Karvonsaroy
Xavfsizlik

AQSH va Birlashgan Qirollik Navalniyning zaharlanishi masalasida Kremlga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Politsiyachilar 14-avgust kuni Moskvada “Aleksey Navalniyga ozodlik” yozuvli plakat koʻtargan ayolni hibsga olishgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Politsiyachilar 14-avgust kuni Moskvada “Aleksey Navalniyga ozodlik” yozuvli plakat koʻtargan ayolni hibsga olishgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

LONDON – Oʻtgan juma (20-avgust) kuni qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanib halok boʻlayozgani bilan bogʻliq voqeaga bir yil toʻlar ekan (Gʻarb bu hodisada Moskvani ayblab keladi), Buyuk Britaniya va AQSH Rossiyaning bir qancha amaldorlari va tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Qoʻshma sanksiyalar ostiga tushgan shaxslarning barchasi Rossiya milliy xavfsizlik xizmati, KGBning vorisi boʻlgan FSB xodimlari boʻlib, ular 2020-yilning 20-avgust kuni Navalniyga asabni falajlovchi modda bilan hujum rejalashtirish yoki amalga oshirishda ayblangan.

Oʻtgan yilning oktabr oyida olti kishi va bir tashkilotni qora roʻyxatga kiritgan Britaniya zaharlash amaliyotiga aloqadorligi uchun yetti kishini nishonga olar ekan, jazo choralarining ikkinchi bosqichida ularning aktivlarini muzlatib qoʻyishi va mamlakatga safar qilishini taqiqlashi mumkin.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova oʻz Telegram kanalida bu sanksiyalarni qoralab, ularni “bir taraflama va noqonuniy” deb atadi.

26-may kuni olingan surat: qamoq muddatini oʻtayotgan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy Moskvadan 120 km uzoqlikda joylashgan Petushki shahrida oʻtkazilgan sud majlisida videoaloqa orqali ishtirok etmoqda. [Dimitar DILKOFF/AFP]

26-may kuni olingan surat: qamoq muddatini oʻtayotgan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy Moskvadan 120 km uzoqlikda joylashgan Petushki shahrida oʻtkazilgan sud majlisida videoaloqa orqali ishtirok etmoqda. [Dimitar DILKOFF/AFP]

“Rossiya bir necha bor Buyuk Britaniya va uning sheriklarini bu boradagi barcha dalillarni taqdim etishga chaqirdi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ammo Britaniya va uning sheriklari bu chaqiriqlarni eʼtiborsiz qoldirib kelmoqda.”

Bu mamlakatga Qoʻshma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi ham mart oyida oʻz sanksiyalarini eʼlon qilgan edi.

Gʻarb davlatlari razvedka idoralari oʻtgan yil “yuqori darajadagi ishonch” bilan FSB xodimlari Navalniyni asabni falajlovchi “Novichok” bilan zaharlagan, deb topgan edi.

Dissidentni davolash uchun Germaniyaga olib borishgan, lekin yanvar oyida u namoyishkorona tarzda vataniga qaytgan va hibsga olinib, axloq tuzatish koloniyasiga joʻnatilgandi.

“Mudhish qonunbuzarliklar”

Oxirgi sanksiyalar “Rossiya davlati tarafidan kimyoviy qurolning ishga solinishi bilan bogʻliq har qanday holat xalqaro huquqbuzarlik ekani haqida aniq mujdadir”, dedi Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.

U zaharlanish holati boʻyicha “oshkora jinoiy tergov” oʻtkazish kerakligiga oid Gʻarbning chaqiriqlarini takrorlagan.

“Biz Rossiyani “Novichok” moddasining toʻliq zaxirasini eʼlon qilishga chaqiramiz”, dedi Raab kimyoviy qurol qoʻllash jazosiz qolmasligini kerakligini taʼkidlab.

“Navalniyning zaharlanishi kimyoviy qurol qoʻllashga qarshi xalqaro qonunchilikning dahshatli tarzda buzilishi va oʻzgacha fikrni boʻgʻishga qaratilgan Rossiya kampaniyasining bir qismidir”, deydi AQSHhning xorijiy aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi rahbari Andrea Gatski oʻz bayonotida.

“Rossiya hukumati mamlakat hududida janob Navalniyga qarshi kimyoviy qurol ishlatilganini tergov qilmagani va holatni aniq tushuntirmaganidan afsusdamiz”, deyiladi AQSH davlat departamenti bayonotida.

“Biz Rossiyani Kimyoviy qurollar konvensiyasi (CWC), jumladan oʻz kimyoviy qurollari dasturini eʼlon qilish va uni yoʻq qilishga oid majburiyatlariga toʻliq amal qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Britaniya va Qoʻshma Shtatlar tomonidan ayblangan yangi shaxslar qatorida FSB xodimlari Aleksey Aleksandrov, Vladimir Panayev va Ivan Osipovlar bor.

Trans-Atlantik ittifoqchilarning daʼvo qilishicha, suiqasdga urinishdagi “asosiy figuralar” boʻlgan bu trio Navalniy zaharlangan vaqtda Rossiyaning Tomsk shahrida boʻlgan.

Yana toʻrt nafar yuqori lavozimli rasmiylar, jumladan FSB general-mayori, generali va polkovnigiga nisbatan sanksiyalar eʼlon qilingan.

Vashington esa Buyuk Britaniyaning qora roʻyxatiga kirmagan Artur Jirov va Konstantin Kudryavtsevlarga nisbatan sanksiya qoʻllagan.

Shuningdek, Qoʻshma Shtatlar zaharlanishda gumon qilinganlarning aksari turli darajada aloqador boʻlgan Rossiya davlat eksperimental harbiy tibbiyot instituti va FSB kriminalistika institutini ham nishonga olgan.

2014-yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilishi ortidan Gʻarb qator sanksiyalar eʼlon qildi, keyingi sanksiyalar esa Moskva va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalarning yanada yomonlashuviga olib keldi.

Londonning Moskva bilan munosabatlari esa 2006-yilda Britaniya poytaxtida sobiq josus Aleksandr Litvinenkoning radiaktiv modda bilan zaharlanishi ortidan sovuqlashgan edi.

U vafotidan avval qoldirgan xabarda oʻz oʻlimida Putinni ayblagan.

2018-yil Angliyaning Solsberi shahrida sobiq ikki tomonlama josus Sergey Skripal va uning qiziga “Novichok” yordamida uyushtirilgan suiqasddan keyin munosabatlar yanada yomonlashdi.

Bu ikki poytaxtdan ham diplomatlarning haydalishiga olib keldi.

Rossiya mart oyida Gʻarb davlatlariga nisbatan eʼlon qilgan jazo choralaridan keyin ularni “olov bilan oʻynashmaslikka chaqirgan”.

Navalniyning hibsga olinishi va Kremlning oʻzgacha fikrni boʻgʻishi Markaziy Osiyoda salbiy baholangan.

9-iyun kuni Moskva sudi Navalniyning mintaqaviy idoralari va uning Korrupsiyaga qarshi kurash fondini (FBK) “ekstremistik” deb topdi va ularning Rossiyadagi faoliyatini taqiqladi.

Aprel oyida prokurorlar Navalniyning tashkilotlarini “ekstremistik” deb topishni talab qilganlar. Ularga koʻra, bu guruh Gʻarb yordamida qoʻzgʻolon boshlashni rejalashtirgan.

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) nafaqadagi zobiti olmaotalik Arat Narmanbetov ayblovlar va sud qarorni “mutlaqo bemaʼni” deb atagan.

Navalniyni zaharlashga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Kreml endi uning mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashayotgan tashkilotlarini taʼqib qilmoqda, deydi Narmanbetov.

Bosh prokurorning qarori kutilmagan boʻldi, degan edi chimkentlik faollardan biri Quanish Satayev iyun oyida.

“Ular Rossiyadagi sharoitni ogʻirlashtirmoqdalar, “Meduza” muxolif nashrini xorijiy agent deb belgiladilar, “Vedomosti” jurnalistlari yaratgan loyihani axborot maydonidan siqib chiqarishdi, Navalniyni zaharlashdi, sud qilishdi, endi uning tarafdorlari ekstremizmda ayblanmoqda”, deydi u.

Bu harakatlar Rossiya hukumatining har qanday shakldagi oʻzgacha fikrga toqatsizligi ifodasi boʻlib, u bir yil avvalgiga nisbatan ancha kuchaygan, deydi Satayev.

“Mutlaqo bemaʼni”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500