Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kremlning Tolibonlar bilan qoʻrqitishi Turkmanistonga taʼsir qilmayapti

Jumaguli Annayev va AFP

Turkman-afgʻon chegarasidagi Imomnazar chegara punktida razvedka mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan turkmanistonlik askarlar. [YXHT]

Turkman-afgʻon chegarasidagi Imomnazar chegara punktida razvedka mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan turkmanistonlik askarlar. [YXHT]

ASHXOBOD – Markaziy Osiyodagi xavotirlardan foydalanishga urinayotgan Rossiya rejimi Afgʻonistondagi urushni Markaziy Osiyodagi postsovet respublikalar himoya istab, Moskvaga yuzlanishi uchun bahona qilib tasvirlamoqda.

Afgʻoniston bilan uch postsovet mamlakat – Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston chegaradosh hisoblanadi. Ularning uchchovi ham Afgʻoniston bilan ishlashda koʻp yillik tajribaga ega va urush iskanjasidagi mamlakat bilan umumiy chegaralarni diqqat bilan kuzatadi.

Tolibon Afgʻonistonda harbiy yutuqlarni qoʻlga kiritar ekan, Tojikiston va Oʻzbekiston bilan birgalikda mashqlar oʻtkazayotgan Rossiya anchadan beri betaraf boʻlgan Turkmanistonni ham himoya qilishga tayyor ekaniga ishora qilmoqda.

Bu mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashini daʼvo qilsa-da, Kreml kamida 2015-yildan beri Tolibonni qurol va mablagʻ bilan taʼminlagan.

Tolibon harakati rahbarlari 9-iyul kuni Moskvadagi matbuot anjumaniga yoʻl olmoqda. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Tolibon harakati rahbarlari 9-iyul kuni Moskvadagi matbuot anjumaniga yoʻl olmoqda. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Bu guruh Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida taqiqlanganiga qaramay, 8-iyul kuni Kreml Moskvada jangarilar bilan muzokaralar oʻtkazdi va Tolibon masalasida ikkiyuzlamachi ekanini yana bir karra namoyish etdi.

“Tolibon delegatsiyasi Rossiya tomonini Markaziy Osiyo chegaralariga daxl qilmasligiga ishontirdi, shuningdek, xorijiy davlatlarning Afgʻonistondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligini kafolatladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Rossiyaga xos vahima

Turkmaniston Tolibonning turkman tabiiy gaziga ishtiyoqmand ekani va bu mamlakatga suqlanib qarashi haqidagi ruslarning gap-soʻzlariga koʻnikib ketgan.

Bunday iddaolar sharhlovchi Alan Puxovning 5-avgustda “EurAsia Daily” nashrida chop etilgan maqolasida yana oʻz aksini topdi, deydi ashxobodlik jurnalist va siyosatshunos Dovlet Murodov.

Turkmaniston afgʻon jangarilari uchun Tojikiston yoki Oʻzbekistondan koʻra qadrliroq, deb yozadi Puxov “Tolibon dunyodagi ikkinchi yirik tabiiy gaz koni Galkinishga koʻz tikayotganini” iddao qilib.

Puxov kabilarning fikr-mulohazalaridan koʻzlangan maqsad, turkmanlarni qoʻrquvga solish va Rossiyadan himoya izlashga majburlash, deydi Murodov. Ular Turkmanistonni doim oʻzini himoyalashga qodir boʻlmagan mamlakat qilib koʻrsatadilar.

“Bu gap-soʻzlar zamirida Turkmaniston real tahdid qarshisida zaif va himoyasiz, chunki u Rossiya va KXSHT taʼsir doirasidan tashqarida, degan mulohaza yotadi”, deb qoʻshimcha qildi u Rossiya hukmronlik qiladigan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) harbiy ittifoqiga ishora qilib.

1995-yildan eʼtiboran rasman betaraflik maqomida boʻlgan Turkmaniston chorak asrdan beri hech qanday harbiy bloklarga qoʻshilmaydi va oʻz hududiga hech qanday xorijiy qoʻshinlarni kiritmaydi, Rossiya esa bu anʼanaga chek qoʻymoqchi.

Rossiya nimani istaydi

Kreml Turkmanistonning Tojikiston va Oʻzbekiston yurgan yoʻldan yurishini istaydi, xolos. Avgust oyida bu ikki mamlakat Rossiya bilan qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazdi.

Rossiya ishtirokidagi qoʻshma mashgʻulotlar seshanba (10-avgust) kuni Tojikistondagi Harb-Maydon oʻquv poligonida yakunlandi, deb xabar beradi AFP.

Mashgʻulot maydonida Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston qoʻshinlari janubdan ekstremistlar hujumiga qarshi turishni mashq qilar ekan, vertolyotlar va qiruvchi samolyotlar havoga koʻtarildi, tanklar esa jangovar tartibda harakat qildi.

Bir haftalik mashgʻulotlar oʻtgan haftada Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegarasi yaqinida yakunlangan kichik hajmdagi Rossiya-Oʻzbekiston mashgʻulotlari ortidan oʻtkazildi.

Turkmaniston esa Rossiyaning bunday mashgʻulotlar oʻtkazish va himoyaga oid takliflarni rad etgan.

Buning oʻrniga, u butun turkman-afgʻon chegarasi boʻylab xavfsizlikni kuchaytirgan, dedi ismini oshkor qilmaslikni soʻragan turkmanistonlik diplomat Serdar D.

“Faqat Turkmaniston Moskvaning harbiy va siyosiy ambitsiyalariga aralashmay, chetda qolmoqda, lekin bu Kremlda kimlargadir yoqmayotgan koʻrinadi”, deydi u.

9-iyul kuni Turkmen.news mustaqil nashri Afgʻoniston chegarasi yaqinidagi Sarhadobod (sobiq Kushka) shahriga ogʻir harbiy texnika ortilgan poyezd kelgani haqida xabar bergan.

Poyezdda tanklar, zirhli transport vositalari va artilleriya bor edi, deb xabar beradi Turkmen.news nashri.

Bu uskunalar Turkmanistonning hududiy yaxlitligini buzishga uringanlarga qarshi qoʻllaniladi, dedi Murodov.

“Ogʻir harbiy texnika hududimizda islom xalifaligi oʻrnatishni rejalaganlarni oʻziga keltirib qoʻyishi kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

ROSSIYANING MAQTANCHOQLIGI BU...

Javob berish

Hozir Rossiya bilan hamkorlik qilmagan maʼqul. Putin butun dunyoda istalmagan odamga aylandi; Uning urushdagi oʻyinlari hech kimni ajablantirmayapti. U Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun agressorga aylandi, Putinning bor kuchi shu ☝️

Javob berish

Rossiya oʻz yordami bilan foydadan koʻra koʻproq zarar keltiradi.

Javob berish

Qayerda qashshoqlik, vayronagarchilik va urush boʻlsa, oʻsha yerda Rossiya bor.

Javob berish