Karvonsaroy
Ta’lim

Rossiyaning tarixni qaytadan yozish urinishlari Qirgʻizistonda xavotirga sabab boʻlmoqda

Kanat Altinbayev

Chuy viloyati, Panfilov tumani, Kurpuldoʻk qishlogʻi, K. Ibraimaliyev nomidagi maktabning “1-B” sinfi oʻqituvchisi Zarina Kaparova oʻtgan yil 1-sentabr kungi darsda Qirgʻiziston haqidagi koʻrgazmali materiallarni namoyish etmoqda. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Chuy viloyati, Panfilov tumani, Kurpuldoʻk qishlogʻi, K. Ibraimaliyev nomidagi maktabning “1-B” sinfi oʻqituvchisi Zarina Kaparova oʻtgan yil 1-sentabr kungi darsda Qirgʻiziston haqidagi koʻrgazmali materiallarni namoyish etmoqda. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

BISHKEK – Rus tili darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini davlat manfaatlariga moslashtirish va hatto rus boʻlmagan xalqlar yashaydigan joylar va mamlakatlarda ham ularni bir qolipga solish harakatlari qirgʻizistonlik tahlilchilarining xavotiriga sabab boʻlmoqda.

30-iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin “tarixiy xotirani saqlash va tarixga oid maʼrifiy ishlarni rivojlantirish masalasiga tizimli va faol yondashish maqsadida Rossiya Federatsiyasining milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan” Tarixni oʻqitish boʻyicha idoralararo komissiyani taʼsis etgan.

Komissiya Rossiya manfaatlariga putur yetkazuvchi “xorijiy tuzilmalar faoliyatini” tahlil qiladi va “aksiltashviqot kampaniyalarini” tashkillashtiradi.

Uning tarkibiga Putin administratsiyasi, kuch ishlatar idoralar va turli vazirliklar vakillari kiritilgan.

Qirgʻizistonlik kuzatuvchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakat tarixini qayta yozishga oid soʻnggi choralaridan tashvishga tushganlar. 2018-yilda Moskva maktablarining birida olingan surat. [Moskva shahar meriyasi]

Qirgʻizistonlik kuzatuvchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakat tarixini qayta yozishga oid soʻnggi choralaridan tashvishga tushganlar. 2018-yilda Moskva maktablarining birida olingan surat. [Moskva shahar meriyasi]

Ilgari jamoatchilik eʼtiboriga tushgan Putinning yordamchisi Vladimir Medinskiy komissiya raisi etib tayinlangan.

Rossiya ilmiy doiralarida plagiatga qarshi kurashuvchi koʻngillilar guruhi – Dissernet tahlilchilarining fikricha, 2011-yilda Medinskiy tomonidan taqdim etilgan doktorlik dissertatsiyasida sezilarli xatolar, noaniqliklar va ochiqdan-ochiq plagiat boʻlgan.

Biroq, 2017-yilda oʻsha paytdagi Taʼlim va fan vazirligi Medinskiyni ilmiy unvonidan mahrum qilishdan bosh tortgan.

Medinskiy shu yil mart oyida Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya Kengashiga “Buyuk rus yerlari qanday qilib Ukraina, Qozogʻiston va hatto Belorussiyaga oʻtib qolganini” tekshirish taklifini berib, xalqaro mojaro markaziga tushgan edi.

Rossiya va Qirgʻizistondagi xavotirlar

Oʻtmishda Sovet Ittifoqi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida yuz bergan fojialarni buzib koʻrsatish uzoq yillar davomida Putin rejimining oʻziga xos belgilaridan biri boʻlib kelgan.

Kremlning tarixni oʻrgatish boʻyicha yangi siyosati oʻtmishni bugungi kunni qoyilmaqom qilib koʻrsatadigan tarzda tasvirlaydi, degan edi rossiyalik tarixchi va teleboshlovchi Nikolay Svanidze avgust oyida Ozodlik radiosining rus xizmati efirida.

“Bu tarix [podshoh] Nikolay I davrida ajoyib edi, u Stalin davrida ham ajoyib boʻlgan, bugungi kunda ham qoyilmaqom – komissiya shu nuqtayi nazarni yoqlaydi”, deydi Svanidze. “Bunday qarashdan chekinadiganlarni qoʻli, boshi, tanasining boshqa qismlariga ayovsiz uradi. Shu bois, bu xavfli komissiya boʻlishi shubhasiz.”

Komissiya tarkibida kuch tuzilmalari vakillarining borligi esa maʼrifiy ishlardan razvedka ishlariga oʻtilayotganini anglatadi, dedi teleboshlovchi Mixail Sokolov Ozodlik radiosining “Hodisalar bilan yuzma-yuz” dasturida.

“Chora koʻrish, muayyan harakatlarni amalga oshirish, aksiltashviqot. Keyinchi? Haqiqat vazirligimi yoki tashviqot vazirligi?” dedi Sokolov.

Kremlning tarixni siyosiylashtirishga urinishi Qirgʻiziston uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi qirgʻiz kuzatuvchilari.

Ushbu postsovet respublikasining oʻzi diktator Iosif Stalin davrida ommaviy qatllar va boshqa terror choralarining qurboni boʻlgan.

Rossiya rejimi bu borada siyosatni yanada qatʼiylashtirishda davom etmoqda, deydi bishkeklik siyosatshunos Askat Dukenbayev.

“Ular endi oʻtmishdagi voqealarni rejim uchun manfaatli talqin qilishga ham yetib keldilar”, dedi Dukenbayev Karvonsaroyga. “Maʼlumki, kim oʻtmishni nazorat qilsa, kelajakni boshqaradi, kim bugungi kunni nazorat qilsa, oʻtmishni ham boshqara oladi”.

“Ammo Putin tarixchilarining faoliyati nuqtai nazaridan qarasak, “kim oʻtmishni nazorat qilsa, hozirgi kunni boshqaradi”, deb qoʻshimcha qilsa ham boʻladi.”

Qirgʻizistondagi yangiliklar va ijtimoiy tarmoqlar hamon Rossiya bilan bogʻlangan va Kremlning ularga taʼsiri hali ham kuchli, dedi Dukenbayev.

Uning soʻzlariga koʻra, “Medinskiy komissiyasi” Putin qayta tiklamoqchi boʻlgan Rossiya imperiyasi tarixini ideallashtirishni maqsad qilgan.

“Buni masalan, Qirgʻizistondagi kremlparast OAV sahifalarida koʻrib turibmiz. Ular bir necha yillardan beri sovet oʻtmishini ulugʻlab, mustaqil Qirgʻizistonning postsovet davridagi qiyinchiliklariga yashirin yoki ochiq-oydin ishora qilib kelmoqda”, dedi Dukenbayev.

“Afsuski, Rossiya trendining axborot maydonimizga salbiy taʼsiri kuchaymoqda, chunki Qirgʻizistonda mustaqil, professional tarixiy fikrlash maktabi mavjud emas”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Shu bois ham, ehtimol, ayrim taniqli tarixchilarimiz rossiyalik hamkasblarining eskirgan hikoyalarini koʻr-koʻrona takrorlashni davom ettirmoqdalar.”

Rossiyaning amaldagi choralari

Qirgʻizistonda allaqachon Rossiyaning oʻqituvchilari bor, shuningdek, qirgʻizistonlik maktab oʻquvchilariga taʼsir koʻrsatishning boshqa usullari ham mavjud.

2019-yilda Qirgʻizistonda “Xorijdagi rus tili oʻqituvchisi” dasturi ishga tushirilgan edi. Har yili rossiyalik oʻqituvchilar Qirgʻiziston shaharlariga kelib, Rossiya oʻquv dasturlari boʻyicha taʼlim beradi.

MDHda gumanitar loyihalarni amalga oshiradigan, Rossiyaning “yumshoq kuch” siyosati vositasi sifatida tanilgan “Rossotrudnichestvo” agentligi qirgʻiziston maktablariga rus tili, adabiyoti va tarixi boʻyicha darsliklar, shuningdek rus grammatikasiga oid kitoblarni tarqatmoqda.

Bundan tashqari, u mamlakatdagi bolalar bogʻchalariga rus tilidagi bolalar adabiyotlari, bolalar nutqini rivojlantirish uchun qoʻllanmalar va koʻrgazmali qurollar taqdim etadi.

Qirgʻizistonlik bolalar xorijiy mafkurachilar tayyorlagan tarixni oʻrganishi emas, balki milliy taʼlim dasturi boʻyicha oʻqitilishi kerak, deydi Jalolobod shahridagi 2-maktabning tarix oʻqituvchisi Anora Ismoilova.

“Nega endi bolalarimiz Rossiya manfaatlariga mos keladigan tarixni oʻrganishi kerak?” deydi Ismoilova Karvonsaroyga. “Ular bizning kelajagimiz va haqiqiy tarixiy faktlarni, xususan, xalqimizning Rossiya imperiyasi bilan munosabatlari qanday boʻlganini bilishlari kerak”.

Qirgʻiziston hukumati Rossiyaning qirgʻiz maktablariga agressiv taʼsirini nazorat qilishi va cheklashi kerak, dedi Ismoilova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Putinizm – bu yangilangan monarxiya va chirigan sovetchilikdan tashkil topgan gibrid

Javob berish

Hammasi Rossiyaning befoyda harakatlari

Javob berish

Rossiyadan qancha uzoq boʻlsa, shuncha yaxshi.

Javob berish

Rossiya imperialistik ruhga ega. Shuni unutmaslik kerak

Javob berish

Demak bu oʻlikning shashti.

Javob berish