Karvonsaroy
Terrorizm

Bayden Kobuldagi xudkushlik hujumlari tashkilotchilarini topishga vaʼda bermoqda

Karvonsaroy va AFP

26-avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida ikkita kuchli portlash sodir etildi. Suratda: Kasalxona oldida mashina yukxonasidan jasadlarni tushirayotgan koʻngillilar va tibbiyot xodimlari. [Vakil Kohsar/AFP]

26-avgust kuni Kobul aeroporti yaqinida ikkita kuchli portlash sodir etildi. Suratda: Kasalxona oldida mashina yukxonasidan jasadlarni tushirayotgan koʻngillilar va tibbiyot xodimlari. [Vakil Kohsar/AFP]

AQSH prezidenti Jo Bayden payshanba (26-avgust) kuni “Islom davlati”ning Xuroson shoʻbasi tarafidan Kobul aeroportida sodir etilgan xudkushlik hujumlari tashkilotchilarini topishga vaʼda berdi.

Payshanba kuni Tolibon nazorati ostidagi Afgʻonistondan evakuatsiya jarayonining oxirgi kunlarida Kobuldagi Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroport oldidagi izdihom ichida ikkita portlash sodir boʻlgan, oqibatda kamida 85 kishi, jumladan 13 nafar amerikalik askar halok boʻldi.

Halok boʻlganlarning 10 nafari AQSH dengiz piyoda jangchilari edi, dedi dengiz piyoda qoʻshinlari vakili, mayor Jim Stenger.

Juma kuni odamlar kasalxonalardan bedarak yoʻqolgan qarindoshlarini izlar ekan, qurbonlar soni oshishi mumkin, degan xavotir mavjud edi.

Tibbiyot va shifoxona xodimlari 26-avgust kuni Kobuldagi aeroport tashqarisidagi portlashlardan jarohatlangan odamni davolash uchun mashinadan olib chiqmoqda. [Vakil Kohsar/AFP]

Tibbiyot va shifoxona xodimlari 26-avgust kuni Kobuldagi aeroport tashqarisidagi portlashlardan jarohatlangan odamni davolash uchun mashinadan olib chiqmoqda. [Vakil Kohsar/AFP]

26-avgust kuni Kobul aeroportida oʻnlab odamlar, jumladan, 13 amerikalik askarni halok qilgan ikkita xudkushlik portlashi sodir boʻlgan joyda evakuatsiyani kutayotgan afgʻonlarning ryukzaklari va boshqa buyumlari koʻrinmoqda, 27-avgust kuni olingan surat. [Vakil Kohsar/AFP]

26-avgust kuni Kobul aeroportida oʻnlab odamlar, jumladan, 13 amerikalik askarni halok qilgan ikkita xudkushlik portlashi sodir boʻlgan joyda evakuatsiyani kutayotgan afgʻonlarning ryukzaklari va boshqa buyumlari koʻrinmoqda, 27-avgust kuni olingan surat. [Vakil Kohsar/AFP]

“Bu hujumni uyushtirganlarga ham, Amerikaga yomonlik tilovchilarga ham aytadiganimiz shu: biz buni kechirmaymiz. Biz buni unutmaymiz. Sizni albatta topamiz va javobgarlikka tortamiz”, dedi Bayden.

Uning aytishicha, Qoʻshma Shtatlar Afgʻonistondan minglab tinch aholini evakuatsiya qilish missiyasidan qaytmaydi va 31-avgustga qadar Afgʻonistondan barcha qoʻshinlarini olib chiqish muddatiga rioya qiladi.

Juma kuni parvozlar qayta tiklangan. 15-avgustda Tolibonlar hokimiyat tepasiga kelganidan beri 100 mingdan ortiq odam Afgʻonistondan olib chiqilgan.

Payshanba kuni quyosh botayotgan mahal Kobul aeroportining asosiy darvozasi yaqinida sodir etilgan portlashni “Islom davlati”ning Xuroson shoʻbasi oʻzining Amaq axborot agentligi orqali boʻyniga olgan.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi “murakkab hujum” deb taʼriflagan bu ikki portlash Gʻarb rasmiylari aeroportga qarshi xudkushlik hujumi rejalashtirilgani haqida maʼlumotlarni eʼlon qilganidan bir necha soat oʻtib yuz bergan.

Portlashlardan biri aeroportning asosiy kirishi boʻlgan Ebbi darvozasi oldida, va yana “kamida bitta portlash taxminan 200 m nariroqda, Baron mehmonxonasi yoki uning yonida sodir boʻldi”, dedi Kirbi.

Baron mehmonxonasi 14-avgust kuni evakuatsiya boshlanganidan beri ayrim davlatlar uchun platsdarm vazifasini oʻtab kelgan.

Oʻsha kuni ertaroq AQSH hukumati va uning ittifoqchilari oʻz fuqarolarini aeroportni tark etish haqida ogohlantirgan edilar.

AQSH va unga ittifoqchi mamlakatlar rasmiylari payshanba kuni IS-K bilan aloqador xudkushlar 31-avgust – evakuatsiya muddati tugashidan oldin aeroportga hujum bilan tahdid qilayotgani haqida maʼlumotga ega ekanliklarini aytganlar. Bayden “Islom davlati”ning Xuroson shoʻʼbasi tomonidan “keskin” terror tahdidi mavjudligini bayon qilgan.

Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Krou xudkushlar tahdidiga ishora qilgan, Buyuk Britaniya ham oʻz fuqarolarini ogohlantirgan.

Yaqinlashib kelayotgan terror tahdidi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, Tolibondan qochish ilinjidagi olomon aeroportda toʻplanishda davom etgan.

Aeroport atrofidagi xunrezliklar

Portlashlar aeroport atrofidagi olomon ichida sodir boʻlgan, oqibatda ayrim qurbonlar sayoz va qoʻlansa hidli ariqqa yuztuban yiqilganlar.

“Aeroport atrofidagi ariq ichiga jasadlar va odamlarning qoldiqlari tushgan”, dedi birinchi portlash joyida boʻlgan va oʻzini Milod deb tanishtirgan shaxs AFPga.

Qutqaruvchilar qonga belangan kiyimdagi jarohatlanganlarni aravalarda olib ketishgan, tirik qolganlar esa esankiragan holatda yaqinlarini qidirib baqirar edilar.

Bir kishi hushini yoʻqotgan yaradorni yelkasi bilan ushlab, boshini iflos suvga kirib ketishdan himoyalab turar edi.

“Odamlar portlash ovozini eshitib, vahimaga tushdilar. Tolibon esa terminaldagi odamlarni tarqatish uchun osmonga qarata oʻq ota boshladi”, deb aytgan shaxsini ochiqlashni istamagan guvoh AFP nashriga.

“Qoʻlida jarohatlangan bolani koʻtarib ketayotgan erkakni koʻrdim.”

Erkaklar, ayollar va bolalar voqea joyidan qochar ekan, osmonga quyuq tutun koʻtarilgan.

Italiyaning “Emergency” nodavlat tashkilotiga qarashli Kobuldagi shifoxonaga 60 dan ortiq yaradorlar yetkazilgan, ulardan 16 ta ayol yoʻlda vafot etgan.

Yaralanganlar “gapira olmas, koʻpchiligi dahshatda edi”, deb yozadi shifoxona tibbiy koordinatori Alberto Zanin guruhning Twitter akkauntida.

Shifoxonaga yetkazilgan jarohatlanganlar “hammasi oddiy fuqarolar: ayollar va bolalar” edi, deb aytgan “Emergency” prezidenti Rossella Michcho.

Bayonotda AQSH Davlat departamenti vafot etganlar, jumladan, “boshqa mamlakatda yangi hayotni boshlash umidida aeroportga yigʻilgan afgʻonlar” yuzasidan ularning yaqinlariga “oʻz hamdardligini” bildirdi.

IDning Xuroson shoʻʼbasi vahshiyliklari tarixi

AQSH askarlarining ketishi bilan oʻz hokimiyatini shakllantirishni rejalagan Tolibon AQSH yetakchiligidagi kuchlarga havo orqali evakuatsiya uchun imkon yaratib bergan edi.

Ammo Tolibonning qonli raqibi, oʻtmishda vahshiy hujumlari bilan tanilgan IDning Xuroson shoʻbasi Kobuldagi tartibsizlikdan foydalanib qolmoqchi boʻldi.

“Oʻtgan kechada yuz bergan hujumlar yana bir bor hech qaysi guruh Afgʻonistonda zoʻravonlikni butunlay yengish va u yerdagi xavfsizlikka daʼvo qila olmasligini koʻrsatdi”, deydi Singapurdagi Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi ilmiy xodimi Abdul Bosit.

“Bu odamlar Tolibondan ham ashaddiyroq va umuman olganda Tolibonga ham dushman. Shunday ekan, vaziyat ogʻir”, deydi Avstraliya tashqi ishlar vaziri Piter Datton IDning Xuroson shoʻʼbasini nazarda tutib.

Soʻnggi yillarda IDning Xuroson shoʻʼbasi masjidlarda, ziyoratgohlarda, jamoat joylari va hatto shifoxonalarda ham tinch aholi oʻldirgan. Guruh oʻzi kufrda ayblagan firqalarga mansub musulmonlarni, jumladan shialarni nishonga oladi.

2014-yilda ID Iroq va Suriyada xalifalik oʻrnatganini eʼlon qilganidan bir oy oʻtib ajrab chiqqan Pokistonning tolibon jangarilari Afgʻonistondagi jangarilar bilan qoʻshilib, mintaqaviy guruh tuzadi va ID yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyga bayʼat beradi.

Bu voqeadan bir yil oʻtib, Afgʻoniston shimoli-sharqida, xususan Kunar, Nangarxor va Nuriston viloyatlarida ildiz otishi ortidan, IDning markaziy rahbariyati Xuroson shoʻʼbasini rasman tan olgan.

Shuningdek, u Pokiston va Afgʻoniston, jumladan Kobulda ham “uyqudagi” boʻlinmalarni tuzgan, deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuzatuvchilar.

“Xuroson” hududning tarixiy nomi boʻlib, hozirgi Pokiston, Eron, Afgʻoniston va Markaziy Osiyoni oʻz ichiga olgan.

Oʻtgan yil IDning Xuroson shoʻʼbasi dunyoni larzaga solgan hujumda ayblangan, oʻshanda qurollangan jangarilar Kobulda asosan shialar yashaydigan mahalladagi tugʻruqxonaga bostirib kirib, 16 nafar ona va homilador ayolni oʻldirgani aytiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500