Karvonsaroy
Fan va texnologiya

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy tashviqotini yoyinlayotgan yuzlab soxta akkauntlar aniqlandi

Karvonsaroy

CIR Xitoyning dezinformatsiya tarmogʻida soxta profil suratlarini aniqlash uchun bir nechta usullardan, jumladan koʻzlar joylashuvi va suratlarning kesilishini tekshirishdan foydalangan. Kompyuter yaratgan suratlar koʻzlarni doim bir yerga joylashtiradi. Odatda, profillarning tasodifiy tanlangan toʻplamida suratlar kesilmasi va koʻzlar joylashuvi turlicha boʻlishi aniqlangan. [CIR]

CIR Xitoyning dezinformatsiya tarmogʻida soxta profil suratlarini aniqlash uchun bir nechta usullardan, jumladan koʻzlar joylashuvi va suratlarning kesilishini tekshirishdan foydalangan. Kompyuter yaratgan suratlar koʻzlarni doim bir yerga joylashtiradi. Odatda, profillarning tasodifiy tanlangan toʻplamida suratlar kesilmasi va koʻzlar joylashuvi turlicha boʻlishi aniqlangan. [CIR]

Ijtimoiy tarmoqdagi soxta akkauntlar tarmogʻi turli muhim masalalarda xalqaro zehniyatni oʻzgartirish, xitoyparast narrativlarni ilgari surish va Xitoy rahbariyatini tanqid qilayotganlarning daʼvolariga putur yetkazish ustida ishlamoqda.

“Twitter, Facebook va YouTube tarmoqlaridagi muvofiqlashgan taʼsir operatsiyalari soxta va qayta profillangan akkauntlardan foydalanmoqda”, deyiladi Britaniyada joylashgan Axborot barqarorligi markazining (CIR) 5-avgust kungi bayonotida.

“Bu akkauntlar tomonidan kuchaytirilayotgan narrativlar Xitoy hukumati rasmiylari va Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari tarafidan ilgari surilayotganlariga oʻxshash”, deyiladi unda.

Ushbu tarmoq COVID-19 virusi, Shinjondagi inson huquqlarining buzilishi, Gonkongdagi siyosiy noroziliklar, xorijdagi nizolar, AQSHdagi qurolga oid qonunlar va boshqa mavzularni buzib koʻrsatishga oʻz eʼtiborini qaratgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan Pekinda jurnalistlar savollarga javob bermoqda. Chjao Xitoy rejimining dezinformatsiya boʻyicha asosiy manbalaridan biri boʻlib kelgan. [GREG BEYKER / AFP]

Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan Pekinda jurnalistlar savollarga javob bermoqda. Chjao Xitoy rejimining dezinformatsiya boʻyicha asosiy manbalaridan biri boʻlib kelgan. [GREG BEYKER / AFP]

“Tadqiqotimiz muhim muammolar, bu vaziyatda Xitoy manfaatini koʻzlagan holda xalqaro tasavvurni qasddan oʻzgartirishga qaratilgan harakatlarni koʻrsatadi”, deydi CIR olib borgan tadqiqot rahbari va hisobot muallifi Benjamin Strik.

Kontent ham ingliz, ham xitoy tilida joylashtirilgan, deydi u.

Uning soʻzlariga koʻra, tarmoq tomonidan ilgari surilayotgan narrativlar Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) vakillarining akkauntlari va Xitoy OAV kontentiga juda yaqin.

“Tarmoqning maqsadi xitoyparast narrativlarini kuchaytirish orqali Gʻarbni obroʻsizlantirish”, deydi Strik.

CIR hisob-kitoblariga koʻra, Twitter tarmogʻida 300-500 ta, Feysbukda 40-55 akkaunt va sahifalar hamda YouTube tarmogʻida 12 ta shu kabi akkaunt bor.

Shinjondagi inson huquqlari buzilishini rad etish

Ayrim akkauntlar Xitoyning Shinjon viloyatidagi inson huquqlari buzilishini bir necha marta rad etgan, xalqaro hamjamiyatga koʻra esa Pekin bu hududda qatliom siyosatini olib bormoqda.

Pekin bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarni, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat ostida yashaydi.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Ammo bu muassasalar “konsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy qamoqxonalar ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

Toʻqqiz nafar britaniyalik huquqshunos va inson huquqlari mutaxassislaridan iborat hayʼat Xitoyning Shinjon viloyatidagi uygʻurlar va musulmon ozchilikka nisbatan qatliomi ustida olib borilayotgan tergov doirasida guvohlarni tinglay boshlagan.

Xitoyga qarshi ayblovlar sirasiga “qotillik, jiddiy tana va ruhiy, jumladan qiynoqlar, zoʻrlash va boshqa jinsiy zoʻravonliklar, qullik, farzandni ota-onadan majburan tortib olish, majburiy sterilizatsiya, majburiy koʻchirish yoki deportatsiya, irqiy izolyatsiya, majburiy mehnat, tana aʼzolarini majburan olish, gʻoyib boʻlishlar, madaniy va diniy merosni yoʻq qilish, taʼqiblar, majburan nikohlash va xitoylik xan erkaklarni majburan uygʻur oilalarga joylash” kiradi, deb xabar bergan tribunal.

CIR ochiqlagan soxta ijtimoiy tarmoq akkauntlari bunday ayblovlarni “Qoʻshma Shtatlar va Gʻarb tomonidan oʻylab topilgan uydirmalar” deb ataydi.

Xitoyning Shinjon va Tibetdagi etnik ozchiliklarga nisbatan munosabati mamlakatdagi inson huquqlari taraqqiyotining “yorqin namunasidir”, deb bayonot bergan edi mamlakat tashqi ishlar vaziri Van I fevral oyida.

Ammo Shinjon paxta sanoatidagi qullik va majburiy mehnatga oid aniq dalillar xalqaro hamjamiyatning eʼtiroziga sabab boʻlar ekan, muslima ayollarning muntazam ravishda zoʻrlanishi, bichilishi va tahqirlanishi xalqaro miqyosda qoralangan.

Soxta odamlar dezinformatsiya tarqatmoqda

Shuningdek, bu tarmoq Graphika ijtimoiy tahlil kompaniyasi tomonidan aniqlangan “Spamuflyaj ajdari” tashviqot tarmogʻiga juda oʻxshash ekani aniqlangan.

Graphika tarmoq faoliyatini ilk marta 2019-yilda YouTube, Twitter va Facebook platformalarida aniqlagan edi. 2020-yil fevralida esa uning diqqati COVID-19 virusi dezinformatsiyasi tomon oʻzgarganini kuzatgan. Soxta tarmoq inliz tilidagi videolarni 2020-yil iyundan boshlab joylashtirgan.

Graphika xabariga koʻra, 2020-yilning ikkinchi yarmida uchta ijtimoiy tarmoq “joylanganidan keyin bir necha soat oʻtib, Spamuflyaj postlarini olib tashlagan”.

“Shunga qaramay, tarmoq kuchaygan va rivojlangan”, deyiladi fevraldagi hisobotda.

CIR “Spamuflyaj” kabi avval aniqlangan tarmoqlar tomonidan qoʻllanib kelingan xeshteg va usullarni solishtirib koʻrgan hamda taʼsir operatsiyasida ishtirok etayotganining belgilari boʻlgan qoʻshimcha akkauntlarni aniqlagan.

Masalan, koʻplab soxta akkauntlar sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan profil rasmlaridan foydalanadi. Oʻgʻirlangan tasvirlardan farqli oʻlaroq, kompyuterda yaratilgan realistik tasvirlarni teskari tasvir qidiruvi yordamida topib boʻlmaydi.

Bu taktikadan foydalanish dezinformatsiya kampaniyalarida keng tarqalib bormoqda, chunki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va platformalari shubhali akkauntlarni tobora yaxshiroq farqlaydigan boʻlib boryapti.

“Tvitterdagi bu taʼsir operatsiyasida aniqlangan hisoblar StyleGAN mashinaviy oʻrganish texnologiyasi asosida yaratilgan suratlarni profil rasmlari sifatida ishlatgan va ishonchliroq tasvirlar, animatsiyalar va qayta ixtisoslashtirilgan hisoblardan foydalanuvchi yirikroq hisoblar tarmogʻiga tayangan”, dedi CIR ijrochi direktori Ross Burli.

“Facebook va YouTube tarmogʻidagi koʻplab hisoblar ham qayta profillangan boʻlib chiqdi”, dedi u.

Hisobotda aytilishicha, qayta ixtisoslashtirilgan profillardan foydalanish shuni koʻrsatdiki, vaqti kelib ushbu hisoblarning egalari oʻzgargan – ularning parollari qoʻlga kiritilgan yoki bu profillar ularni oʻgʻirlangan shaxslardan sotib olingan.

“Buyuk fayrvol”ni yorib oʻtish

Koʻplab yirik ijtimoiy tarmoqlar Xitoyda “Buyuk fayrvoll tomonidan bloklangani bois, Pekin ijtimoiy tarmoqlardagi diplomatik hozirligini kuchaytirmoqda va Internetda Xitoy haqidagi tasavvurni shakllantirishda koʻproq konfrontatsiya yondashuvini qoʻllamoqda.

Taxminan ikki yil avval xitoylik diplomatlar mamlakatda YouTube, Google va Facebook qatori taqiqlangan Tvitterda juda kamchilikni tashkil qilar edi.

Mustaqil tadqiqotchilarga koʻra, hozirda Xitoyning 200 ga yaqin elchixonasi yoki konsulligi ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanmoqda.

Shovinistik Xitoy kinofranshizasi nomidan olingan “Jangchi boʻri” atamasi bilan nomlangan bu diplomatlar sarosima qoʻzgʻash bilan birga, ham ichki, ham tashqi muammolarda Xitoydan aybni soqit qilish maqsadida qarama-qarshi fitna nazariyalarini targʻib qiladi.

Pekinning bu choralari 2019-yil martda Gonkongda Xitoyga qarshi namoyishlarning avj olishi ortidan boshlandi va 2020-yil yanvarda Tayvanda prezidentlik saylovlari oldidan kuchayib, bir necha oydan soʻng butun dunyoda COVID-19 epidemiyasi tarqalishi bilan avjiga chiqdi.

Pekinning “jangchi boʻrilari” asosan rejim qoʻllovidagi sayt va OAVdagi kontentni targʻib qilar ekan, Eron va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari va gʻarb “influyenserlari”dan “mustaqil” validatorlar sifatida foydalangan, deb xabar bergan Brukings instituti.

Unga koʻra, “oʻzining vositachi influyenserlar tarmogʻiga ega boʻlmagani sababli, Xitoy oʻz geosiyosiy manfaatlariga mos keluvchi aksilgʻarb xabarlarini tarqatish bilan bir qatorda, javobgarlikni oʻzidan soqit qilish va zohiriy legitimlikni namoyish qilish yoʻlida Rossiya, Venesuela va Eronning davlat OAVlari hamda rasmiy hukumat akkauntlaridan foydalangan”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500