OLMAOTA – “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan va keyinchalik Qozogʻistonga qaytarilgan qozoq ayollaridan dunyoga kelgan bolalar uzun reabilitatsiya jarayonidan oʻtmoqdalar.
2019-yildan 2021-yilgacha amalga oshirilgan Operation Jusan (Bitter Wormwood) “Jusan” (“Achchiq shuvoq”) turkum operatsiyalari davomida ilgari ID nazoratida boʻlgan hududlardan 700 dan ortiq Qozogʻiston fuqarosi, jumladan 188 nafar ayol Suriyadan vataniga qaytarildi.
Qaytarilganlar orasida toʻqnashuvlarga oʻz koʻzi bilan guvoh boʻlgan va urushdan boshqa hech narsani koʻrmagan yosh bolalar, jumladan yetimlar ham bor edi.
Zaif qatlamga kiruvchi voyaga yetmaganlarga huquqiy va psixologik yordam koʻrsatuvchi “Shans” nodavlat tashkiloti rahbari va “Pravo” (“Huquq”) nodavlat notijorat tashkilotining raisi, Nur-sultonlik Olga Ril bu bolalarning Suriyada nimalarni boshdan kechirganini soʻzlab berdi.
Bolalardan biri portlash tufayli onasining oʻlimiga guvoh boʻlgan va bomba hujumidan keyin oʻz jarohatlarini yerdan topib olgan dorilar bilan davolagan.
Bu bolalarga qarash va ular duch kelgan narsani anglashga harakat qilish juda ogʻir, deydi Ril.
Ular kun kechirgan urush sharoitida onalar oʻz oilalarini saqlab qolish uchun erkaklarning vazifasini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, katta farzandlar ona rolini bajarishga majbur boʻlganlar, dedi Ril.
“Bir vaqtlar tunda Oqtovdagi markazda yurganimda koʻrgan narsamdan hayratga tushganimni eslayman – toʻqqiz yoshli qiz yarim kechasi onasi uxlab yotganida kir yuvayotgan edi”, dedi u vatanga qaytarilgan qozoq fuqarolarini saqlashga moʻljallangan qabul markazini nazarda tutib.
“Oila Suriyadaligida hammasi shunday edi: charchagan ona dam olar, katta farzand esa uy yumushlarini bajarar edi.”
Bolalarning shaxsini aniqlash
Rilning soʻzlariga koʻra, bolalar uchun tibbiy va moddiy yordam olish uchun onalarning kerakli hujjatlarni olishi reabilitatsiya jarayonining asosiy omillaridan biri edi.
“Qaytarilish guvohnomasi bilan Qozogʻistonga deportatsiya qilingan onalarning hujjatlarini qayta tiklash osonroq boʻldi, bolalarning ishi esa juda murakkab boʻlib chiqdi”, deydi u.
“Onalar chodirlarda tugʻishgan, ulardan faqat ayrimlari kasalxonaga yotqizilgan, har qanday holatda ham ularga hech kim tugʻilganlik guvohnomasi bermagan”, dedi Ril.
2018-yilda Adliya vazirligining sud ekspertiza markazlari “Shans” nodavlat tashkiloti tashabbusi bilan qarindoshlikni aniqlash uchun DNK tekshiruvini oʻtkaza boshladi.
Biroq, davlat DNK ekspertizasi uchun faqat 2018 va 2019-yillardagina mablagʻ ajratdi, 2020-yilda ular toʻxtab qoldi.
“Shans” xarajatlarning bir qismini oʻz zimmasiga oldi, qolganlari boshqa manbalar hisobidan qoplandi.
“Adliya vazirligining sud ekspertizasi markazlari xodimlari tashabbus koʻrsatib, tadqiqotlar uchun pul yigʻib berishdi”, dedi Ril. Baʼzida xodimlarning “xola va jiyanlar oʻrtasidagi qarindoshlikni aniqlashga oid murakkab testlar uchun xususiy laboratoriyalarga borishiga toʻgʻri keldi.”
Ayrim hollarda xususiy test uchun bolalarning qarindoshlari pul toʻlagan.
Onalikni belgilash testi xarajatlari 85000 tengedan (200 dollar) boshlansa, buvi va nabira yoki xola va jiyan oʻrtasida qarindoshlikni aniqlash 350 ming tengegecha (825 AQSH dollari) turadi, deb qoʻshimcha qildi u.
“Pravo” yuristlari ekspertiza xulosalari asosida bolalarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarini olish uchun sudga murojaat qilganlar.
Shundan soʻng davlat ularni oʻz maʼlumotlar bazasiga kiritib, ularga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarni bergan.
Bu saʼy-harakatlar Qozogʻistonda yangi pretsedent yaratdi – Rilning soʻzlariga koʻra, ilgari sudyalar bu kabi ishlarni bunday hajmda koʻrib chiqmagan, ayrimlar esa oʻz faoliyatida bunday amaliyotga duch kelmagan edi.
Onalar qayta rasmiylashtirilgan hujjatlarni olishlari bilan davlat ularga manzilli ijtimoiy yordam taqdim etdi. 2020-yil mart-may oylaridagi koronavirus karantini chogʻida ularga har oy 42500 tenge (99 dollar) nafaqa toʻlandi.
2018 va 2019-yillarning ikkinchi yarmida davlat oziq-ovqatdan ham yordam berdi. Dastlab har oy bir bola uchun 15000 tenge (35 AQSH dollari) toʻlangan boʻlsa, 2019-yilda bu raqam 21000 tengega (50 AQSH dollari) oshirildi.
“Shans” ularning bir qismini kiyim-kechak bilan ham taʼminladi, ammo hamma viloyatdagilarni ham emas, dedi Ril.
Tibbiy muolajalar va reabilitatsiya
Bu orada Suriyadan qaytgan bolalarning koʻpchiligi tibbiy muolajalarga muhtoj edi.
Deyarli barcha bolalarning tishlari nosogʻlom edi, koʻpchiligi shamollash va yuqumli kasalliklar asoratlaridan aziyat chekar edi. Ayrimlari jarohat olgani uchun operatsiyaga muhtoj boʻlgan.
“Tugʻma nogiron bolalar ham bor edi, ular Oqtov shahridagi reabilitatsiya markazida davolangan va oʻz qarindoshlari uyiga borganida, darhol klinikalarga biriktirilib, davolanishda davom etganlar”, dedi Ril.
Ril 14 yoshli bola haqida gapirib berdi, aftidan, u stress tufayli Iroqdan qaytganidan bir yarim yil oʻtib, yura olmay qolgan.
Uning onasi Iroq qonunlarini buzgani uchun Bagʻdoddagi Rusafa qamoqxonasida jazoni oʻtamoqda, akasi esa 17 yoshida ID nazoratidagi hududda oʻldirilgan, dedi u.
14 yoshli bola hozir ukasi va singlisi bilan birga qarindoshlarining qonuniy vasiyligi ostiga olingan.
Uch bola onasi bilan ushlab turilgan Rusafada bolalar uch yil toshli pol ustida uxlaganlar, dedi Ril.
Reabilitatsiya – bu uzun va murakkab jarayon boʻlib, oqibatda bola uchun qanday taʼsir qilishini hech kim bilmaydi, deydi Ril.
Yana bir muammo – ijtimoiylashuv, deb qoʻshimcha qildi u.
Bu bolalar uchun hayotning yangidan boshlanishi qiyin davr boʻldi, chunki ularning uyda va maktabda kattalar va bolalar bilan munosabat oʻrnatishiga toʻgʻri keldi. Ular uchun maktabga qatnash majburiyati ham katta sinov boʻldi, dedi Ril.
“Ularning moslashuvini osonlashtirish uchun 1-sentabrga qadar bolalar oʻqishga qatnaydigan maktablarga ekskursiya uyushtirildi.”
“Bolalarning qayerdan ekanligi haqida berilgan oddiy savol ularni shokka soldi va yigʻlatdi”, dedi u.
“Bolalar reabilitatsiya markaziga qaytar ekan, hamma ularning Suriyadan kelganini bilib qolishidan qoʻrqqanlari uchun maktabga borishni istamasliklarini aytishdi. Shu tariqa bolalar yana oʻzlari boradigan maktabga tashrif buyurib, sinf rahbarlari bilan uchrashdilar, psixologlar ularga shu va boshqa qoʻrquvlarni yengishga yordam berdilar”, deydi Ril.
Jusan operatsiyasining nomlanishi tasodifiy emas. U anʼanaviy va koʻp qirrali ahamiyatga ega.
Javob berishFikrlar 1