Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kremlning arzon qiruvchi samolyotlar va “yengilmas” qurol bilan maqtanishi shubhalar tufayli chippakka chiqmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin (oldinda) 28-iyul kuni Komsomolsk-Amur shahridagi “Suxoy” samolyotlari ishlab chiqariladigan zavodga tashrif buyurdi. [Dmitriy Astaxov/Sputnik/AFP]

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin (oldinda) 28-iyul kuni Komsomolsk-Amur shahridagi “Suxoy” samolyotlari ishlab chiqariladigan zavodga tashrif buyurdi. [Dmitriy Astaxov/Sputnik/AFP]

MOSKVA – Xavfsizlik, samaradorlik va yadroviy imkoniyatlar borasidagi xavotirlar Rossiyaning dunyo boʻylab mijozlarga qurol sotish urinishlarini chippakka chiqarmoqda.

Bu xavotirlar Rossiya rejimining ushbu qurollar tizimlarini ortiqcha maqtayotgani bilan bogʻliq.

Misol uchun, 25-iyul kuni Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan harbiy kemalar paradida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya dunyoning yetakchi dengiz harbiy kuchlari orasida oʻz mavqeini mustahkamlaganini, jumladan “misli koʻrilmagan, tovushdan tez uchuvchi, oʻta yuqori aniqlikdagi yangi qurol” ishlab chiqarganini aytgan.

“Biz suv ostidagi, yerdagi yoki havodagi har qanday dushmanni aniqlashimiz va kerak boʻlsa, uni yoʻq qilish uchun nishonga olishimiz mumkin”, deb aytgan u davlat televideniyesi xabarida.

2019-yilning dekabr oyida Rossiyaning yagona aviatashuvchisi “Admiral Kuznetsov”da kelib chiqqan yirik yongʻin mamlakat harbiy texnikasining eskirgani bilan bogʻliq xavotirlarni kuchaytirgan. [Lev Fedoseyev/TASS]

2019-yilning dekabr oyida Rossiyaning yagona aviatashuvchisi “Admiral Kuznetsov”da kelib chiqqan yirik yongʻin mamlakat harbiy texnikasining eskirgani bilan bogʻliq xavotirlarni kuchaytirgan. [Lev Fedoseyev/TASS]

YouTube videolavhasi kadrlarida 2019-yilning avgust oyida Rossiyaning Arxangelsk viloyatida sodir boʻlgan avariya oqibatlari aks etgan. Yadroviy raketa sinovi chogʻida roʻy bergan halokat natijasida besh xodim halok boʻlgan va hududdagi radiatsiya darajasi oshgan. [Fayl]

YouTube videolavhasi kadrlarida 2019-yilning avgust oyida Rossiyaning Arxangelsk viloyatida sodir boʻlgan avariya oqibatlari aks etgan. Yadroviy raketa sinovi chogʻida roʻy bergan halokat natijasida besh xodim halok boʻlgan va hududdagi radiatsiya darajasi oshgan. [Fayl]

Bu maqtanish harbiy mutasaddilar tarafidan 2018-yili Putin “yengilmas” deb atagan arsenal tarkibidagi zamonaviy yangi qurollar sinovi eʼlon qilinganidan soʻng yangragan.

“Muhim voqea”

Kreml tajovuzkor ritorikasi va balandparvoz yutuqlar haqida bong urishini toʻxtatgani yoʻq.

Iyul oyi oʻrtalarida mudofaa vazirligi kemalarga qarshi, tovushdan tez uchuvchi “Sirkon” qanotli raketasining “muvaffaqiyatli” sinovi bilan maqtangan edi.

Vazirlik tomonidan tarqatilgan videolavhada Admiral Gorshkov jangovar kemasining Rossiya shimolidagi Barents dengizi sohilidagi nishonga qarata qanotli raketa uchirgani aks etgan.

“Sirkon raketasi 350 km uzoqlikdagi nishonga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba berdi”, deb aytgan vazirlik 19-iyul kuni. “Uchish tezligi 7 Maxga teng boʻldi.”

Mudofaa vazirligi jangovar kemalarini ham, suv osti kemalarini ham “Sirkon” raketalari bilan jihozlash rejalashtirilayotganini aytdi.

Raketa yaqinda bir necha bor sinovdan oʻtkazilgan, oʻtgan yil oktabrda Putin sinov parvozlarining “nafaqat Qurolli kuchlar, balki butun Rossiya uchun muhim voqea boʻlganini” taʼkidlagan.

U 2018-yilda tovushdan tez “Avangard” raketasi uchirilganida ham shunday degan edi.

“Bu nafaqat Qurolli kuchlarimiz, balki mamlakat hayotidagi muhim voqea”, deb aytgan edi u 2018-yilning 26-dekabr kuni Vazirlar mahkamasi yigʻilishida.

Bir kun avval Kreml “Poseydon” suv osti yadroviy quroli sinovini boshlab yuborgani haqida xabar bergan edi, Putin uni dushman mudofaasiga “koʻrinmas” deb aytgan.

Rossiya hukumati va Kreml ommaviy axborot vositalari “Poseydon” va “Avangard”ning halokatli kuchi haqida bir talay daʼvolarni ilgari surgan boʻlsa-da, shu kunga qadar ularning birortasi oʻz tasdigʻini topmadi.

Mudofaa sohasi tahlilchilari va kuzatuvchilari bu daʼvolarni toʻqima va siyosiylashtirilgan deb ataganlar.

Shoh va mot: narxiga yarasha

Xuddi shunday shov-shuvli koʻrinishda Kreml “Sirkon” sinovlarini eʼlon qilganining ertasiga, Checkmate (“Shoh va mot”) nomi bilan mashhur yangi “Suxoy” koʻrinmas jangovar samolyotini ommaga oshkor qilgan.

Avvalroq “Rostek” mudofaa pudratchisi va davlat nazoratidagi United Aircraft Corporation (UAC) tomonidan ishlab chiqarilgan samolyotga oid bir qancha tafsilotlar maʼlum boʻlgan edi. Ishlab chiqaruvchilar asoslanmagan daʼvolarni ilgari surganlar.

Qiruvchi bir vaqtning oʻzida quruqlikdagi, havo yoki dengizdagi oltita nishonga zarba bera olishi aytilgan.

UAC bosh direktori Yuriy Slyusar keyingi 15 yil ichida asosan Yaqin Sharq, Osiyo va Lotin Amerikasidan 300 ga yaqin buyurtma kutilayotganini aytgan.

Aftidan, sotuvlar faolligi mahsulot narxi bilan bogʻliq.

“Shox va mot”ning narxi Amerikada ishlab chiqarilgan F-35 samolyotidan “bir necha marta arzon”, deb taʼkidlagan Slyusar.

Rossiya qiruvchisining narxi AQSH ishlab chiqargan koʻrinmas, universal va sinalgan jangovar samolyotdan ancha arzon boʻlsa ham, Kremlning boʻrttirishga moyilligi, Rossiyaning halokatli harbiy muvaffaqiyatsizliklari Rossiya harbiy texnikasi sifatiga nisbatan savollar tugʻdiradi.

Mamlakat ichi va xorijdagi qurollar bilan bogʻliq omadsizliklar

Quyida sharmandali muvaffaqiyatsizliklarning ayrimlari keltirilgan, xolos.

Oʻtgan yil dekabr oyida Kreml yuqori lavozimli qoʻmondonlarni yadroviy portlashdan himoya qilishga moʻljallangan “oxirzamon samolyotidan” maxfiy qurilma oʻgʻirlangani haqida xabar bergan edi.

Oʻtgan yil kuz oylarida olti hafta davomida Ozarbayjonning Togʻli Qorabogʻ hududi va Armanistonga qarshi olib borgan urushi Rossiyaning harbiy texnikasi uchun sinov maydoniga aylandi.

Deyarli toʻliq etnik armanlar yashovchi va qoʻshni Armaniston qoʻllovidagi Togʻli Qorabogʻ Rossiyaning havo mudofaasi tizimlariga tayandi, Ozarbayjon esa Turkiya va Isroilda ishlab chiqarilgan dronlardan foydalandi.

Oʻtgan yil boshida Suriya va Liviyada Rossiya harbiy texnikasini qoʻllab, turklarning dronlaridan talafot koʻrgan rossiyaparast Liviya jangarilari kabi Togʻli Qorabogʻ va Armaniston askarlari ham magʻlubiyatga uchragan edilar, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi va boshqa ommaviy axborot vositalari.

9-noyabr kuni esa Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilgan yana bir zarbada Rossiya harbiy texnikasining durdonasi boʻlmish “Tor-M2KM” zenit-raketa tizimi yoʻq qilindi.

“(Ozarbayjonliklar chop etgan) videolavhadan koʻrinib turibdiki, “Tor-M2KM” majmuasi masofa yaqin ekaniga qaramay, oʻzi yoʻq qilishga moslashgan nishonlarni (dronlarni) payqamagan”, deb aytgan oʻtgan yili tahlilchilardan biri harbiy mavzularni yorituvchi Avia.pro axborot agentligiga.

2019-yil dekabrda Murmanskda Rossiyaning yagona aviatashuvchisi boʻlmish “Admiral Kuznetsov” yongʻinga uchragan, kema bortida 400 dan ortiq kishi boʻlgan. Yongʻin taxminan 600 kvadrat metr maydonni egallab olgan.

2019-yil avgustda Arxangelsk viloyatida Rossiya armiyasining asosiy yadroviy tadqiqotlar poligonida yangi qurolni sinash chogʻida portlash yuz bergan.

Gʻarb tahlilchilari portlash 2018-yilda Putin tarafidan “yengilmas” qurol deya daʼvo qilingan “Burevestnik” qanotli yadroviy raketasiga tegishli ekanligini aytganlar.

Halokatdan soʻng qoʻshni Severodvinsk shahrida radiatsiya koʻrsatkichlari oshgan, sarosimaga tushgan aholi yod olish uchun dorixonalarga oshiqqan.

2019-yilning iyul oyida chuqur suv ostida suzuvchi kemada yuz bergan yongʻinda tutundan zaharlanish oqibatida 14 dengizchi halok boʻlgan edi – bu fojia 2000-yilda 118 kishining hayotiga zomin boʻlgan va prezidentlikning ilk yilida Vladimir Putinni qiyin ahvolda qoldirgan “Kursk” suvosti kemasi halokatini yodga solgan.

Rossiyaning eskirgan texnikasi yangiliklarda ham tilga olingan.

Yana bir misol, 2019-yil may oyida Qozogʻistonda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-8 vertolyotining halokatga uchrashi oqibatida uning bortidagi 13 harbiy xizmatchi hayotdan koʻz yumgan edi.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Mi-8 vertolyotining halokati sabablarini tergov qilishga buyruq bergan. 2018-yilning avgust oyida Sibirda Mi-8 bilan bogʻliq navbatdagi halokat 18 kishining hayotiga zomin boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu pastkashlar yana sharmanda boʻlishdi :) Faqat balet qoldi oʻzi ularda :)

Javob berish

Rossiya kuchli davlat sifatida taassurot qoldiryapti, xolos. Boshqa hech narsa qilayotgani yoʻq.

Javob berish

Hamma ixtirolari bir tiyinga qimmat.

Javob berish

Аroq, balalayka va laptidan yasalgan qurollari bilan butun dunyoni kuldirishyapti xolos.

Javob berish

Россия шохи йўқ сузонғич сигирга ўхшайди.

Javob berish