Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tolibon liderlarining oʻzboshimcha jangarilarni nazorat qilayotganiga shubhalar kuchaymoqda

Sulaymon

Tolibon muzokaralar guruhi rahbari Mulla Abdulgʻani Birodar (oʻrtada) va jangarilarning boshqa yetakchilari. 18-iyul kuni Qatar poytaxti Dohada olingan surat. [Karim Jaʼfar/AFP]

Tolibon muzokaralar guruhi rahbari Mulla Abdulgʻani Birodar (oʻrtada) va jangarilarning boshqa yetakchilari. 18-iyul kuni Qatar poytaxti Dohada olingan surat. [Karim Jaʼfar/AFP]

KOBUL – Tolibon jangarilari oʻz rahbarlarining chaqirigʻiga boʻysunmay, davlat mulkini vayron qilish va tinch fuqarolarga qarshi jinoyatlarda davom etar ekan, guruh yetakchilarining jangarilar harakatlarini nazorat qila olishiga shubhalar paydo boʻlgan.

Tolibon yetakchisi mulla Haybatulloh Oxundzoda 18-iyul Iyd kuni qilgan murojaatida qoʻmondonlarga maktab va universitetlar faoliyatiga ruxsat berish, tinch aholiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, sogʻliqni saqlash muassasalari va infratuzilmani muhofaza qilishni buyurgan.

“Bizning mujohidlarga [Tolibon jangarilariga] maslahatimiz – Islom amirligining nazoratidagi hududlarda diniy va zamonaviy taʼlim rivojiga alohida eʼtibor qaratish, maktab va universitetlar faoliyatiga ruxsat berish hamda hujumlar vaqtida tinch aholini himoya qilish, deyiladi bayonotda.

“[Tolibon] Sogʻliqni saqlash komissiyasiga butun mamlakat, ayniqsa, yangi egallangan hududlarda klinikalar va sogʻliqni saqlash markazlari faoliyatini davom ettirish tavsiya qilinadi”, deb qoʻshimcha qilinadi unda.

Afgʻoniston milliy armiyasi va Tolibon oʻrtasidagi otishmalar davom etayotgan paytda, 1-avgust kuni Hirot viloyati Injil tumanidagi yoʻlda qoʻriqchilik qilayotgan Afgʻoniston milliy armiyasi askari. [Hoshang Hoshimiy/AFP]

Afgʻoniston milliy armiyasi va Tolibon oʻrtasidagi otishmalar davom etayotgan paytda, 1-avgust kuni Hirot viloyati Injil tumanidagi yoʻlda qoʻriqchilik qilayotgan Afgʻoniston milliy armiyasi askari. [Hoshang Hoshimiy/AFP]

Bu bayonot 7-8-iyul kunlari asosiy muzokarachi oʻrinbosari Shermuhammad Abbos Stanekzay boshchiligidagi Tolibon delegatsiyasi Eronda Afgʻoniston hukumatidagi hamkasblari bilan muzokaralar olib borgani hamda jamoat binolari va tinch aholini nishonga olmaslikka rozi boʻlganidan keyin yangragan.

Muzokaralar yakuni boʻyicha eʼlon qilingan bayonotda, har ikki tomon ham uylar, masjidlar va shifoxonalarni vayron qilayotgan hujumlarni qoralagan.

Zoʻravonlik kuchaymoqda

Oʻz rahbarlarining chaqiriqlariga qaramay, Tolibon jangarilari yangi hududlarni egallagani sayin tinch aholiga zarar yetkazish va davlat idoralarini vayron qilishda davom etayotgani haqida xabarlar olingan.

Afgʻoniston hukumatining maʼmuriy islohotlar va davlat xizmati mustaqil komissiyasi yaqinda Tolibon nazoratiga oʻtgan tumanlarda muhim davlat xizmatlari toʻxtatilganini aniqladi, deb aytgan 15-iyul kuni komissiya raisi Nodir Nodiriy.

Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab davlat xizmatchilari jarohatlangan yoki viloyat markazlariga evakuatsiya qilingan.

Tolibon 116 tumandagi 260 ta hukumat binosi va mulkini vayron qildi, dedi Nodiriy koʻrilgan zararni 500 million dollarga baholab.

Tolibon nazorati ostidagi hududlarda 13 million afgʻonistonlik ijtimoiy xizmatlardan mahrum boʻlishdi, shuningdek 50 ming xodim, jumladan ayollar Tolibon harakatlaridan jabr koʻrdi, dedi Nodiriy.

“Tolibon oxirgi haftalarda egallab olgan tumanlaridagi fuqarolik obyektlarini vayron qilish va talon-taroj uchun javobgar”, dedi Nodiriy.

Afgʻonistonning gullab-yashnashi yoʻlida Tolibonning tinchlik tarafdori ekanligini tasdiqlovchi belgilar yoʻq, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu orada dushanba (2-avgust) kuni AQSHning Kobuldagi elchixonasi Tolibonning tinch aholiga nisbatan hujumlarini qoralab, buni ehtimoliy harbiy jinoyat deya baholagan.

“Tolibon Spin Boldakda (Qandahor) oʻnlab tinch aholi vakillaridan qasos olgan. Bu qotilliklar harbiy jinoyat deb malakalanishi mumkin; ular tergov qilinishi, bu ishga masʼul Tolibon jangarilari yoki qoʻmondonlari javobgarlikka tortilishi kerak”, - deyiladi elchixona Twitter hisobida.

“Tolibon rahbariyati oʻz jangchilarining qilmishlari uchun javob berishi kerak. Agar siz hozirdan jangchilaringizni nazorat qila olmasangiz, keyinchalik sizga boshqaruvda oʻrin yoʻq”, deyiladi xabarda.

Tolibondagi ikkiyuzlamachilik

“Tolibon yetakchilarining soʻzlari guruh jangarilarining harakatlaridan keskin farq qiladi”, deydi Kobulda yashovchi siyosiy tahlilchi Maqsud Hasanzoda Salaam Times nashri bilan suhbatda.

Inkor qilib boʻlmaydigan misollar Tolibonning davlat muassasalari va mulkiga dushmanlik munosabatida ekanini tasdiqlaydi, dedi u.

Afgʻonistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda Tolibon Farah viloyatining Anordara tumanidagi maʼmuriy bino va Gʻazniy viloyatining Moliston shahridagi boshqa obʼektni qanday qilib portlatib yuborgani aks etgan kadrlarga guvoh boʻlishgan, deb qoʻshimcha qildi u.

Tolibon hech qanday, jumladan, insoniylik, islom yoki afgʻon jamiyati tamoyillarga sodiq emas, deydi Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi oʻrinbosari Hamid Roshan Salaam Times nashri bilan suhbatda.

Tolibon Qandahor, Hirot, Farah, Faryob va Tahor viloyatlarida jamoat binolarini vayron qilib, oʻnlab tinch aholini shahid qildi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ular yuzlab tinch fuqarolarni oʻz uyini tark etishga majbur qildi, Qandahorning oʻzida oʻnlab begunoh odamlarni qatl etdilar”.

Tolibon hech qanday urush tamoyillariga amal qilmaydi. Ular tinch aholining uylarini qalqon sifatida ishlatishadi va oxir-oqibat ularni vayron qilishadi, deydi u.

Tolibon rahbarlarining soʻzi va jangarilarining xatti-harakatlari oʻrtasida katta farq bor, deydi Faryob shahrida yashovchi 25 yoshli Gʻaybatulloh.

Masalan, u yaqinda Tolibonlar tomonidan Qaysar tumanidagi politsiyasi boshqarmasi va bir nechta blokpostlar, Xoja Sabz Poʻsh tumanidagi koʻprik va oʻnlab doʻkonlar vayron qilinganini eslatgan.

Soʻnggi toʻrt kun ichida Tolibon jangarilari Maymana shahriga minomyotdan oʻq uzdilar, natijada masjid imom-xatibi hamda bir qancha ayol va bolalar oʻldi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Tolibonga ishonch yoʻq”

Afgʻonlar Tolibonlarni oʻz rahbarlarini mensimaydigan jangarilar deb biladi, dedi Gʻaybatulloh afgʻonlar hech qachon Tolibon rahbarlarining bayonotlariga ishonmasligi kerakligini taʼkidlab.

Tolibon yetakchilari bir necha bor afgʻon jamoatchiligiga foyda keltiradigan milliy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashi va himoya qilishini daʼvo qilgan va oʻz jangarilariga taraqqiyot loyihalariga toʻsqinlik qilmaslikni buyurgan, deydi harbiy tahlilchi Zalmay Afgʻonyor.

Ammo voqelik tamoman boshqacha, zero Tolibon aʼzolari oʻz rahbarlarining buyruqlarini umuman bajarmaydilar, deydi u.

Tolibon jangarilari oʻzlari istagan narsani toʻgʻri deb biladi, milliy loyihalarga toʻsqinlik qiladi, davlat idoralarini vayron qiladi va tinch aholini nishonga oladi, deydi Afgʻonyor.

Tolibon jangarilarining oʻz rahbarlariga itoatsizligi tufayli Tolibon rahbariyatining shiorlari va bayonotlariga ishonch qolmagan, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500