Karvonsaroy
Diplomatiya

Rossiya Afgʻonistonga qoʻyilmalarni himoyalashga urinmoqda

Karvonsaroy va AFP

Kobul yoʻllaridagi Tolibon jangarilari, 18-avgust. [Vakil Koxsar/AFP]

Kobul yoʻllaridagi Tolibon jangarilari, 18-avgust. [Vakil Koxsar/AFP]

MOSKVA – Aksar davlatlar Afgʻonistondagi elchixonalarini boʻshatishga harakat qilayotgan bir vaqtda Rossiya oʻz joyida qolishini aytmoqda.

Tolibon Kobulni egallaganidan bir kun oʻtib, Rossiya tashqi ishlar vazirligi 16-avgust kungi bayonotida Afgʻoniston poytaxtidagi vaziyat “barqarorlashayotgani” va Tolibon “jamoat tartibini tiklayotgani” haqida xabar bergan.

Tolibon Rossiya elchixonasini allaqachon himoya qilmoqda va Moskvaga uning binosi xavfsizligini saqlashga kafolat berdi, deb aytgan elchi Dmitriy Jirnov.

Jangarilar rossiyaliklarga diplomatlarning “bir dona sochi ham toʻkilmasligiga” vaʼda berganlar, degan u.

Tolibon jangarilari Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollar bilan oʻq otish amaliyotini oʻtmoqdalar, 2020-yilgi surat. [Fayl]

Tolibon jangarilari Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollar bilan oʻq otish amaliyotini oʻtmoqdalar, 2020-yilgi surat. [Fayl]

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tolibonning tinchlik muzokarachisi Shermuhammad Abbos Stanakzay (oʻrtada) va oʻsha vaqtdagi Eronning Afgʻonistondagi elchisi Muhammad Rizo Bahramiy (oʻngda) Moskvada suratga tushmoqdalar, 2018-yil, noyabr. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tolibonning tinchlik muzokarachisi Shermuhammad Abbos Stanakzay (oʻrtada) va oʻsha vaqtdagi Eronning Afgʻonistondagi elchisi Muhammad Rizo Bahramiy (oʻngda) Moskvada suratga tushmoqdalar, 2018-yil, noyabr. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Ammo, kunlar oʻtishi bilan rossiyaliklarning Tolibonga ishonchi kamayib borayotgan koʻrinadi. Chorshanba (25-avgust) kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrugʻi bilan Rossiyaning toʻrt harbiy uchogʻi 500 dan ortiq rossiyalik va Markaziy Osiyolik fuqarolarni Afgʻonistondan evakuatsiya qilgan.

Bu qaror mamlakatning Afgʻonistonga nisbatan pozitsiyasi oʻzgarganini koʻrsatadi.

15 ming nafar Sovet askarining hayotiga zomin boʻlgan, 1980-yillarda Sovetlarga qarshi olib borilgan urush natijasida shakllangan islomiy guruhga nisbatan Rossiya hozirda pragmatik qarashlarga ega.

Oʻttiz yildan keyin, ogʻriqli oʻtmishni hisobga olmasdan bu harakat Rossiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan boʻlsa-da, Kreml Moskvada bir necha marta muzokaralar oʻtkazib, Tolibonlarning xalqaro hamjamiyat koʻz oʻngidagi obroʻsinining oshishiga sababchi boʻldi.

Bunday maqom Kremlning 2015-yildan beri Tolibonlarni qurollantirishi va moliyalashtirishiga toʻsiq boʻlmadi, aksincha shu munosabatlar sabab Moskva elchixonani yopmaslikka qaror qilgan boʻlishi ham mumkin.

17-avgust kuni Jirnovning Tolibon bilan Kobulda boʻlib oʻtgan uchrashuvi davlat telekompaniyasi tomonidan “ijobiy va konstruktiv” deya olqishlangan.

Markaziy Osiyoda Kreml manfaatlarini himoya qilish

Tahlilchilarga koʻra, bu muzokaradan maqsad nizoning Rossiya oʻz harbiy bazalariga ega qoʻshni Markaziy Osiyo mamlakatlariga oʻtib ketishining oldini olishdir.

“Markaziy Osiyoda tinchlik boʻlishini istar ekanmiz, Tolibonlar bilan muloqot qilishimiz lozim”, deb aytgan Moskva yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXSHT) sobiq bosh kotibi Nikolay Bordyuja.

Bir necha Markaziy Osiyo mamlakatlari NATO kuchlariga moddiy-texnik yordam berganiga qaramay, Tolibonlar shimoliy qoʻshnilariga nisbatan hech qanday rejalari yoʻqligiga ishontirishga harakat qilganlar.

Jirnovga koʻra, Tolibon Moskvaga ham kafolatlar bergan.

Rossiya Afgʻonistonning “butun dunyodagi davlatlar bilan” tinch munosabatlarda boʻlishini xohlaydi, Tolibonlar esa allaqachon bunga “vaʼda berishdi”, deb aytgan u.

Ammo payshanba kuni Kreml Afgʻonistondagi Tolibon hukumatini rasman tan olishga shoshilgani yoʻq. U bir qarorga kelishdan avval guruhning xatti-harakatlarini kuzatishini aytgan.

Shu yil yoz oylarida Tolibon Afgʻonistonda kuchga toʻlib borayotgan bir paytda, oʻtmishda Tolibonlarni moliyalashtirgani va qurollantirganiga qaramay Rossiya oʻz ittifoqchilari – Oʻzbekiston va Tojikiston bilan harbiy mashqlar oʻtkazib, oʻzini Markaziy Osiyo himoyachisi sifatida koʻrsatishga uringan edi.

Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha mutaxassis Arkadiy Dubnovga koʻra, Moskva mintaqada oʻz harbiy hozirligini kuchaytirishga harakat qiladi.

“Bu mamlakatlar turli darajada Moskvaning yordamini qabul qilishga majbur boʻladilar, ammo ularning hech biri oʻz suverenitetini xavfsizlikka almashishni istamaydi”, deydi u.

Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi uch qoʻshnisi: Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning nizoga nisbatan yondashuvi turlicha, deb taʼkidladi u.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Tolibon bilan oliy darajada uchrashuvlar oʻtkazgan va katta ehtimol bilan Tolibon hokimiyatini tan oladi, ammo Tojikiston guruh bilan hech qanday munosabatga kirishmagan.

“Doʻstona va hamkorlikka moyil” ittifoqchilar

Rossiyaning Tolibon bilan muloqoti bir necha yillar davomida olib borilgan chora-tadbirlar natijasidir.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov iyul oyida Tolibonga “qudratli kuch” deb taʼrif bergan edi. Bir vaqtning oʻzida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afgʻoniston hukumatini muzokaralar jarayonini sekinlashtirayotganlikda ayblagan.

“Oʻtgan yetti yil davomida Tolibon harakati bilan aloqa oʻrnatayotganimiz bejiz emas”, deb aytgan Kremlning Afgʻonistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov 16-avgust kuni “Exo Moskvy” radiosiga.

Ikki tomon ham unutishni istagan Sovet-Afgʻon urushini inobatga olgan holda bu munosabatlar koʻpchilikni hayratga solmoqda.

Karnegi Moskva markazi vakili Aleksandr Baunovning aytishicha, Rossiya Tolibonni “Al-Qoida”ga boshpana bergan 1990-yillarga nisbatan oʻzgargan deb hisoblaydi.

AFP nashriga bergan intervyusiga koʻra, “Moskva mujohidlarning bu turini oʻziga dushman deb bilmaydi”.

Kobulda noaniqlik hukm surayotgan bir vaqtda Pekin ham Tolibonni tabriklashga oshiqqan.

Xitoy Tolibon bilan “doʻstona va hamkorlik” aloqalarni kuchaytirishga tayyor, deb aytgan Pekin hukumati vakili 16-avgust kuni.

“Tolibon Xitoy bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishga hamda Afgʻonistonni qayta tiklash va rivojlantirishda Xitoyning ishtirokiga bir necha bor umid birdirgan”, deb aytgan tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunin.

Pekinning Tolibonni tan olishida ham strategik manfaat bor.

Kobuldagi hamkorlik maʼmuriyati Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl” (BRI) tashabbusi Afgʻoniston va Markaziy Osiyo respublikalari boʻylab kengayishiga imkon beradi, deydi tahlilchilar.

BRI boshqa maqsadlar qatori Xitoy manfaatlari yoʻlida nochor mamlakatlarning tabiiy boyliklarini qazib olish va tashib ketishga ham xizmat qiladi.

Ayni vaqtda Tolibon Xitoyni toʻgʻridan-toʻgʻri yoki Pekinning yaqin ittifoqdoshi boʻlgan Pokiston orqali investitsiya va iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash manbai deb hisoblaydi.

Bu oʻzaro hisob-kitobli ittifoqda Tolibon Xitoyning Shinjondagi millionlab musulmonlarga nisbatan tazyiqlariga koʻz yumishga tayyor, Pekin esa Tolibonning jangovar mafkurasi va Afgʻoniston hukumatini agʻdarish harakatlari borasida sukut saqlamoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500