yarmida hukumat ayollar uchun oʻquv kurslarini, Suriya va Iroqdan bu ayollar bilan birga kelgan bolalar uchun oziq-ovqat va kiyim-kechak xarid qilishni moliyalashtirdi”, dedi Ril.

“Dastlab har bir bola uchun oyiga 15000 tenge (35 dollar) toʻlangan boʻlsa, keyinroq bu summa 22000 tengega (52 dollar) oshirildi”, dedi u.

“Kimningdir dunyoqarashi oʻzgarishi uchun, oʻsha inson oʻzi va farzandlarining qorni toʻq boʻlishiga, bolalarining maktabga borishi va tinch hayot kechirishiga ishonchi komil boʻlishi kerak”, dedi Ril.

Hozirda davlat tomonidan moliyalashtirish toʻxtatilgani sababli “Shans” markazlari boshqa homiylar qidirmoqda.

“Ayni paytda ayollarga kasb oʻrgatish va mikrobiznesni rivojlantirish orqali ularni sotsiallashtirishga qaratilgan Qirgʻiziston bilan hamkorlikdagi kichik xalqaro loyihamiz bor”, dedi Ril.

“Moliyaviy koʻmak Isroil va Germaniya kabi bir qator mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalaridan kelib tushmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Biz ajratilgan mablagʻlarga uskunalar sotib oldik va Atirauda sartaroshxona ochdik, ayollarimiz u yerda ijara haqi toʻlamay, mijozlarning sochini kesishi mumkin. Shuningdek, qandolatchilik va pazandalik sexi ham ochildi, u yerda pensiya oldi yoshdagi ayollar ishlamoqda.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500